– Ranjitdi? Nechun? – Sabhu ko‘z yoshi aralash jilmaydi, jilmayganda oppoq tishlari «yarq» etib, ozg‘in qoracha yuzi nur tushganday yorishib ketdi. – Men hozir… ustozimning kitobini ko‘chirib bo‘ldim, – dedi u va «qult» etib yutindi. – Buyuk kitob! Mening yurtimni butun olamga mashhur qilg‘usidir bu kitob! Uni tezroq ko‘chirmoq lozim, husnixat xattotlarga berib, ko‘p nusxada ko‘chirmoq darkor, ustod!
Beruniy indamay boshini xam qildi. U umrida juda ko‘p do‘st-u birodar, juda ko‘p shogird orttirdi, ularning yaxshilarini ham, yomonlarini ham, omad kulib boqqanda atrofida girgitton bo‘lib, omad ketganida xoinlarcha yuz o‘girganlarini ham – har xilini ko‘rdi. Lekin Lohur ko‘chasidan topib olgan bu yetimchaday sadoqatli shogirdni ko‘rmadi… Bo‘y-basti kelishgan, mo‘ylovi endigina sabza ura boshlagan, tol chiviqday nozik bu yigitchada o‘z elining hamma fazilatlari – muloyimligi, mehnatsevarligi, kamtarligi yuz foiz mujassam. Beruniy u bilan bir lahza suhbat qursa go‘yo Hindistonga qaytib borganday, bosib o‘tgan yo‘llari-yu kezgan shaharlarida qayta kezib yurganday bo‘ladi, shunda yuragining bir burdasi o‘sha ulug‘ makonda qolganini, bu makonning zahmatkash, mo‘min-muloyim xalqi esa xuddi o‘z eldoshlariday qadrdon bo‘lib qolganini his etadi. Ajabo! Nechun goho bir el ikkinchi el bilan oshno bo‘lmasdan turib yotsiraydi, faqat o‘z tilim, o‘z kuylarim va o‘z qo‘shiqlarim yaxshi deb o‘ylaydi! O‘ylaydi-yu, qatli om qilib bo‘lsa ham o‘z urf-odatlarini boshqa yurtlarga yoymoqchi bo‘ladi!.. Shohlar-ku mayli! Uning o‘zi ham, oq-u qorani tanigan Abu Rayhon Beruniyning o‘zi ham bir mahallar shunday deb o‘ylagan emasmidi? O‘zi tug‘ilib o‘sgan Jayhun zaminidan yaxshi zamin, turkiy urf-odatlardan yaxshi urf-odatlar, turkiy qo‘shiq va turkiy kuylardan yaxshi kuy va qo‘shiq yo‘q, deb o‘ylamaganmidi?.. Xayriyatkim, birda Jurjon, birda Hindistonday buyuk va g‘aroyib yurtlarni ko‘rib ko‘zi ochildi, har bir mamlakat, har bir el noyob va go‘zal bir olam ekanini bildi, bilib «Hindiston»ni yozdi! Faqat… ming afsuski, bu asarini, o‘n yil umri ketgan bu suyukli kitobini hozircha pinhona tutishga majbur.
– Rahmat, azizim, – dedi Beruniy chuqur xo‘rsinib.–Hozir bu kitobni xattotlarga topshirib, allomalarga tarqatib bo‘lmas, o‘g‘lim.
– Sabab, ustod?
– Sababi… kamina uni, avvalambor, sulton Mahmud G‘aznaviyga tortiq qilmog‘i lozim!
– Tortiq qiling! Ko‘p in’omlar olasiz, ustod!
Beruniy shogirdining hayrat bilan porlagan ko‘zlariga tikilib, miyig‘ida bir kulib qo‘ydi: «Yo‘q, ilmda zukko bu yigit bu dunyo yumushlari bobida hanuz go‘dak, ona suti og‘zidan ketmagan ma’sum go‘dak!»
– O, bolam! Ko‘p in’omlar olmoq uchun bu kitobda ul amiralmo‘mininga hamd-u sanolar o‘qimog‘im, sening yurtingda qilgan qatl-u qirg‘inlarni madhlamog‘im darkor emasmu, o‘g‘lim?
Sabhu gunoh ish ustida tutilgan yosh boladay qizarib:
– Buni o‘ylamabmen, afv eting, ustod! – dedi boshini egib.
Beruniy ko‘zachadagi sharbatdan yana bir qultum ichdi-da, ko‘zini yumdi. Nazarida, miyasi cho‘g‘dek qizib, xayoli chuvalashib ketayotgandek edi, lekin shunday bo‘lsa ham ko‘nglining bir chetida yengib bo‘lmas bir istak – qalbining eng tupkarisida yotgan dardlarini aytmoq istagi tobora avj olib borardi. Kim bilsin, bu telba shohning telba mashvaratidan sog‘-salomat qaytadimi, yo‘qmi? Vasvas dardiga yo‘liqqan hokimdan har narsani kutmoq mumkin!
– Bolam, Sabhu, – dedi Beruniy, boshini yostiqdan ko‘tarib. – Kamina ertangi mashvarat ne maqsadda chaqirilgan – buni aytolmaymen. Shu sababdan bir narsani senga izhor etmoqni lozim ko‘ramen… Yodingda bo‘lsin! Faqir bu kitobni… sen mehr bilan oqqa ko‘chirgan bu asarimni yozishdan murodim – sening yurting… Hindiston oldidagi gunohlarimni yuvmoq edi!..
Sabhu butun vujudi bilan oldinga talpinib:
– Siz? Gunohkor? – deb so‘radi. – So‘zingizni anglamadim. Hindistonni toptagan siz emas, ustod, siz emas!..
– Ha, kamina hech bir kimsaning burnini qonatganim yo‘q! – dedi Beruniy. Uning isitmadan bo‘g‘ilgan ovozi to‘satdan allaqanday ochilib, torgina chor burchak hujrani yangratib yubordi. – Qon to‘ksa… amirlar mo‘minin lashkarlari to‘kdi! Shaharlarni talab, ibodatxonalarga o‘t qo‘y-di! Hammasi to‘g‘ri! Va lekin… bari bir, sening yurtingda mening elim to‘g‘risida yomon taassurot qoldi, bolam. Yo‘q, ul qatl-u qirg‘inlar uchun mening elim gunohkor emas! Aslo! Ammo sulton Mahmud yanglig‘ jahongirlar, lashkarboshilar, mustabid shohlarning aybi ham shunda-durki, ular faqat o‘z nomlari emas, balki o‘z eli nomiga ham dog‘ tushirishga qodirdurlar! Biz kabi ma’rifatli zotlar esa loaqal ezgu niyat va yaxshi xizmatlarimiz bilan bo‘lsa ham ma’lum ellar yuragidagi bu yomon asoratni yo‘qotmog‘imiz darkor. Faqir sening yurting haqida, Hindiston haqidagi kitobimni shu niyatda yozganmen! Bilib qo‘y, bolam!
Beruniy buning hammasini allaqanday yonib, ilhom va hayajon bilan gapirdi-yu, birdan holsizlanib boshini yostiqqa tashladi, tashlarkan, dehqonning kaftiday katta, qoramtir kaftlarida shogirdining titroq lablarini his qildi.
Beruniy ko‘ngli «shig‘» etib, shogirdining yelkasini asta siladi, xayolidan esa negadir: «Ko‘zim tirigida bu sho‘rlikni uylantirib qo‘ymog‘im lozim», degan fikr o‘tdi. Ha, Sadafbibi ikkisini qovushtirib qo‘ysa uzukning ko‘ziga solingan yoqutday yarashmaydimi? Yarashadi! Bir farzandi ikki bo‘ladi, u esa tinchib, bus-butun mutolaa va mushohada daryosiga sho‘ng‘iydi!
Beruniy ko‘ngliga kelgan bu gapni shogirdiga aytmoqchi bo‘ldi-yu, biroq bir zum o‘ylanib qoldi. Qiziq: u endi, bu ikki yoshni qovushtirish fikri ko‘ngliga kelgandagina sezdi: Sadafbibi, yurish-turishlaridan, so‘zlari, hatto olgan nafasidan ham Jayhun nafasi ufurib turgan bu yoqimtoy qiz unga juda aziz bo‘lib qolgan edi! Yo‘q, yigitlik davridan o‘tib, keksalik manziliga qadam qo‘yganida ko‘ngliga erk bermoq gunohi kabidur! Beruniy o‘z tuyg‘ularini jilovlay oladi. Yuragiga erk berish vaqtidan o‘tgan! Albatta jilovlay oladi! Faqat… bu gapni qo‘z-g‘ashdan oldin Sadafbibidan so‘z olmoq, uning ko‘nglini bilmoq lozim emasmu?
Beruniy shu qarorga keldi-da, Sabhudan Sadafbibini chaqirib berishni iltimos qildi.
Zum o‘tmay, eshik tovushsizgina ochilib, Sadafbibi kirib keldi. Ma’yus quralay ko‘zlarida allaqanday hadik, qiz harir ipak durrasi bilan yuzining bir tomonini xayol yashirganicha Beruniyning yoniga kelib o‘tirdi… Beruniy yuragidagi hayajonni bosish uchun yana sharbat to‘la ko‘zaga qo‘l cho‘zdi.
– Bibim, kamina bir narsani niyat qilgan edim, shu niyatimni aytgani chaqirtirdim seni!
Sadafbibidan sado chiqmadi. U go‘yo sovuq xabar eshitishdan qo‘rqqanday rangi o‘chib, o‘tirgan joyida haykalday qotib qoldi.
– Bibim! – Sen qizim bo‘lsang, Sabhu mening o‘g‘lim. Mana o‘y yildirki, Sabhu faqirga xizmat qiladi. Ko‘p oliyjanob, yaxshi yigit ul…
Beruniyning so‘zi bo‘g‘zida qoldi. Sadafbibi to‘satdan yuzini kaftlari bilan yashirib, piq-piq yig‘lab yubordi.
– Senga ne bo‘ldi? Nechun yig‘laysen, bibim?
– Ustod! – dedi Sadafbibi yig‘i aralash. – Men… men sho‘rlikka rahm qiling! Diydoringizni ko‘rmoq baxtidan judo qilmang meni, judo qilmang!
Sadafbibi shunday deb, boshini egdi-yu, yuzini Beruniyning kaftlariga yashirdi.
Beruniy СКАЧАТЬ