Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Ko‘hna dunyo - Odil Yoqubov страница 4

Название: Ko‘hna dunyo

Автор: Odil Yoqubov

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-00-939-4

isbn:

СКАЧАТЬ edi. Raqqosaning xina qo‘yilgan nafis qoramtir barmoqlari, xuddi joni borday, yerda dik-dik sakrar, boshi uzilgan mitti qushchalarday pitirlardi!..

      …Ertasiga ularni amir Sabuqtegin o‘z ko‘shkiga chaqirtirdi. Keksa amir, bir yonida bosh vazir, bir yonida qadrdon sarbozi Qorag‘ulom, oltin taxtda qovog‘ini uyib o‘tirardi. U o‘ziga yarashgan qalin ketmon soqolini tutamlab, ikki og‘izgina va’z aytdi:

      – Faqir senlarni aka-ukaday inoq, ikki do‘st, ikki birodar bo‘lib ketar, deb o‘ylagan edim. Nadomatlar bo‘lg‘aykim, oralaringda raqobat paydo bo‘libdi. Raqobat bor joyda sadoqat bo‘lmas! Shu bugundan boshlab saroyda sening qorangni ko‘rmayin, Qutlug‘qadam! Seni ham Qorag‘ulom!.. Bilamen, sen menga salkam yigirma yil halol xizmat qilding. Ammo bukun men seni farzandingga qo‘shib dargohimdan haydamoqdan boshqa choram yo‘q… Ayb menda emas, Qorag‘ulom, ayb takabbur zurriyotingda! Bergan tuzimga rozimen, Qorag‘ulom!..

      Valine’mat padari Qorag‘ulom – ollo uning ruhini shod etgay, – cho‘yanday qop-qora, alpqomat odam edi. Keksa amirning bu so‘zlaridan battar qorayib ketdi. Biroq lom-mim demadi. O‘g‘liga zimdan ko‘z qirini tashlab: «Yur!« deb ishora qildi-da, indamay eshik tomon yo‘naldi.

      …Malikul sharobning xayolini Nargizabonuning:

      – Sizga ne bo‘ldi, mirzam? – degan ovozi bo‘ldi. – Ko‘zingizda yosh…

      Malikul sharob chandiq qo‘li bilan nam kipriklarini silab, istehzoli kulimsiradi:

      – Kechirgaysiz, bonu, kayfim oshib qolibdi…

      Nargizabonu, xuddi go‘dakni koyigan onaday, ma’yus kulimsirab:

      – O, mirzam, mirzam! – deb oppoq boshini sarak-sarak qildi.– Qo‘ying shu mayu sharbatxonangizni! Payg‘ambar yoshiga bordingiz, mana!..

      – Avf etasiz, bonu, faqir o‘zi qarisa ham, ko‘ngli qarigani yo‘q. May esa…

      May men uchun ohu ko‘zli malakdur,

      Bo‘sa uning jufti, jonparvaridur.

      Ohu ko‘zlar porlar, nechun o‘pmayin,

      Oltin sharbat chorlar, nechun ichmayin

      Sanam yanglig‘… ul xasta dil oromi…

      Nargizabonu mayib kaftini yuragiga bosib asta pichirladi:

      – Boring, Ibn Sino hazratlari kutib qolmish!

      – Shoyad sizning baxtingizga bu gap rost bo‘lsa! – Malikul sharob tokchadagi shamni qo‘liga olib, turtinib-surtinib go‘shadan chiqdi.

      …Mayxona hamon boyagiday g‘ira-shira edi. Ikki sayyohdan boshqa mayxo‘rlar tarqab ketgan, faqat poygakdagi bo‘yra ustida notanish bir devona yirtiq kulohini boshiga qo‘yib, g‘ujanak bo‘lib uxlab yotardi.

      Ikki sayyohning biri, soqol-mo‘ylovlari o‘ziga xo‘p yarashgan allomanamo keksa sayyoh to‘rdagi ko‘rpachada, qo‘sh bolishga suyanganicha pinakka ketgan, uning shogirdi esa, beriroqdagi xontaxta oldida shokosaning yuzidekkina suratni Piri Bukriyga ko‘rsatib, gap uqtirib o‘tirardi.

      Malikul sharob poygakda to‘xtab, bir qo‘sh bolishga suyanib pinakka ketgan keksa sayyohga, bir shogirdining qo‘lidagi suratga ko‘z tashladi… Vo darig‘! Bu o‘sha aziz birodari Abu Rayhonning uyida ko‘rgan hazrat Ibn Sinoning surati edi! Chiroyli moshguruch soqolini ko‘ksiga bosib pinakka ketgan to‘rdagi xushsurat sayyoh esa… suratdagi Ibn Sinoning o‘zi, baayni o‘zi edi!..

      Yosh sayyoh eshikda paydo bo‘lgan Malikul sharobni ko‘rib, mastona chayqalib o‘rnidan turdi.

      – Jumlayi jahon darveshlarining piri murshidi Malikul sharob hazratlari salomat bo‘lsinlar!

      – Tashakkur, azizim! – Malikul sharob mast-alast mayxo‘rlarni sira xushlamas edi, biroq bu yosh sayyohning sarmast qiliqlari yosh bolaning erkalanishlaridan samimiy va yoqimtoy edi.

      – Kechirgaysiz, pirim! Biz faqirlar sizday pirimning shuhratini eshitib, shahri Tusdan chiqib kelgan edik. Ming afsuskim, bu yerda kamina u yoqda tursin, hakimi davron… ustod Abu Ali ibn Sino hazratlari ham o‘z hurmatiga munosib izzat-ikrom topmadilar!

      «Shahri Tus? Abu Rayhonning aytishicha, Ibn Sino hazratlari Buxoroi sharifda dunyoga kelgan edi chog‘i?».

      – Kechirgaysiz, azizim. Bu hakimi zamon hazrat Ibn Sino… shahri Tusda tavallud topganlarmi?

      – Yo‘q, taqsiri olam! Ibn Sino hazratlari Buxoroi sharifda tavallud topganlar. Ammo Buxoroi sharif ilk xonlar tasarrufiga tushibdiki, ular xizmatida bo‘lishdan bosh tortib, shaharma-shahar, elma-el darbadar kezib yuradurlar! Ammo qayerga bormasinlar, ahli mo‘min bu zoti muborakni boshlariga ko‘tarib izzatladilar. Siz G‘azna ahli esa, hakimi hoziqning qadrini bilmadingiz! – shogirdning ovozi to‘satdan qandaydir tahdid bilan yangrab ketdi-yu, keksa sayyoh cho‘chib boshini yostiqdan ko‘tardi. U bir mastona chayqalib turgan shogirdiga, bir hayratda qotib qolgan Piri Bukriyga, bir Malikul sharobga qaradi, so‘ng hamma gapga tushundi chamasi:

      – O, tentak, tentak! – dedi kuyinib. – Kamina senga necha marta aytdim, nomimni sotma, kimligimni oshkor qilma, deb! Necha marta aytdim…

      Keksa sayyohning allaqanday ichki dard bilan aytgan bu so‘zlarida, xushsurat chehrasida, serviqor nigohida kishini o‘ziga rom qiluvchi shunday zo‘r bir iqtidor bor ediki, Malikul sharob beixtiyor qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, unga ta’zim qildi.

      – Uzr, ustod. Osiy banda g‘arib kulbamga sizday tabarruk zotning qadam ranjida qilganlaridan bexabar qolibmen! Hoy, kim bor? Darhol ichkariga joy qilinglar! Darhol!

      Ikkinchi bob

      «Men senga sulton Mahmud G‘aznaviy yurishlari to‘g‘risida gapirgan edim. Biroq men Mahmud davrining boshqa bir buyuk vakili to‘g‘risida hali gapirmadim. Bu – al-Beruniydir. Cheksiz qirg‘inbarot va shafqatsizliklar davrida u hayotga chuqur razm solib, haqiqatning tagiga yetishga intilgan ulug‘ olim sifatida ajralib turadi…»

Javoharlal Neru. «Jahon tarixiga bir nazar».1-jild, 300-bet.

1

      Bir haftadan beri bezgak xuruj qilib, noxush yotgan Beruniy bir lahza ko‘zi ilingan ekan, «Ustod! Ustod!» degan muloyim ovoz qulog‘iga chalinganday bo‘lib, uyg‘onib ketdi. Bu – yosh joriya Sadafbibining ovozi edi. Vaqt xuftondan oshgan bo‘lsa kerak, tokchalardagi shamlar yoqilgan, devorlariga kitob javonlari o‘rnatilgan torgina chorburchak xona kunduzgiday yorug‘ edi. Sadafbibi, chamasi, uni uyquda deb o‘ylab, javondagi kitoblarning changini artmoqda edi.

      Egnida yo‘l-yo‘l ko‘k baxmal ko‘ylak, boshida qizil shoyi durra, oyog‘ida uchi egik ko‘k saxtiyon kavush, qiz eshitilar-eshitilmas tovushda qandaydir bir kuyni xirgoyi qilib, zavq bilan ishlar, dam javon changlarini artar, dam qizil, ko‘k, sariq jildli og‘ir kitoblardan birini olib hayrat bilan varaqlashga tutinar edi. Kitob varaqlaganda xirgoyi qilishdan to‘xtar, kulchadekkina yumaloq yuzida taajjub va hayrat aks etar, kitobni joyiga qo‘yishi bilan yana asta xirgoyisini boshlar edi.

      Har safar Sadafbibining mana shu muloyim ovozini, xirgoyisining nozik ohanglarini, ayniqsa, sal chuchuk, yoqimtoy tilda so‘zlashlarini eshitganda Beruniy g‘alati bo‘lib ketar, negadir bolalik va o‘spirinlik chog‘lari yodiga tushar, lop etib, Jayhun4 sohillari ko‘z oldiga kelardi. Bu ohang, bu qo‘shiq, bu chuchuk va yoqimtoy tilni bir eshitishni orzu qilib, sog‘inib yurganlariga СКАЧАТЬ



<p>4</p>

Jayhun – Amudaryo.