Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Ko‘hna dunyo - Odil Yoqubov страница 11

Название: Ko‘hna dunyo

Автор: Odil Yoqubov

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-00-939-4

isbn:

СКАЧАТЬ bo‘ysunishdan bosh tortganlarning ta’zirini bermoq gunoh bo‘lsa?..

      Sulton bezillab og‘rigan biqinini silaganicha, uzoq xayolga toldi. Mana, bu dardibedavoga giriftor bo‘lganiga bir necha oy bo‘ldi, shundan beri ko‘ngli notinch, joni behalovat, kechalari yomon tushlar ko‘rib, vahima bosadi. Nechundir ezgu ishlari, qurgan qasrlari, yaratgan bog‘lari, barpo qilgan machit va maqbaralari emas, janglar suroni-yu otlar dupuri, kesilgan boshlar, dorda chayqalgan murdalar, yong‘inda qolgan shaharlar yodiga tushadi. Miyasida ilgari hech qachon o‘ylamagan yomon o‘ylar charx uradi…

      Yo rab! Ul kimsan sulton Mahmud hindlar yurtiga o‘n yetti marotaba yurish qilib, bunday vahshiylikka yo‘l qo‘ymagan edi. Rost, o‘rmonga o‘t ketsa ho‘li-quruq barobar yonadur, deganlaridek, yurishlar talofatsiz bo‘l-mag‘on, lekin bunday qatl-u qirg‘inlar… Yo‘q, bunday qirg‘inlarga yo‘l qo‘ymag‘on erdi sulton Mahmud. Bas! Shundoq erkan, qarigan chog‘ida qaydan keldi bul mudhish tushlar? Qaysi gunohlarim uchun bul vahima, bul qorong‘u tushlar?

      Uning yurishlarida yo‘ldosh bo‘lg‘on Abu Rayhon Beruniy qayda? Bugun ham, tongla mahsharda ham ul aytsin bor haqiqatni!

      Ha, buning hammasiga mana shu dard, uch-to‘rt oydan beri yopishib olgan mana shu davosiz dard sabab. Rost, so‘nggi kunlarda Chin14 va Hind mamlakatlaridan keltirilgan ikki hakimning qilgan muolajasi yoqib, biqinidagi og‘riq xiyol bosilgan, har oqshom yuragini chulg‘ab olguvchi sovuq tavahhum sal ko‘tarilgan edi. Kecha hatto sodiq vaziri Abul Hasanakka aytib, saroy mutriblarini chaqirtirgan va ozgina ko‘ngilxushlik ham qilgan edi. Bazmdan keyin esa erkatoy vaziri Abul Hasanak yoshlik paytlarini eslab, sultonning yuragini qitiqlovchi bir gapni qo‘zg‘ab qoldi.

      Go‘yo Buxoro hokimi Aliteginning suyukli kenja xotini sultonning visolini ko‘rish ishqida yonib, tun-u kun motamda emish!

      Sulton Aliteginning bu kenja xotinini bundan uch-to‘rt yil muqaddam, Buxoroga yurish qilganida asir tushirib olib ketgan, biroq o‘zini ko‘rmagan, ko‘rishga hushi ham yo‘q, uni tutqunda saqlashdan maqsad esa – betavfiq Aliteginni cho‘g‘day qovurish edi, xolos. Lekin kechasi Abul Hasanak sultonning ishqida yongan bu xotinni shunday ta’rif-u tavsif qildiki, sulton ham nogahon qitig‘i qo‘zib, avval may buyurdi, so‘ng, ishq o‘tida yongan malakni ko‘rish istagini bildirdi.

      Osmon malikasi qasrining eng xilvat burchagida sultonning maxfiy go‘shasi bo‘lar, go‘sha devorlari «Alfiyashalfiya»15 dostonidan ko‘chirilgan hayosiz suratlar, yalang‘och ayol va erkak sevgisini tasvirlovchi rangdor rasmlar va hind poshsholari qasrlaridan olib chiqilgan yalang‘och sanamlarning oltin haykalchalari bilan bezatilgan edi. Odatda, haram bekalari in’omga kelgan yosh ma’sumalarni hammomga solishib, pardoz-andozlarini joyiga qo‘ygach, shu go‘shaga olib kirishar, bu hayosiz suratlar yosh go‘zallarda shahvoniy hirs uyg‘otib, ularni sultonning zinosiga «shay qilib» qo‘yardi. Rost, so‘nggi yillarda, payg‘ambar yoshidan o‘tib, taqvodorlikni ixtiyor etgan sulton maxfiy go‘shani taqa-taq berkitgan edi. Biroq kecha uning kutilmagan istagidan quvonib ketgan haram bekalari maxfiy go‘shani o‘zlaricha ochtirib, Buxoro malagini shu yerga olib kelishibdi.

      Qisqasi, sulton yelkasida yengil banoras to‘n, beliga oltin kamar, beholgina odimlab, maxfiy go‘shaga kirganida… Buxoro sanami, oppoq durkkun tanasini hayosizlarcha ochib, qat-qat ipak to‘shak ustida chalqancha tushib yotardi. Uning ko‘zlari yumuq, harir guldor ro‘moli orasidan toshib chiqqan mayin qo‘ng‘ir sochlari yerdagi qirmizi gilamda betartib sochilgan, o‘zi esa, xuddi otash ichida qovurilayotganday to‘lg‘anar edi.

      Sulton ostonani hatlab o‘tishi bilan sanam sapchib turdi, gilamga tiz cho‘kib, uning oyoqlarini quchdi-da, tizzalarini, sonlarini silashga tutindi. Sulton ham suyulgan qoni birdan ko‘pirib, sanam tomon egildi. Biroq xuddi shu payt, Buxoro malagining cho‘g‘day issiq tanasiga qo‘li tekkan payt, so‘nggi kunlarda tinchib qolgan qornidagi «tipratikon» go‘yo to‘satdan «uyg‘onib» ketdi-yu, og‘riqning zo‘ridan bo‘kirib yubordi.

      Sultonning na’rasini eshitib, avval Abul Hasanak, uning ketidan ranglari quv o‘chgan haram bekalari yugurib kirishdi…

      Mana, shundan beri to‘lg‘anib yotibdi, yolg‘iz og‘riqdan emas, notinch o‘ylardan, ko‘rgan tushlaridan, yuragini chulg‘ab olgan sovuq vahima va adolatsizlik tuyg‘usidan to‘lg‘anib yotibdi.

      Yo parvardigori olam! Osiy bandangni o‘zing kechirgaysen! Va lekin… bu neko‘rgilik ekankim, ojiz bandang sulton Mahmud, haq va hidoyat yo‘lida qirq yil suron solib, mashriqdan mag‘ribgacha neki majusiylar bor, barchasini qatli om qilsa, poyqadami yetgan el borki, hamma yerda osoyishtalik o‘rtansa, bu yo‘lda unga qirq yil zafar ustiga zafar keltirsangu endi, rohat-farog‘atda kun kechirmoq mavridi kelganda, uni bu bedavo dardga mutbalo qilsang? Hayhot! Agar bu dard chindan ham bedavo bo‘lsa, unda amiralmuslimin atalmish gunohkor bandangning qirq yillik toat-u ibodatidan ne foyda? Nahot bu butkul ro‘yi zaminni zabt etib, behisob boyliklar orttirganida, o‘z dorussaltanati G‘aznai munavvarani jahonda eng ko‘rkam shaharga aylantirib, unda o‘nlab machitlar go‘zallikda benazir jannatmonand bog‘lar yaratganida, Osmon malikasi kabi qasrlar qurib, ularni hech bir shoh ko‘rmagan zeb-u ziynatlar bilan bezatganida… nahot oxir-pirovardida topgani bu bedavo dard bo‘lsa? U o‘z haramiga Chin va Misr, Hindiston va Rumdan husnda yagona huriliqolarni yig‘dirsa, raqsda tovusdek tovlanguvchi go‘zal raqqosalar, bulbul yanglig‘ xushovoz xonanda va sozandalar, nomi olamga ketgan malikul kalom va vohidi zamon allomalarni to‘plasa!.. Bu ne’matlarning hammasini o‘zing in’om etsangu tag‘in o‘zing hammasidan benasib qilsang?

      Yo‘q, noumid shayton! Kecha nazm ahlining sultoni saroy shoiri Unsuriy yaxshi xabar topib keldi. Bu xabarni u majusiylar tilida bilgan eski bir risolada o‘qigan emish. Mashriq mamlakatlaridan birida, hududsiz ummonlar orasidagi mo‘jaz bir oralda, «ne’mati ilohiy» atalmish mo‘jiza bir daraxt o‘sar emish. Kimki bu daraxtning mevasini iste’mol qilsa, hamma dardlardan forig‘ bo‘lib, chol bo‘lsa navjuvon yigitga, kampir bo‘lsa bokira qizga aylanar emish…

      Risoladagi so‘z chinmi, yolg‘onmi? Bu yolg‘iz olloga ayon. Ammo… chin bo‘lmog‘i darkor! Zerokim… nahot butkul ro‘yi zaminni zir titratgan sulton Mahmud yanglig‘ fotihi muntasir… nogahon yopishgan bir dard sabab, Afshon shol dahasidagi g‘arib-u g‘urabolar yanglig‘ o‘lib keta bersa? Yo‘q, bunga inonib bo‘lmas! Amiralmo‘mininday shohlarni yaratib, ularni «as salotin zullallohu fil arz», ya’niki, «shohlar mening yerdagi soyamdur», degan ul sarvari koinot, ular uchun Unsuriy aytgan ne’mati ilohiy kabi mo‘jiza ne’matlar ham yaratmog‘i darkor! Faqat bu ne’mat o‘sgan makon qayda? Shuni bilmoq va topmoq darkor, xolos!

      Sulton risolani eshitib, darhol Chin va Hind tabiblarini chaqirtirdi. Lekin ulardan ko‘ngil to‘ladigan bir javob ololmadi. Bu yanglig‘ rivoyatlarni ular ham eshitganlarini, demakkim, bunday mo‘jiza daraxt borligiga imonlari komil ekanini bayon qilishdi, ammo ul ne’mati ilohiy o‘sgan makon qayda? Bu jumboqqa javob berishga ojizlik qilishdi. Sulton, avval darg‘azab bo‘ldi, keyin, xiyol o‘ylab ko‘rib, barcha allomalarni ertalabki mashvaratga chaqirtirdi. Chaqirilgan allomalar orasida hozirgina tushiga kirgan Abu Rayhon Beruniy ham bor. Kim bilsin, Unsuriy aytgan ne’mati ilohiy qayda o‘sadi, balki u bilar. Axir u ko‘p yillar hindlar yurtida turgan, shaharma-shahar kezgan, ularning hamma ilmlarini o‘rgangan, hatto tillarini o‘rganib, qadimiy kitoblarigacha mutolaa qilgan… Shoyad ul ne’mati ilohiy to‘g‘risida shu eski kitoblarda aniq bir narsa zikr qilingan bo‘lsa! Har qalay, hech kim bilmasa ham, hakimi davron atalmish anov takabbur hakim… hazrat Ibn Sino bilmog‘i darkor! Ne chora? Mana, uch oydirki, sultonning ikki ko‘zi Xuroson yo‘lida, ammo yuborgan eng sodiq mushriflardan16 hanuz darak yo‘q. Birov, ul hakimi davron yo‘lga chiqqan desa birov, G‘aznaga kelishni istamay boshini olib qochgan, deydi…

СКАЧАТЬ



<p>14</p>

Chin – Xitoy.

<p>15</p>

«Alfiya shalfiya» – Sharqning mashhur erotik dostoni.

<p>16</p>

Mushrif – elchi, maxsus davlat nazoratchisi.