Bu yerdan, sohil bo‘yidan pastdagi shahar kaftday ko‘rinadi. Soy bo‘yini bora-borguncha yam-yashil tutash bog‘lar egallagan. Bu bog‘lar ichida oq, qizg‘ish nafis havorang marmardan qurilgan ko‘rkam binolar, ko‘shklar, kichik-kichik saroylar ko‘zga chalinadi. Bu yerda amirlar, lashkarboshilar, devon beklari, boy tijorat ahli istiqomat qiladi. Undan yiroqroqda karvonsaroylar, bozorlar, timli rastalar, hammom gumbazlari ko‘rinadi, ulardan avloroqda esa, bir-biriga tutashib ketgan kulba va kulbachalar ko‘zga chalinardi. Qandaydir betartib qurilgan bu kulbayi vayronalar, do‘kon va do‘konchalar Beruniy kelayotgan daryo sohilidan, xuddi «gardkam» deb sochib yuborilgan oshiqlarga o‘xshaydi.
Uzoq-uzoqlarga cho‘zilib ketgan bu beqiyos shaharning hamma daha, hamma burchaklarida behisob machitlar qad ko‘targan, ularning rang-barang koshinlar bilan bezatilgan yuksak gumbazlari, tillakori peshtoqlari oftobda ajib tovlanib, tog‘lar bilan qurshalgan G‘aznai munavvaraga o‘zgacha bir zeb berib turibdi.
Oldinda ikki qirg‘oqni tutashtirgan ulkan ko‘prik ko‘rindi. Ko‘prik ro‘parasida uzundan-uzoq otxona binosi bo‘lib, bino oldida hammasi birday qizil chakmon va qizil etik kiygan yosh g‘ulomlar saf tortgan, ular har tomondan oqib kelayotgan amirlar, a’yon va boyonlarni otdan tushirib, tavoze bilan xizmat qilishmoqda.
Beruniy ko‘prikka yaqinlashib qolganida, o‘ng qo‘ldagi bog‘ ko‘chadan xachir qo‘shilgan ikki g‘ildirakli bir arava chiqdi. Aravada eski kulohini boshiga bostirib kiygan bir kimsa sekin xirgoyi qilib kelardi. Ajabo: bu kulohli darvesh u yoqda tursin, uncha-muncha asilzodalar ham, yurolmaydigan bu joylarda pachaq arava nechuk adashib yuripti?
– E, e! – Beruniy arava egasini tanib, otining jilovini tortdi. – E-ha, G‘azna faqirlarining sultoni Malikul sharob hazratlari! Qaysi shamol uchirdi janoblarini?
Malikul sharob aravasini to‘xtatdi, rangini bilib bo‘lmaydigan patak soqolini silab, g‘alati ishshaydi:
– O‘zlaridan so‘rasak, azizim? Faqir kulbamizga nechun qadam ranjida qilmay qo‘ydilar desak, eski qadrdonni tark etib, yangisini topibdilar-da, mavlonayi zamon! – U ko‘zini qisib, saroy tomonga ishora qildi. – Yangi do‘st– sulton Mahmud muborak bo‘lsin, mavlono!
Beruniy beixtiyor kulib yubordi.
– Malikul sharob atalmish sizday g‘ariblar sultonini unutib bo‘lurmu? Gulgun sharbatxonangizga tashrif buyurmagan bo‘lsak, sababi xastalik, azizim!
– Xasta bo‘lsalar… davosi bir qultum may!
– Ofarin! Jannatiy sharobingdan jon-jon deb bir piyola sipqarar edim, ammo ne chora, hozir saroyda mashvarat boshlanur!
Malikul sharob, boshidagi eski kulohini bir tomonga qiyshaytirib, kallasini ma’yus likillatdi. – O, mavlono-mavlono! Nahotki shu aql-u zakovating bilan shohlar va sherlardan yiroq yurmoq lozimligini bilmasang?
– Ne chora?
– Ofarin! Bor, yo‘lingdan qolma, azizim, shoyad shoir Unsuriy kabi ulug‘ martabalarga musharraf bo‘lsang!
Malikul sharob xachiriga qamchi urdi-yu, negadir yana to‘xtadi.
– Xah, esim qursin, senga aytadurg‘on bir yangilik bor, mavlono!.. Kecha oqshom kulbayi vayronamga ajib bir musofir alloma tashrif buyurdilarki, ko‘rsang boshing osmonga yetadi!
– Ajabo! Kim ekan ul alloma?
– Bu yog‘i shunday sir-asrorkim, uni o‘zimga aytishdan ham qo‘rqamen! – Malikul sharob shunday dedi-da, xachirini qamchilab uzoqlashib ketdi.
«Sirli alloma? Uni aytishdan qo‘rqamen? Yopiray. Bu darvesh ne deydi? Bu so‘zi rostmi yo uning ko‘ngliga g‘uluv solish uchun aytdimi?»
Odamlar hamon ko‘prik tomon daryoday oqib borardi. Beruniy ko‘prik oldida egardan tushib, otining jilovini hozir-u nozir turgan yosh g‘ulomga tutqazdi. Ko‘prikdan to Bog‘i Firuzning darvozasigacha, hatto bog‘ ichidagi Osmon malikasi qasrining marmar zinalarigacha qirmizrang ipak gilamlar to‘shalgan edi.
Beruniy xiyobonning ikki yonida qilich yalang‘ochlab g‘oz turgan navkarlar orasidan o‘tib, saroyga kirib borganida anjuman hali boshlanmagan, biroq urdaday keng, sutday oppoq mashvaratxonada odam tirband edi.
Turda, naqshli suyanchiqlariga dur va javohirlar qadalgan oltin taxtning o‘ng tomonida vaziri a’zam Ali G‘arib boshliq saroy a’yonlari va devon beklari, chap tomonda amirlar va sarkardalar saf tortgan, devon beklarining oppoq simobiy sallalariga tig‘simon tilla nishonlar qistirilgan, kimxob va movut to‘nli amirlarning qunduz telpak va suvsar bo‘rklariga uch qirrali oltin jig‘alar qadalgan, bellaridagi serbar kamarlariga kumush g‘ilofli egri qilichlar taqilgan. Ularning kumush tepki taqilgan ko‘k va qizil charm etiklari yurganda jarang-jurung ovoz chiqaradi. Taxt yonidagi vazir-u vuzaro va devon beklaridan quyiroqda Unsuriy boshliq bir guruh shoirlar ko‘rinar, ulardan nariroqda esa boshiga chambarak qora qalpoqcha kiygan, iyagida to‘rttagina tuk o‘sgan Chin hakimi o‘z tilmochiga allanimalarni bidir-bidir qilar, uning yonida sariq ipak ko‘ylak va keng sariq shalvar kiygan hind tabibi kamtarona qo‘l qovushtirib turardi. Chap qo‘ldagi kalondimog‘ amir va sarkardalar bilan bir qatorda boshlariga surmarang salla o‘ragan bir guruh din peshvolari saf tortgan, ulardan quyiroqda esa uch-to‘rttagina tanish allomalar ko‘rinar, ularning ichida keksa munajjim mavlono Farruxiy bilan yosh tarixchi Abulfazil Bayhakiy ham bor edi. Hammaning ko‘zi to‘rda, oltin taxtning ortidagi fil suyagidan jilo berilib, nozik tilla tasmalar qoqilgan ikki tavaqali o‘ymakor eshikda… Yig‘ilgan raiyat pichirlab gaplashar, hammaning chehrasida qandaydir tahlika va taraddud muhrlangan, go‘yo hozir yomon, mudhish voqea sodir bo‘lg‘usi edi.
Beruniy horg‘in odimlab allomalar yoniga o‘tdi, ular bilan ko‘risharkan, bosh devon sohibi Abu Nasr Mishkon janoblarini ko‘rib qoldi. Soch-soqoli oppoq, mittigina, lekin zuvalasi pishiq Abu Nasr Mishkon janoblari ham uni ko‘rib, yaqinroq keldi.
– Tag‘in bezgak xuruj qildimi? Bay-bay-bay!
Beruniy bosh devon sohibi bilan ko‘risharkan, nariroqda, bir guruh nazm ahli qurshovida turgan shoir Unsuriyning unga qarab qandaydir sirli jilmayib qo‘yganini payqab qoldi. Unsuriy yon-veriga allanechuk viqor bilan boqar, boshqalarning yuzida tahlika va hadik alomati muhrlangan bo‘lsa, uning naqsh olmaday qip-qizil yuzida vaziyatiga nomunosib bir mamnunlik barq urardi. Shoir eng katta mashvaratlarda kiyadigan zarbof to‘nini kiyib, surmarang sallasiga amiralmo‘mininning bo‘lakcha lutf-u ehsonini bildiruvchi tilla nishonni qadab olgan, qo‘lida esa, zar qog‘ozga o‘ralgan yostiqday kitob.
«Bu tilyog‘lamachi nechun xushnud? Nechun og‘zi qulog‘ida?» – dedi Beruniy ichida, biroq shu payt, to‘rdagi ikki tavaqali og‘ir o‘ymakor eshik asta g‘ichirlab ochil-di-yu, hamma boshlar bab-baravar o‘sha tomonga o‘girildi. Bo‘sag‘ada… egnidagi ko‘k movut to‘n ustidan qo‘sh tasma osib, sallasiga nayzasimon oltin nishon qadalgan saroybon ko‘rindi. U eshikda qilich yalang‘ochlab turgan ikki sarboz yonidan o‘tib, taxt oldiga keldi-da, qo‘lidagi oltin shaqildog‘ini shaqillatdi:
– Barcha ahli mo‘minning piri buzrukvori, saltanatimizning shon shuhrati, toj-u taxtimizning baxti saodati, fotihi muzaffar, amiralmuslimin sulton Mahmud ibn Sabuqtegin G‘aznaviy hazrat oliylari!..
СКАЧАТЬ