– Mavlono! Istasangiz anov javohirni, bahosi yarim G‘aznaga teng anov nodir javohirni oling!
Piri Bukriy telbalarcha harakat qilar, tirqirab oqqan ko‘z yoshlari yuzini yuvib, siyrak mallarang soqoliga quyilardi.
– Faqirga rahm qiling, mavlono, rahm!
Yo tavba! Salkam qirq yil avval ham oralarida xuddi shunday bir gap bo‘lib o‘tgan edi. Hozir ham!
– Qo‘lingni ol, piri Bukriy! Men quljallob emas menki, bir sho‘rlikni senga oltinga sotsam! – Beruniy shunday deb, bukrining temir iskanjaday qattiq, yopish-qoq qo‘lidan qo‘lini bazo‘r tortib oldi-da, tashqariga otildi.
Taqdirning ajab savdosi: unda, Qiyotda, Rayhonabonuga yopishgan edi bu iblis, endi Sadafbibiga!..
Beruniy xayol og‘ushidan bazo‘r qutulib, ro‘parasida mung‘ayib o‘tirgan Sadafbibiga qaradi.
– To‘g‘ri so‘zlading, bibim, ko‘cha yumushlarini Sabhu qilsin…
Beruniyning so‘zi og‘zida qoldi. To‘satdan tashqaridan gurs-gurs qadam tovushlari eshitilib, xonaga Sabhu kirdi. U nimadandir hayajonlangan, boshidagi oq qalpoqchasi bir tomonga og‘ib ketgan: qo‘lidagi kapgiri dir-dir titrar edi.
– Ustod! Sizni saroydan bir beka so‘roqlab keldi!
– Saroydan? Beka?
– Ha, soyabon aravada keldi. Yonida bir qancha suvorilari ham bor!
Ajab hol: kunduz saroydan chopar kelgandi. Chopar ertaga saroyda o‘tadigan mashvaratda hoziru nozir bo‘lishi to‘g‘risida amr-u farmon keltirgan edi. Endi esa…
Beruniy bir narsa deyishga ulgurmadi, eshik shitob bilan ochilib, xonaga bekaning o‘zi kirib keldi.
Egnida… tiriklar va g‘oliblar libosi: uzun qora ipak-ko‘ylak va ko‘ylak ustidan kiyilgan xipcha bel qora kimxob kamzul, yuzida zar sochilgan uzun qora durra, oyoqlarida uchlariga dur qadalgan bejirim qora kavush, xina qo‘yilgan barmoqlarida yoqut ko‘zli yirik oltin uzuk, beka poygakda to‘xtab, nazokat bilan bosh egdi.
– Bevaqt, kelganim uchun ma’ruz tutasiz, mavlono!..
«Xatlibegim! Sultonning erka singlisi Xatlibegim!» – Beruniy shitob bilan qaddini rostladi, ovozi beixtiyor titrab: – Qadamlariga hasanot, begim! – dedi. – Kaminani kechirgaysiz, sababi xastalik, istiqbolingizga chiqolmadim.
– Tashakkur! – Xatlibegim asta yurib xontaxtaga yaqinlashdi-da, xonani nafis mushk-anbar bo‘yiga to‘ldirib, nazokat bilan ko‘rpachaga tizza bukdi, bukarkan, keskin harakat bilan yuzidagi harir qora pardani ko‘tarib, yelkasiga otdi.
Beruniy chekkada haykalday qotib turgan Sadafbibiga yuzlandi:
– Sen bora ber, bibim, Sabhuga qarashib yubor…
Sadafbibi hurkak kiyikday chopqillab chiqib ketdi, Xatlibegim eshik yopilguncha uning orqasidan qarab turdi, so‘ng:
– Ayol zotini afv etasiz, mavlono, – dedi. – Bu sanam kim?
– Bu sanam… faqirning joriyasi, begim.
Xatlibegimning yupqa lablariga bilinar-bilinmas kulgu yugurdi:
– Ofarin! Joriya tanlashni bilar ekansiz, mavlono!
«O, ayol zoti, ayol zoti! Zaifa deb bejiz aytmaganlar!»
Beruniy ko‘nglidagi g‘alayonni bosish uchun mo‘risimon qalpoqchasini to‘g‘rilab, boshini xam qildi. U ro‘parasida o‘tirgan bu ayol sultonning suyukli singlisi Xatlibegim ekaniga ham ishongisi kelar, ham ishongisi kelmas edi. Biroq bu o‘sha, bundan o‘n yil muqaddam Hindiston yo‘lida, to‘g‘rirog‘i, Sind viloyatidagi go‘zal bir ko‘l sohilida pinhona uchrashgan Xatlibegimning o‘zginasi edi! Yo‘q, o‘zginasi emas, unda sulton haramiga rahnamolik qilguvchi bu shaddod, o‘ktam ayol xiyla yosh, xiyla ko‘hlik edi. O‘n yil ichida o‘zini ancha oldirib qo‘yibdi. Chakka suyaklari turtib chiqqan yumaloq qoramtir yuzida, hatto upa aralash nozik bo‘yoq surtilgan yonoqlarida bilinar-bilinmas ajin nishonalari ko‘zga chalinadi, biroq surma tortilgan qiyg‘och ko‘zlarida, qattiq qisilgan yupqa lablarida o‘sha shiddat, og‘asi amiralmo‘mininga xos o‘sha sovuq bir o‘ktamlik bor. Yoki bu ifoda, qiyg‘och ko‘zlaridagi bu sovuq shu’la yasamami? Axir o‘shanda, bundan o‘n yil muqaddam, go‘zal ko‘l sohiliga tikilgan saropardada o‘tgan pinhoniy kechada hozir sovuq chaqnagan bu ko‘zlar tamom boshqacha porlagan emasmidi?..
Beruniy to‘satdan toshqinday toshib kelgan g‘alayonni bosish umidida shosha-pisha qo‘lini chiniy ko‘zaga cho‘z-di. Bir zum uning ko‘z oldiga qimmatbaho sheroziy gilamlar to‘shalgan ipak saroparda keldi. Saropardaning to‘rida, qat-qat shoyi tushakda betoqat to‘lg‘anib yotgan yarimyalang‘och sanam nigohi oldida namoyon bo‘ldi, uning issiq bo‘salari, betoqat harakatlari esiga tushib, horg‘in tanasidan o‘t chiqib ketdi. O‘sha mahallarda saroy ahli orasida bu tantiq va shaddod bekaning nomi ibrat ma’nosida tilga olinar, go‘yo u erkak yuzini ko‘rmaslikka qasam ichib, go‘shanishinlikni ixtiyor etgan, degan gaplar yurardi. Bu gaplar rostmi, yolg‘onmi – buni yolg‘iz оllo biladi va lekin bu o‘ktam, erkatoy beka o‘shanda, ko‘l sohilidagi ko‘kalamzor qirlarga tikilgan qorong‘i saroparda ichida unga – yosh tilmoch Abu Rayhon Beruniyga unutilmas go‘zal bir oqshom in’om etgan edi!..
Beruniy sharbat to‘la piyolani ta’zim bilan bekaga uzatdi, uzatarkan, uning yupqa lablarida hamon o‘sha bilinar-bilinmas kulgu alomatini ko‘rdi. «Yo rab, u ham esladi!»
– Marhamat, bekam!
– Tashakkur! – Xatlibegim piyolani olish o‘rniga qora kimxob kamzulining cho‘ntagidan og‘ir qahrabo tasbeh olib, bitta-bitta o‘girishga tutindi. Beruniy ichida bir kulib qo‘ydi: «Xayriyat, yoshlik chog‘larini eslagani kelmapti, eslagani kelganida ne qilarding, sho‘rlik Abu Rayhon?»
Xatlibegim qo‘lidagi tasbehini xontaxtaga qo‘yib, piyoladagi sharbatdan bir ho‘pladi.
– Mavlono! Men sho‘rlik sizni yo‘qlab kelishdan murodim, xabaringiz bor, ul valine’mat davlatpanoh, – iloyo umri uzoq bo‘lg‘ay! – og‘ir dardga chalinmish. Saroy to‘la alloma, malikul kalom, dovrug‘i jahon hakimlar, biroq sho‘rlik og‘am o‘z o‘tida o‘zi qovrilib yotmish! Dardiga davo, ko‘ngliga orom berguvchi na bir habibi bor, na bir tabibi. – Xatlibegim harir durrasining uchini ko‘ziga bosib, piq-piq yig‘lab yubordi. – Olam-panohning dardiga davo qidirish o‘rniga saroyda ig‘vo, fisqi fasod! Inongan tog‘lari Ali G‘arib bilan Abul Hasanak bo‘lsa martaba talashishdan boshqani bilmas. Davlatpanoh olamdan o‘tsa, – iloyo bichgan kafanlari o‘zlariga buyurg‘ay! – taxtga kim o‘ltiradi? Shundan boshqa tashvishlari yo‘q ularning! To‘ng‘ich o‘g‘il amir Mas’ud qolib, kichik o‘g‘il, aqli noraso Muhammadni taxtga ko‘tarmoq rejasini tuzadurlar!
«Hammasidan boxabar! Yer tagida ilon qimirlasa biladi bu xotin! Ammo… bu mash’um sir-asrorni aytishdan murodi ne? Bu ig‘vo, bu fisqi fasod ishlarga daxlim ne mening?»
Xatlibegim to‘satdan durrasining uchini jahl bilan yelkasiga otib, Beruniyga tik qaradi, surma tortilgan ko‘zlari allaqanday sovuq chaqnab:
– Nahot bu dardning davosi bo‘lmasa, mavlono? – deb so‘radi. – Kecha saroyda nazm ahlining sultoni janob Unsuriy bir so‘z aytmish. СКАЧАТЬ