Sadafbibi kelguncha Beruniy bu uyda hindistonlik shogirdi Sabhu bilan birga turardi, Sabhu ham uy-ro‘zg‘or ishlarining ko‘zini biladigan, qo‘l-oyog‘i chaqqon yigit, biroq Sadafbibi ostonani hatlab o‘tgan hamon hamma narsa o‘zgardi, go‘yo bu uyga yosh joriya emas, mayini bahor oftobi mo‘raladi-yu, hamma yoq allaqanday iliq nurga cho‘milib, charaqlab ketdi!..
Ajabo, o‘sha kundan beri allaqachon yigitlik davridan o‘tib, keksalik manziliga qadam qo‘ygan Beruniyning ko‘nglida ham bahor. U umrida faqat bir marta, o‘n olti-o‘n yetti yashar mahalida mana shunday yorug‘ kunlarni boshidan o‘tkazgan edi. Bahorday tez kelib, tez ketgan, lekin qalbida toabad so‘nmas nur qoldirgan u kunlar Rayhonabonu bilan bog‘liq edi.
Yo‘q, Sadafbibi Rayhonabonuga o‘xshamaydi. Nasroniy dini6ga mansub mashhur Qiyot savdogarining qizi Rayhonaning ko‘zlari bahor osmoniday ko‘m-ko‘k, cho‘zinchoq yuzlari sutday oppoq, yelkasida to‘lqinday mavj urgan sochlari esa bir jom cho‘g‘day qizg‘ish edi. Sadafbibi esa qoramag‘izdan kelgan, yuzlari yum-yumaloq, qosh-ko‘zlari qop-qora. Lekin bari bir, nimasi bilandir Rayhonabonuga o‘xshab ketadi. Nimasi bilan?.. Buni Beruniyning o‘zi ham aytib berolmaydi, biroq Sadafbibini ko‘rishi bilan, uning ovozini eshitishi bilan esiga Rayhonabonu to‘shadi-yu, ko‘ngli suv ichganday yorishib ketadi… Mana, hozir ham…
Sadafbibi, go‘yo uning tikilib qolganini sezganday, «yalt« etib qaradi, ko‘zlari javdirab, bir zum tikilib turdi, so‘ng, asta yurib, xontaxta yoniga keldi.
– Buyurgan dorungizni olib keldim, ustod.
Xontaxtadagi sharbat to‘la ko‘zacha yonida ipak tasma bilan bog‘langan o‘rog‘lik qog‘oz turardi.
– Doruga kim bordi? Sabhumi?
– Yo‘q, Sabhu ovqat boshlagan edi, o‘zim bordim,–Sadafbibi qizil shoyi durrasining uchi bilan yuzini yarim to‘sib, xontaxta oldiga cho‘nqaydi, cho‘nqayarkan, birdan ovozi o‘zgarib:
– Ustod! – dedi allaqanday siniq tovushda. – Agar ijozat bersangiz… endi attorlik rastasiga bormaymen!
– Nechun?
– Anov bukri… to‘nkaga o‘xshagan bukri attor yo‘limni to‘sdi.
– Ne deydi?
– Yomon so‘zlar. Siz so‘ramang, men aytmayin, ustod…
Beruniyning katta, qoramtir barmoqlari beixtiyor musht bo‘lib tugildi.
Kecha ertalab u dori buyurish uchun attorlik rastasiga o‘zi borgan edi. Tanish attorga uchrab, uyga qaytayotgan edi, muyulishdagi do‘kondan, Sadafbibi aytganidek, to‘nkaga o‘xshash bir kimsa otilib chiqdi-da, pildirab kelib, yo‘lini to‘sdi.
Bu o‘sha, Malikul sharobning mayxonasida kechalari nay chalg‘uvchi, mayxo‘rlar orasida «Piri Bukriy» laqabi bilan dong chiqargan bukri attor edi. Hayot Beruniy bilan bu bukrini bundan salkam qirq yil muqaddam Qiyotda, Rayhonabonular xonadonida to‘qnashtirgan edi. U mahalda bukri ham Beruniy kabi Qiyotda yashar, Rayhonaning otasiga shogird tutingan savdogar edi. Lekin ustozi hayot vaqtida ipakday muloyim, itday sadoqatli bo‘lgan bu bukri savdogar jon taslim qilgan kuni kechasi uning qiziga, eri o‘lib tul qolgan qizi Rayhonabonuga tajovuz qilgan, ular shu vajdan qattiq to‘qnashgan edi. Shundan keyin Beruniy uni ko‘rmagan edi. Taqdirning g‘alati o‘yinini qarangki, bu mash’um voqeadan salkam qirq yil o‘tgach, hayot ularni G‘aznada, to‘g‘rirog‘i, Malikul sharobning mayxonasida yana bir-biriga duch keldi. Ma’lum bo‘lishicha, bukri ham falakning gardishi bilan dunyo kezib yurib, oxir-pirovardida G‘aznaga kelib qolgan ekan. Bu yerda u attorlik do‘koni ochgan, kechalari esa Malikul sharobning mayxonasida mashshoqlik qilar, Bobo Setoriy va Piri G‘ijjakiylarga qo‘shilib nay chalar, shunday chalar emishki, har safar majlis ahlini sel qilar emish. Rost, oradan qirq yil o‘tgan bo‘lsa ham, Qiyotdagi mash’um voqea hamon esida turgani uchun bo‘lsa kerak, Piri Bukriyning o‘zi ham, nodir san’ati ham Beruniyning ko‘ngliga ko‘p o‘tirmadi. U kecha ertalab attorlik rastasida uchrashganlarida ham gaplashishga toqati yo‘q edi, biroq qaydandir paydo bo‘lgan Piri Bukriy pildirab kelib, yo‘lini to‘sdi-da:
– Bir qoshiq qonimdan kechgaysiz, mavlono! – deb xitob qildi. – Eslik odam eskini eslamas, derlar. Eski nizolarni ko‘ngildan chiqaraylik, mavlono! Eshitishimcha, siz nodir toshlar borasida piri komilsiz. Falakning gardishi bilan faqirning qo‘liga bir noyob tosh tushgan edi, shuni bir ko‘rib bahosini aytib bersangiz, mavlono!
Yo tavba! Piri Bukriy bilibmi, bilmaymi – Beruniyni eng nozik joyidan ushlagan edi. U ko‘p yillardan beri nodir toshlar haqida katta bir asar yozishni orzu qilib, juda ko‘p ilmiy ma’lumotlar va hatto har xil rivoyatlar yig‘ib yurardi!
Beruniy indamay bukrining orqasidan ergashdi. Ular torgina, pasqamgina, ko‘rimsizgina do‘konga kirishdi, undan tagiga bo‘yra tashlangan hujranamo bir xonaga, xonadan sichqon hidi anqigan nimqorong‘i yerto‘laga tushishdi. Tokchasiga bitta-yu bitta sham qadalgan g‘ira-shira yerto‘la har xil katta-kichik sandiqlar, allanimalar solingan xum va xumchalar, quti va qutichalarga to‘la edi.
Piri Bukriy yerto‘laning eng qorong‘i burchagiga o‘tib, otning kallasiday qulf osilgan og‘ir temir sandiqni ochdi, uning qopqog‘ini ko‘tarib, uzoq timirskilangach, toshbaqaday yum-yumaloq bir temir qutichani olib, Beruniyning oldiga keldi.
– Bu qutichadagi toshni kamina bag‘dodlik bir savdogardan xarid qildim, mavlono. Katta pulga xarid qildim… Ammo… olishga oldimu hanuz ishtibohdamen7.
Piri Bukriy shunday deb, qutichaning tagidagi tugmani bosdi. Bosishi bilan quticha darang-darang ovoz chiqarib, ochildi-yu, g‘ira-shira yerto‘la go‘yo to‘satdan o‘nlarcha sham yonganday charaqlab ketdi. Qutichaning tagida… kaptarning tuxumidek keladigan va kamalak rangida nafis tovlangan ajib bir javohir yarqirab yotardi!..
Beruniy o‘z ko‘zlariga ishonmay qoldi. U nafis ranglarda jilolanib, nimqorong‘i yerto‘lani yoritib yuborgan bu nodir javohirni bir ko‘rishdayoq tanisa ham, anchagacha o‘z ko‘zlariga ishonolmadi. Vo ajabo? Bu o‘sha, bir mahallar Bag‘dod xalifasi Xorun ar-Rashid xazinasida saqlangan, so‘ng qayoqqadir yo‘qolib, ko‘p nizo va qatl-u qirg‘inlarga sabab bo‘lgan, tarixiy kitoblarda ta’rif va tavsif qilingan mashhur javohir edi!..
Beruniy javohirni qutichadan asta olib, kaftiga qo‘ydi. Yong‘oqdekkina nodir javohir uning kaftida yana ham nafisroq tovlanib, go‘yo yangi ranglar kasb etgandek, yarqirab ketdi.
«Yo tavba! Bu iblis bukri shohlar xazinasini bezab turguvchi bu nodir ziynatni qaydan oldi? Bundan chiqdi, bu makkor to‘g‘risida yurgan mudhish mishmishlar to‘g‘ri ekan-da?».
– Bu javohirning bahosi shundaykim, yarim G‘aznani sotib olishga qudratingiz yetadi!
Piri Bukriy, go‘yo Abu Rayhonning bu so‘zidan qo‘rqib ketganday, uning kaftidagi javohirni «shap» etib yulib oldi-da, shosha-pisha yumaloq qutichasiga yashirdi.
Beruniy indamay orqasiga burildi, biroq hujraga o‘xshash o‘rtancha xonaga chiqqanida Piri Bukriy uni quvib yetdi:
– Mavlono Abu Rayhon! Kamina sizga bir iltimosim bor!.. O‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz: faqir ko‘chada qolgan bir gado emasmen. СКАЧАТЬ
5
Qiyot (Qot) – Beruniy tug‘ilgan qadimiy shahar.
6
Nasroniy dini – xristian dini.
7
Ishtiboh – shubha.