Ko‘hna dunyo. Odil Yoqubov
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Ko‘hna dunyo - Odil Yoqubov страница 12

Название: Ko‘hna dunyo

Автор: Odil Yoqubov

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-00-939-4

isbn:

СКАЧАТЬ hozir Isfahonda turgan shahzoda Mas’udga yo‘llaganida… Yo‘q… sulton unga, o‘z pushtikamaridan bo‘lgan zurriyotiga inonmaydi. Chunki, biladi: shahzoda Mas’ud, o‘zi Isfahonda bo‘lsa ham, ikki qulog‘i G‘aznada, padari buzrukvorining o‘limi to‘g‘risidagi xabarni kutib yotibdi! Bu bemehr zurriyoti hazrat Ibn Sinoni bu yo‘ldan qaytarsa qaytaradiki, xasta padariga yubormaydi, yo‘q, zinhor yubormaydi!

      O‘g‘lini eslashi bilan sultonning ko‘kragida alam aralash isyonkor bir tuyg‘u «lov» yondi-yu, qoqsuyak qo‘llarini gilamga tirab, asta o‘rnidan turdi.

      – Astag‘firullo, astag‘firullo!.. – Sulton, qornidagi «tipratikon»ni uyg‘otib yuborishdan qo‘rqib, ko‘zlarini yumganicha bir nafas qimir etmay yotdi, so‘ng, tokchadagi shamlardan birini olib, yo‘lakka chiqdi.

      Shiftdagi billur qandillarda milt-milt yongan bitta-yarimta sham shu’lasida hududsiz yo‘lak bo‘m-bo‘sh va allaqanday sirli tuyuldi. Yo‘lakning oxiri ko‘rinmas, ikki tomondagi tilla tasmalar bilan qoplanib, dur va zabarjad qadalgan behisob eshiklarning hammasi berk, tiq etgan tovush eshitilmas edi. Vo darig‘! Saroy ahli qayda? Uning eng inongan nadimlari, vazir-u vuzarosi, sadoqati zohir lashkarboshlari qayga gumdon bo‘ldi? Bosh vaziri Ali G‘arib, suyukli nadimi Abul Hasanak nechun ko‘rinmaydi? U, kimsan amiralmo‘minin, bedavo bir dardga mubtalo bo‘lib, o‘z o‘tida o‘zi qovurilib yotsa-yu, uning saxovati ila yuksak martabalarga erishgan bu vazir-u vuzaro, uning inongan tog‘lari bo‘lmish bu amir-u umaro osoyishta uyquda yotsa, yoxud yosh kanizlari bilan o‘z haramlarida o‘ynashib, kayf-u safo qurib o‘tirishsa? Yo‘q! Kayf-u safo qurib o‘tirishibdimi ul iblislar yoxud biror xilvatga yashirinib olib, uni toj-u taxtdan mosuvo qilmoq rejalarini tuzib yotishibdimi? Tirikligida unga kafan bichib, biror go‘shada sultonga choh qazmoqdami bu betavfiqlar?

      Amiralmo‘mininning azaldan bir odati bor – yiroqdan bo‘lsa ham xatar shabadasini sezganda g‘azabi sherday jo‘shib, vujudida sher kuchi uyg‘onadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi-yu, bir qo‘lida fil tishidan zeb berilgan arg‘uvoniy aso, bir qo‘lida dir-dir titragan sham, nimqorong‘i yo‘lak bo‘ylab yurib ketdi. U bir necha qadam bosgach, asosi bilan o‘ng tomonidagi eshikni turtib ochdi. Xona zim-ziyo edi. Undan qandaydir sovuq bir nafas kelganday, go‘shaning eng tupkarisida, zulmat ichida allaqanday bir narsa g‘imirlaganday tuyuldi-yu, sulton, yuragi «shuv» etib, orqaga tisarildi. Shu-shu, boshqa eshiklarni ochishga yuragi dov bermay, besh-o‘n qadam bosdi. Lekin o‘ng qo‘ldagi dur va sadaf terilgan ikki tavaqali zalvarli eshikni ko‘rganida beixtiyor to‘xtadi va bir zum ikkilanib turgach, uni asosi bilan asta turtdi. Bu – mashvaratxona edi!

      Devorlari oq marmar bilan qoplangan o‘rdaday keng mashvaratxonaning shiftidagi billur qandilda bir necha sham yonar, bu shamlar shu’lasida to‘rdagi suyanchiqlariga inju qadalgan oltin taxt ajib jilo sochib yarqirab turardi… Qubbasimon lojuvard shifti sof qizil tilla bilan ziynatlangan bu xonada eng muhim mashvaratlar o‘tar, davlat ahamiyatiga molik masalalar hal qilinardi. Ertaga bo‘ladigan allomalar anjumani ham shu yerda o‘tmog‘i lozim.

      Sulton yuragi allanechuk bo‘lib, ichkariga kirdi. Jimjit. Tiq etgan tovush yo‘q. Ana, to‘rt tomondagi mehrobsimon joylarda zabt etilgan yurtlarning ko‘k, sariq, oq tug‘lari turipti! Mag‘lub tug‘lar! Mag‘lub lashkarboshilarning oltin va kumush dubulg‘alari, tillodan jilo berilgan sovut va qalqonlari osib qo‘yilgan. Ularning yonida bandlariga la’l va zabarjad qadalgan egri qilichlar, o‘q terilgan charm sadoqlar, suyak sopli xanjarlar, uzun-qisqa tig‘lar… bu qurollar, bu sovg‘alarning har biri bir doston! Uning, sulton Mahmud G‘aznaviyning behisob yurishlari, suronli safarlaridan hikoya qiluvchi bebaho dostonlar… Sulton bu o‘ljalarning qaysi birini qo‘liga olsa lop etib o‘sha muzaffar jang ko‘z oldiga keladi, zabun bo‘lgan ne-ne lashkarboshilar, man-man degan amirlar, kalondimog‘ hokimlar, hatto shahanshohlar esiga tushadi. Butkul ro‘yi zamindan, hatto Chin va Rumdan kelgan elchilar bu bebaho o‘lja, rang-barang tovlangan bu mag‘lub tug‘larni ko‘rganda damlari ichiga tushib ketadi. Mana, sof tilladan yasalib, hoshiyalariga yoqut, la’l va javohir qadalgan ulkan qalqon. Uning yonida nozik oltin halqalardan yasalgan katta sovut… Kashmir poshshosidan olingan sovg‘a!.. Esida bor: haramida mingdan ortiq kanizi bo‘lgan bu alp qomat, kalondimog‘ shoh maydonga quturgan jangovar fil minib chiqqan edi. U esa quturgan fildan tap tortmay, qora qashqa arg‘umog‘ini o‘ynatib, maydonga mardonavor kirib borgandi. Na quturgan filning mudhish na’rasi qulog‘iga kirgan, na vahimali vajohati ko‘ziga ko‘ringan edi o‘shanda! Sulton, qo‘rquvdan osmonga sapchigan qora arg‘umog‘ini achchiq qamchilaganicha, jangovar fil ustiga bostirib borgan, borganu oyoqlarini o‘zangiga tirab, bir zarb bilan kalondimog‘ shohni fil yelkasidan tushurib yuborgandi o‘shanda!

      Ha, sulton Mahmud shunday mard, shunday tanti edi! U hech qachon pistirmada turib jang qilmagan, eng shafqatsiz qirg‘inlarda ham o‘zini lashkar panasiga olmagan! U mashriqdan mag‘ribga cho‘zilgan bu hududsiz saltanatini o‘z salohiyati, kuch-qudrati va sher yuragi bilan orttirgan… Hayhot! Bu cheksiz davlat, bu shon-shuhrat, bu hisobsiz xazina, «amiralmo‘minin» degan bu ulug‘ martabalardan ne foydaki, agar qarigan chog‘ida bu ayanchli ahvolga tushib qolsa? Dardiga davo topolmay, kechalari to‘lg‘anib chiqsa? Uning amiralmusliminning harom tukiga arzimaydigan Ibn Sino atalmish bir tabibni yo‘qlasa-yu, uch oydan beri ikki ko‘zi to‘rt, uning yo‘liga tikilib yotsa? Uning saxovati va tuznamagi bilan odam bo‘lgan muqarriblari esa boshiga mushkul tushgan bu og‘ir onlarda ahvoling ne deb so‘ramasa? Bil’aks, pana-panada ig‘vo va fisq-u fasod bilan band bo‘lsa!..

      Sulton, to‘satdan ko‘z oldi qorong‘ilashib, qo‘lidagi arg‘uvoniy asoni qulochkashlab osmonga otdi. Fil suyagidan jilo berilgan og‘ir aso oltin taxt tepasidan uchib o‘tib, to‘rdagi qurol-aslahalar ustiga borib tushdi. Joyidan ko‘chgan sovut va qalqonlar bir-biriga tegib, o‘rdaday keng mashvaratxonani daranglatib yubordi. Qo‘ng‘iroqday tiniq bu musaffo ovoz mashvaratxonaning qubbasimon lojuvard shiftida aks sado berib, uzoq yangradi-yu, asta tindi. Tingan zahoti yo‘lakning ikki yonidagi behisob eshiklar sharaq-shuruq qilib ochildi, yo‘lakda vahimali shivir-shivirlaru, tap-tap oyoq tovushlari eshitildi. So‘ng, rangi quv o‘chgan, qizil banoras to‘ni ostidan oppoq lozimlari ko‘rinib turgan, xushqad, xushsurat vazir Abul Hasanak ko‘rindi, uning ketidan bosh vazir Ali G‘aribning qip-qizil yumaloq yuzi bir zum ko‘zga chalindi-da, yana g‘oyib bo‘ldi.

      Abul Hasanak poygakka tiz cho‘kib, yer o‘pdi.

      – Oftobi olam!..

      – Ofobi olam!.. – dedi sulton, lablari asabiy titrab. – Ajalimdan besh kun burun menga kafan bichib, ig‘vo yo‘liga o‘tdingmi, battol?

      – Valine’mat!

      – O‘tmagan bo‘lsang… qayga gumdon bo‘lding? Ul meshqorin Ali G‘arib qayda? Nechun inongan mushriflarimdan hanuz darak yo‘q? Qachon keladi ul betavfiq Ibn Sino?

      – Keladur, pushti panoh!.. Yaqin kunlarda yetib kelmog‘i darkor!

      – Shu hafta yetib kelmasa… dorga tortamen! Barchangni dorga tortamen. Tuzimni ichib, tuzlig‘imga tupurgan nobakorlar! Uqdingmi, murtad? Shu hafta!..

      – Uqdim, poshshoyi olam!

      – Uqsang, chaqir allomalarni! Mashvaratga chaqir darhol!

      To‘rtinchi bob

      Beruniy ustiga yangi ko‘k baxmal to‘n kiyib, boshiga uchli olacha taqiya ustidan simobiy sallasini o‘rab, shogirdi yordamida otga minganida oftob endi chiqqan edi. Kechasi shivalab o‘tgan yomg‘irdan keyin havo musaffo, ariq bo‘ylaridagi giyohlar, paxsa devor va hatto uylarning tomlarini qoplagan maysalar yuvib qo‘yilganday yam-yashil, tiniq.

      Tundagi isitma pasaygan bo‘lsa ham, Beruniy o‘zini hamon noxush sezardi. U ko‘kragini to‘ldirib-to‘ldirib nafas oldi-da, otini asta yo‘rtirib, СКАЧАТЬ