Название: Қор одам
Автор: Ганс Христиан Андерсен
Издательство: Kitobxon
isbn: 978-9943-08-854-2
isbn:
Omborlar, yerto‘lalar, chordoqlar bo‘shab qoldi. Odamlar kamayib sichqonlar ko‘paydi. Deraza oynasining biri darz ketsa, boshqasi sinadi, endi mening faqat eshik orqali xonaga kirishim shart emas. «Qayerda mo‘ridan tutun chiqsa, o‘sha yerda taom tayyorlanadi», bu yerda esa qizil oltin olish uchun jamiki taomlarni kemiradigan mo‘ridan tutun burqsiyapti!
Men qo‘rg‘on darvozasi oldida qorovul singari burg‘u chaldim, lekin endi bu yerda qorovul turmasdi! Men minora ustidagi flyugerni aylantirdim, u bo‘lsa mezanada qorovul xurrak otganday g‘ijirladi, lekin u yerda ham qorovul yo‘q edi! Faqat kalamush va sichqonlargina sanqib yurishardi. Uning uyiga qashshoqlik dasturxon yozdi, shkaf va bufetlarga joylashib oldi; eshiklar oshiqmoshig‘idan chiqib ketdi, hammayoqda yoriq va teshiklar paydo bo‘ldi – bu esa menga yaxshi: ichkariga kirish osonlashdi! Shuning uchun ham u yerda nima bo‘layotganini yaxshi bilaman.
Tutun va kuldan, zo‘r tashvish va uyqusizlikdan Borrebyu hokimining soch va soqollari oqarib ketdi, yuzi za’faron bo‘lib ajin bosdi, lekin ichiga botib ketgan ko‘zlari hamon orziqib kutayotgan oltin jilosini ko‘rish ishtiyoqida boqardi.
Men uning yuzi va soqollariga kul bilan tutun puflayverdim. Lekin hadeganda oltindan darak bo‘lavermadi, ammo uning qarzlari kun sayin oshib bordi. Men singan derazalar, yoriq va teshiklarda qo‘shig‘imni aytaverdim, hatto qizlarniig kiyilaverib to‘zigan, yirtilgan kiyimlari solingan sandiq ichigacha kirdim, kiyimlar hadeb kiyilaverganidan shu holga kelgan-da! Ha, qizlar beshiklari ustida aytilgan alladagi shirin orzular ro‘yobga chiqmadi! Boy odamning turmushi g‘am-kulfatga to‘lib ketdi. Faqat mengina u yerda baland ovoz bilan kuylayverdim. Uylarni qorga ko‘mib tashladim, aytishlaricha, qor isitarmish; ularning o‘tini ham yo‘q edi; o‘rmon esa allaqachonlar kesilib ketgan. Sovuq kuchaygandan kuchaydi. Men uy ichida u yoq-bu yoqqa borib kelaverdim, yoriq va tuynuklardan kirib, tom hamda devorlar ustida charx urdim, axir, sal sergak turish ham kerak-da! Aslzoda qizlar bo‘lsa sovuqdan ko‘rpalariga burkanib olishdi, otalari esa jun adyolning ostiga kirib ketdi. Na ovqat, na o‘tin bor – boy odamning turmushi ana shunaqa bo‘lib qolgandi! G‘uv-g‘u-u! O‘taver! Bo‘ladi! Bo‘ladi! Biroq, Do janoblariga hamma narsa kam edi.
«Qishdan keyin bahor keladi, – derdi u, – Qashshoqlik o‘rnini sho‘xlik egallaydi! Biroq, u o‘zini ancha kuttiradi. Endi yer-suv garovga qo‘yilgan, ortiq kutish mumkin emas, hademay, pasxa bayramiga oltin albatta bo‘ladi!»
Men uning o‘rgimchakka: «Hafsalali jajji to‘quvchisan, meni sabr-toqatga o‘rgatyapsan. To‘ringni yirtib yuborishsa, yangisini to‘qiy boshlaysan, uni ilgarigi holiga keltirasan! Yana yirtib yuborishsa, yana, yana boshqatdan to‘qiyverasan! Xuddi ana shunday qilish kerak! Mukofoti oldinda bo‘ladi!» – deb shivirlayotganini eshitdim.
Mana, pasxaning dastlabki kuni ham yetib keldi; qo‘ng‘iroqlar jarangladi. Osmonda quyosh charaqladi. Valdemar Do tuni bilan o‘lib-tirilib ishladi, bir narsalarni qaynatdi, sovutdi, aralashtirdi, siqdi. Men uning xo‘rsinganini, ibodat qilganini eshitdim, ish ustida nafas olishga ham qo‘rqib o‘tirganini ko‘rdim. Uning chirog‘i o‘chib qoldi, buni payqamadi. Men ko‘mirni pufladim, cho‘g‘lar uning bo‘rday oppoq yuzini va botiq ko‘zlarini yoritdi. To‘satdan uning ko‘zlari kattalashib ketdi, kosasidan chiqquday bo‘ldi!
Shisha idishga qara! Yarqirayapti! Nuri olovday lovillayapti… Qandaydir yarqiroq, vazmin! U shisha idishni titroq qo‘llari bilan ko‘tardi, hayajondan nafasi ichiga tushib: «Oltin! Oltin!» – deb baqirdi. U gandiraklardi, sal puflab uni yiqitishim mumkin edi. Lekin unday qilmadim, faqat ko‘mirni pufladim, uni esa qizlari sovuqdan muzlab o‘tirgan xonaga kuzatib qo‘ydim. Uning kiyimlari ham, soqoli va hurpaygan sochlarini ham kul bosgan edi. U qaddini rostladi. Nozik idishdagi xazinani boshi uzra baland ko‘tardi… «Topdim! Topdim! Oltin!» – deb qichqirdi va quyoshda jilo berib turgan idishni ularga uzatdi, biroq… uning qo‘li titrab ketdi. Idish yerga tushib chilparchin bo‘ldi! Oxirgi umidi ham sovun ko‘pigiday o‘chdi-qoldi! G‘uv-g‘u-u! O‘taver! Men esa alximikning uyidan chiqib ketdim.
Qisqa kunlar boshlandi, tuman nam pardasini yoyib, suvini yalang‘ochlanib qolgan daraxtlar, qizil mevalar ustidan tomiza boshlagan kech kuz payti edi. Men bardam va tetik holda qaytib keldim. Guvillab osmonni bulutlardan tozaladim, aytganday, chirib yotgan shoxlarni sindirib tashladim – bu ish xudo bilsin qanaqayu, ammo qilishga to‘g‘ri keldi. Borrebyudagi hokim uyi boshqacha did bilan yog‘ tushsa yalaguday qilib tozalab qo‘yilgan edi. Valdemar Doning dushmani basneslik Ove Ramel Borrebyuga garov xat bilan keldi: endilikda uy ham, butun mol-mulk ham uniki bo‘lgan edi! Men siniq derazalarga kuchimning boricha go‘villab puflay boshladim, ilgagidan chiqqan eshiklarni taraqlatdim, yoriq va teshiklardan hushtak chalib o‘tdim: «G‘uv-g‘u-u! Mayli, janob Ovega bu yer yoqmay qolsin, dedim! Ida bilan Anna Dorteya achchiq-achchiq ko‘zyoshi to‘kib yig‘lashdi; Yohanna bo‘lsa qaddini g‘oz tutib turgan bo‘lsa ham, yuzi murdaday oqarib ketgan edi, barmog‘ini shunday tishladiki, qoni tirqirab ketdi. Lekin bundan hech qanday foyda yo‘q edi! Ove Ramel Do janoblariga shu uyda umrining oxirigacha yashashga ijozat berdi, biroq bu marhamatga hech kim minnatdorchilik izhor qilmadi. Uysiz qolgan dvoryanning boshini mag‘rur ko‘targanini, qaddini rostlaganini ko‘rdim. Shu payt tom va keksa arg‘uvon daraxtiga jon-jahdim bilan shunaqayam zarba berdimki, chirimagan bo‘lishiga qaramay, yo‘g‘on bir shoxi sinib, darvoza oldiga qulab tushdi. U supurish lozim bo‘lganda supurgi bo‘ladiganday o‘sha yerda qolaverdi. O‘sha supurgi bu yerning sobiq egalarini supurib yubordim!
Og‘ir kun, mashaqqatli, aziyatli onlar yetib keldi, biroq ularning ruhi tetik, qaddilari bukilmagan edi.
Ularning kiyib yurgan kiyimlaridan ko‘p narsalarni va’da qilib, oxiri umidlarni chippakka chiqarib to‘kilib ketgan boyliklari solingan yangi sotib olingan shisha idishlaridan boshqa hech narsalari qolmagan edi. Valdemar Do xazinani qo‘yniga yashirdi, qo‘liga hassa oldi: bir vaqtlar mana shu mulkning boy-badavlat egasi bo‘lgan kishi yoniga uchala qizini olib Borrebyudan chiqib ketdi. Men muzdekkina shabadam bilan uning lovillab turgan yuzini sovutdim, soqollari va oppoq sochlarini siypadim, qo‘limdan kelganicha qo‘shig‘imni aytdim: «G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver!»
Dvoryanlikka xos hashamat ana shunday barham topdi!
Ida bilan Anna Dorteya otalari yonida borishardi. Yohanna darvozadan chiqib, orqasiga o‘girildi. Nega deysizmi? Axir, baxt qaytib kelmaydi-ku. Qiz Mark Stig qasrining g‘ishtlaridan qurilgan qizil g‘ishtli devorlarga boqdi, uning qizlarini esladi.
Kattasi kenjasin qo‘lidan tutib
Jahonni kezmoq-chun otlandi yo‘lga.
Yohanna bu qo‘shiqni xotirladimikin? Hozir haydalganlar uch qiz, yonlarida otalari ham bor. Bir vaqtlar karetada yurgan yo‘llardan sudralib keta boshlashdi. Yiliga o‘n marka to‘lash sharti bilan ijaraga olingan Samizstrun dalasidagi hujralari tomon yo‘l olishdi. Boy odamning yangi manzili yalang‘och devorlar, bo‘mbo‘sh idishlar. Qarg‘a va zag‘chalar esa zaharxanda bilan «Qag‘! Qag‘! Xonavayronlik! Qag‘-qag‘!» – deb qichqirishdi, bir vaqtlar Borrebyu o‘rmonidagi daraxtlar kesilayotganda ham shunday qichqirishgan edi. Ularning quloqlariga bor kuchim bilan puflab tursam-da, Do janoblari va uning qizlari bu qichqiriqlarning ma’nosini yaxshi tushunishdi.
Ular hujralariga kirishdi, men esa botqoqliklar va dalalar, «yalang‘och butazorlar va daraxtlari qiyratilgan o‘rmonzorlar ustidan ochiq dengiz, boshqa mamlakatlar tomon guvillaganimcha yo‘l oldim. G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver! Shu zaylda yillar o‘tib bordi.
Xo‘sh, Valdemar Do bilan uning qizlarining taqdiri nima bo‘ldi, dersiz? Buni СКАЧАТЬ