Қор одам. Ганс Христиан Андерсен
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Қор одам - Ганс Христиан Андерсен страница 9

Название: Қор одам

Автор: Ганс Христиан Андерсен

Издательство: Kitobxon

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-08-854-2

isbn:

СКАЧАТЬ Sensiz bolalarimiz ham, malikalar ham Misr yuzini umrbod ko‘rishmasdi. Cholni ham darddan xalos etisholmasdi. Bu xizmating, albatta, taqdirlanadi! Ehtimol, senga doktorlik unvonini berishsa kerak, bundan keyin tug‘iladigan bolalarimiz ham, ularning bolalari ham xuddi ana shunday unvon egasi bo‘lishadi! Menimcha, sen hozir ham Misr doktorisan!

      Olimlar va donishmandlar bo‘lsa butun voqealar bo‘ylab qizil ip bo‘lib o‘tgan asosiy fikrni rivojlantirishda davom etishibdi, uni turlicha talqin qila boshlashibdi. «Hayotning asosi – muhabbat» – bu ularning asosiy fikri bo‘lib, buni: «Misr malikasi quyosh nuriday botqoqlik mamlakatiga kirdi hamda ularning uchrashuvidan gul bunyodga keldi», deb talqin qilishibdi.

      – Ularning nutqlarini gapirib bera olmayman! – debdi olimlarning gaplariga quloq solib turgan hamda shu gaplar mazmunini uyasida so‘zlab berishi lozim bo‘lgan laylak. – Ular shunaqayam uzoq hamda shunday oqilona gaplar aytishdiki, ularga o‘sha zahoti unvonlar berildi, mukofotlar topshirildi: hatto shoh oshpazi ham orden oldi – ehtimol, u pishirgan suyuq oshi uchun taqdirlangandir!

      – Senga nima berishdi? – deb so‘rabdi urg‘ochi laylak. – Eng muhim narsani ular unutmasliklari kerak edi, bu yerda eng asosiy shaxs – sensan! Olimlar valdirashdan nariga o‘ta olganlari yo‘q! Ammo sening navbating ham kelsa kerak!

      Yarim kechadan keyin saroydagilar shirin uyquga ketishganda, u yerdagi uylardan birida faqat bitta tirik jon uxlamabdi. Garchi u uya yonida bir oyoqlab turgan, lekin qo‘riqchilikda mudrayotgan bo‘lsa-da, u laylak emas, Xelga ekan. U ayvonga chiqib, shimolda yurgan paytlarida ancha katta va yorqinroq bo‘lib tuyulgan yulduzlar bilan bezangan tiniq, musaffo osmonga nazar tashlabdi. Lekin bular o‘sha yulduzlarning o‘zginasi ekan! Xelga viking xotinining ma’sum ko‘zlarini va ana shu ko‘zlardan baqa-qizi ustiga to‘kilgan ko‘zyoshlarini eslabdi. Endi bo‘lsa u Nil sohilidagi yulduzli osmonni aniq zavq bilan tomosha qilayotir, muattar bahor havosidan to‘yib-to‘yib nafas olayotir. Bu budparastning hayvon holida jirkanch, kishi qo‘l tekkizish u yoqda tursin, qarashga ham hazar qiladigan, odam qiyofasida esa hayvontabiat bo‘lgan bu ayanchli mavjudotga qanday mehribonchiliklar ko‘rsatganini, uni zo‘r muhabbat bilan sevganini o‘ylabdi! Xelga charaqlab turgan yulduzlarga boqarkan, o‘ldirilgan xristianning peshanasidan ular o‘rmon va botqoqlar ustidan uchib o‘tayotganda taralgan nurni xotirlabdi. U xristianning orqasiga mingashib ketayotganda eshitgan tovush va so‘zlari quloqlari ostida qayta jaranglaganday bo‘libdi. O‘shanda u qizga muhabbatning tuganmas manbai, butun inson zotini o‘z og‘ushiga olgan ulug‘ muhabbat haqida gapirgan ekan!

      Ha, unga ko‘p narsalar nasib qilibdi, murod-maqsadiga erishibdi! Xelga kecha-yu kunduz o‘ziga nasib etgan baxt haqida o‘ylabdi, ajoyib yo‘llar bilan uni eng oliy shodonlik va farog‘at sari olib borayotgan o‘z hayoti haqida mulohaza yurgizibdi, shu ikki narsa hech xayolidan ketmabdi. Bir hadya keltirgan kishiga, bir sovg‘aga qaragan boladek bu mavzularga tez-tez qaytaveribdi. U butun vujudi bilan chinakam baxti, kelgusida uni qarshi oladigan va kutayotgan istiqboli haqidagi o‘ylarga berilib ketibdi, ammo bu baxtni unga kim berganini butunlay unutib yuboribdi. Uning qonida yoshlik g‘ayrat-jasorati jo‘sh uribdi, quvonchdan ko‘zlari o‘tday chaqnab ketibdi. Saroyda ko‘tarilgan katta shovqin-suron qizning xayolini bo‘libdi. U o‘sha shovqin kelgan tomonga qarasa, ikkita bahaybat, kuchli tuyaqush oyoqlarini qo‘liga olib saroy hovlisida chopib yuribdi. Xelga bunday vazmin, bahaybat, beso‘naqay qushlarni umrida birinchi ko‘rishi ekan, shu vajdan ularning qanotlari to‘mtoq bo‘lib ko‘rinibdi. Qushlar go‘yo birov xafa qilganday, zo‘r hayajon va hadik bilan yugurib yurishgan ekan. Xelga buning sababini so‘rab, birinchi marotaba tuyaqushlar haqidagi Misr afsonasini eshitibdi.

      Qadim zamonlarda tuyaqushlar o‘z chiroyi bilan dovrug‘ taratishgan ekan: ularning qanotlari uzun va baquvvat bo‘lgan ekan. Kunlarning birida kechki payt boshqa ulkan o‘rmon qushlari tuyaqushga: «Og‘ayni, ertaga, xudo xohlasa, daryoga suv ichgani boramiz!» – deyishibdi. Tuyaqush bo‘lsa: «Xohlasam uchib boraveraman!» – deb javob qaytaribdi. Sahar paytida qushlar uchib ketibdi. Ular tobora yuqoriga ko‘tarilaverishibdi, parvardigorning ko‘zi – quyoshga yaqinlashib qolishibdi. Tuyaqush bo‘lsa hammaning oldida yolg‘iz o‘zi kerilganicha yorug‘lik manbaiga tomon o‘z qudratiga ortiq bino qo‘yib, uchib boraveribdi; u «Xudo xohlasa» demay, nuqul «xohlasam» der ekan. Bundan g‘azablangan qasos farishtasi laqqa cho‘g‘ quyosh yuzidan yupqa pardani pastga tortibdi – o‘sha zahotiyoq tuyaqushning qanoti olov tekkanday kuyib tushibdi, u behol adoyi tamom bo‘lib, yerga qulabdi. O‘shandan beri u, hamda uning avlod-ajdodi ortiq osmonga ko‘tarila olmabdi! Ular hozir ham biror narsadan qo‘rqishsa, jon talvasasida yugurishaverar ekan, yugurishganda ham tor doiradan chiqishmas ekan, bu narsa insonlar uchun saboq bo‘lishi kerak.

      Xelga boshini g‘amgin quyi solibdi, yo dahshatdan, yo oydin kechada oppoq devorga tushib turgan aksini ko‘rib bema’ni xursandchilikdan xarsillab yugurayotgan tuyaqushlarga qarabdi, unda jiddiy bir kayfiyat paydo bo‘libdi. Ha, unga baxt to‘la umr nasib bo‘ldi, lekin oldinda uni nimalar kutyapti? «Xudo xohlasa» eng oliy baxt!

* * *

      Erta bahorda, laylaklar shimolga uchishi oldidan Xelga tilla uzuk olib, unga o‘z nomini yozibdi, o‘ziga tanish laylakni huzuriga chaqiribdi. U kelganda uzukni laylakning bo‘yniga taqib qo‘yibdi, uni asrandi qizning sog‘-salomatligi, baxtiyor onasini hamisha eslab yurganining nishonasi sifatida vikingning xotiniga yetkazishni iltimos qilibdi.

      «Buni ko‘tarib borish ancha qiyin! – o‘ylabdi laylak. – Ammo oltin hamda kishi sha’nini yerga urmaslik kerak! Olib borsam, «Laylak baxt keltiradi!» – deb aytishadi shimoldagilar».

      – Sen oltin olib boryapsan, men esa tuxum! – debdi xotini. – Lekin sen uni faqat bir marta olib borasan, men esa har yili tuxum qo‘yaman! Taqdirlanish nimaligini ikkovimiz ham bilmaymiz! Shunisi alam qiladi!

      – Ongimizning o‘zi ham yetarli, xotinjon! – debdi laylak.

      – Biroq, buni bo‘yningga osib ololmaysan-ku! – javob qilibdi moda laylak. – Senga ozuqa ham, hamroh shamol ham yordam berolmaydi!

      Shunday qilib ular uchib ketishibdi.

      Tamarind chakalakzorlarida sayrab yurgan jajjigina bulbul ham shimol tomonga uchishga hozirlanibdi, ilgarigi Xelga Yovuz botqoqlik yaqinida uning sayrashlarini ko‘p eshitgan ekan. U bulbulga ham topshiriq beribdi. Xelga oqqush kiyimida uchgandan beri qush tilida gapirishni o‘rganib olgan ekan, tez-tez laylaklar va qaldirg‘ochlar bilan suhbat quribdi, ular ham buni yaxshi tushunibdi. Bulbul ham uning gaplarini yaxshi uqibdi: qiz undan daraxt shoxlari va toshlaridan qad ko‘targan qabr joylashgan Yutlandiya yarim orolidagi qora qayin o‘rmonida istiqomat qilishni tayinlabdi va undan sayroqi qushlarni qabrga qarab turishga, qabr ustida uchib, tinimsiz sayrashga undashni iltimos qilibdi.

      Bulbul o‘qday uchib ketibdi, vaqt ham shamolday tez o‘ta boshlabdi.

* * *

      Kuz faslida ehrom cho‘qqisida o‘tirgan lochin katta karvonning yaqinlashib kelayotganini ko‘ribdi: ustiga xazina yuklangan tuyalar, yasangan-tusangan qurolli chavandozlar arab tulporlarini gijinglatib kelishayotganmish; quyuq yollari ingichka oyoqlarigacha o‘sib tushgan kumushrang otlar kishnab o‘ynoqlarmish. Aslzoda mehmonlar, ular orasida yosh va go‘zal arab shahzodasi uyalari hozir bo‘sh turgan laylaklarning xojasi, qudratli podshoning saroyiga kelishibdi. Bu payt laylaklar hali shimolda bo‘lib, qaytish vaqtlari ham yaqinlashib qolgan ekan.

      Laylaklar saroyda xursandchilik avjiga chiqqan, to‘y boshlangan kuni qaytib kelishibdi. Shoyi kiyimlarga burkangan, qimmatbaho bezaklar taqqan Xelga kelin, yosh arab shahzodasi kuyov emish. Ular to‘y dasturxoni to‘rida, bobosi va onasining o‘rtasida o‘tirishganmish.

      Biroq, Xelga kuyovning qorachadan kelgan, qat’iyatli yuziga ham, yuziga husn bo‘lib turgan mayin qo‘ng‘ir soqoliga ham, kelinga mehr bilan boqib turgan o‘tli qora ko‘zlariga ham qiyo boqmabdi. U nigohini yulduzlardan СКАЧАТЬ