Қор одам. Ганс Христиан Андерсен
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Қор одам - Ганс Христиан Андерсен страница 14

Название: Қор одам

Автор: Ганс Христиан Андерсен

Издательство: Kitobxon

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-08-854-2

isbn:

СКАЧАТЬ qurilgan hashamatli uyi bor. Uning mo‘risidan quyuq tutun buralib chiqmoqda. Ruhoniyning mehribon xotini va go‘zal qizi deraza oldida, bog‘dagi tog‘olcha butalari orasidan cho‘lga qarab o‘tirishardi. Xo‘sh, u tomonda bularni nima qiziqtirib qoldi ekan? Ular yarim vayrona uycha tomidagi laylak uyasini kuzatishmoqda edi. U yerni yo‘sin va yovvoyi piyoz qoplab olgan edi. Aslida esa tomni laylak uyasi eplab turibdi! Uycha yamalib-yasqalib tursada, uni laylak epaqaga keltirib turardi.

      – Uychaga faqat qarash mumkin edi, biroq zinhor unga tegib bo‘lmasdi! Bu yerdan nihoyatda ehtiyotkorlik bilan esib o‘tardim, – deb hikoya qilibdi shamol. – Faqat laylak uyasining borligidan uychani qoldirishgandi, bo‘lmasa uni allaqachonlar buzib yuborishardi. Ruhoniy oilasidagilar laylakni haydab yuborgilari kelmadi, shu vajdan uycha omon qoldi, ichida esa bir bechora kampir yashardi. Shu yerda boshpana topib turgani uchun kampir laylakdan minnatdor, ehtimol bir vaqtlar Borrebyu o‘rmonida yashagan qoramtir akasining uyasini buzishga yo‘l qo‘ymaganligi uchun laylak kampirdan xursanddir. O‘sha zamonlarda qashshoq kampir muloyimgina qiz, dvoryan oilasidan chiqqan oq sunbul gul edi. Anna Dorteya bularning hammasini yaxshi xotirlaydi.

      «Oh! – Ha, odamlar, ham shamol qamishzor yoki qiyoqzorda oh urganday oh uradi! – Oh, Valdemar Do, qabring ustida qo‘ng‘iroqxona qo‘ng‘iroqlari jaranglamadi! Uysiz-joysiz qolgan Borrebyu hokimini tuproqqa qo‘yishayotganda bechorahol maktab o‘quvchilari kuylashmadi ham! Ha, hamma narsaning, hatto baxtsizlikning ham oxiri bo‘ladi! To‘ng‘ich opasi Ida bir dehqonga turmushga chiqdi. Ana shu hol otaga qaqshatgich zarba bo‘lib tegdi. Axir, kuyovi har qanday janob biyaga o‘tqizib qo‘yishi mumkin bo‘lgan jirkanch bir qul-da! Hozir, ehtimol u ham, opasi Ida ham tuproq ostida yotishgandir! Ha, shunaqa! Faqat men bechoraga xudo qazo yetkazmayapti! Ey, parvardigor, mendan ham omonatingni olsang-chi!»

      Anna Dorteya laylak sharofati bilan omon qolgan hujrasida o‘tirib ana shunday iltijo qilibdi.

      – Opa-singillarning eng sog‘lom hamda eng dadiliga o‘zim g‘amxo‘rlik qildim! – deb davom etibdi shamol. – U o‘ziga ma’qul bo‘lgan kiyimlarini kiydi: yigitchasiga kiyinib, kemaga matros bo‘lib yollandi. Qiz kamgap, qat’iyatli edi, ammo o‘z ishini do‘ndirib bajarardi, bitta aybi shu ediki, yuqoriga tarmashib chiqolmasdi! Boshqalar uning ayol kishi ekanligini bilib qolishmasdan suvga puflab yubora qoldim, xo‘p ish qildim!

      Valdemar Do oltin topdim deb o‘ylagan kunidagidek pasxaning dastlabki kunida laylak uya qurgan tom ustidan Anna Dorteyaning oxirgi toat-ibodat ovozini eshitib qoldim.

      Hujraning derazasi ham yo‘q edi, uning o‘rnida dumaloq tuynukcha bor edi; oltin barkashday bo‘lib chiqqan quyosh nurlari shu tuynuk orqali hujraga tushdi. Uy ichi munavvar bo‘lib ketdi! Anna Dorteyaning nigohi bu nurga bardosh berolmadi. U ko‘zini asta yumdi; yuragi esa urishdan to‘xtadi! Bu o‘rinda quyoshning hech qanday aybi yo‘q edi, bordiyu u o‘sha tongda yuz ko‘rsatmaganida ham shunday bo‘lardi.

      Laylak Anna Dorteya vafot etgunga qadar unga boshpana berdi. Men esa uning qabri ustida ham, otasi qabri ustida ham ashulamni aytaverdim, boshqalar bilmasa ham, men ularning qabri qayerdaligini yaxshi bilaman.

      Yangi zamonlar, boshqa zamonlar! Eski qatnov yo‘l endilikda atrofi o‘rab olingan poliz yonidan o‘tadi, qabrlar ustidan esa yangi yo‘l o‘tadi. Hademay qator vagonlarini sudrab, unutilgan qabrlar ustidan pishqirib parovoz o‘tadi. G‘uv-g‘u-u! O‘taver!

      – Valdemar Do hamda uning qizlari qissasi ana shunaqa. Qo‘lingizdan kelsa uni durustroq hikoya qilib bering! – deb gapini tugatibdi shamol va boshqa yoqqa qarab yo‘l olibdi.

      Shu bilan uning qorasi ham ko‘rinmay qolibdi.

      NONNI BOSGAN QIZ

      Siz kavushim iflos bo‘lib qolmasin, deb nonni bosgani uchun yomon ahvolga tushib qolgan qizcha haqidagi hikoyani eshitgansiz. Bu haqda yozilgan ham, bosilgan ham. U kambag‘al, biroq mag‘rur, kekkaygan bir qiz ekan. Uning bema’ni qiliqlari ko‘p ekan. Jajjigina qizchalik paytlarida pashshalarni tutib olib, qanotlarini yulib tashlashni yaxshi ko‘rarkan; uchadigan pashshalar o‘rmalaydigan bo‘lib qolganda juda quvonar ekan-da. U tillaqo‘ngiz va go‘ng qo‘ng‘izlarni tutib, to‘g‘nag‘ich sanchib qo‘yar yoki oyoqlarining ostiga yashil yaproq yo bo‘lmasa bir parcha qog‘oz yopishtirib qo‘yar ekan. Bechora tirmashib, to‘g‘nag‘ichdan ozod bo‘lish uchun aylanib, bukilaverarkan, Inge bo‘lsa qotib-qotib kulaverarkan:

      – Tillaqo‘ng‘iz o‘qiyapti! Sahifalarni varaqlashini qarang! – deyarkan u.

      U katta bo‘lgan sari yomon qiliqlari ko‘payaveribdi. Baxtga qarshi, u juda chiroyli ekan. Uni ko‘p urishishar ekan-u, lekin yaxshilab tanbeh berib qo‘yishmas ekan.

      – Yaxshilab bir adabingni berib qo‘yish kerak! – der ekan onasi. – Bolaligingda peshbandimni rosa toptagan eding, katta bo‘lganingda qalbimni toptamasang go‘rga edi, deb qo‘rqaman.

      Xuddi shunday bo‘libdi.

      Inge uyidan zodagonlar xonadonida xizmat qilgani jo‘nab ketibdi. Zodagonlar unga o‘z qizlariday munosabatda bo‘lishibdi. Inge yangi kiyimlarda yanada ochilib ketibdi. Shu bilan birga, uning dimog‘dorligi oshgandan oshibdi. U xo‘jayinining uyida bir yil yashabdi, kunlarning birida ular qizga:

      – Inge, ota-onalaringni bir ko‘rib kelsang yaxshi bo‘lardi! – deyishibdi.

      Shunday qilib, u yo‘lga chiqibdi, biroq ota-onasini ko‘rib kelish uchun emas, balki egnidagi liboslarini ko‘zko‘z qilish maqsadida uyiga yo‘l olibdi. U hademay qadrdon qishlog‘i chekkasiga yetib kelibdi. Bundoq qarasa, anhor yoqasida qiz va yigitlar chaqchaqlashib turishganmish. Sal nariroqda esa tosh ustida o‘rmondan yiqqan bir bog‘lam o‘tinini quchoqlaganicha qari onasi dam olib o‘tirganmish. Inge shartta orqaga qaytibdi: shunday yasangan-tusangan oyimqizning mana shunaqa juldurvoqi onasi bo‘lishi, buning ustiga o‘tinni o‘rmondan o‘zi terib kelishidan u or qilibdi. Inge ota-onasi bilan diydor ko‘rishmaganiga zarracha afsuslanmabdi, qaytaga zardasi qaynabdi, xolos.

      Oradan yana yarim yil o‘tibdi.

      – Inge, ota-onalaringni ko‘rib kelishing kerak! – deyishibdi yana xo‘jayinlar, – Mana senga oq non, buni olib borib qariyalarni bir xursand qilib kelgin, haqingga duo qilishadi!

      Inge eng yaxshi liboslarini, oyog‘iga esa yangi kavushini kiyibdi, etagini sal ko‘tarib, kavushim iflos bo‘lib qolmasin deb, ehtiyotkorlik bilan yo‘lga tushibdi, buning uchun uni koyimasa ham bo‘ladi. Biroq, yo‘lka botqoq tomonga burilibdi; loy bosib yurishga to‘g‘ri kelib qolibdi: Inge o‘ylab-netib o‘tirmay qo‘lidagi nonni loyga tashlabdi, uni bosib, ko‘lmak suvdan oyog‘ini ho‘l qilmay o‘tib olmoqchi bo‘libdi. U nonga oyog‘ini qo‘yishi bilanoq non qiz bilan birga pastga cho‘ka boshlabdi, ko‘lmak suv ustida qopqora puffakchalar paydo bo‘libdi, qiz bilan nondan nomnishon qolmabdi!

      Ana shunaqa xunuk hodisa yuz beribdi.

      Inge qayoqqa botib ketdi? U botqoqlik alvastisining pivo pishiradigan joyiga cho‘kib ketibdi. Botqoqlik alvastisi alvastilar hamda o‘rmon devlarining xolasi ekan, bu hammaga ma’lum narsa, bular haqida kitoblarda ham yozilgan, qo‘shiqlar to‘qilgan, bir necha bor ularning suratlari chizilgan, botqoqlik alvastisi haqida esa hali ko‘p narsa ma’lum emas; yoz oylarida o‘tloqlar ustidan tuman ko‘tarilsa odamlar: «Botqoqlik alvastisi pivo pishiryapti! – deyishadi. Shunday qilib, qiz ana shu pivoxonaga tushib ketibdi, u yerda uzoq turishga hech kim bardosh berolmas ekan! Axlat o‘ra botqoqlikdagi pivoxonaga qaraganda ming bor pokiza ekan! Pivo pishiradigan har bir idishdan kishi ko‘nglini behuzur qilib yuboradigan badbo‘y hid kelib turganmish, idishlar bir-biriga zich joylashganmish; oralari sal ochiq joylarga yiltiroq, semiz baqalar o‘rnashib olganmish. Inge ana shunday СКАЧАТЬ