Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс страница 9

Название: Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари

Автор: Чарльз Диккенс

Издательство: Kitobxon

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-27-701-4

isbn:

СКАЧАТЬ yog‘imi, mana bunday, – javob qildi tobutsoz, – o‘ylaymanki, basharti, qashshoqlarning manfaati uchun shuncha soliq to‘layotgan ekanman, unda, bundan chiqadiki, ulardan iloji boricha ko‘proq naf chiqarib olishga haq-huquqim bor, mister Bambl. Shu… shu… shundoq ekan, nazdimda, o‘sha bolakayni o‘zim ola qolay deyman.

      Shunda mister Bambl tobutsozni qo‘ltig‘idan olib, ichkariga boshladi. Mister Sauyerberi kengash a’zolari bilan besh-olti daqiqa mobaynida kelishib bitishdi va Oliver shu kuni kechqurunoq unikiga «sinovga» boradigan bo‘ldi. Bu bitimga muvofiq, qavm shogirdi masalasida quyidagicha kelishib olingandi: agar xo‘jayin sinov muddati davomida bolakayning qornini to‘ydirishning unchalik tashvishini chekmay, uni tuzukkina ishlashga majbur eta olishiga ishonch hosil qilsa, u chog‘da xo‘jayin bolani ma’lum bir muddatga o‘z ixtiyorida qoldirish va undan istaganicha foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

      O‘sha kuni oqshom mitti Oliverni yana «jentlmenlar» huzuriga olib kirib, shu bugundan boshlaboq uning tobutsoz xizmatiga borajagini, mabodo, o‘z ahvoli sharoitidan shikoyat qilishni yoki qachondir qavm uyiga qaytishni xayoliga keltiradigan bo‘lsa, dengiz safariga jo‘natajaklari, yoxud urib po‘la qilajaklarini aytishganda Oliver xiyolgina hayajonlandi, buni ko‘rib hammalari bir og‘izdan, ikki dunyoda o‘nglanmaydigan yaramas bola ekan, deb tan berishib, mister Bamblga uni tezda tobutsoznikiga olib borishni buyurdilar.

      Kimning tomonidan bo‘lmasin, zarracha beparvolik va loqaydlik asorati namoyon etilsa, boshqa har qanday odamdan ko‘ra ko‘proq kengash a’zolarining beqiyos taajjub hamda dahshatga tushishlari mutlaqo tabiiy edi, biroq mazkur holatda ular picha yanglishgandilar. Gap shundaki, Oliver aslo hissiz-u loqayd emasdi; balki u hatto haddan ziyod ta’sirchanligi bilan ajralib turar edi, ammo u hadeb qo‘pol muomala qilaverilgani oqibatida bir umrga tund, to‘porilik va g‘ambodalig-u hazinlik tuzog‘iga ilinay-ilinay deb turardi. O‘zining qanday xizmatga jo‘natilayotganiga churq etmay quloq osib turdi, bor bisotini ko‘tarib – buni ko‘tarib borish unchalik qiyin emasdi, negaki buyumlari narsa o‘raydigan qalin qog‘ozdan tikilgan mo‘jazgina xaltaga jo bo‘lgandi – qalpog‘ini ko‘zigacha bostirib kiydi-da, mister Bamblning qaytarma yengidan ushlagancha, ushbu mansabdor shaxs bilan birgalikda yangi qiynog‘-u iztiroblar maskani sari jo‘nadi.

      Oldiniga mister Bambl Oliverga e’tibor ham qilmay, hech qanday tanbeh ham bermay yetaklab boraverdi, zotan, u bidlga xos tarzda boshini g‘oz tutib odimlayotgandi, shamol esib turgani sababli esa zarrin uqali nimchasi bilan kalta jigarrang ishtonini ko‘z-ko‘z qilib shamolda hilpirayotgan shinelining bari jimitdekkina Oliverni batamom to‘sib qo‘yayotgan edi. Biroq tayinlangan joyga yaqinlashar ekanlar, mister Bambl pastga nazar tashlab, bolakayning yangi xo‘jayini ko‘rsa ko‘rgudek bir qiyofada ketayotganiga qanoat hosil qilishni zarur deb topdi; basharasiga xayrixohona hamda homiyona tus berib, shunday qildi ham.

      – Oliver! – dedi mister Bambl.

      – Labbay, ser! – sekingina, titroq ovoz bilan javob berdi Oliver.

      – Qalpoqni balandroq suring, ser, boshingizni ham ko‘taring!

      Garchi Oliver shu zahotiyoq buyruqni ado etgan va bo‘sh qo‘li bilan ko‘zini siypab qo‘ygan bo‘lsa-da, boshini ko‘tarib, yo‘l boshlovchisiga qaraganida ko‘zlarida yosh miltilladi. Mister Bambl Oliverga o‘qrayib qo‘ydi, biroq bolaning yonog‘idan yosh yumaladi. Ketidan yana bitta tomchi, so‘ng tag‘in bitta. Bola ko‘z yoshini tiyishga chandon urinmasin, nafi bo‘lmadi. U mister Bambldan qo‘lini bo‘shatib oldi-da, ikki qo‘llab aftini berkitib, yig‘lab yubordi, yoshlari bo‘lsa iyagi bilan qoqsuyak barmoqlari orasidan sizib chiqa boshladi.

      – Hali shunaqami! – hayqirdi mister Bambl to‘xtab, shogirdiga xo‘mrayib qararkan. – Shunaqa degin! Umrim bino bo‘lib ko‘rgan eng nonko‘r, eng buzuq bolalar orasida sen, Oliver, eng yaramasi…

      – Yo‘q, yo‘q, ser! – xitob qildi Oliver piqillab, o‘ziga yaxshi tanish hassani tutib turgan qo‘lga yopishgancha. – Kerakmas, ser! Men tuzalaman, rost aytyapman, tuzalaman, ser! Men hali juda kichkinaman, ser, keyin haligidaqa, haligidaqa…

      – Xo‘sh, qanaqa – haligidaqa? – so‘radi mister Bambl ajablanib.

      – Haligidaqa… yoppa-yolg‘izman, ser. Judayam yolg‘iz! – tavallo qildi bolakay. – Meni hamma yomon ko‘radi. Jo-on, ser, mendan jahlingiz chiqmasin!

      Bolakay qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ko‘zlarida chinakam alam sitib chiqargan yoshlar halqalanib, javdirab hamrohining betiga tikildi.

      Mister Bambl Oliverning iltijoli va nochorona nigohini bir qadar hayrat-la qarshi oldi, uch-to‘rt marta xir-xir yo‘talib qo‘ydi-da, bu «jonga tegadigan yo‘tal» xususida allanimalar deb g‘o‘ldiragach, Oliverga ko‘z yoshini quritish va yaxshi bola bo‘lishni buyurdi. Keyin u yana bolaning qo‘lidan yetaklagan ko‘yi yo‘liga ravona bo‘ldi.

      Mister Bambl kirib borganida hozirgina do‘koni darchalarini yopgan tobutsoz ushbu maskanga g‘oyatda yopishib tushgan xira sham yorug‘ida kirim-chiqim daftariga nimalarnidir bitmoqda edi.

      – E-ha! – dedi tobutsoz yozuvini chala qoldirib, daftardan boshini ko‘tarar ekan. – Bu o‘zlarimi, Bambl?

      – Xuddi o‘zlari-da, mister Sauyerberi, – javob qaytardi bidl. – Mana! Bolakayni o‘zlariga olib keldim.

      Oliver ta’zim qildi.

      – Bu o‘sha bolakaymi? – so‘radi tobutsoz Oliverni tuzukroq ko‘rish uchun shamni boshi uzra ko‘tarib. – Missis Sauyerberi, baraka topkur, bu yoqqa birrovgina kirgin-a, azizam.

      Do‘konning orqa tomonidagi katalakdekkina hujradan missis Sauyerberi chiqib keldi. Bu past bo‘yli, so‘lg‘in, burnidan zahar tomib turadigan qoqsuyak ayol edi.

      – Jonginam, – dedi mister Sauyerberi takalluf-la, – bu hali men senga aytgan mehnat uyidagi o‘sha bola.

      Oliver yana bir bor ta’zim bajo keltirdi.

      – Voy Xudoyim-ey! – xitob qildi tobutsozning ayoli. – Jimitdekkinaligini qara-ya!

      – Ha, bo‘yi xiyla pastroq, – uning gapiga qo‘shildi mister Bambl Oliverga bo‘yi o‘smay qolganiga go‘yo uning o‘zi aybdorday bir qiyofada o‘qrayib. – U chindan ham kichkina. Buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin hali o‘sadi, missis Sauyerberi, bo‘yiga o‘sadi u.

      – Nimasini aytasiz, bo‘lmasam-chi! – deya jahl bilan javob qaytardi xonim. – Bizning nonimizni tuya qilib o‘sadi. Qavm bolalaridan biron manfaat ko‘rishga sirayam ko‘zim yetmaydi: ulovidan tushovi qimmat deganlariday, ularning o‘zlaridan ko‘ra yemishlari qimmat tushadi. Lekin erkaklar hamisha o‘zlarini bizdan ko‘ra aqlliroq, deb o‘ylashadi… Qani, pastga tusha qol, bir qop so‘ngakvoy!

      Tobutsozning xotini shunday deb biqin tomondagi eshikni ochdi-da, Oliverni sahniga tosh yotqizilgan, ko‘mir saqlanadigan qaznoqning dahlizi vazifasini o‘tovchi, oshxona deb ataluvchi, zax va zimiston yerto‘laga olib tushadigan tik zina tomon itarib yubordi; bu yerda ust-boshi kir-chir, oyog‘ida titig‘i chiqqan boshmoq va yirtiq-yamoq zangori jun paypoq kiygan bir qiz o‘tirardi.

      – Sharlott, – dedi Oliverning ketidan tushib kelgan missis Sauyerberi, – Tripga olib qo‘ygan yaxna go‘shtning qolgan-qutganini manavi bolaga bering. Trip ertalabdan beri uyda qorasini ko‘rsatgani yo‘q, busiz ham bir amallar. Ishonamanki, bu bola uni yemayman deydigan injiqlardan emas… To‘g‘rimi, bolakay?

      «Go‘sht» deganini eshitganida Oliverning ko‘zlari chaqnab, uni tezroq yeyish ishtiyoqida СКАЧАТЬ