Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс страница 10

Название: Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари

Автор: Чарльз Диккенс

Издательство: Kitobxon

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-27-701-4

isbn:

СКАЧАТЬ laziz taomga Oliver Tvistning tashlanganini bir ko‘rsa! Istardimki, dahshatli ochlik azobi sillasini quritgan Oliverning qandayin ochko‘zlik bilan etni tilka-pora qilayotganining shohidi bo‘lsa! Xuddi shunday taomni o‘sha faylasufning xuddi mana shunday huzur bilan yeyayotganini ko‘rishni esa chandon bora ko‘proq istardim.

      – Xo‘sh, qalay? – so‘radi tobutsozning xotini Oliver kechki ovqatni tugatgach; u nafasi ichiga tushib, bolaning ishtahasi qanday karnay bo‘lib ketishini oldindan tasavvur qilib, vahimaga tushib g‘iq etmay kuzatayotgandi.

      – Yeb bo‘ldingmi?

      Oliver yaqin atrofda tishga bosgulik hech nimani ko‘rmagach, ha, deya bosh irg‘adi.

      – Bo‘lmasa, orqamdan yur, – dedi iflos, xira chiroqni ko‘tarib, zinadan chiqa boshlagan missis Sauyerberi. – Peshtaxta tagida yotasan. Tobutlar orasida uxlolsang kerag-a? Aytmoqchi, uxlay olasanmi yo uxlay olmaysanmi – buning ahamiyati yo‘q, chunki boshqa sen yotadigan joyning o‘zi yo‘q. Yura qol! Men bu yerda tun bo‘yi qololmayman-ku, axir!

      Oliver ortiq hayallamay, itoatkorlik bilan yangi bekasi ortidan yo‘naldi.

      BESHINCHI BOB

      OLIVERNING HAMKASABA O‘RTOQLARI BILAN TANISHUVI VA ILK BORA DAFN MAROSIMIDA QATNASHIB, O‘Z XO‘JAYININING KASBI HAQIDA NOXUSH XULOSAGA KELISHI

      Tobutsozning do‘konida yolg‘iz qolgach, Oliver chiroqni moslama-dastgoh ustiga qo‘ydi-da, o‘zidan yoshi xiyla kattaroq odamlarga yaxshi oshno bo‘lgan ehtirom va qo‘rquv tuyg‘usi bilan tevaragiga alangladi. Do‘konning o‘rtasidagi qora chorpoya ustida turgan chala tobut ko‘ziga shunchalar mudhish hamda vahimali ko‘rindiki, bu sovuq narsaga tikilarkan, Oliverning yuragi muz tortib, eti jimirlab ketdi: nazarida qandaydir dahshatli jasad hozir asta boshini ko‘taradi-yu, o‘zi bo‘lsa qo‘rquvdan aqldan ozib qoladiganday tuyuldi. Devor tagiga tobut yasaladigan qayrag‘och taxtalari hafsala bilan, risoladagiday qilib terib-taxlab qo‘yilibdi; g‘ira-shira yorug‘da ular qo‘lini cho‘ntagiga tiqib olganicha, bukchayib turgan ajina-arvohlarga o‘xshab ketardi. Yerda tobutlarning belgi-yozuvlari, taxta qirindilari, yaltiroq qalpoqli mixlar va qora matoning parcha-purchalari ayqash-uyqash sochilib yotibdi, peshtaxta orqasidagi devorni esa rasm bezab turibdi; rasmda to‘rtta qorabayir qo‘shilgan katafalk14 kelib to‘xtayotgan uyning eshigi oldida qotirib ohorlangan galstukli ikki nafar soqov yig‘ichi-giryanda tasvirlangandi. Do‘kon issiq va dim edi. Chamasi, havoni tobut hidi tutib ketganday edi. Poxol to‘shak tashlab qo‘yilgan peshtaxta ostidagi joy xuddi go‘rga o‘xshab ketardi.

      Oliverni ezayotgan narsa nafaqat ushbu manzara-vaziyat edi. U notanish joyda yolg‘iz qolgandi, bundayin shart-sharoitda esa har birimiz ham o‘zimizni qanchalik bekas-u g‘arib hamda bebaxt his etajagimiz barchamizga ayondir. Bolakayning apoq-chapoq do‘sti yo‘q edi. Bir faslgina muqaddam boshiga tushgan judolikdan o‘kinmasdi, zero, juda-juda ko‘rgisi keladigan qadrdon, yaqin kishisi yo‘q edi-da. Ammo shunga qaramay, ko‘ngli g‘ash tortgan, xomush edi; shu boisdan ham u tor-u tanqis o‘rniga joylashar ekan, ushbu o‘rni tobut bo‘lib qolishini, qimir etmay, tosh qotib uyquga ketgan o‘zini esa o‘t-o‘lanlar mayin shitirlaydigan, ko‘hna qo‘ng‘iroqning jarangi allalaydigan qabristonga eltib ko‘mishlarini istab qoldi.

      Ertalab Oliver do‘kon eshigi gurs-gurs tepilgan ovozdan uyg‘onib ketdi; to u apil-tapil kiyinguncha shiddatli tepki ovozi yigirma besh martacha takrorlandi. U eshik zanjirini tushirayotganda eshikni tepkilayotgan oyoq tiyilib:

      – Oching, eshityapsizmi? – deya oyoq egasining baqirgan ovozi eshitildi.

      – Hozir ochaman, ser, – dedi Oliver zanjirni tushirib, kalitni burar ekan.

      – Sen yangi bola bo‘lsang kerag-a? – so‘radi o‘sha ovoz qulf teshigidan.

      – Ha, ser, – javob berdi Oliver.

      – Yoshing nechada? – surishtirdi ovoz.

      – O‘nda, ser, – javob qaytardi Oliver.

      – Ichkariga kiray, bir ta’ziringni bermasammi, – dedi o‘sha ovoz, – shoshmay tur, qavmning ko‘ppakchasi!

      Ana shunda iltifotli va’da ketidan hushtak eshitildi.

      Oliverni bot-bot hozirgina tilga olingan ma’nodor so‘z ifoda etguvchi «siylovga» musharraf etib turar edilar, shu sababdan ham u ovoz egasining o‘z tahdidini astoydil ado etishiga zarracha shubhalanmadi. U qo‘llari qaltirab lo‘kidonni surdi-da, eshikni ochdi.

      Oliver qulf teshigi orqali o‘zi bilan gaplashgan notanish odamni sovqotmaslik uchun yurib turgan bo‘lsa kerak deb o‘ylab, bir yoxud ikki lahzagina ko‘chani ko‘zdan kechirdi, o‘ngga qaradi, keyin so‘lga. Gap shundaki, u qarshisida, uy oldidagi ustunchaga o‘tirib olib, qo‘lidagi qalamtarosh bilan non va moyni naq og‘ziga mos qilib kesib, og‘ziga epchillik bilan tashlagancha kavshanib o‘tirgan naynov yetimxona bolasidan bo‘lak hech zog‘ni ko‘rmayotgan edi.

      – Kechirasiz, ser, – dedi Oliver boshqa hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilib, – siz taqillatdingizmi?

      – Oyog‘im bilan tepkiladim, – javob berdi yetimxonalik bola.

      – Tobut kerakmidi, ser? – so‘radi Oliver soddadillik bilan.

      Bu so‘zlarni eshitib, yetimxonalik bolaning avzoyi dag‘dag‘ali tus olib, agar o‘zidan kattalarga shunaqangi hazil qiladigan bo‘lsa, tez orada Oliverning o‘ziga tobut kerak bo‘lishini aytdi.

      – Qavm itvachchasi, mening kimligimni bilasanmi o‘zing? – dag‘dag‘asini davom ettirdi yetimxonalik bola vajohat-la ustunchadan turarkan.

      – Bilmayman, ser, – javob berdi Oliver.

      – Men mister Noe Kleypol bo‘laman, – dedi yetimxona boqimandasi, – sen bo‘lsang mening qo‘l ostimdasan. Darchalarni och, ishyoqmas gazanda!

      Shu so‘zlar jo‘rligida mister Kleypol Oliverni tepki bilan siylab, izzat-e’tiborini bir pog‘ona balandlatadigan tarzda savlat to‘kib do‘konga kirib keldi. Har qancha uringanida ham bu kallador, ko‘zlari jimit, to‘qimtabiat, befarosat turqli yigitchaning salobatli qiyofaga kirishi mushkul edi, buning ustiga zikr etilgan husnga qip-qizil burni va kalta sap-sariq ishtoni qo‘shilsa, bu amrimahol edi.

      Oliver darcha qopqoqlarini oldi va ularni kunduzi chiqarib qo‘yiladigan uyning orqa tomonidagi hovliga tashimoqchi bo‘ldi, biroq birinchi qopqoqni ko‘tarishdayoq og‘irligidan gandiraklab ketdi-yu, deraza oynasini sindirib yubordi, shundan keyin Noe, «ta’ziringni yeysan», deb go‘yoki taskin berdi-da, muruvvat ko‘rsatib, unga yordamlashishga kirishdi. Hademay do‘konga mister Sauyerberi tushib keldi. Uning ketidan missis Sauyerberi ko‘rindi. Noe bashorat qilganidek, Oliverning «ta’zirini berishdi», so‘ngra u nonushta qilgani yosh jentlmen bilan pastga tushdi.

      – O‘choqqa yaqinroq o‘tiring, Noe, – dedi Sharlott. – Men sizga xo‘jayinlarning nonushtasidan – dudlangan to‘shdan ajoyib bir bo‘lagini olib qo‘yganman… Oliver, mister Noe ketidan eshikni zichlab yopgin-da, anavi kostryulka qopqog‘iga qoldiq ovqatlarni solib qo‘yibman, olib ye. Mana senga choy. Uni yashik ustiga eltgin-da, o‘sha yerda ich, tezroq qimirla, nega desang, hozir do‘konga chaqirib qolishadi. Eshitdingmi?

      – Eshityapsanmi, qavm ko‘ppakchasi? – dedi Noe Kleypol.

      – Voy xudoyim-ey! – dedi Sharlott. – Noe, juda g‘alati yigitsiz-da! СКАЧАТЬ



<p>14</p>

Katafalk – murdani mozorga olib boradigan arava. (Tarj.)