Название: Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари
Автор: Чарльз Диккенс
Издательство: Kitobxon
isbn: 978-9943-27-701-4
isbn:
Shunday qilib, ular tanish-bilishi yo‘q, kayut-yunga kerak biror darg‘ani izlab topish niyatida mister Bamblni so‘rab-surishtirgani jo‘natdilar. Mister Bambl zimmasiga yuklangan bu topshiriqning natijalari borasida axborot bermoq uchun mehnat uyiga qaytayotib, ittifoqo darvoza oldida mister Sauyerberi – qavm tobutsozini uchratib qoldi.
Eski qora kamzul, xuddi o‘shanday qora, yamoq ip paypoq bilan qora boshmoq kiygan mister Sauyerberi baland bo‘yli, qotma, suyagi buzuq odam bo‘lib, tabiatan turqi-tarovati tabassum uchun yaratilmagan edi-yu, lekin umuman olganda, kasbi koriga xos quvnoqlik ham begona emasdi unga. U yengil odim tashlab, mister Bamblga yaqinlasharkan, chehrasida chinakam mamnuniyat aks etdi va bidl bilan samimiy qo‘l olishdi.
– Mister Bambl, bugun tunda ko‘z yumgan ikki ayolni o‘lchab kelyapman, – dedi tobutsoz.
– Xullasi, boylik to‘plab yotibsiz-da, mister Sauyerberi, – javob qildi bidl bosh hamda shahodat barmog‘ini tobutsoz tutgan tamakidonga suqarkan; bu mahorat bilan yasalgan kichkinagina tobut nusxasi edi. – Sizni ishontirib aytamanki, siz boylik orttirib yotibsiz, mister Sauyerberi, xuddi shundoq! – takrorladi mister Bambl hassasi bilan tobutsozning yelkasiga do‘stona qoqib qo‘yarkan.
– Shunday deb o‘ylaysizmi? – deya javob qildi tobutsoz, go‘yo u shunday ekanini ham tan olayotgan va ayni chog‘da ham rad etayotganday bir ohangda. – Qavm kengashi narxni judayam past belgilaganda, mister Bambl.
– Qo‘ying-e, tobutlaringiz ham katta emas-ku unaqangi… – javob berdi bidl o‘zi kabi e’tiborli lavozimdagi shaxsgagina munosib tarzda jilmayib.
Mister Sauyerberiga bu nihoyatda yoqib tushdi (bunisi mutlaqo tushunarli edi) va u uzoq, qotib-qotib kuldi.
– Nimayam derdim, mister Bambl, – dedi u nihoyat, – yangi ovqatlanish tartibi o‘rnatilganidan beri tobutlarim ilgarigilariga qaraganda sal torroq va sayozroq bo‘layotganini inkor qilishimning o‘rniyam, imkoniyam yo‘q. Lekin mister Bambl, biz ham foyda ko‘rishimiz kerak-ku, axir! Yaxshilab quritilib, chiniqtirilgan taxta-yog‘och arzonmas, ser, temir tutqichlarni bo‘lsa, Birmingemdan kanal orqali jo‘natishadi.
– Shundoqlikka shundog‘-a, – dedi mister Bambl, – har bir kasbning o‘ziga yarasha sarf-xarajati bor. Albatta, halol foyda ko‘rishga ijozat etiladi.
– Albatta-da! – tasdiqladi tobutsoz. – Mabodo, men u yoki bu jihatdan foyda ko‘rolmayotgan bo‘lsam, nimayam derdim, baribir pirovardida hissasini chiqarib olaman, hi-hi-hi!
– Ha, barakalla, – dedi mister Bambl.
– Lekin bir narsani aytib qo‘yay… – deya so‘zini davom ettirdi tobutsoz bidl bo‘lib qo‘ygan o‘y-xayollariga qaytib, – bir narsani aytib qo‘yay, mister Bambl, bitta juda mushkul tomoni bor. Bilasizmi, ba’zida to‘la odamlar o‘lib turishadi. O‘ziga to‘q va talay yillar davomida soliqlarni to‘lab kelganlar mehnat uyiga tushib qolishganda hammadan oldinroq o‘lishadi. Shunday qilib, ijozatingiz bilan aytsam, mister Bambl, lozim bo‘lganidan ortiqcha ishlatiladigan uch-to‘rt enlikkina taxta hazilakam zarar emas, ser, ayniqsa oilali odamga.
Mister Sauyerberi bu so‘zlarni ranjitilgan odam singari alamzadalik bilan (batamom kechirarli hol edi bu) aytdi va ushbu so‘zlar zamirida qavm sha’niga teguvchi nomunosib shama yashirinib yotganini payqagan mister Bambl gapni boshqa yoqqa burib yuborishni lozim topdi. Uning fikr-yodi Oliver Tvist bilan band edi, shu boisdan ham o‘shandan og‘iz ochdi.
– Darvoqe, – dedi mister Bambl, – bolakay kerak bo‘lgan biror kimsani bilmaysizmi? Shu kunlarda qavmning yelkasiga ortiqcha yuk bo‘lib turgan shogird bolakay bor edi, menga qolsa, uni qavmning yelkasiga ortilgan tegirmon tosh derdim… Shartlari qulay, mister Sauyerberi, ha, shartlari juda qulay.
Mister Bambl shunday deya hassasi bilan tobutsozning tepasida osig‘lig‘ turgan e’lonni ko‘rsatdi-da, romancha alifboda o‘qlovday-o‘qlovday qilib yozilgan «besh funt» degan joyini uch marta taqillatib urib qo‘ydi.
– Yo Tangrim-a! – xitob qildi tobutsoz mister Bambl shinelining zarhal uqali yoqasidan ushlab. – O‘zim ham siz bilan xuddi shu to‘g‘risida gaplashmoqchiydim-da! Bilasizmi… Yo Parvardigor, tugmangiz qanday chiroyli-ya, mister Bambl! Shu paytgacha e’tibor bermagan ekanman-a.
– Ha, menimcha ham chakkimas, – deb qo‘ydi bidl shinelini bezab turgan yirik-yirik jez tugmalarga g‘ururlanib ko‘z tashlab qo‘yar ekan. – Bulargayam qavm muhridagi surat: bemor va darmonsiz odamga tabobatdan madad ko‘rsatayotgan tabib tasviri tushirilgan. Qavm kengashi bu shinelni menga, mister Sauyerberi, yangi yilga tortiq qilgan. Esimda, uni birinchi marta yarim kechada eshigi oldida o‘lib qolgan anavi singan savdogarning ishi yuzasidan olib borilgan tergovda qatnashgani borganimda kiygandim.
– Ha, ha, esimda, – dedi tobutsoz. – Maslahatchilar: «Sovuq va hayotini saqlab qolish uchun eng zaruriy narsalari yo‘qligi sababli o‘lgan», deb hukm chiqarishgan edi, to‘g‘ri emasmi?
Mister Bambl bosh irg‘adi.
– O‘shanda ular yana go‘yoki maxsus hukm chiqarishgandiki, – so‘zini davom ettirdi tobutsoz, – qo‘shimcha qilib, haligi, bordi-yu, kambag‘allarni nazorat qiluvchi amaldor13…
– Bo‘lmag‘ur gap! Safsata! – uning gapini bo‘ldi bidl. – Kengash agar o‘sha nodon maslahatchilarning bema’ni, ahmoqona gaplariga quloq soladigan bo‘lsa, unda boshi-yu qulog‘igacha ishga ko‘milib yotardi.
– G‘irt haqiqatni aytdingiz, – qo‘shilishdi tobutsoz, – boshigacha botib yotardi.
– Maslahatchilar, – va’zxonligini davom ettirdi mister Bambl asosini mahkam siqimlab, uning jahli chiqqanda shunday qiladigan odati bor edi, – maslahatchilar johil, pastkash, jirkanch, yaramas nusxalar!
– To‘ppa-to‘g‘ri, – tasdiqladi tobutsoz.
– Falsafa hamda siyosiy iqtisod bobida hech baloning fahmiga bormaydi ular! – dedi bidl nafrat-la barmoqlarini shiqirlatib.
– Xuddi shundoq, – ta’kidladi tobutsoz.
– Ulardan hazar qilaman! – dedi bidl qizaribbo‘g‘riqib.
– Men ham, – qo‘shib qo‘ydi tobutsoz.
– Qani endi, o‘sha maslahatchilar bir-ikki haftagina bizning uyimizga tushib qolishsa, – dedi bidl. – Kengash joriy etgan qoida va tartiblar darrovgina ko‘zlarini ochib, popuklarini pasaytirib qo‘yardi-ya.
– Keling, tinch qo‘ya turaylik o‘shalarni, – dedi tobutsoz.
Shu so‘zlarni aytarkan, u jazavaga tushgan qavm xizmatchisining g‘azabini jilovlash niyatida iljayib qo‘ydi.
Mister Bambl uch qirra qalpog‘ini yechdi, uning qaytarmasi qatidagi ro‘molchasini olib – achchig‘i kelganidan peshonasini ter bosgandi – manglayini artdi, keyin qalpog‘ini yana kiydi-da, tobutsozga yuzlanib, xiyla bosiq ohangda dedi:
– Xo‘sh, СКАЧАТЬ
13
Kambag‘allarni nazorat qiluvchi amaldor – qavm ma’muriyati xizmatidagi mas’ul mansabdor, qavm kengashiga yordam so‘rab murojaat qilgan grajdanlarning muhtojlik darajasini aniqlab-tekshirish, shuningdek, «nozirlar kengashi» qarorlarini ijro etish shuning vazifasi bo‘lgan. Ma’murlar ushbu lavozimga halol, vijdonli odamlarni olish g‘amini yemaganlar, bu mansabdor esa o‘z navbatida muhtojlik darajasini tekshirish vazifasini bidlday shuningdek, qavm huzuridagi tarbiyalanuvchi qashshoqlarga mutasaddi amaldorning ko‘rsatmalarini bajaruvchi oddiy ijrochisi bo‘lib xizmat qilgan, biroq ko‘p o‘tmay xuddi o‘sha amaldorning vazifalarini o‘z zimmasiga olib, amalda o‘shaning vazifasini o‘tay boshlagan – u kambag‘allarning moddiy ahvoli haqidagi masalani o‘z bilganicha hal qilgan, mehnat uyida, cherkovda, aksar hollarda esa qavm miqyosida politsiya nazoratini ham o‘z ustiga olgan.