Название: Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари
Автор: Чарльз Диккенс
Издательство: Kitobxon
isbn: 978-9943-27-701-4
isbn:
– Da’vogar kitob o‘qib turgan ekan-da, shundaymi? – surishtirdi Feng yana picha sukut saqlagach.
– Shunday, – javob berdi do‘kondor. – Qo‘lidagi mana shu kitobni.
– Xuddi shuning o‘zinimi? – dedi Feng. – Haqini to‘laganmidi o‘zi?
– Yo‘q, pulini bermagandi, – iljayib javob berdi kitobfurush.
– Yo Tangrim, butunlay esimdan chiqib ketibdi-ku! – soddadillik bilan xitob qildi faromushxotir keksa jentlmen.
– Nimayam derdik, bag‘oyat bohurmat zot ekanlar-u o‘zlari, yana sho‘rlik go‘dakni aybdor qilib yuribdilar-a! – dedi Feng kulgini qistatadigan tarzda o‘zini rahmdil qilib ko‘rsatishga urinib. – O‘ylaymanki, ser, siz ushbu kitobga sha’ningizga dog‘ tushiradigan va shubha tug‘diradigan vaziyatda ega bo‘lib olgansiz. O‘zingizni omadim bor ekan, deb hisoblayverishingiz mumkin, zotan, kitob egasining sizni sudga berish niyati yo‘q ko‘rinadi. Ushbu hol sizga bir saboq bo‘lsin, azizim, yo‘qsa, odil sud o‘zlari bilan shug‘ullanishi ham mumkin hali… Bola oqlanadi… Xona bo‘shatilsin!
– Jin ursin! – qichqirib yubordi keksa jentlmen ortiq g‘azabini jilovlay olmay. – Jin ursin! Men…
– Xona bo‘shatilsin! – dedi hakam. – Polismenlar, eshityapsizlarmi? Xona bo‘shatilsin!
Buyruq ado etildi. Jazavasi qo‘zigan, g‘azab va nafratdan joni bo‘g‘ziga kelgan mister Braunlouni bir qo‘lida kitob va ikkinchi qo‘lida hassasi bilan xonadan chiqarib qo‘yishdi. U hovliga chiqdi-yu, shu ondayoq jazavasi tarqadi-ketdi. Ko‘ylagi tugmalari yechiq, boshi-chakkalari ho‘l mitti Oliver Tvist tosh yotqizilgan hovlida yotardi; yuzi murdadek oqargan, butun a’zoyi badani qaltirayapti.
– Bechora bola, sho‘rlik bolagina-ya! – dedi mister Braunlou uning ustiga engashib. – Izvosh! Iltimos, birortanglar izvosh chaqiringlar. Tezroq!
Izvosh yetib keldi, Oliverni avaylab o‘rindiqqa yotqizishgach, keksa jentlmen ikkinchisiga o‘tirdi…
– Siz bilan birga ketishimga ruxsat etasizmi? – iltimos qildi kitobfurush izvosh ichiga mo‘ralab.
– Yo Tangrim, albatta-da, qadrdon! – tez javob qildi mister Braunlou. – Sizni unutibman. E xudoyim-a, xudoyim-a! Bu baxti qaro kitob hanuzgacha qo‘limda ekan-ku! Tezroq chiqa qoling! Bechora bolakay! Biron daqiqani behuda ketkazib bo‘lmaydi.
Kitobfurush usti yopiq izvoshga chiqdi va ular yo‘lga tushishdi.
O‘N IKKINCHI BOB
OLIVERGA UMRI BINO BO‘LGANIDAN BERI KO‘RMAGAN G‘AMXO‘RLIKNI KO‘RSATGANLARI HAQIDA VA YANA QUVNOQ KEKSA JENTLMEN BILAN UNING YOSH DO‘STLARI TO‘G‘RISIDA HIKOYA QILADI
Izvosh deyarli Oliver Tullak hamrohligida ilk marta Londonga kirib kelgan o‘sha yo‘ldan taraqaturuqlab borib, Izlingtondagi «Farishta»ga yetgach, boshqa tomonga burildi va nihoyat, Pentonvil yaqinida, serdaraxt osuda ko‘chadagi ozodagina uy oldida to‘xtadi. Bu yerda darhol Oliver uchun o‘rin to‘shaldi, yosh do‘stini unga avaylab yotqizishlarini mister Braunlouning shaxsan o‘zi kuzatib turdi; bu yerda bolakayga benihoya mehr-u oqibat hamda g‘amxo‘rlik bilan parvona bo‘ldilar.
Biroq Oliver do‘stlarining mehribonchiliklarini talay kunlargacha sezmay-payqamay yotdi. Quyosh chiqaverdi, yana botaverdi, bu talay marta davom etdi; bola esa hamon ilgarigidek tanni qaqshatadigan isitma xurujida o‘rinda to‘lg‘anib yotaverdi. Qurt-qumursqa murda tanasida o‘z yumushini bu tirik vujud bo‘ylab imillab o‘rmalayotgan haroratchalik ishonch-la ado etolmaydi.
Joni qiltillab, eti ustuxoniga yopishib ketgan va rangida rang qolmagan bolakay bamisoli yilday uzoq davom etgan behalovat uyqudan uyg‘onganday bo‘ldi.
– Bu qanaqa xona? Meni qayerga olib kelishdi? – so‘radi Oliver. – Men bu yerda sirayam uxlamagandim.
U nihoyatda holdan toygan va zaiflashgandi, shu bois bu so‘zlarni shivirlabgina aytdi-yu, lekin shu zahotiyoq uni eshitishdi. Darrov karavotning bosh tomonidagi parda surildi va shundoqqina karavotga taqab qo‘yilgan yumshoq kursida chevarlik qilib o‘tirgan ozoda hamda odmigina kiyingan mehribon keksa xonim o‘rnidan turdi.
– Jim, bo‘talog‘im, – dedi keksa xonim mehribonlik bilan. – Tinch, qimir etmay yotishing kerak, bo‘lmasa tag‘in mazang qochib qoladi. Ahvoling judayam chatoq edi, shundoq chatoq ediki, bundan battari bo‘lmaydi. Yot, aqlli bola bo‘l!
Shu so‘zlar bilan keksa xonim Oliverning boshini avaylabgina yana qayta yostiqqa qo‘ydi-da, peshonasiga tushgan sochini surarkan, unga shunday bir mehribonlik va ko‘ngilchanlik bilan tikildiki, bolakay nimjon qo‘li-la xonimning qo‘lidan ushlab, beixtiyor o‘zining bo‘yniga chirmashtirdi.
– O‘zingning rahming kelsin, ey Xudoyim! – ko‘zlarida yosh miltillab dedi keksa xonim. – Qanday oqko‘ngil, qanday yaxshi bola ekan-a! Bordi-yu, mening o‘rnimda shuncha paytdan beri boshida onasi o‘tirgan bo‘lsa-yu, unga hozir mana shunday tikilsa, naq yurakchasi yorilib ketarmidi-ya!
– Balki u hozir meni ko‘rib turgandir, – shivirladi Oliver qo‘llarini ko‘ksida qovushtirib. – Balki u tepamda o‘tirgandir. Nazarimda, nuqul boshimda o‘tirganga o‘xshab ko‘rinaverdi.
– Isitmada shunday ko‘ringan senga, jonginam, – dedi keksa xonim muloyimgina.
– Ehtimol, – javob berdi Oliver, – chunki osmon bizdan judayam uzoqda, u yoqda bo‘lsa ular juda baxtiyor yashashadi, kasal bolaning tepasiga kelib o‘tirishga vaqtlari bormidi, deysiz. Shundayam mening kasal ekanligimni bilsalar, o‘sha yoqdayam achingan bo‘lardilar, o‘limlari oldidan o‘zlariyam qattiq kasal ekanlar-da, axir. Aytmoqchi, men to‘g‘rimda hech nimani bilolmaydilar baribir, – ozroq sukutdan so‘ng qo‘shib qo‘ydi Oliver. – Meni xafa qilishayotganini ko‘rganlaridami, judayam qayg‘urgan bo‘lardilar, lekin tushimda ko‘rganimda doim baxtiyor va mehribon bo‘ladilar.
Keksa xonim hech nima demadi; oldin ko‘zlarini, keyin esa adyol ustida yotgan ko‘zoynagini (go‘yo u ko‘zlarining ajratib bo‘lmaydigan bir qismiday) artdi-da, Oliverga allaqanday odamni muzdek qiladigan ichimlik berdi, so‘ngra yuzini silay turib, qimirlamay yotishi zarurligini, yo‘qsa, tag‘in tobi qochib qolishini uqtirdi.
Oliver qisman bu mehribon keksa xonimning hamma aytganlarini so‘zsiz bajarish, qisman esa, rostini aytganda, hozirgi suhbatdan keyin nihoyatda madori qurigani sababli qimir etmay yotardi. Hademay mudrab ketdi, bir payt to‘shagi yoniga keltirib qo‘yilgan sham shu’lasidan uyg‘onib, qattiq-qattiq chiqqillayotgan kattakon oltin soatni ushlagan ko‘yi o‘zining tomir urishini tekshirayotgan jentlmenni ko‘rdi, u kishi, bola ancha tuzalib qolibdi, dedi.
– Ancha tuzalib qolding-a, shunday emasmi, bo‘tam? – dedi o‘sha jentlmen.
– Ha, rahmat sizga, – javob berdi Oliver.
– Durust bo‘lib qolganingni ko‘rib turibman, – dedi yana o‘sha jentlmen. – Innaykeyin, qorning ham ochqab turibdi-ya, to‘g‘rimi?
– Yo‘q, ser, – javob qildi Oliver.
– Hm! – dedi jentlmen. – Ovqat yeging kelmayotganini o‘zim ham bilaman. Uning ishtahasi yo‘q, missis Beduin, – dedi jentlmen donishmandona qiyofada.
Keksa СКАЧАТЬ