Название: Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари
Автор: Чарльз Диккенс
Издательство: Kitobxon
isbn: 978-9943-27-701-4
isbn:
Bolakayga ro‘molchalarning, soat-u qimmatbaho buyumlarning ham, juhudning ham sir-u asrori bir lahzadayoq ayon bo‘ldi-qo‘ydi. Bir on serrayib turib qoldi, shu tobda qo‘rquvdan tomirlaridagi qon qaynab-ko‘pirib, nazdida, a’zoyi badani naq o‘tda kuyayotgandek bo‘ldi; keyin o‘takasi yorilayozgan, dovdirab qolgan bolakay jonholatda, nima qilayotganini o‘zi ham bilmay, oyog‘ini qo‘lga olgancha qochishga tushdi..
Bularning baribir daqiqa orasida sodir bo‘ldi. Oliver xuddi qochishga tushgan lahzada qo‘lini cho‘ntagiga tiqqan keksa jentlmen dastro‘molini topmay, darhol atrofga alangladi. Qochib borayotgan bolakayga ko‘zi tusharkan, turgan gapki, u jinoyatchi shu, degan xulosaga keldi-yu: «O‘g‘rini ushlanglar!» – deb bo‘kirgancha qo‘lidagi kitobi bilan uning ketidan quva ketdi.
Vahima ko‘targan nafaqat keksa jentlmengina edi. Ko‘cha bo‘ylab yugurishni va bu bilan jamoatning diqqatini tortishni istamagan Tullak bilan Charli Beyts muyulishdan o‘tishlari bilanoq birinchi uchragan darvozaxonaga urib ketishgan edi. Baqir-chaqirni eshitib, Oliverning yugurib ketayotganini ko‘rganlari zahotiyoq nima gap bo‘lganini fahmlashdi-yu, shosha-pisha darvozaxonadan chiqib: «O‘g‘rini ushlanglar!» – deb shovqin ko‘targancha, insof-u diyonatli grajdanlarga munosib tarzda ta’qibga qo‘shilib ketishdi.
Garchi Oliver faylasuflar qo‘lida tarbiya topgan bo‘lsa-da, nazariy jihatdan o‘z jonini saqlashga tirishish tabiatning birlamchi qonuni, isbotga bemuhtoj ajoyib haqiqat ekanidan bexabar edi. Basharti, u bu aqida bilan oshno bo‘lganida g‘aflatda qolmay, ushbu qonunga amal qilishga tayyor turardi. Biroq bunday choraga tayyor emasdi va shu boisdan ham battar qo‘rqib ketdi; oqibatda u bamisoli quyunday uchib borardi, orqasidan esa keksa jentlmen bilan ikki bola baqirib-chaqirgancha quvishardi.
«O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» Bu so‘zlarda sehrli kuch bor. Bu so‘zlarni eshitganda boqqol do‘konini, izvoshchi izvoshini, qassob kanorasini tashlab chiqadi, novvoy non savatini, sutchi sut paqirini, dastyor qo‘lidagi tugunchaklarini, maktab bolasi soqqacha20larini, tosh yotqizuvchi cho‘kichini, bola-baqra volan21ini tashlab, hammalari ayqash-uyqash bo‘lib, oldinma-ketin yugurib qolishadi; bir-birovlarini itarib-surishadi, baqirib-chaqirishadi; muyulishdan burilayotib yo‘lovchilarni yiqitib yuborishadi, itlarning o‘takasini yorib, tovuqlarni garang qilishadi; ko‘cha-ko‘y, maydon-u hovlilarni hayqiriqlar tutib ketadi.
«O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» Bu hayqiriqqa yuzlab ovozlar jo‘r bo‘ldi, olomon bo‘lsa har muyulishda ko‘paygandan-ko‘payib boryapti. Xaloyiq loy-ko‘lmaklarni chalpillatib, yo‘lkalarni do‘pirlatib yugurib kelyapti; sharaqlab derazalar ochilyapti, uylardan odamlar otilib chiqishyapti, olomon shitob-la olg‘a intilyapti, tomoshabinlar sarguzashtlari avjga mingan pallada Panch22ni tark etishyapti, jamikilari odamlar oqimiga qo‘shilib, hayqiriqlariga jo‘r bo‘lib, jon-jahdlari bilan: «O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» – deb bo‘kirishyapti. «O‘g‘rini ushlanglar! O‘g‘rini ushlanglar!» Birovga ozor berish, payiga tushish aslida insonning qonida bor, bu his yuragining qat-qatiga jo. Baxtiqaro, qiynalib ketgan, holdan toyib, nafasi bo‘g‘ilib qolayozgan bolakay chehrasida vahima, ko‘zlarida umidsizlig-u ranjalam, yonoqlaridan do‘lday-do‘lday ter yumalayotgan sho‘rlik bolakay har bitta asab tolasi tarang tortilib, zo‘r berib ta’qibchilardan qutulib ketishga tirishadi, ular bo‘lsa orqasidan quvib kelishyapti, daqiqa-lahza sayin yaqinlashib qolishyapti, bolakayning tinkasi quriganini ko‘rib-bilib kelishyapti, bunga sayin battarroq bo‘kirishyapti, suyunganlaridan qiyqirishyapti. «O‘g‘rini ushlanglar!» O‘, Yaratgan haqqi, loaqal rahm-shafqat yuzasidan bo‘lsa-da, ushlanglar uni!
Nihoyat, ushlashdi. Epchillik bilan musht tushirishdi. Mana, u tosh ko‘chada chalpak bo‘lib yotibdi, olomon bo‘lsa qiziqsinib uni qurshab oldi. Keyinroq yetib kelganlar itarishib-turtishib, uni ko‘rgani oldinga intilishyapti. «Chetroq turinglar!» – «Unga havo tegsin sal!» – «Bema’ni gap! Bunga arzimaydi u!» – «Anavi jentlmen qayoqda qoldi?» – «Ana, ana, ko‘chada kelyapti». – «Jentlmenga yo‘l beringlar!» – «Bu o‘sha bolami, ser?» – «Ha».
Eng ildam ta’qibchilar keksa jentlmenni mulozamat bilan boshlab kelib, davra o‘rtasiga itarib kiritganlarida Oliver atrofini qurshab olgan odamlarning aftiga telbanamo nigoh-la javdiragancha, loy-tuproqqa qorilib, og‘zi qop-qora qon bo‘lib yotardi.
– Ha, – dedi keksa jentlmen, – bu xuddi o‘sha bola deb cho‘chib turibman.
– Cho‘chiyotganmishlar! – to‘ng‘illadi kimdir olomon orasidan. – Ko‘ngilchanliklarini qarang-a!
– Sho‘rlikkina! – dedi jentlmen. – Lat yebdi-ku.
– Bu mening ishim, ser! – dedi davangirday beso‘naqay yigit oldinga chiqib. – Mushtumim tishiga tegib chaqa bo‘ldi. Uni men ushladim, ser.
Yigitcha irshaygancha, mehnatiga biron siylov olish umidida shlyapasini ushlab qo‘ydi, biroq keksa jentlmen unga ta’naomuz qarab qo‘ydi-yu, o‘z navbatida xuddi qochib qolishni chamalayotgandek xavotirlanib atrofga alangladi. Basharti, ayni shu soniyada olomonni yorib o‘tib kelgan politsiyachi (odatda bunaqangi paytlarda u eng oxirida yetib keladi) Oliverning yoqasidan olmaganida, qariya shu niyatini amalga oshirishi va yangitdan ta’qib boshlanishi ehtimoldan yiroq emasdiyov.
– Qani, tur! – o‘shqirdi politsiyachi.
– O‘lay agar, o‘g‘rilagan menmasman, ser. O‘lay agar, bu ikkita boshqa bola! – xitob qildi Oliver alamzadalik bilan qo‘llarini siqimlab, atrofga alanglagancha. – Ular shu yaqin orada bo‘lishi kerak.
– Ular yo‘q bu orada, – dedi politsiyachi. U o‘z so‘zlariga kinoya tusini bermoq niyatida edi, lekin bu so‘zlar haqiqatni ifoda etgandi: Tullak bilan Charli Beyts tuyoqni shiqillatib qolishgan, qulay kelgan birinchi hovli ro‘para bo‘lishi bilanoq quyon bo‘lishgan edi. – Tur deyapman!
– Qo‘ying, xafa qilmang uni! – muloyimgina dedi keksa jentlmen.
– E-yo‘q, uni sirayam xafa qilmayman-da! – javob berdi politsiyachi va so‘zlarining isboti tarzida oz bo‘lmasa Oliverning kamzulini yulqib olay dedi. – Qani yur, seni yaxshi taniyman, bunaqangi nayrangbozlikni bas qil. O‘rningdan turasanmi o‘zi, yo‘qmi, shaytonvachcha?!
Oyog‘ida arang turguday bir ahvoldagi Oliver amal-taqal qilib o‘rnidan turdi, shu zamonoq uni yoqasidan olgancha ko‘chadan surgab ketishdi. Keksa jentlmen politsiyachining yonida borardi, olomon orasidan epchilroqlari bo‘lsa oldinga o‘tib yo‘rg‘alashar ekan, dam-badam o‘girilishib, Oliverga qarab-qarab qo‘yishardi. Bolakaylar tantanavor ohangda qiyqirishar, olomon esa yo‘lda davom etardi.
O‘N BIRINCHI BOB
POLITSIYA HAKAMI – MISTER FENG HAQIDA HIKOYA QILADI VA UL ZOTNING ADOLATLI SUDLOV USULI XUSUSIDA BIR QADAR TUSHUNCHA BERADI
Jinoyat poytaxtning ma’lum-u mashhur politsiya bo‘limi tasarrufidagi joyda sodir bo‘lgan edi. Olomon Oliverni ikki-uch ko‘cha-yu Matton-Xill deb atalmish maskan bo‘ylabgina kuzatib borish halovatiga ega bo‘ldi xolos, keyin uni gumbazsimon pastak qopqadan politsiya sudining iflos hovlisiga olib kirishdi. Bu sahniga tosh СКАЧАТЬ
20
Soqqacha – Angliyada bolalarning sevgan o‘yini.
21
Volan – tennisga o‘xshagan o‘yin, farqi shundaki, unda koptok o‘rnida pat qadalgan po‘kak ishlatiladi.
22
Panch – ingliz qo‘girchoq teatrining qahramoni.