Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс страница 24

Название: Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари

Автор: Чарльз Диккенс

Издательство: Kitobxon

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-27-701-4

isbn:

СКАЧАТЬ itoatkorlik bilan qasamyod etdi.

      – Xo‘sh, – dedi Feng, – bu bolakayni nimada ayblashyapti? Nima deya olasiz bu borada, ser?

      – Men kitob do‘konida turgandim… – deya so‘z boshladi mister Braunlou.

      – Uningizni o‘chiring, ser, – dedi mister Feng. – Polismen! Polismen qay go‘rda qoldi?.. Ana u. O‘sha polismenga qasam ichiring… Xo‘sh, polismen, nima gap?

      Politsiyachi munosib tarzda itoatgo‘ylik-la aybdorni qanday qo‘lga olganini, Oliverni qanday tintib, yonidan hech nima topa olmaganini, keyin bu borada boshqa narsani bilmasligini ma’ruza qildi.

      – Yana guvohlar bormi? – surishtirdi mister Feng.

      – Boshqa hech kim yo‘q, ser, – javob berdi politsiyachi.

      Mister Feng bir necha daqiqa sukut saqladi, so‘ngra esa jabrdiydaga o‘girilib, darg‘azab dedi:

      – Bu bolakayga qanday ayb qo‘yayotganingizni bayon etish niyatingiz bormi yoki bunday niyatingiz yo‘qmi? Siz qasamyod etdingiz. Basharti, guvohlik berishdan bosh tortadigan bo‘lsangiz, sizni sudga hurmatsizlik ko‘rsatgan shaxs sifatida jazolayman. He, o‘sha sizni…

      Bu jumlaning oxiri chala qoldi, zotan, aynan kerakli paytda sud xodimi bilan turma nazoratchisi qattiq-qattiq yo‘talib qolishdi va ulardan birinchisi – tasodifan, albatta – og‘ir kitobni yerga tushirib yubordi-yu, buning oqibatida gapning davomini eshitib-anglab bo‘lmadi.

      Dam-badam og‘ziga urib, ustma-ust haqorat eshitib turgan mister Braunlou amallab bu ish qanday sodir bo‘lganini, oldiniga shoshib qolib, qocha boshlagan bolakayning ortidan quvishga tushganini gapirib berdi; keyin sudyaning bolakayni o‘g‘rilikda emas, balki o‘g‘rilar bilan sheriklikda ayblab, qonunni buzmagan holda, unga shafqat ko‘rsatajagiga umid bildirdi.

      – U shundoq ham jazosini yedi, – dedi oxirida keksa jentlmen. – Yana shu narsadan qo‘rqamankim, – qizg‘inlik bilan qo‘shimcha qildi u sudyaga nigoh tashlab qo‘yarkan, – rosti bilan tobi qochib qoldi chog‘i deb qo‘rqib turibman!

      – Bo‘lmasam-chi, albatta-da! – dedi mister Feng masxaraomuz irshayib. – Hoy daydi, maynavozchilikni bas qil! Baribir foydasi yo‘q. Isming nima?

      Oliver javob berishga urindi, lekin tili itoat etmadi unga. Rangi murdadek pag‘a bo‘lib ketgandi, nazdida, xonadagi jamiki narsa ko‘z oldida charxpalakdek aylanayotganday tuyuldi.

      – Hey o‘ng‘almas bezori, oting nima? – so‘radi mister Feng. – Polismen, uning ismi nima?

      Bu savol panjara yonida turgan qo‘polroq, ko‘rinishidan oqko‘ng‘il, yo‘l-yo‘l jiletkali qariyaga qaratilgan edi. U Oliverga engashib, savolni takrorladi, ammo bola chindan ham gapini tushunadigan holatda emasligiga ishonch hosil qildi va bolaning indamayotgani sudyani beshbattar quturtirib yuborib, qattiqroq hukm chiqarishiga sabab bo‘lishini anglab, tavakkaliga javob qilishga jazm etdi.

      – U aytyapti, ismim Tom Uayt deyapti, muhtaram janoblari, – dedi bu yumshoqko‘ngil o‘g‘rilar ovchisi.

      – O‘, hali gapirishni ham istamayaptilarmi? – dedi Feng. – Yaxshi, juda soz. Qayerda turarkan u?

      – To‘g‘ri kelgan joyda, muhtaram janoblari! – dedi politsiyachi, go‘yo bu gal ham Oliver o‘ziga javob qilgandek.

      – Ota-onasi hayot ekanmi? – surishtirdi mister Feng.

      – U, men judayam yoshligimda o‘lib ketishgan, deyapti, muhtaram janoblari, – deya javob qildi politsiyachi odatdagidek tusmollab.

      So‘roq shu yerga yetganda Oliver boshini ko‘tardi-da, iltijoli nigoh tashlab qo‘yib, arang eshitiladigan qilib bir qultum suv so‘radi.

      – Bema’ni qiliq! – dedi mister Feng. – Meni laqillataman deb xomtama bo‘lma!

      – Nazarimda, uning rostdan ham tobi yo‘qqa o‘xshaydi, muhtaram janoblari, – e’tiroz bildirdi politsiyachi.

      – Menga yaxshiroq ayon, – dedi mister Feng.

      – Yordamlashib yuboring unga, polismen, – dedi keksa jentlmen beixtiyor qo‘lini o‘sha yoqqa cho‘zib, – hozir yiqilib tushadi.

      – Chetroq turing, polismen! – qichqirdi Feng. – Agar xohlasa, mayli, yiqilaversin.

      Oliver bu iltifotli izndan foydalanib, hushidan ketdi-yu, shilq etib yiqildi. Shu yerda hozir bo‘lganlar bir-birlari bilan ko‘z urishtirib olishdi-yu, biroq birortalari qimir etishga botinmadi.

      – Mug‘ombirlik qilayotganini o‘zim ham bilib turgandim, – dedi Feng bamisoli ushbu hol mug‘ombirlikning rad etib bo‘lmas isbotidek. – Qo‘yaveringlar, shunday yotaversin. Hademay joniga tegadi bu.

      – Mazkur ish yuzasidan qanday hukm chiqarasiz, ser? – so‘radi sud xodimi.

      – Oddiygina! – javob qildi mister Feng. – U uch oy qamoq muddatiga hukm etiladi, turgan gapki, og‘ir mehnat qilishga. Xona bo‘shatilsin!

      Eshikni ochishdi, ikki kishi endi behush bolani qamoqxonaga olib ketishga shaylangan ham ediki, to‘satdan xonaga eski qora kamzul kiygan, ko‘rinishidan xushodob, biroq kambag‘alroq keksa bir kishi otilib kirdi-yu, sudyaning stoliga qarab yurdi.

      – Shoshmanglar! Olib ketmay turinglar uni! Xudo haqqi, bir daqiqagina shoshmanglar! – deya xitob qildi yangi kelgan kishi tez yurganidan halloslab.

      Garchandki, bunday maskanlarda hukmronlik qiluvchi ruhlar erk-ozodlik ustidan, yaxshi nom-u obro‘-sha’n ustidan, oz bo‘lmasa hazrati oliylari ning fuqarolari (ayniqsa, faqir sinflar vakillarining) hayoti ustidan to‘liq hamda cheksiz hukmdorlik qilsalar-da va garchandki, bu devorlar ichkarisida kun-bakun hatto farishtalar ko‘z yoshi to‘kkuday aql bovar etmaydigan manzaralar sodir bo‘lib tursa-da, matbuotda chiqib qoladigan uncha-muncha narsani hisobga olmaganda bu ishlar jamoatchilikdan pinhon tutiladi. Ana shu sababdan ham mister Feng shunchalar nopisandlik bilan ushbu tartibni buzgan bu chaqirilmagan mehmonni ko‘rganida hazilakamiga achchiqlanmadi.

      – Nima gap? Kim bu? Quvib chiqarilsin bu odam! Xona bo‘shatilsin! – o‘shqirdi mister Feng.

      – Men gapirmoqchiman! – qichqirdi u kishi. – Meni quvib chiqarishlariga yo‘l qo‘ymayman! Men hammasini ko‘rganman. Men kitob do‘koni egasiman. Talab qilaman, menga qasamyod ettirishsin! Mening og‘zimni yumib qo‘yolmaysiz. Mister Feng, mening gaplarimga quloq solishingiz kerak. Yo‘q demasligingiz kerak, ser.

      Bu kishi haq edi. Uning avzoyi qat’iy, ish esa, bosdi-bosdi qilib yuborishning imkoni qolmay, jiddiy tus ola boshlagandi.

      – Qasamyod ettiringlar, bu odamni! – deya g‘oyatda adovatli ohangda to‘ng‘illadi mister Feng. – Xo‘sh, nima gaplari bor aytadigan?

      – Gap bundoq: uch bola – ushlangan va yana ikki bola – manavi jentlmen kitob o‘qib turgan paytda ko‘chaning narigi betida ivirsib yurishganini o‘zim ko‘rdim. O‘g‘rilik qilgan boshqa bola. Bu qanday bo‘lganini o‘zim ko‘rib turgandim, innaykeyin, manavi bolakayning butunlay o‘zini yo‘qotib, dovdirab qolganini ham ko‘rgandim.

      Bu paytga kelib, kitob do‘koni sohibi sal nafasini rostlab olgan va endi o‘g‘rilik qanday sharoitda sodir bo‘lganini picha ravon hikoya qila boshlagandi.

СКАЧАТЬ