Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари. Чарльз Диккенс
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари - Чарльз Диккенс страница 20

Название: Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари

Автор: Чарльз Диккенс

Издательство: Kitobxon

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-27-701-4

isbn:

СКАЧАТЬ edi. U quticha qopqog‘ini taraqlatib yopdi-yu, stolda turgan nonpichoqni changallagancha, quturib sapchib turdi o‘rnidan. Uning a’zoyi badani qalt-qalt titrardi, shunda Oliver o‘takasi yorilayozganiga qaramay baland ko‘tarilgan pichoqning qanday titrayotganini payqadi.

      – Bu nima qiliq? – qichqirdi juhud. – Nimaga meni poylab yotibsan? Nega uxlamayapsan? Nimani ko‘rding? Gapir? Tezroq, agar joningdan umiding bo‘lsa, tezroq gapir!

      – Ortiq uxlolmadim, ser, – javob berdi Oliver cho‘chibgina. – Sizga xalal bergan bo‘lsam, kechiring, ser.

      – Bir soatdan beri uyg‘oq yotibsanmi hali? – so‘radi juhud bolaga naq yeb yuborguday olayib.

      – Yo‘q! Yo‘g‘-e! – javob qildi Oliver.

      – Rostdanmi? – o‘shqirdi juhud ko‘zini battar ola-kula qilib, uning vajohati tahlikali tus olgandi.

      – Ont ichaman, uxlab yotuvdim, ser, – dedi Oliver qizg‘inlik bilan.

      – Bo‘pti, bo‘pti, bo‘talog‘im, – dedi juhud to‘satdan muomalasini o‘zgartirib va pichoqni shunchaki ermak uchun olganini ko‘rsatmoqchidek, uni stolga qaytarib qo‘yishdan oldin silkib, aylantirib o‘ynagan bo‘ldi. – Buni bilaman albatta, bo‘talog‘im. Seni bir qo‘rqitib ko‘rmoqchiydim, xolos. Dovyurak bola ekansan. Hi-hi-hi! Dovyurak bola ekansan, Oliver!

      Juhud hihilagancha qo‘llarini ishqadi, ammo ayni damda bezovtalik bilan qutichaga qarab qo‘ydi.

      – Sen, bolaginam, bundagi ajoyib buyumlarni ko‘rdingmi? – so‘radi juhud biroz sukut saqlagach, quticha ustiga qo‘lini qo‘yar ekan.

      – Ha, ser, – javob berdi Oliver.

      – Ah-a! – deb yubordi juhud xiyol rangi o‘chib. – Bular… bular mening buyumlarim, Oliver. Ozroqqina bisotim. Keksalikda kunimga yaraydigan bor boyligim. Meni ziqna deyishadi, bo‘talog‘im. Ha, ziqna deyishadi, bor-yo‘g‘i shu, vassalom.

      Oliver, shuncha boyligi bo‘la turib, mana shunaqangi iflos, tashlandiq joyda turganidan keyin bu keksa jentlmen rostdan ham o‘lardek ziqna bo‘lsa kerak, deb o‘yladi; ammo Tullak va boshqa bolalarni boqish ancha-muncha sarf-xarajat bilan bog‘liq-ku, degan xayolga borib, juhudga ehtirom bilan nigoh tashlab qo‘ydi-da, o‘rnidan turishga ruxsat so‘radi.

      – Bemalol, bo‘talog‘im, bemalol, – javob qildi keksa jentlmen. – Anavi burchakda, eshik oldida ko‘zada suv bor. Uni bu yoqqa olib kel, men tos qo‘yib beraman, yuz-qo‘lingni yuvib olasan, bo‘talog‘im.

      – Oliver o‘rnidan turib, xonaning narigi burchagiga bordi-da, ko‘zani ko‘tarmoqchi bo‘lib engashdi. U orqasiga burilganida quticha allaqachon g‘oyib bo‘lgandi.

      Oliver yuz-qo‘lini yuvib, o‘zini tartibga keltirib, juhudning buyrug‘i bilan tosdagi suvni derazadan tashqariga sepib turgan ham ediki, kecha oqshom trubkasini buruqsitib o‘tirganida ko‘rgan epchil bolakayni ergashtirib Tullak kelib qoldi; mana endi o‘sha bolani Oliverga rasman Charli Beyts deb tanishtirdi. To‘rtovlon qahva, sur cho‘chqa soni hamda Tullak shlyapasiga solib keltirgan issiq kulcha bilan tuzalgan nonushta dasturxoni tevaragidan joy oldilar.

      – Xo‘sh, – deya Tullakka murojaat etdi juhud, Oliverga ayyorona ko‘z qirini tashlab qo‘yar ekan, – ishonamanki, azizlarim, bugun ertalab jindakkina ter to‘kkan bo‘lsalaring kerag-a?

      – Ancha-muncha deyavering, – deb javob qildi Tullak.

      – Xuddi shaytonvachchalarday, – qo‘shib qo‘ydi Charli Beyts.

      – Ajoyib bolalar, ajoyib yigitchalar! – so‘zini davom ettirdi juhud. – Qani, nima keltirding, Tullak?

      – Ikkita kartmon, – javob berdi yosh jentlmen.

      – Qistirmasi ham bormi? – sabrsizlik bilan surishtirdi juhud.

      – Anchagina qappaygan, – javob qildi Tullak, bittasi yashil, boshqasi qizil ikkita kartmonni uzatarkan.

      – Toshi bundan ko‘ra og‘irroq bo‘lishi ham mumkin edi, – deb qo‘ydi juhud, ularning ichidagi narsalarni diqqat bilan ko‘zdan o‘tkazib, – lekin o‘zi juda chiroyli va bejirim qilib ishlangan ekan… U yulduzni benarvon ura oladi, to‘g‘rimi, Oliver?

      – U judayam mohir, ser, – dedi Oliver.

      Shunda yosh Charli Beyts bu bo‘layotgan hangomalarda hech qanaqangi kulgili joyini ko‘rmayotgan Oliverni hayratda qoldirib, naq quloqni batang qilgudek qah-qah urib kulib yubordi.

      – Xo‘sh, sen nima keltirding, azizim? – dedi Fedjin Charli Beytsga murojaat qilib.

      – Artqich, – javob berdi yosh Beyts yonidan to‘rtta ro‘molchani chiqarib.

      – Shunisiga ham shukr, – dedi juhud ro‘molchalarni diqqat-la ko‘zdan kechirayotib. – Chakkimas, ha, tuzukkina. Lekin bularning belgisini yomon choqlabsan, Charli, igna bilan belgisini so‘kib tashlashga to‘g‘ri keladi. Buni qanday qilishni Oliverga o‘rgatib qo‘yamiz… O‘rgatib qo‘yaylikmi, Oliver? Hi-hi hi!

      – Bosh ustiga, ser, – javob berdi Oliver.

      – Sen ham, azizim, xuddi Charli Beytsdaka ro‘molchani qoyillatishni xohlaysanmi?

      – Judayam, ser, agar menga o‘rgatib qo‘ysangiz, – javob qildi Oliver.

      Yosh Beyts bu javobni g‘oyatda kulgili topib, tag‘in xaxolab kulishga tushdi: bu xaxolash oqibatida oz bo‘lmasa ajalidan burun bo‘g‘ilib o‘lishiga bir bahya qoldi, zotan, u qahva ichayotgandi va nafas yo‘liga qahva o‘tib ketgandi.

      – O‘ziyam hali ona suti og‘zidan ketmagan polapon ekan-da! – dedi Charli o‘zini o‘nglab olgach, beodobligi uchun uzr so‘rayotganday.

      Tullak indamadi, faqat Oliverning sochini ko‘zini yopadigan qilib paypaslab titkiladi, keyin vaqti kelib esi kirib qoladi, deb qo‘ydi. Shunda keksa jentlmen Oliverning qandayin qizarib ketganini ko‘rib, suhbat mavzuyini o‘zgartirdi va ertalab qatlni tomosha qilgani ko‘p odam keldimi, deb so‘radi. Oliver beshbattar ajablandi, sababki, bolalarning javobidan har ikkovlari ham o‘sha yoqqa borishgani ayon bo‘ldi, shu boisdan u, turgan gapki, bularning shunchalik g‘ayrat bilan ishlashga qachon ulgura qolishganini tushunolmayotgan edi.

      Nonushtadan so‘ng, stolni yig‘ishtirib bo‘lgach, quvnoq keksa jentlmen bilan ikkala bola qiziq hamda g‘aroyib bir o‘yinni boshlab yuborishdi: quvnoq keksa jentlmen shimining bir cho‘ntagiga tamakidonni, ikkinchisiga yondaftarchani, nimchasining kissasiga esa zanjiri bo‘yniga osig‘liq soatni solib, ko‘ylagiga soxta brilliant ko‘zli to‘g‘nog‘ich qadadi, keyin kamzulining hamma tugmalarini o‘tkazib, uning cho‘ntaklariga ko‘zoynak g‘ilofi bilan dastro‘molchasini joyladi-da, hassasini likillatib, kunning istalgan damida ko‘chada ko‘rish mumkin bo‘lgan yoshi o‘tinqiragan jentlmenlarga taqlid qilgan ko‘yi xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. U dam o‘choq oldida, dam eshik yonida to‘xtab, o‘zini go‘yo do‘konlar peshtoqidagi yozuv, peshtaxtalardagi mollarni berilib ko‘zdan kechirayotgan qiyofaga solardi. Ayni chog‘da u o‘g‘rilardan xavfsiraganday bot-bot atrofga alanglab qo‘yar va hech nimasi yo‘qolmaganiga ishonch hosil qilayotganday, birma-bir hamma cho‘ntaklari ustidan shunchalik tabiiy hamda qiziq qilib urib-urib qo‘yardiki, buni ko‘rib Oliver ko‘zlaridan yosh chiqib ketguncha kuldi. Har ikkala bola ham undan ortda qolmay, izma-iz yurishar, u СКАЧАТЬ