Название: Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари
Автор: Чарльз Диккенс
Издательство: Kitobxon
isbn: 978-9943-27-701-4
isbn:
– Shunday, – javob qildi keksa jentlmen, – lekin ro‘molchamni xuddi mana shu bola o‘g‘rilaganiga ishonchim komil emas… Meni… menga qolsa bu ishni gazak oldirishni istamasdim.
– Endilikda sudyaning huzuriga kirishdan o‘zga chora yo‘q, – dedi kalitdor. – Janoblari bir nafasdan so‘ng bo‘shaydilar. Kira qol, mitti jinoyatchi.
U shu so‘zlar bilan Oliverni o‘zi ochgan eshikdan g‘ishtin devorli kameraga kiritdi. Bu yerda Oliverni tintib, hech vaqo topisholmagach, eshikni qulflab qo‘yishdi.
Kamera ko‘rinishi va hajmi bilan yerto‘laga o‘xshab ketardi-yu, lekin undan ko‘ra qorong‘iroq edi. U nihoyatda iflos edi; hozir dushanba, ertalab-ki palla edi, shanba oqshomidan beri bu yerga olti mayxo‘r qamab qo‘yilgandi. Lekin bu arzimagan gap. Bizning politsiya bo‘limlarimizda har oqshom erkag-u ayollarni bo‘yniga arzimas bir aybni taqab – bu so‘zlarga urg‘u bersa arzigulik – shunaqangi qamoqxonalarga qamab qo‘yishadiki, sud aybdor deb topib, o‘limga hukm etilgan eng xavfli jinoyatchilar yotadigan Nyuget23 kameralarini bular oldida hashamdor saroy deysiz. Keling, kimki bunga shubha qilsa, ularni o‘zi solishtirib ko‘rsin.
Qulfga solingan kalit shirq atib buralganda keksa jentlmen xuddi Oliver singari ma’yus tortdi. U sodir bo‘lgan butun mashmashaning beixtiyor sababchisi – kitobga xo‘rsiniq bilan murojaat etdi.
– Bu bolakayning chehrasida, – dedi keksa jentlmen asta eshikdan uzoqlashib, o‘ychan bir qiyofada kitob bilan iyagiga urib qo‘yarkan, – bu bolakayning chehrasida yuragimni tirnaydigan va meni qiziqtirib qo‘ygan nimadir bor. U aybsiz bo‘lishi ham mumkin-ku, axir? Yuzi shunaqangi… Ha, darvoqe! – xitob qildi keksa jentlmen va to‘satdan to‘xtab, ko‘kka tikildi. – Ey, Yaratgan egam! Bunaqangi chehrani ilgari qayerda ko‘rgan bo‘lishim mumkin?
Bir necha daqiqalik o‘y surishdan so‘ng keksa jentlmen o‘shanday parishonhol qiyofada hakam-sudyaning xonasi qarshisidagi, hovliga chiqiladigan yo‘lakka chiqib keldi-da, shu yerda, bir burchakka chekinib, talay yillar muqaddam zulmat pardasi chirmagan simolarning uzundan-uzun silsilasini xotira ko‘zgusida jonlantirdi.
– Yo‘q! – dedi keksa jentlmen boshini sarak-sarak qilib. – Bu shunchaki xayol bo‘lsa kerak!
Chol ularni yana bir-bir xayol ko‘zgusidan o‘tkazdi. Ularni yo‘qlik olamidan chaqirib oldi, endi ularni tag‘in shunchalar uzoq yillardan beri yashirib kelgan parda ortiga jo‘natib yuborish oson emasdi. Shu tobda do‘stlarining, g‘animlarining, xiralik bilan olomon orasidan mo‘ralab turgan sal-pal ko‘zga tanish odamlarning qiyofalari saf tortgandi: bu safda hozir qarib-chirigan kampirlarning bir paytlardagi navqiron, gul-gul yashnagan chehralari, o‘lim o‘z muhrini bosgan va qabr bag‘riga olgan chehralar mavjud edi. Ammo o‘lim ustidan hukmdorlik qiluvchi ruh bu chehralarga ilgarigidek husn va malohat hamda tetiklik baxsh etib, xotira ko‘zgusida ularning xoki jismlari qatlaridan nurday sizib chiquvchi ko‘zlari ziyosini, yorqin tabassumlari-yu qalblari yolqinini jonlantirmoqda edi. Arshi a’loga eltguvchi so‘qmoqni mayin-u nozik shu’lasi bilan yoritsin deb, keyin yanada yorqinroq mash’ala bo‘lib porlasin deb, yer izmidan tortib olingan go‘zallik narigi dunyo qa’ridan nimalarnidir shivirlayotibdi.
Biroq keksa jentlmen ular orasidan Oliverning qiyofasiga o‘xshash bironta chehrani topolmadi. U o‘zi tiriltirgan xotiroti bilan chuqur xo‘rsinib vidolashdi-yu (baxtiga u anchayin faromushxotir edi), shu ondayoq ularni go‘yo yana qo‘lidagi sarg‘ayib ketgan kitob sahifalari qatiga dafn etdi.
U kalitdor kiftiga turtib, orqasidan sudyaning xonasiga yurishini taklif etganda o‘ziga keldi. U shosha-pisha kitobni yopdi-yu, salobatli hamda mashhur mister Feng qarshisida hozir bo‘ldi.
Sudyaning bo‘lmasi devorlari yog‘och qoplamali birinchi xonada joylashgan ekan. Mister Feng xonaning to‘rida, panjara to‘siq ortida o‘tirar, bu vahimali manzarani ko‘rgandayoq vujudida qaltiroq turgan mushtdekkina Oliver bechorani esa allaqachon eshikning yonginasidagi qafassimon katalakka kiritib qo‘yishgan edi.
Mister Feng qotma, uzun bel va xoda yutgandek g‘oz bo‘yin, o‘rta bo‘y odam bo‘lib, siyrakkina sochlari gardani va chakkalarinigina qoplab turardi. Yuzi qip-qizil va badqovoq. Aslida ham o‘ziga hayonidan ko‘ra ko‘proq ziyoni tegadigan darajada ichadigan odati bo‘lmaganidami, bundan u talay naf ko‘rishi, bu menga bo‘hton yog‘diradi, deb o‘z turqi ustidan sudda ish qo‘zg‘ab, ko‘rgan zarari evaziga mo‘maygina siylov undirib olishi ham mumkin edi.
Keksa jentlmen ehtirom-la ta’zim bajo keltirdi-da, sudyaning stoliga yaqinroq borib:
– Mana mening ism-sharifim bilan turarjoyim, ser, – deya tashrifnomasini uzatdi.
Keyin ikki qadam chekinib, yana bir bor ehtirom-la jentlmenona ta’zim bajo qildi-da, so‘roqni kuta boshladi.
Shundoq hol sodir bo‘ldiki, aynan shu soniyada mister Feng tonggi gazetaning o‘zining yaqin kunlardagi hukmi qarorlaridan biri tilga olingan va Ichki ishlar ministriga uch yuz elliginchi marta bunga alohida hamda maxsus e’tibor berish taklif etilgan bosh maqolasini diqqat bilan o‘qiyotgan edi. Uning kayfiyati buzuq edi, shu bois chimirilib, zarda bilan boshini ko‘tardi.
– Kim bo‘ladilar o‘zlari? – so‘radi mister Feng.
Keksa jentlmen xiyol ajablanib, o‘z tashrifnomasiga qarab imo qildi.
– Polismen, – dedi mister Feng nafrat-la tashrifnomani gazetaga qo‘shib nariga itqitar ekan, – bu nusxa kim?
– Mening ism-sharifim, ser, – dedi qariya jentlmenlarga xos so‘zlash tarzida, – mening ism-sharifim, ser, Braunlou… O‘z lavozimi panohida e’tiborli bir keksa odamni hech qanday asossiz hamda behudadan-behuda haqorat qilayotgan hakamning ism-sharifini bilsak bo‘ladimi, ijozatlari bilan.
Shu so‘zlarni aytar ekan, mister Braunlou xuddi o‘zi talab qilayotgan ma’lumotni olsa bo‘ladigan biron odamni izlayotgandek, xonaga alangladi.
– Polismen, – takrorladi mister Feng bir varaq qog‘ozni chetga qarata uloqtirib, – bu nusxa nima vaj bilan ayblanayotir?
– U hech nimada ayblanayotgani yo‘q, muhtaram janob, – javob berdi politsiyachi. – U manavi bolakayga qarshi ayblovchi bo‘lib kelgan, muhtaram janoblari.
Muhtaram janoblari esa buni juda yaxshi bilib turardi: ammo bu guvohning jig‘iga tegishning ajoyib, ustiga-ustak, mutlaqo xavfsiz usuli edi.
– Bolaga qarshi ayblovchi bo‘lib keldi degin-a? – dedi Feng mister Braunlouga boshdan-oyoq nafratomuz nazar tashlab chiqar ekan. – Qasam ichiring unga!
– Qasam ichirishlaridan avval bir og‘izgina so‘z aytishimga ijozat so‘rayman, – dedi mister Braunlou, – chunonchi: mabodo, o‘z tajribamdan o‘tkazib, ishonch hosil qilmaganimda, men hech qachon inonmasdimki…
– Tilingizni tiyib turing, ser! – dedi mister Feng amirona ohangda.
– Istamayman buni, ser! – javob berdi keksa jentlmen.
– Hoziroq tilingizni tiying, yo‘qsa, sizni bu yerdan quvib chiqarishlarini buyuraman! – o‘shqirdi mister Feng. – Surbet ekansiz-ku! Sudyaga betgachoparlik qilishga qanday jur’at etdingiz?
– Nima dedilar? – qichqirib yuborayozdi keksa jentlmen qizarib.
– Bu СКАЧАТЬ
23
Nyuget – Londondagi jinoyatchilar qamaladigan markaziy turma. Dikkens «Barnebi Raj» romanida tasvirlangan Londondagi «lord Gordon isyoni» (1780) paytlarida qisman vayron qilingan, so‘ngra ta’mir etilgan, 1877-yili esa yopilgan.