Название: Геология ва геоморфология
Автор: Ю. Иргашев
Издательство: Kitobxon
isbn: 978–9943–10–968–1
isbn:
Tog‘ jinslarining elastikligi deganda, jismlar tashqi kuch bilan siqilganda o‘z shaklini o‘zgartirishi va kuch olinganda eski holiga qaytishi tushuniladi. Mutlaq egiluvchan jism tashqi kuchlar ta’siri tugagandan so‘ng darhol o‘zining dastlabki shaklini tiklaydi. Agarda tashqi kuch ta’siri tugagandan so‘ng jism yangi egallagan shaklini saqlab qolsa yoki asl shakliga asta-sekinlik bilan qaytsa, bunday jism mutlaq egiluvchan yoki plastik emas deb ataladi. Muayan geologik muhitda tektonik kuchlar ta’siridan ham egiluvchan, ham plastik deformatsiyalar sodir bo‘lishi mumkin.
Tashqi kuchlar kam va qisqa vaqt ta’sir etganda ko‘pgina tog‘ jinslari mutlaq egiluvchan jismlardek holatda bo‘ladi. Aksincha, katta kuchlar uzoq vaqt ta’sir etsa hamma tog‘ jinslari plastik bo‘lib qoladi.
Tog‘ jinslarining plastikligi deganda, ularning tashqi kuch ta’sirida har xil shaklga kira olishi va kuch ta’siri yo‘qolgach, bu shaklni saqlab qolish xususiyati tushuniladi. Jinslarning tashqi mexanik kuchlarni o‘ziga yutishi, shaklini o‘zgartirishi va butunlay buzilib, parchalanib ketmasdan, yangi shaklini saqlab qolishi ham uni plastikligini bildiradi.
Tog‘ jinslarining tashqi kuchlar ta’sirida maydalanib ketish xususiyati ularning mo‘rtligi deb ataladi. Plastiklik holati va mo‘rtligi jinslar strukturasining o‘ziga xosligi, zarralarning shakli va kattakichikligi, temperaturasi, granulometrik tarkibi hamda kuchlanishning ta’sir etish davomiyligiga bog‘liq.
Tog‘ jinslarining qattiqligi deganda tashqi kuch ta’sirda o‘z shaklini o‘zgarishiga ko‘rsatadigan qarshiligi tushuniladi.
Mineral va tog‘ jinslarining qattiqligi maxsus asbob yordamida aniqlanadi. Agar bir mineralning o‘tkir qirrasi bilan ikkinchisining tekis yuzasiga chizilsa u qirilib, yuzasida chiziq paydo bo‘lsa, u yumshoq, qirgan mineral esa qattiq deb hisoblanadi. Minerallarni qattiqligini aniqlash uchun 10 ta mineral tanlangan bo‘lib, ularning eng yumshog‘i 1, eng qattig‘i 10 deb olingan. Qattiqlik jadvalini birinchi bo‘lib F.Moos tuzganligi sababli jadval uning nomi bilan yuritiladi. Moss jadvaliga ko‘ra minerallar quyidagi qattiqlikka ega: talk – 1, gips – 2, kalsit – 3, flyuorit – 4, apatit – 5, dala shpati (ortoklaz) – 6, kvars – 7, topaz – 8, korund – 9, olmos – 10.(2.1-jadval).
Tog‘ jinslarining qattiqligi ularning mustahkamligini tavsiflaydi. Uni bilish uchun tashqi kuch ta’sirida siqilishi, cho‘zilishi va surilishini aniqlash lozim. Shu sababli 4.2-jadvalda ushbu parametrlarning o‘rtacha qiymati berilgan.
Tog‘ jinslarining mustahkamligi tashqi kuch ta’sirida turlicha deformatsiyalanishiga bog‘liq holda aniqlanadi. Jinslarning siqilishdagi mustahkamligi cho‘zilishdagi mustahkamligiga qaraganda 20 marta, surilishdagiga – 10 marta katta. Suyuq tog‘ jinslarining (suv, neft va b.) bunday fizik xususiyati qovushqoqlik deb ataladi va u suyuqlikning ichki ishqalanishini (suyuqlikni bir qatini boshqasiga nisbatan siljishini) bildiradi.
Tog‘ jinslarining qattiqligi
4.2-jadval
Siqiluvchanlik jinslarning hamma tomonlaridan ta’sir qiladigan tashqi kuch ta’sirida hajmi kamayishini ifodalaydi. Siqiluvchanlik jismning kichraygan hajmini dastlabki hajmiga nisbati orqali aniqlanadi. SI sistemasida 1/Pa da o‘lchanadi.
Gil jinslarning siqiluvchanligi mineral tarkibiga, disperslik darajasiga, g‘ovakligiga, shuningdek, jinsning holatiga va siqilish sharoitlariga bog‘liq. G‘ovaklilik qancha katta bo‘lsa, siqilishning mutlaq qiymati shuncha katta bo‘ladi. Siqiluvchanlik qiymati kern namunalarining va qatlamdagi suyuqliklarning laboratoriya tadqiqotlaridan aniqlanadi.
4.3. Tog‘ jinslarining deformatsiyalanishi va ularning relyef hosil bo‘lishdagi o‘rni
Tog‘ jinslarining deformatsiyalanish mexanizmi va ularni dala sharoitida (lokal uchastkalarda) o‘rganish metodikasi ko‘pgina olimlar (V.V.Belousov. A.A.Bagdanov, N.I.Nikolayev, N.S.Shatskiy, N.N.Maslov va b.) tomonidan o‘rganilgan.
Deformatsiya – geologiya fanida, tektonik kuchlar ta’sirida Yer po‘stining ayrim qismlarida avval hosil bo‘lgan tog‘ jinslarining buzilishini, hajmi va shaklining o‘zgarishini bildiradi. Deformatsiya tog‘ jinslariga gidrostatik bosimning muntazam ta’sir etishidan yuzaga keladi. Agar jinslarga bir tomonga yo‘nalgan kuch ta’sir etsa, jins shaklini o‘zgarishida deformatsiyani uch: elastik, plastik va uzilma turi paydo bo‘ladi.
Elastik deformatsiyada jinsning shakli o‘zgaradi, tashqi kuch ta’siri to‘xtashi bilanoq, jinsning avvalgi shakli tiklanadi. Plastik deformatsiyada jins shaklining o‘zgarishi uzluksiz sodir bo‘ladi, tashqi kuch ta’siri tugaganda u asl holiga qaytmaydi. Bunday deformatsiya yerning chuqur qismlarida ma’lum bir yo‘nalishdagi differensial harakatlar ta’siridan vujudga keladi. Uzulmali deformatsiya yoriqlar va darzliklar ta’sirida jins yaxlitligining buzilishidan sodir bo‘ladi.
Plastik va uzilmali deformatsiyalar yer yuzasi relyefining barpo bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yer po‘stida sodir bo‘ladigan deformatsiyalar qatlamlarning dastlabki yotish holatini o‘zgarishiga, Yer po‘stida yuzaga keladigan cho‘kishlar, ko‘tarilishlar va uning ayrim qismlarini gorizontal siljishiga olib keladi va relyefda katta o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi.
Tog‘ jinslarining deformatsiyalanishiga turli omillar temperatura, eritmalar, vaqt ta’sir etadi. Temperaturaning ortishi jinslarning plastikligini kuchaytiradi; eritmalar minerallarning qayta kristallashishiga olib keladi. Tog‘ jinslarining fizik xususiyatlari qayd qilingan omillar ta’sirida sezilarli o‘zgarishlarga uchraydi va shu sababli, yer qa’ridagi tektonik harakatlarning faolligi ortadi.
Barcha tog‘ jinslarining xususiyatlari vaqt davomida kuchli o‘zgarishlarga duchor bo‘ladi. Nurash jarayoni tog‘ jinslarini yemiradi, parchalaydi, ularda darzliklar hosil qiladi, tabiiyki jinslarning xususiyatlari ham o‘zgaradi. Bu o‘z navbatida tektonik buzilishlar rivojlanishini jadallashtiradi, jinslarda esa plastik deformatsiyalar namoyon bo‘ladi.
Plastik deformatsiyalar tog‘ jinslarida quyidagicha kechadi. Dastlab, bosim ta’sirida tog‘ jinsini tashkil etuvchi zarralar oralig‘ida siljish kuzatiladi, jinsning zichlashishidan zarralar orasidagi g‘ovaklik kamayadi. Jinsning deformatsiyalanishi ma’lum bir chegaraga yetganda unda darzliklar paydo bo‘ladi, so‘ngra jinsning buzilishi-parchalanishi kuzatiladi. Bunday buzilishlar yer qa’rida uzluksiz sodir bo‘lib, elastik, plastik va uzilmali deformatsiyalarni rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Bunday deformatsiyalar kimyoviy reaksiyalar ta’sirida jins minerallarining erishi, mineral tarkibini o‘zgarishi va yangi minerallarning paydo bo‘lishi bilan kechadi.
Tadqiqotlar mayda zarrali cho‘kindi jinslarning, ayniqsa, gillarning oson va kuchli deformatsiyalanishini ko‘rsatdi. Tarkibida gil fraksiyalari ko‘p bo‘lgan cho‘kindi jinslar plastik xususiyatga ega bo‘lib, boshqa tarkibli jinslardan yuqori darajada plastik xususiyatga egaligi va deformatsiyalanishi bilan ajralib turadi. Mayda zarrali jinslarda plastik deformatsiyalar bosim ostida yuzaga keladi, shu sababli zarralar ma’lum bir yo‘nalishda siljib, oqishi ham mumkin.
Toshqotgan va kristall jinslarning tashqi kuch ta’sirida deformatsiyalanishi murakkab kechadi, unda darzlik va g‘ovaklarning ta’siri sezilarli bo‘ladi. Bunday jinslarning hajmiy kuchlanish holatlari katta bosimlar ta’sirida yuzaga keladi. Masalan, zich ohaktoshlar 675 MPa bosim bilan ikki oy davomida siqilganda hech qanday deformatsiya kuzatilmagan. Bosim 900 MPa ga yetganda jins ichidagi g‘ovaklarning bekilishi sodir bo‘lgan.
Tektonik СКАЧАТЬ