Название: Геология ва геоморфология
Автор: Ю. Иргашев
Издательство: Kitobxon
isbn: 978–9943–10–968–1
isbn:
Oraliq qobiq 2900 km chuqurlikkacha davom etib, zichligi 5,3-6,5 g/sm3 bo‘lgan jinslardan tuzilgan. Uning tarkibida kislorod, temir, magniy, nikel elementlari bor, deb taxmin qilinadi.
Yerning markazini yadro qobig‘i tashkil etadi. Yadro qobig‘ida (R≈3500 km) ichki yadro (R≈1300 km), oraliq zona va tashqi yadro ajratiladi. Yadroda bo‘ylama to‘lqinlarning o‘tish tezligi 8,1 km/s, ichki yadroda esa 11,2 km/s ga teng. Uning zichligi 9,9 dan 11,0 g/sm3 gacha bo‘lib, 2900 km chuqurlikdan boshlab keskin oshib boradi. Yadro qobig‘ining temperaturasi 2000-25000C.
Yerning yadro qismini tashkil etuvchi moddalarning agregat holati yaxshi o‘rganilmagan. Olimlardan Lejandrning fikricha, moddalar yadroda qattiq, Goldshmidt faraziga ko‘ra esa suyuq holatda bo‘lishi mumkin. Yadrodagi moddalarning o‘ta zich tuzilganligi yuqori bosim ostida yuzaga kelgan.
1.3. Yerda bo‘ladigan geologik jarayonlar va ularning relyef paydo bo‘lishidagi o‘rni
Yer yuzasiga uzluksiz ravishda tushayotgan quyosh nuri oqimi atmosfera, gidrosfera va yer po‘stining yuqori qismlarida turli-tuman dinamik jarayonlarni yuzaga keltiradi. Tashqi energiya ta’sirida paydo bo‘ladigan hodisalar Yerning tashqi (ekzogen) dinamikasi deb ataladi. O‘z navbatida, Yerning ichki qismlarida radioaktiv elementlarining parchalanishi natijasida vujudga keladigan energiya va uning quvvatidan yuzaga keladigan jarayonlar Yerning ichki (endogen) dinamikasi deb ataladi. Ularga magmatizm, vulkanizm, tog‘ hosil bo‘lish jarayoni va seysmik hodisalar (zilzilalar) va boshqalar misol bo‘laoladi.
Magmatizm deganda Yer qa’ridan suyuq holatdagi yuqori temperaturali modda – magmaning yuqoriga ko‘tarilishi va tog‘ jinslari ichiga kirib qotishi tushuniladi.
Vulkanizm magmatik jarayonlarning bir turi bo‘lib, Yer po‘stidagi yoriqlar va kanallar bo‘ylab suyuq holatdagi magmaning yer yuzasiga otilib chiqishidan sodir bo‘ladi. Tarkibida gaz, suv bug‘lari va qattiq mahsulotlar bo‘lgan magma yer yuzasiga vulqonlar ko‘rinishida otilib chiqadi.
Tog‘ hosil bo‘lish jarayoni (orogenez) deganda Yer ichidagi energiyaning ta’sirida dastlab gorizontal holda yotgan qatlamlarning bukilishi, egilishi, yuqoriga ko‘tarilishi, yoriqlar bilan bo‘linishi (uzilishi) tushuniladi. Bu jarayonlar davomida yer po‘stining ma’lum qismi yuqoriga ko‘tariladi, gumbaz shaklidagi strukturalar, tepaliklar va tog‘ inshootlari, surilmalar, uzilmalar va boshqa relyef shakllari hosil bo‘ladi. Tog‘ hosil qiluvchi bunday harakatlar – tektonik harakatlar deb ataladi.
Seysmik hodisalar (zilzilalar) yer qa’ridagi potensial energiyani bir vaqtda bo‘shalishidan va o‘z navbatida Yer yuzasining tebranishidan yuzaga keladi. Qayd qilingan zilzilalarning aksariyati tektonik harakatlar natijasida sodir bo‘ladi. Tektonik kuchlar orqali hosil bo‘ladigan kuchlanishlar zilzila o‘chog‘ida bir necha o‘n va yuz yillarda to‘planadi. Energiyaning bo‘shalishi zilzila o‘chog‘idagi qattiq moddalarning (qatlamlarning) portlashi va siljishi bilan kechadi, natijada o‘choq tashqarisidagi tog‘ jinslari qayta tiklanadigan deformatsiyalarga uchraydi, bo‘ylama va ko‘ndalang yo‘nalishlarda harakatlanadigan to‘lqinlar hosil bo‘ladi.
Yer qa’rida va uning qatlamlarida moddalarning ichki gravitatsion (og‘irligi ta’sirida) taqsimlanishi jarayonlaridan, mantiyada sodir bo‘ladigan portlashlar va termodinamik jarayonlardan, yer ichida hosil bo‘lgan kuchli bosimning taqsimlanishidan va bo‘ylama to‘lqinlarning tarqalishidan burmalanishlar hamda katta uzilish(yoriq)lar vujudga keladi. Bunday jarayonlarning rivojlanishi magmatizm bilan bog‘liq.
Magmatizm hamma geologik jarayonlar majmuasi bo‘lib, magma va uning mahsulotlari uni harakatga keltiruvchi asosiy kuch hisoblanadi. Magmaning vulqon ko‘rinishida yer yuzasiga otilib chiqishi tabiatda bo‘ladigan dahshatli hodisalardandir. Vulqon otilishidan yer qa’rida kuchli o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Magmaning yer yuzasiga otilib chiqib qotishi effuziv, yer yuzasiga chiqolmay tog‘ jinslari orasida qotishi intruziv jarayonlar deb ataladi.
Yerning tashqi dinamikasi bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlar quyoshdan kelayotgan nur va issiqlik ta’sirida vujudga keladi. Issiqlikning yer yuzasida notekis taqsimlanishidan shamol, namlikning bug‘lanishi va suvlarning oqimi yuzaga keladi. Quyosh energiyasi yerda hayotni yuzaga keltiruvchi vositadir. Shamol, suvlar, o‘simlik va organizmlar ta’sirida yer yuzasi yemiriladi. Suv va shamol yemirilgan, nuragan mahsulotlarni oqizib, ko‘chirib, yer yuzasining pastqam joylariga olib borib yotqiziladi.
Suv havzalarida kimyoviy va biogen yo‘l bilan hosil bo‘lgan cho‘kmalarning to‘planishidan hamda materiklardan shamol, muz va suvlar ta’sirida nuragan materiallarning bir yerdan ko‘chirib, ikkinchi bir yerga yotqizilishidan cho‘kindi jinslar hosil bo‘ladi. Demak, Yerning tashqi dinamik jarayonlari yer yuzasidagi notekisliklarni silliqlab, tekislik maydonlarini yuzaga keltiruvchi va o‘z navbatida yerning ichki dinamik jarayonlariga qarama-qarshi bo‘lgan kuchdir. Sayyoramiz relyefi doimo yerning ichki va tashqi kuchlarining o‘zaro ta’siri natijasida vujudga keladi va rivojlanib boradi.
Geodeziya va topografiya sohalari mutaxassislarining asosiy vazifasi yer po‘stida sodir bo‘ladigan geologik jarayonlar turlarini va ularning relyef hosil bo‘lishidagi ahamiyatini bilish va ularni topografik xaritalarda aniq ifodalashdan iboratdir.
II bob. MINERALLAR VA TOG‘ JINSLARI 2.1. Minerallarning paydo bo‘lishi, tuzilishi, tarkibi, turlari
Yer qobig‘i, ya’ni litosfera xilma-xil tog‘ jinslaridan, ular ham o‘z navbatida bir yoki bir necha minerallardan tarkib topgan.
Mineral deb Yer qa’rida sodir bo‘ladigan murakkab fizik va kimyoviy jarayonlar ta’sirida hosil bo‘lgan bir yoki bir necha kimyoviy elementdan iborat, tarkibi bir xil bo‘lgan tabiiy birikmaga aytiladi.
Tabiatda minerallar 3 xil holatda uchraydi: 1) qattiq holatda – kvars, korund, olmos, kalsit va b.; 2) suyuq holatda – simob, suv, neft va b.; 3) gaz holatida – karbonat angidrid, sulfat angidrid, propan, butan va b.
Hozirgi davrda 7000 tadan ortiq mineral ma’lum. Lekin minerallar tabiatda bir xilda tarqalmaganligi sababli, ular Yer po‘stida tarqalishiga ko‘ra ikki guruhga bo‘linadi: kam uchraydigan minerallar, tog‘ jinslarini hosil qiluvchi asosiy minerallar. Bunday minerallar 100 taga yaqin bo‘lib, ular jins hosil qiluvchi minerallar deb ataladi.
Minerallar tuzilishi bo‘yicha kristall va amorf ko‘rinishda bo‘ladi. Кristall minerallarni tashkil etuvchi atomlar ma’lum tartibda va masofada joylashib, fazaviy panjarani hosil qiladi. Shuning uchun ularning tashqi ko‘rinishi to‘g‘ri ko‘p burchakli geometrik shakllarga ega bo‘ladi. Masalan: kvars, olmos, pirit va b.
Amorf minerallar deb ma’lum geometrik shaklga ega bo‘lmagan va ichki tuzilishida molekula va atomlar tartibsiz joylashgan yoki kristall panjaraga ega bo‘lmagan mineralga aytiladi, ular izotrop xususiyatga egadir. Masalan: fosforit, opal, vulqon shishasi, kremen va b. Minerallar bir-biridan fizik xossalari bilan keskin farq qiladi. Ularning fizik xossalariga: rangi, chizig‘ining rangi, yaltiroqligi, tiniqligi, shaffofligi, mo‘rtligi, qattiqligi, zichligi, tovlanishi, ta’mi, nur sindirishi, kislota ta’sirida qaynashi va boshqalar kiradi.
Minerallarning rangi ularning kimyoviy tarkibiga, tuzilishiga va ayrim rang beruvchi organik moddalarning turiga bog‘liq bo‘lib, asosan rangli, rangsiz va qora guruhlardagi ranglarga mansub bo‘ladi. Yaltiroqligi metallsimon, shishasimon bo‘lishi mumkin.
Mineralning СКАЧАТЬ