Название: Геология ва геоморфология
Автор: Ю. Иргашев
Издательство: Kitobxon
isbn: 978–9943–10–968–1
isbn:
4.1. Tektonik harakatlarning turlari va ularning relyef hosil bo‘lishidagi o‘rni
Tektonik harakatlar odatda Yer yuzasining relyefida aks etuvchi, yer qobig‘idagi va yuqori mantiyada (tektonosferada) bo‘ladigan hamda qatlamlarning dastlabki yotish holatini o‘zgartirib yuboradigan kuchlar hisoblanadi. Yer qa’ridagi tog‘ jinslarining joylashishini va unda sodir bo‘ladigan harakatlarni o‘rganish natijasida tektonik harakatlarning tebranma, to‘lqinsimon va burmali turlarini ajratish mumkin.
Tebranma harakatlar yer yuzasining juda katta hududlarida namoyon bo‘ladi, buning natijasida quruqliklarni suv bosishi (trangressiya) va quruqliklardan suv qaytishi (regressiya) kuzatiladi. Кichik tebranma harakatlar dengiz ostida hosil bo‘layotgan qatlamlarda qatlanishlarni yuzaga keltiradi.
To‘lqinsimon harakatlar yer yuzasida uzluksiz sodir bo‘ladi va ular ayrim uchastkalarning ko‘tarilishiga, boshqalarining esa cho‘kishiga olib keladi. Bunday harakatlar yer po‘stining geologik tuzilishida va relyefning o‘zgarishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning sodir bo‘lishi natijasida botiqlik joylarda juda katta qalinlikdagi cho‘kindi jinslar to‘planishi (masalan, Farg‘ona tog‘lararo botig‘ida 9,0 km qalinlikda), shuningdek, ko‘tarilmalar barpo bo‘lgan zonalarda qadimiy cho‘kindi, vulqon, metamorfik hosilalarning yuvilib, ketishi kuzatiladi. To‘lqinsimon harakatlarda hosil bo‘lgan ko‘tarilmalar va cho‘kishlar amplitudasi taxminan ulardan avval barpo bo‘lganlarinikiga mos keladi. To‘lqinsimon harakatlar natijasida geologik kesimning vertikal yo‘nalishidagi cho‘kindilarning litologik tarkibi keskin o‘zgaradi.
Burmachan harakatlar qatlamlarni plastik deformatsiyalanishiga olib keladi. Natijada qatlamlar yuqoriga ko‘tariladi, pastga cho‘kadi, ya’ni antiklinal va sinklinal burmalar hosil bo‘ladi, shuningdek, qatlamlarning butunligi buzilib ularda yoriqlar paydo bo‘ladi, qatlamlar yoriqlar bo‘ylab yuqoriga siljishi (vzbros), pastga siljishi (sbros), yon tomonga siljishi (nadvig) mumkin, shuningdek, darzliklar shakllanadi.
Qayd qilingan tektonik harakatlar har qanday hududda birgalikda va ketma-ketlikda rivojlanadi, shu sababli u yoki bu maydonning tektonik rejimi yer po‘sti harakatining bir turi bilan belgilanmaydi.
To‘lqinsimon harakatlar ta’sirida barpo bo‘lgan yirik struktura shakllaridan farqli o‘laroq, burmalar nisbatan tez so‘nadi yoki chuqurlik sari shaklini o‘zgartirib boradi.
Yer qobig‘ida vaqti-vaqti bilan sodir bo‘ladigan tektonik harakatlar natijasida yuzaga keladigan barcha o‘zgarishlar tektonik buzilishlarga olib keladi, ular yer po‘stidagi struktura shakllarini, tog‘ jinslarining joylashishini va yer yuzasi relyefini o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
Yer qobig‘ining ayrim uchastkalarini geologik rivojlanish tarixini o‘rganish natijasi tektonik buzilishlar yer po‘stining ayrim qismlarini ko‘tarilishi va cho‘kishi, burmalar, darzliklar, yoriqlar hosil bo‘lishi va magmatik eritmalarni jinslar ichiga kirib kelishi orqali sodir bo‘lishini ko‘rsatdi. Relyefning asosiy shakllari – yirik ko‘tarilmalar va egilmalardan iborat bo‘lib, to‘lqinsimon harakatlar orqali, ularni murakkablashtiruvchi kichik burmalar va yoriqlar esa burmali harakatlar natijasida yuzaga keladi.
Hozirgi vaqtda tektonik harakatlarning yuqorida qayd qilingan turlarga bo‘linishi ko‘pgina olimlar tomonidan tanqid ostiga olingan bo‘lib, ularda kamchiliklar mavjudligi ko‘rsatilgan.
1960-yillarga kelib zamonaviy mobilistik geotektonika – litosfera plitalari tektonikasi nazariyasi paydo bo‘ldi (I.T.Uilson, К.Le Pishon, 1968), unga ko‘ra mantiya konveksiyasi (moddalarning zichlik va temperatura farqiga ko‘ra o‘rin almashinish harakati) ta’sirida litosfera plitalarining astenosfera bo‘yicha gorizontal yo‘nalishda siljishi va ularning o‘zaro ta’siridan Yer yuzasidagi moddalar va strukturalarning rivojlanishi o‘rganildi.
Litosfera plitalari tektonikasining asosiy mazmuni quyidagilardan iborat (L.P.Zonenshayn va b. 1976): 1) Yerning tashqi qayishqoq-mo‘rt qobig‘i, ya’ni Yer po‘sti va yuqori mantiyani o‘z ichiga oluvchi va litosfera deb nomlanuvchi qobig‘i qayishqoq-plastik holatdagi astenosfera qatlami ustida joylashgan; 2) litosfera seysmik, tektonik va hozirda harakatda bo‘lgan vulqonli faol zonalar ko‘rinishidagi kam sonli yirik bloklarga bo‘lingan va ular litosfera plitalari deb nomlanadi; 3) plitalar astenosfera yuzasida, sferik geometriya qonunlariga ko‘ra (Eyler teoremasi), uyg‘un birlikda siljiydi; 4) plitalar chegaralari-plitalar harakatiga ko‘ra – divergent, konvergent va transform ko‘rinishda bo‘ladi; 5) plitalar harakati muvozanatlanib turish xususiyatiga ega: okean tubi spredingi so‘rilish zonasidagi yutilish hisobiga muvozanatlanadi; Yer radiusi doimiy-o‘zgarmas deb qabul qilinadi; 6) plitalar harakati mantiya maddalarining yopiq makondagi konveksiyasidan sodir bo‘ladi.
Кeyingi yillarda A.A.Abidov (1990–2012) Markaziy Osiyo hududida geologik jarayonlarning matematik modellash, geologik moddalarning geofizik (seysmik zondlash, seysmostratigrafiya va b. tadqiqotlari), geokimyoviy va boshqa metodlar bilan o‘rganilgan ma’lumotlarini tahlil qilish asosida Yerning tadrijiy rivojlanishi dinamikasini ifodalash mumkinligini isbotladi. Yangi konsepsiyaning metodologik asosi – tarixiy-geologik modellash bo‘lib, uning yordamida hududning rivojlanishining geodinamik modeli tuzildi. Bu model geodinamik tahlil deb nomlanuvchi metod va usullar majmuasidan iborat.
Litosfera plitalari tektonikasi Yer po‘sti va uning relyefini sezilarli darajada o‘zgarishga olib keluvchi kuch sifatida qaralib, Yer shari uzluksiz rivojlanayotgan sistemaga qiyoslanadi. Yer qobig‘idagi yirik megabloklarning gorizontal yo‘nalishda siljishidan uning relyef tuzilishi doimo o‘zgarib turadi.
Yer yuzasining geologik tuzilishi va relyefi juda murakkab qiyofaga ega bo‘lib, uning rivojlanishida gorizontal tektonik siljishlar bilan tektonik dislokatsiyalarning birgalikdagi ta’siri muhim rol o‘ynaydi.
Strukturaviy geologiyada tektonik dislokatsiya (buzilish)larning ikki: burmali va uzilmali turlari ajratiladi. Burmali (plikativ) dislokatsiya qatlamlarni tektonik kuchlar ta’sirida egilib-bukilishiga, deformatsiyalanishiga sabab bo‘ladi. Unda qatlamning yaxlitligi saqlanib qoladi. Natijada antiklinal, sinklinal, monoklinal va boshqa burmalar paydo bo‘ladi. Bunda yer qobig‘ining burmalangan uchastkalari o‘zining birlamchi holatiga qaytmaydi va qachonlardir shakllangan burmalar butunlay yo‘q bo‘lib ketmaydi.
Uzulmali (diz’yunktiv) dislokatsiya (buzilish)lar qatlamlarda, ya’ni yer qa’rida darzliklar yoki yoriqlar paydo bo‘lishi bilan namoyonlanadi, keyinchalik yoriqlar bo‘ylab yer qobig‘ining ayrim uchastkalarini siljishi sodir bo‘ladi. Natijada burmalarning sbros, vzbros, nadvig, graben, gorst, sdvig (siljima) va b. turlari vujudga keladi.
Burmali va uzilmali dislokatsiyalar yer yuzasining katta qismlaridagi relyefni buzilishiga va ularning yangi turlarini paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra geomorfologik tadqiqotlar chog‘ida bunday relyef turlarini ajratish, ularda sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni aniqlash zarurdir.
4.2. Tog‘ jinslarining fizik xususiyatlari va ularning tektonik buzilishlar rivojlanishidagi o‘rni
Yer qobig‘i turli kimyoviy tarkibli tog‘ jinslaridan tashkil topgan bo‘lib, ularning fizik xususiyatlari ham har xildir. Bizga ma’lumki litosferadagi tog‘ jinslari hosil bo‘lish sharoitlariga ko‘ra qattiq, suyuq va amorf (oraliq) holatlarda bo‘ladi. Tog‘ jinslarining asosiy xususiyatlariga: zichligi, temperaturasi, elastikligi, qayishqoqligi, qattiqligi, mo‘rtligi, bo‘shoqligi va boshqalar mansub.
Zichlik tog‘ jinslari massasining hajmiga nisbati bilan aniqlanadi, uning qiymati jins temperaturasiga va xarakteriga qarab o‘zgaradi. Magmatik jinslarning zichligi katta, cho‘kindi jinslarniki kichik bo‘ladi. СКАЧАТЬ