Oling-oling bilan choy ichar ekanmiz, qassob tog‘aga gap qotdim:
– Qo‘qonning to‘ylari tongotar bo‘larkan-a, qassob tog‘a?
– Qattagi to‘yga bora qoldingiz, jiyan? – dedi pishillab.
– Shetta bo‘ldi-yu…
– Shetta? Him… – deb kuldi qassob.
– Shu yaqin-atrofda-da, ertametangacha gumbir-gumbir to‘xtamadi-ku, eshitmadingizmi?
Qassob tog‘a non chaynashdan to‘xtab, ko‘zlarini lo‘q qilib menga qaradi-da, eshitmadim degandek boshini sarak-sarak qildi.
– Tushunarli, – dedim men kulib, – kecha ko‘payib ketibdi-da, a?
– Vohidjon, yaqinroq o‘tiribsiz, og‘aynizzi peshanasini ushlab ko‘ring-chi, isitmasi yo‘qmi? – deb qalin qoshlarini uchirib kuldi qassob tog‘a.
Mirvohid kaftini peshanamga bosdi-da:
– Joyida-yu, – deya xandon otib kuldi.
– Tavba, – dedi qassob tog‘a taajjubda, – mahallada to‘y bo‘larkan-u, mensiz o‘tarkanmi, naq ko‘chirtirvorarman. Hovlida jinlar bazm qilgandir, – dedi pinagini buzmay.
– Voy, tog‘a, unaqa demang qo‘rqaman, – dedi Mirvohidning opasi ko‘zlari alang-jalang bo‘lib.
Men tunda bo‘lib o‘tgan voqealarni birma-bir, oqizmay-tomizmay gapira boshladim. Mirvohid bilan opasi nonushtayam eslaridan chiqib angrayib o‘tirishar, qassob tog‘agina beparvo, hali piyozli nonni qaymoqqa bulab urar, hali doroyini g‘ujumlab og‘ziga tashlar edi.
Tungi sarguzashtlarim tugagach, Mirvohidning opasi kapalagi uchib, “bu gaplarga nima deysiz”, degandek qassob tog‘aga qaradi.
Qassob tog‘a sovub qolgan bir piyola choyni og‘ziga ag‘dardi-da, naq supradek kaftlari bilan lab-lunjini artib dedi:
– Bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur, degan ekan mashoyihlar. Bu uyni ijaraga olayotganda sal o‘ylamadilaringmi olim yigitchalar. Nimaga shunday uy egasiz huvillab yotibdi deb. Yana shaharning qoq o‘rtasida-ya. He… Bu hovlida ko‘p ishlar bo‘lgan sizlarga aytsam. Ha, yomon bo‘lgan, yomon. Oldingi egasini qora buqa bo‘lib suzib o‘ldirgan. Xotini arzon-garovga issig‘ida pulladi-da, bola-chaqasini olib, jo‘nab qoldi. Keyingi sotib olgan odamni qora mushuk bo‘lib bo‘g‘ib o‘ldirdi. Bola-chaqasi sotolmay ketib qutuldi. Choyxonachi u yoq-bu yog‘iga qarab, bir kun, yarim kunga musofirlarni qo‘yib foydalanib turadi. Siz yigitni Xudoga yoqqan joyingiz bor ekan yo palagingiz toza… hartugul sizga hurqiz bo‘lib ko‘rinibdi…
Dasturxonga fotiha o‘qilgach, Mirvohidning opasi shoshib qoldi:
– Tur uka, tezroq chiqib ketaylik bu yerdan. Gap shu, endi betta yotmaysan, tamom.
Shunday qilib ko‘rpa-to‘shagimizni orqalab yotoqxonaga qaytib ketdik…
Shularni o‘ylab, Boymurod akaning sarguzashtlarini o‘zimcha tushungan bo‘laman va so‘rayman:
– Nima deysiz, Boymurod aka, jinlar yana o‘rdasiga qaytishadimi, yo‘qmi?
– Kemaydi, – dedi u kishi qat’iy ohangda, – ular siz bilan mendan ko‘ra mardroq bo‘lishadi. Quvilgan joylariga qaytib kelishmaydi. Buniyam rahmatlik domla buva aytganlar.
Shunday qilib bog‘hovliga qilgan bu galgi safarim kutilmaganda ajoyib va g‘aroyibotlarga boy bo‘ldi. Yakshanba kuni kechga qarab qolgan-qutgan yeguliklarni Oqtoshning idishiga ag‘dardim-da, omonat eshigimning tagidan it sig‘adigan joy qoldirib, poyezdga shoshdim. Boshqa qo‘shnilarim ham otlanib yo‘lga chiqishgan, uzun-qisqa bo‘lib oldinda borishardi. Ro‘paramdan kelayotgan mashina guvillab yonimdan o‘tdi-yu orqamdan itning hurib, mashinaga tashlanganini eshitdim. Qayrilib qarasam, Oqtosh!
Orqamdan quvib kelyapti. Bo‘lmasa, “sen aqlli it ekansan, shu hovlidan chiqma” deb necha marta uqtirgan, Oqtosh gaplarimga jimgina quloq solib qolgan edi. “Qayt orqangga” deya jo‘rttaga ko‘zlarimni ola-kula qilib, po‘pisa qildim. “He o‘rgildim, sendaqa aqlli itdan, esing bo‘lsa kelib-kelib mashinaga tashlanasanmi? Temir-ku bu. Nahotki, joni bor bilan joni yo‘qni bilmasang!” Qayda, gaplarimga parvoyam qilmadi. Qaytaga o‘ynoqlab, erkalanib oldinga tushib oldi. Shu nasihatni haddan oshirvordimov. Buning ustiga Oqtosh o‘tgan har bir mashinaga hurib, tashlanishni qo‘ymasdi. Unga sari Oqtoshni ajal haydab keldiyov, deya xavotirga tushaman. Boymurod aka ko‘rsaydi buning ahmoqona qiliqlarini. Bu it hali orqamdan vagongayam chiqib, sharmanda qilmasaydi. O‘zi vagonda it olib yurganlarni jinim suymaydi. O‘tirishga joy bo‘lmaydi-yu, eshshakdek-eshshakdek itlarini cho‘ziltirib oyog‘ing tagiga yotqizib qo‘yishadi. “O‘zing-ku toqqa sayr-sayohatga chiqibsan, itingga balo bormi”, deb g‘udranardim.
Bekatga borsam poyezd jo‘nashiga besh daqiqa qopti. Yo‘lovchilar joylashib olgan, ochiq derazalardan boshlarini chiqarib, poyezd jilishini sabrsizlik bilan kutishyapti. Kun issiq. Oqtosh bir-ikki marta poyezdga chiqib yurgandek mendan oldin perronga borib oldi.
Taxminim to‘g‘ri chiqdi. Oqtoshni kimdir o‘zi bilan poyezdda olib kelgan-u, adashib qolib ketgan. Aftidan kamina egasiga judayam o‘xshasam kerak. Mana endi shaharga qaytib ketmoqchi. Boshga bitgan balo bo‘ldi-ku bu it. Xayolimda Oqtosh mensiz ham vagonga chiqib oladigandek edi. Ha chiqaversin, tezroq daf bo‘lsin, men o‘zimni boshqa vagonga uraman-u undan qutulaman. Qayda, it perronda meni sabr-toqat bilan kutardi. Bu dahmazani shaharga olib borib qayoqqa joylayman. Hovlim bo‘lgandayam boshqa gap edi. Axiyri bo‘lmadi, qo‘limga tosh oldim-u rostakamiga dag‘dag‘a qildim. Oqtosh pildillab kelgan iziga qarab qochdi. Ha, shunchaki emas, rostdan jahlim chiqqanini bildi, jonivor. Orqasidan toshniyam mana bo‘lmasam deb otib yubordim. Paytdan foydalanib o‘zimni vagonga urdim. Tavba, halidan beri shu ishni qilmaymanmi? Vagonga chiqib Oqtoshni ko‘rish mumkin bo‘lgan qanotga o‘tdim. Shu ketgancha ketdimikan, yo?
Deraza ko‘zidan panalab qarasam, qaytib kelyapti. Meni ko‘rib qolmasin yana degan hadikda boshimni sal ichkari oldim-u, ammo ko‘z qirimni uzmadim. Mabodo men chiqqan vagonga chiqadigan bo‘lsa… unda boshqasiga o‘tib ketishni o‘ylardim. Oqtosh atrofga iskalanib, olazarak bo‘lib qaray-qaray, to‘g‘ri men chiqqan vagon yonida to‘xtadi. Keyin vagon tagiga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Poyezdning jo‘naydigan vaqti bo‘lib qolgan edi. Bosib ketsaya! Derazadan rostmana boshimni chiqarib qaray boshladim. Vagon tagidan chiqib kelayotgan Oqtoshni tepadan ko‘rdim-u, ilkis boshimni tortib, birovga urib oldim. “Vah” deya kimdir yelkamga bir musht tushirib qoldi. Ayol kishi ekan, astoydil kechirim so‘radim. Boshini ushlab tik turgancha yerga qarab oldi. Bechoraya, it bilan bekinmachoq o‘ynayotganimni qayerdan bilibdi. Ha, la’nati Oqtosh-a, boshga bitgan balo bo‘lding-u sen. Ishqilib bu ayolning tish-pishi sinmagan bo‘lsin. O‘zimniyam boshim endi zirqiray boshladi. Iltimos qildim. Yoshlardan biri ayolga joy berdi. Gunohimni yuvgandek yengil tortdim. Poyezd joyidan qo‘zg‘algan, bekatdan uzoqlashib СКАЧАТЬ