Champo otli ilon. Erkin Malik
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Champo otli ilon - Erkin Malik страница 10

Название: Champo otli ilon

Автор: Erkin Malik

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-00-544-0

isbn:

СКАЧАТЬ Erta yotib, erta turishgan. Kun chiqib yoyilguncha g‘aflat bosib yotishmagan. Biz-chi, ishdan horib-charchab kelamiz, televizorga tikilgancha ovqatlanamiz. Taomni qoringa yedikmi, televizorning ichigami – farqi yo‘q. Nimagadir bunaqa paytda hamma kanallarda ur-yiqit, o‘ldim-kuydim seriallar boshlanadi. Naridan beri ovqatlanib, butun borlig‘imizni televizorga topshiramiz. Go‘yo buni dam olish deb o‘zimizga-o‘zimiz taskin beramiz. Axir ko‘z ham dam olishi kerak-ku. Yurak-chi, yurak? Kinolarning turgan-bitgani yurak o‘ynog‘i bo‘lsa! Kimdir odamlarga kishi bilmas, asal deb zahar yalatayotganga o‘xshaydi. Yana gap-gashtaklarda nimagadir buyuk allomalar tug‘ilmayapti-ya, deb zorlanib ham qo‘yamiz.

      Shunaqa gaplar… Toqqa chiqib olgandan keyin pastga qarash oson… Dastlab bu yerda ham uyqimni topolmay yurdim. Ko‘rpaga kirib, chodirning bir chekkasini ochib, osmonga tikilaman. Yulduzlar katta-katta. Xuddi bir terak bo‘yi tepada turganga o‘xshaydi. Shaharda ko‘zingni yirib-yirtib ham bu yulduzlarni ko‘rolmaysan. Minglab mashinalarning dud-bo‘ronlaridan chiqqan gazlardan to‘lin oy ham kasalmand ko‘rinadi. Qarab ko‘zing yayramaydi. Bu yerda-chi, oymoma naq oppoq paxta. Ichidagi obkash ko‘targan odam bo‘lsa, jon bitib, mana-mana chiqib keladigandek. Yana yulduzlar orasida bir yulduzning sirg‘alib borayotganini ko‘rib qolaman. U yulduzmas, sun’iy yo‘ldosh…

      Bolaligimda kechalari berkinmachoq o‘ynab yurganimizda, uchar yulduzlarni ko‘p ko‘rardim. “Yulduzlar, hay yulduzlar, bolalar qayga bekindi, aytinglar”, derdik. Birdan yulduz uchib, bir tomonni ko‘rsatardi. Biz o‘sha yoqqa yugurib ketardik, berkinganlarni topib ham olardik. Opoqbuvim yulduz uchishini mana bunday deb ta’riflab bergan edilar: “Shayton osmonning qorniga qulog‘ini qo‘yi-ib, farishtalardan gap o‘g‘irlamoqchi bo‘ladi, yulduzlar toshga aylanadi-da, ha, bachchag‘ar, ket deb uni quvib soladi”. Hozir shayton gap o‘g‘irlashni bas qilganmi yo unga otiladigan toshlar tugaganmi, ishqilib yulduz uchishini tog‘dayam kam kuzataman.

      Bugungi tun juda besaranjom bo‘ldi. Yarim kechadayoq qandaydir shovqindan uyg‘onib ketdim. It akillardi. Tog‘da kechalari havo yanayam tiniqlashadi, maysalar-u dov-daraxtlar shudringda cho‘milib, olam shaffoflashadi. Tiq etgan ovoz aks-sado beradi. Itni tanidim, Oqtosh! Yana u shu atrofda emas, bog‘hovlining qaysidir burchagida akillayapti. Ovozi qurg‘ur qo‘ng‘iroqqa o‘xshaydi.

      Uyqim o‘chib ketdi. Tavba, kun bo‘yi atrofimdan nari ketmadi. Endi yarim kechada u yoqlarda nima qilib izg‘ib yuribdiykin? Ha, birorta sigir podadan adashib qolib ketgan bo‘lsa kerak. It itligini qiladi-da. Boshimni ko‘rpaga burkayman. Ammo Oqtoshning ovozi tobora asabga tega boshladi…

      Nimanidir tiriqtirib quvdimi, shamol ovozini boshqa yoqqa olib ketdi. Xayriyat-e! Ammo bu jimlik uzoqqa bormadi. Yana akillay boshladi. Obbo! Sabr kosam toshdi. Kechasi uxlamaydigan odati bor ekan-ku bu itni. Shahardan bir kun bo‘lsayam tinchgina uxlay deb chiqqan edim. Qorovulning iti xo‘p zo‘r it ekan-da. Na kunduzi, na kechasi xo‘ja ko‘rsingayam “ak” deb qo‘ymaydi jonivor. Tepaning tagida miq etmay yotgani-yotgan. Odatda, bitta it akillasa, boshqasi unga jo‘r bo‘lguchi edi. Qulog‘i karmikan-a? Oqtoshga qo‘shilib nomiga bo‘lsayam akillab qo‘ymasdi u.

      Oxiri toqatim toq bo‘ldi. Yotolmadim. Nima qilsam ekan-a? Oy tog‘ orqasiga o‘tib ketgan. Osmon to‘la yulduz biri olib, biri qo‘yib yaraqlashadi. Oqtoshning ovozi naq osmon gumbaziga urilib qaytayotgandek.

      Bir ko‘nglim Oqtoshlab chaqiray dedim. Yarim kechada-ya? Shundog‘am namozga azon chaqirsam ba’zilarga yoqmayman-ku. Fikrimdan qaytdim. Ovoz bersam, qo‘shnilar it meniki ekanini bilib qolishadi. Qayerdanam og‘rimagan boshimga Oqtoshni orttirib oldim?!

      Yodimga bolaligim tushdi. Karim aka deganlari bo‘lardi. Kolxozning poliziga qorovullik qilardi. Iti zanjirini uzib ketsa: “Kampirlarga turshak, itlarga hushtak” derdi-da, chiyillatib bitta hushtak chalardi. Hushtagi tugamasdan iti oldida paydo bo‘lib qolardi. Meniyam shundan bo‘lak ilojim qolmadi. “Kampirlarga turshak, itlarga hushtak” dedim-da, hushtak chalvordim. Tavakkalda. Voybo‘-o‘… O‘zimning hushtagimdan o‘zim qo‘rqib ketdim. Xuddi osmondan bomba tushib kelayotgandek chiyillab ketdi-da, o‘ziyam.

      Poliz qorovuli Karim aka baloni bilar ekan. Hushtak ish berdi. Oqtoshning uni o‘chib, saldayoq shatir-shutir qilib yetib keldi. Hushtagimni taniganini ayting. Bo‘lmasa, yaqin yigirma-o‘ttiz yil orasida hushtak chalganimni eslolmayman. Buning ustiga Oqtosh hushtagimga o‘rganmagan. Bu it meni savdoyi qilib qo‘ymasa edi.

      – Bor, kir uyingga, yot! – dedim jahl bilan. Keyin chiqib ketmasin deb omonat eshikni yopib qo‘ydim. Olam tinchidi-qoldi. Lekin qani endi uyqu kelsa…

Jinlar

      Sal ko‘zim ilingan ekan. Yana itning akillashidan uyg‘onib ketdim. Tong yorishib borardi. Sal bo‘lmasa, bomdodni qazo qilar ekanman. So‘ridan shoshib tushsam, sim devorning narigi yog‘ida shipdek bo‘lib Boymurod aka turibdi. Sim devorning bu yog‘ida Oqtosh. Naq “bu yoqqa kirsang g‘ajiyman”deb irillaydi. Men Boymurod akaga namozimni o‘qib olay ishorasini qildim. U kishi tushunib, nari ketdi. Oqtosh tinchidi.

      Bomdodni o‘qib bo‘lganimdan keyin saldayoq kunbotar tarafdagi cho‘qqilarning uchi olovlandi. Bu yerda men quyoshning chiqayotganini yoki botayotganini qarama-qarshi tomondagi tog‘larning cho‘qqilaridan bilib olaman. Bo‘lmasa, ikki tog‘ oralig‘ida bomdodni boy berib, shomni erta o‘qib qo‘yish mumkin.

      Xotirjam bo‘lib olgach, Boymurod akani izlab qoldim. Sahar mardondan nimaga kelibdiykin? Biron ishi bormikin? Bir hisobda yaxshi bo‘ldi kelgani. Bo‘lmasa, g‘aflat bosib bomdodni boy berar ekanman. Aslida Boymurod akani turg‘azib, Oqtoshni akillatib meni bomdodga uyg‘otgan ham Ollohning o‘zi-ku!

      Tashqariga chiqib, Boymurod akani izlay boshladim. Hov naridagi tut tagida cho‘nqayib o‘tirgan ekan. Ko‘rib yonimga keldi. Xotirjamgina qo‘l olib so‘rashdik. Men u kishiga tinchlikmi, degandek qaradim. Nimagadir judayam horg‘in ko‘rinardi. Uyqudan turgan odamga ham o‘xshamaydi. Chigitdek ko‘zlari kirtayib ketibdi. Sezdimki bir joyi og‘riyapti. Hoynahoy, qornidir. Kechasi bilan “uzun borib, uzun kelganga” o‘xshaydi, bechora. Oshqozonida yarasi bor-da bu kishini. Bu dardniyam podachilikda orttirib olgan. Tog‘-u toshlarda ochin-to‘qin qolib shunday bo‘lgan. Podachi o‘z qornini o‘ylasa, podasi och qoladi. Shunisiga chidaganlar podachilik qiladi. Podachi zoti borki, yo o‘pkadan ketadi, yo qorindan. Bular Boymurod akaning gaplari. Bir amallab it yog‘i bilan o‘pkani asrab qolgan ekan. Qorni esa chatoq. Shundan ketib qolamanmi, deb qo‘rqib yuradi, bechora.

      – Qorin bezovta qilyaptimi, – dedim achinib, – dori beraymi?

      – Ha, yo‘-o‘… – dedi qo‘l siltab. – Endi doriga ishim qomaydi…

      – Nimaga unday deysiz, oshqozon turibdimi?

      – Turibdi, turmay qaqqayam borardi. Erman gullab qoldi. Shu desangiz tirnog‘dagini damlab ichsam bo‘ldi. Sen ko‘r, men ko‘r bo‘p yurovraman. O‘zi quritib, ancha-munchasini g‘amlab qo‘yuvdim, onangni emmagur kalamusham o‘ch bo‘ladi-da, o‘shanga. Erman – ming dardga davo derman deb bekorga aytganmi?

      – Saharlab kelganingizga yana qorni og‘rib qoptimi debman-da.

      Boymurod aka eshigim tagiga terib qo‘yilgan toshlarga qarab “o‘tiraylik” degandek ishora qildi. Sezdimki, maslahatli ishi bor. Qizlariga sovchi kelyapti deb eshituvdim. Bilaman, yoshlar nima bo‘lgandayam to‘ylarida nomdorroq xonanda bo‘lishini xohlashadi. Xotini o‘lib, o‘nta bolaning tashvishi shu chigitdekkina odamning yelkasida qolgan.

      – Ertalabki uyquni mazza qilib olayotgan ekansiz, uyg‘otvordim-a mulla, – dedi Boymurod aka o‘zini aybdor sanab.

      – Qaytaga yaxshi bo‘ldi, savobbi tagida qoldingiz, bomdodga ulgurib qoldim. Oqtosh qurg‘ur kechasi bilan akillab СКАЧАТЬ