Champo otli ilon. Erkin Malik
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Champo otli ilon - Erkin Malik страница 8

Название: Champo otli ilon

Автор: Erkin Malik

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-00-544-0

isbn:

СКАЧАТЬ aytibsiz, dumli it chopag‘on bo‘ladi. Dumsiz it ovga yaramaydi. Keyin bilsayz, itlar burgasini dumi bilan qo‘riydi. Dumsiz itlar erta kunda bit bosib, o‘lib ketadi. Burgasi talab tashlaydi. Bilmapsiz, dummi ishi ko‘p… Xudo bularga bekorga dum bermagan.

      – Sigirlar dumi bilan pashsha qo‘rishini bilardim. Itlar ham qo‘rir ekan-da? – dedim cho‘kka tushib ajriq ildizlarini bittalab terar ekanman. Bu la’nati ajriqning tirnoqchasini ham qoldirmay kuydirish kerak. Buyam urg‘ochi itdek ana-mana deguncha ko‘payib ketarkan. Joniyam itning jonidek qattiq. Toshlarni yorib chiqqandan keyin… Shunday qilib mavzuni o‘zgartirmoqchi bo‘ldim.

      – It zoti hech qachon dumi bilan burgasini qo‘riy olmaydi. Qanday qilib qo‘risin? – deydi Boymurod aka ezmalanib.

      – Qo‘ying, bas qilaylik. Itdan boshqa gap yo‘qmi?

      – Bilmasakansiz!

      – Nimani?

      – Qo‘rishini-da.

      – Ey, menga bari bir…

      – Mana bunday, mulla. Kun qizigan paytda burgalar ja g‘imirlab qolishadi. G‘imirlashi bilan it oqar suvning bo‘yiga boradi-da, asta-sekin suvga tusha boshlaydi. Burgalar suvdan qo‘rqib, chovlari orasidan tepaga qarab o‘rmalab qoladi. Shundan keyin it tumshug‘ini ko‘tarib, yelkasini suvga botiradi…

      Boymurod aka xuddi itga o‘xshab, emaklab ko‘rsata boshladi, men esa angrayganimcha qotdim.

      – Shundan keyin burgalar dum tomonga qarab qochishadi, – deya engashgan ko‘yi do‘mpayib turgan orqasiga qayrilib qarab qo‘ydi Boymurod aka. Men o‘xshamagan bu ahvolni chetdan birov kuzatmayaptimi degan xavotirda u yoq-bu yoqqa qarab qo‘ydim. Boymurod aka esa beparvo davom etadi: – Itni fikri-yodi burgani dumga qarab haydash. Ana endi it dumini xoda qilib, butun boshli gavdasini suvga botira boshlaydi. O‘hho‘…G‘aflatda qolgan burgalar suvdan qochib dumning uchiga to‘p bo‘lishadi. Ana shundan keyin jonivor dumini lip etib, suvning ichiga tortib oladi. Burgalar g‘aflatda qoladi-yu suvda oqadi-ketadi. Endi bildingizmi, mulla?

      – Bildim, bildim, o‘rningizdan turing, – dedim shoshib, – juda o‘xshatdingiz, xuddi o‘zi bo‘p ketdingiz. Ja-a zo‘rakan, bunaqasini hech qayerda ko‘rmagan edim.

      – Shunaqa, – deydi Boymurod aka tizzalarini qoqib o‘rnidan turar ekan. – Xudo hamma narsani bekamu ko‘st yaratib qo‘yibdi. Shuningchun odamlar bo‘lar-bo‘lmasga Xudoning ishiga aralashavurmagani ma’qul.

      Men hayron qolganim sari Boymurod akaning gap qopi ochilib borar edi.

      – Sizga aytsam, mulla, anovi pul tikib urishtiriladigan itlar bor-ku, aslida o‘shalarning dumi bilan qulog‘i kesiladi. Siz bo‘lsangiz urg‘ochi itning dumini kesib yuribsiz. Shunchaki oliftagarchilikka kesgansizda-a?

      – Kechirasiz, – dedim gapini og‘zidan olib, – dumini kesgandan keyin urg‘ochiligini bilib qoldim. Ha, sir boy berish yo‘q bu kishiga.

      – Voh-h-h… dumini kesgandan keyin bildim deng, – qotib-qotib kuldi Boymurod aka. – Shunaqasiyam bo‘lib turadi, odam shoshadi-da.

      Boymurod akaga qo‘shilib o‘zimam kula boshladim. Xo‘p hangoma bo‘ldimi. Hozir boshimga nimaiki balo yog‘ilayotgan bo‘lsa, bari tilimdan edi. Axir, nimaga birovning itini meniki deb turibman? Hay, mayli, bir yomonning bir yaxshisi. It haqida uncha-muncha bilmaganlarimni bilib oldim. Lekin bitta gap sal o‘rniga tushmay turardi. Uniyam bila qolay deb Boymurod akadan so‘radim:

      – Shu deyman itlarning qulog‘i bilan dumini kesmasa, urushqoq bo‘maydimi, bunga nima deysiz?

      – Bo‘ladi, shundog‘am bo‘ladiki…

      – Unda nima zaril dumi bilan qulog‘ini kesib?

      – Itning ikkita jon joyi bo‘ladi, mulla, – dedi suhbatdoshim oxiri bu haqda hech narsa bilmasligimga ishonch hosil qilib, – biri qulog‘i bo‘lsa, yana biri dumi. It qurmagurlar urushganda o‘sha joyning payidan bo‘lishadi. Buni itvozlar bilmaydi deysizmi, ja biladi-da.

      – E, yashang, rosa akademik ekansiz-ku, oldingizga tushadigani yo‘q ekan bu sohada, – deb u kishiga yaqin bordim-da, qoyil qolganimni bildirib, yelkasiga qoqib qo‘ydim. Uning xursandligini ko‘rsangiz…

Oq kiyimli shayx

      Boymurod aka “endi bo‘ldi”, deb o‘tirgan joyidan qo‘zg‘aldi. Boshqa kelganlarniyam ziyorat qilib, horma-bor bo‘l qilish kerak. Men hozirgi suhbat ta’siridan chiqolmay, qilgan ishimga nazar soldim. Chakkimas, gapga alahsib bo‘lsa ham ikki bo‘yracha yerni ochib qo‘yibman. Boymurod aka ketar jafosiga cho‘ntagidan qoq non chiqarib, Oqtoshga tashladi. Oqtosh nasibani u lunjidan bu lunjiga o‘tkazdi-yu, Boymurod akaning orqasidan akillab chopdi. U kishi “aytmadimmi, bu it bari bir menga el bo‘lmaydi”, degandek menga qarab, kesak olish uchun yerga engashdi.

      – Oqtosh! – deb baqirdim. – He, esi yo‘q!

      Oqtosh bo‘ynini qisib yonimga qaytdi. Ko‘nglimdan “Nahotki, Boymurod aka haq?!” degan o‘y kechdi-yu, judayam hayron qoldim. Shu daqiqadan Oqtoshga chin egalik mehri uyg‘ondi. Oqtosh endi mening itim, uning otiniyam o‘zim qo‘yib oldim.

      O‘sha zahoti Oqtoshni o‘zim uchun olib kelgan nasiba bilan siyladim. Teshik bo‘lsa-da, chog‘roqqina tog‘oracha topdim. Pilik o‘tkazib, teshigini yamadim. Mana endi ovqatlanadigan yalog‘iyam bor. Bitta uycha yasasam bo‘ldi. Buniyam yo‘li topildi. Yerdan qazib chiqargan toshlardan qo‘rg‘oncha qildim-da, ustiga shox-shabba tashlab qo‘ydim. Hozircha bo‘ladi. Qishgacha bir gap bo‘lar.

      Tushdan keyin mendan ikki tomorqa yuqorida turadigan va allaqachonoq uy qurib olgan shoir Yo‘ldosh Eshbek kelib qoldi. U shaharda galstuk taqib juda po‘rim bo‘lib yuradi-yu, bu yerga kelishi bilan shayx bo‘lib oladi. Oq ko‘ylak, oq ishton, oq do‘ppi. Oq kiyimning bitta siri bor. Pakana odamni uzun qilib, uzun odamni yanayam alp qomat qilib yuboradi. Yo‘ldosh Eshbek alplar toifasiga kiradi. Oq ko‘ylak-ishtonning yana bir siri mana bunday qora ishlarga odamni tepadan qaraydigan qilib qo‘yadi. Ha, savlat to‘kib u yoqdan-bu yoqqa yurishdan boshqaga yaramay qoladi. Axir oppoq ko‘ylak-ishton bilan terga botib yer ochib bo‘ladimi? Yo‘ldosh Eshbekning uyi katta yo‘lning shundoq bo‘yida. Shayxga o‘tganam ikki bukilib salom beradi, ketganam. Kiyimiga salom beryaptimi, o‘zigami – buning ahamiyati yo‘q. U o‘zi ekkan nihollarning tepasiga borib, soatlab turishi mumkin. Ko‘rgan odam daraxtga dam solyapti deb o‘ylaydi. Unday emas, shayxning ko‘zida shunday bir g‘alati quvvat borki, tikilgan narsasini ko‘kartiradi. Quritadigan ko‘zdan xudo asrasin. Shungami uning bog‘ida o‘t-o‘lanlar shu qadar o‘sadiki, o‘rmon bo‘lib ketadi. Buni qarang, qay kuni uyida tuvakka bitta pomidor urug‘ini tashlab ko‘z nuri bilan tajriba o‘tkazibdi. Tuproqdan endigina bosh ko‘targan niholcha bir kunda shoxlabdi, ertasiga gullab, uchinchi kuni hosil tugibdi. Keyin bola-chaqasi bilan shakarob qilib yeyishibdi. Xullas, Yo‘ldosh Eshbekning omadi kelgan. Ekstrosensligiyam bor. Boshqa sayyoralardan kelayotganlar bilan aloqa o‘rnata oladi. Bir marta jurnalistlarni shu yerga yig‘ib, kelgindilar bilan uchrashuv o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Jurnalistlar, reportyorlar, operatorlar kelishdi. Faqat kelgindilar kelishmadi. Ma’lum bo‘lishicha, zarur ishlari chiqib qolganmish.

      Yo‘ldosh Eshbek men taraflarga umuman o‘tmas edi. To‘g‘ri qiladi, qora terga botib ishlayotganlar oldida nima bor, kayfiyatni buzib. Bu yerga dam olgani kelish kerak odam bolasi. Ha, o‘pkani mana bunday to‘ldirib-to‘ldirib nafas olganga nima yetsin. Havosi toza bo‘lsa! Yo‘ldosh Eshbek ana shunaqa o‘ylaydi va bunga qattiq СКАЧАТЬ