Қутлуғ қон. Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Қутлуғ қон - Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли страница 21

Название: Қутлуғ қон

Автор: Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли

Издательство: Asaxiy books

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-6313-5-9

isbn:

СКАЧАТЬ har bir kutilmagan hodisa kabi, qiziq ta’sir qildi. U Tantiboyvachchaning bog‘idagi uchrashuvdan so‘ng Nurini ko‘rmagan bo‘lsa ham, uning o‘sha vaqtdagi hayajon bilan aytgan so‘zlariga ishona boshlagan edi. «Qiz menya sevmasa, ketimdan qidirib yuradimi? Qo‘rqmasdan, tutilib qolganda gap-so‘z bo‘lishni nazar-pisand qilmasdan, kechasi yonimga chiqarmidi?» deb o‘ylagan edi. Ammo shu bilan baravar, qizning sevgisiga u katta ahamiyat bermagan ham edi. U hali ham kambag‘al «begona» qizni yodlar, hali ham uning boshini goh-goh band qilgan: «U kimning qizi? Uni yana bir ko‘rish peshonamga yozilganmikan?» kabi savollar edi. Hozir esa Nurining to‘yini eshitarkan, yuragi allanechuk o‘ksinganday bo‘ldi, kimdir, uni kamsitganday sevildi. U o‘z ichida shunday o‘yladi: «Nima qilsin, bechora Nuri! U ota-onasiga «men falonchini sevaman» deya oladimi? Yana kimni? Menday bir kambag‘al xizmatkor yigitni!.. Albatta, u o‘z yuragini hech knmga ocha olmagan. Dardini o‘z ichiga yutgan… Agar men bir boynnng o‘g‘li bo‘lsam, Nuri meni sevsa, buni ota-onasiga aytmaganda ham, atrofdagilarga sekin bildirgan bo‘lar edi. Har holda Nuri o‘z to‘yidan rozi bo‘lmasa kerak. Hozir bir burchakda qisilib, yig‘lab o‘tirgan bo‘lishiga shubha yo‘q… Ammo kim biladi, boyvachcha kuyov yaxshidir, xotinlar uni maqtashgan bo‘lsalar, Nuri meni unutgandir.

      Nuriga o‘xshash qizlarning ishqi bahorda yoqqan qorday: bir yoqdan yog‘ib, bir yoqdan erib ketadi. Xo‘p, bo‘ladigan ish bo‘libdi, boyning qiziga uylanish xotirimdan kechganmidi?..»

      U otxonadan ko‘chaga chiqqan zamon, Yormat obkash va chelak tutqizdi va pochapo‘stinga o‘ralib, mag‘rur yurgan Mirzakarimboyga kulib, dedi:

      – Ota, bu kun hovuzni yarimlatadigan bo‘ldik.

      Boy, uni eshitmagan kabi, «g‘iq» etmadi. Yo‘lchining salomiga ming‘illab javob qaytardi.

      Qiyom vaqtida bir qancha bolalar: «to‘y keldi, tuy keldi» deb baqirib-chaqirib yugurishdi. Yuk orqalagan, og‘ir qoplar ostida ikki bukilgan aravakashlar va mahalla yigitlari ham ko‘rinib qoldi. Yormat Yo‘lchini sudrab ko‘chaning boshiga, aravalar to‘xtagan joyga yugurdi. To‘y uchun kuyov tomoindan o‘n besh arava yuk yuborilgan. Har bir aravada boshqa-boshqa mollar va buyumlar… Bu yerda qiyg‘os-to‘polon bilan aravakashlarning yuzlariga un sepildi. Aravakashlar boshlarini unga tiqqanday yo tegirmonchiday oqardilar, Yigirma bir qo‘yning ma’rashi, so‘kish, askiya, mahalla bolalarining qiy-chuvi ichida aravalarni ildamlik bilan bo‘shatib, yuklarni boynikiga tashishga kirishildi.

      Arava-arava un, guruch, qop-qop bodom, pista, kajavalarda holvalar, qirq-ellik katta-kichik yashikda har xil mevalar…

      Mahallaning ba’zi bir o‘spirinlari pichoq bilan qopni yo yashikni teshar, cho‘ntaklariga qo‘rqa-pisa meva solardilar.

      – Shu bilan nafslaring orom oladimi, qanday betsiz odamsanlar! Hoy, senga aytaman, qopni teshma!..– baqirdi Yormat.

      – Ha, to‘ychilik-da. Og‘zimiz chuchib qolsin! – kulishadi yigitlar.

      – Yukni bekorga tashiymizmi, qobirg‘amiz sinay dedi! – qichqirishadi boshqalar…

      Aravalarning ostida bolalar chumoliday g‘ivirlashadi, qoplardan, yashiklardan to‘kilib, tuproqqa, loyga qorishgan mevalarni terishadi.

      Juda yaxshi kiyingan, nozikkina bir yigitcha bilan birga Hakimboyvachcha paydo bo‘ldi. U qovog‘ini solib, qiy-chuvdan mamnun emasligini ko‘rsatdi va bolalarga o‘dag‘ayladi:

      – Enalaring ko‘chada tuqqanmi, bu nima hangama! – Bolalar qochisharkan, odatda nikoh kuni aytiladigan xunuk, beadab so‘zlarni baland qichqirishdi. Ko‘chaning bir chekkasida ish tikib o‘tirgan Soli yamoqchi bolalar orqasidan baqirdi:

      – Azamatlar, bu gap nikoh kuni aytiladi. Bu kun to‘y! – kinoya bilan xaxoladi.

      Hakimboyvachcha bu «pastkash»ning so‘zini eshitmagan bo‘lib, nozik do‘sti bilan o‘tib ketdi.

      – Soli aka, sizga qachon ma’ni kiradi? – jahl bilan dedi Yormat.

      – Ma’ni? – ko‘zini olaytirdi Soli.– Ma’nini senlarga berdim, ekib qo‘yinglar… To‘y bolalarniki, har qaysi to‘yda bolalar o‘ynaydi. Senlar nuqul quvasanlar, shu ham ma’nimi?

      «To‘y keldi» hangamasi bitdi. Bir soatdan so‘ng «yiroq-yovuq»dan to‘yga da’vat qilinganlar kela boshladi. Eshik oldiga, ko‘chaning ikki yuziga qator qo‘yilgan skameykalarda Mirzakarimboy, mahallaning imomi, boylari, boyvachchalari ularni kugib oladilar. Keluvchilar «ahli rasta», ya’ni savdogarlardan, so‘ngra ulamo, mudarris va eshonlardan iborat. «Ahli rastalar»da boylarcha zohiriy mutavozelik va ichki mag‘rurlik, din namoyandalarida – soxta viqor va savlat… Ayniqsa, bular salmoqdor odim otib, sekin-sekin yurib kelishadi, epchil, ziyrak «to‘y boshilar»ning muloyim muomalalari bilan qarshi olinib, boyning tashqari hovlisiga «qadam ranjida» qiladilar Yana bir qancha minutdan keyin, ayni dabdaba bilan moyli soqollarini silab, kekirib chiqadilar. Lekin har birining qo‘ltig‘ida katta tugun – non va har xil meva-cheva. Ayniqsa, ulamo va eshonlarning tugunlari semizroq bo‘ladi.

      Mahalla fuqarosiga hali navbat kelmagan. Eski choponlardan bitta-yarimtasi soddadillik bilan mabodo kelib qolsa, to‘y boshilarning ko‘zlari olayadi, qo‘l uchi bilan ishorat qiladilar, u bechorani ohista turtib bir chetga, devor tagiga qaqqaytiradilar: «Nega muncha sabrsizlik!» yoki uni boshqa bir uyga cho‘kkalatadilar. Xususan, bu narsaga Mirzakarimboy qattiq rioya qiladi. U to‘y boshilarga oldindan uqtirib qo‘ygan edi: «Tartib buzilmasin, har toifani o‘z vaqtida, o‘z yeriga o‘tqazish, o‘ziga yarasha kutish kerak».

      Bu salobatli odamlar orasida xizmat qilgan Yo‘lchi g‘oyat siqildi. Yursa kalavlaganday, birovni turtganday tuyuladi. Yo‘lchiping jahlini chiqargan va sababini tushunmagan narsa shu edi:—Hamma yoq suv quygandek jim-jit. Hamma shivirlab gapiradi. To‘y boshilarning tili kesilgandek. Ular o‘zaro nuqul imlashadi, boshqalarga ham qo‘l va ko‘z harakati, imo bilan ish buyuradilar. Necha lagan osh, necha patnis va hokazo hammasi imlash, imo bilan bildiriladi. Yurganda qadamni mumkin qadar tez, lekin yumshoq bosish, qo‘l bo‘shaganda, darrov qovishtirish kerak. Hatto choynak-piyolalarni shiqirlatish ham mumkin emas… Yo‘lchi o‘z ichida o‘yladi: «Haligi bolalar qani, haligi sho‘x yigitlar qani? Nega ularni aralashtirmaydilar? To‘y emas, aza bu!»

      Chindan ham har bir to‘yda to‘polon qilib, bearmon o‘ynab-kulishga o‘rgangandan bolalar bu «ulug‘ to‘ydan» norozi edilar. Ularning har bir o‘yiniga, har bir hangamasiga «ona bosh» bo‘luvchi To‘xtasin o‘rtoqlarini yig‘di, ularga shivir-shivir bilan bir nimani tushuntirdi. Sakkizta bola birdak: «Bo‘pti, juda soz!» deyishdi-da, devorga tirmashib, tomga g‘izillashdi. To‘xtasin oriq-iflos bir kuchukvachchani ko‘tarib, hammadan keyin chiqdi. Tomdan tomga sakrab, to‘y bo‘layotgan ko‘chaga yondoshgan baland tomga kelib, bo‘g‘ot labida jimgina, pisib o‘tirishdi. Muhiddin bilan Nurmat To‘xtasinni qistadi:

      – Nega bo‘zarib qolding, qo‘rqasanmi? Bizga ber!

      – Shoshma, qiziqroq bo‘lsin-da! – jidday javob berdi To‘xtasin.

      – Anov boyvachchaning ustiga chiptiraymi? Juda qistanib turibman? —Sobir jiddiylik bilan maslahat so‘raydi o‘rtoqlaridan.

      – Yo‘q… Ana o‘ziyam bilganday naryoqqa ketdi.

      – Nisholdani maza qilib yeb o‘tirgan hov anu sallalikni kesak bilan boplaymi? – dedi Mahmud.

      – Yo‘q! U kishi domlamiz-ku, – javob beradi biri. Mahmud quyoshdan ko‘zlarini pana qilib, tikiladi:

      – A, domlamiz ekan! Umrlarida nisholda ko‘rmaganday, СКАЧАТЬ