Название: Қутлуғ қон
Автор: Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли
Издательство: Asaxiy books
isbn: 978-9943-6313-5-9
isbn:
Mirzakarimboy soqolini selkillatib kuldi va bu yozuvdan rozi bo‘lganini bildirdi.
– Durust. O‘n so‘lkovoy yoniga tushadi-ku maqtamaydimi?
– Yo‘q, ota, bu pul birovning karmoniga tushmaydi. Hozir qog‘oz, bosmaxona va hokazo xarajatlar uchun pul yetishmaydi. Chunki “Oyna” oz tarqaladi. Ziyon qilishi ham mumkin.
– Ziyon? —Mirzakarimboyning ko‘zi o‘ynay ketdi – Ziyon ko‘rsa nimala chiqaradi, haligi. olim?
– Musulmonlarning ko‘zlarini ochish va madaniyatga xizmat qilish degan maqsad bor ota! – dedi Abdishukur.
– Xudo har kimga bir kasal yuborar ekan-da. Kimga kerak madaniyat? O‘zi nima degan so‘z? – Chol yana qizishib ketdi.—Alhamdulillo, hammaning ko‘zi ochiq, hamma o‘z ishida, har kim o‘z rizqini tarib, yeb turadi. Oqpodshohning qo‘l ostida tinch yashaymiz, obodonchilik… Madaniyat-da!
– To‘g‘ri, podshohimizning soyasida tinch yashiymiz. Lekin, biz deymizki turmushimizda bir qadar isloh yuzaga chiqsin, bema’ni ishlarni yo‘qotaylik dini islomning ravnaqiga qo‘shish qilaylik. Eski maktablardagi bolalarimizning umr zoe bo‘ladi. Yangi maktablar ochib, Qur’oni karim va boshqa. diniy darslar bilan birga, jug‘rofiya, tarix, hisob kabi ilmlarni ham ta’lim beraylik. Boylarimiz o‘zi yordamda bo‘lsalar, ya’ni maktablarning holidan ogoh bo‘lib tursalar, biz Turkiston musulmonlari tez kunda madaniyat olamiga o‘zimizni tanitgan bo‘lar edik, – dedi Abdishukur.
– Xo‘p, maktablarda kim o‘qiydi? – dedi boy.
– Musulmon bolalari.
– Ha, Eshmat, Toshmatning bolalari o‘qiydi, ilm oladi, nega bunga boylar pul beradi? – Mirzakarimboy ko‘zlaridagi ayyor tabassum bilan Abdishukurga tikildi, so‘ng davom etdi, – Bola o‘qisa, foydasi o‘ziga, keyin ota-onasiga tegadi. Bolalarini o‘qitmoqchi bo‘lganlar xarajatini o‘z zimmalariga olsinlar. Boylarning o‘ziga yarasha ishi bor, tirikchiligi bor, orzu-havasi bor. Keyin, ukam Abdishukur, boylar yaxshilik qilsa ham, xalq minnatdor bo‘lmaydi… Xalqning fe’li ma’lum.
– Isloh, albatta, lozim, – patnisning chetiga barmoqlari bilan chertib, beparvolik bilan so‘zladi Hakimboyvachcha, – bizda har xil bid’at ishlar ko‘p. Biz sartlarning yurish-turishimizni ko‘rib, yevrupoliklarning kapalagi uchadi. Yangi maktablarda o‘qiladigan ilmlar shariatga xilof kelmasa, ulamolar fatvo berishsa, har bir ota o‘z bolasi uchun qo‘ldan kelgancha yordam qiladi, albatta. Hozir eski maktablarimizda bolalar har payshanba non, yo nonning pulini olib boradilar. Bundan boshqa bo‘yra puli, ko‘mir puli, idiliq puli ham bor. Mana shu taomilni qo‘ldan qo‘yish kerak emas. Shunday yangi maktabda ham bolalar non o‘rniga har payshanba kuni besh tiyin, o‘n tiyin pul olib borsinlar. Shunday qilinsa, toma-toma ko‘l bo‘lar, deganday, muallimga birmuncha mablag‘ to‘planib qoladi.
– Yigirmanchi asr talabiga javob beradigan mukammal maktablarni bu usulda tashkil qilish mahol, – dedi Abdishukur, – faraz qilaylikki, shu yo‘lni tutdik. Lekin ko‘p otalar shu juz’iy yordamga, har hafta uch tiyin, besh tiyin berishga ham qodir emaslar. Bunga nima deysiz?
– Besh qo‘l baravar emas, – dedi Hakimboyvachcha, – birov olim, fozil bo‘ladi, birov mardikor, hammol bo‘ladi. Bundan boshqa iloj yo‘q manimcha.
– Har qim o‘qiyversa, podani kim boqadi: – dedi achchiqlanib Mirzakarimboy. – Mardikor, ahli kosib, beva-bechora o‘z qornini to‘ydirsa bas-da!.. Ularning bolalari o‘qib, ilm olib nima karomat ko‘rsatar edi? Miri bor oilalarning bolalariga maktab ham, madrasa ham yarashadi.
Endi Abdishukur gapirmadi. Qand bilan choy ichib, bodom chaqib, o‘ylab ketdi: «Darhaqiqat, ahli savdogar bolalari ko‘chalarda oshiq o‘ynab, it urishtirib, yoqavayron kezgan bir pallada fuqaroning bolalariga ilm tahsili chikora?! Yo‘q, avval yurtning homiylari bo‘lgan boyonlar o‘z o‘g‘illarini hozirgi zamon ilmfununi bilan tarbiyalasinlar. Shu ham katta gap. O‘n yil muddatida uch-to‘rt doktor, ikki-uch advokat va Davlat Dumasida otashin nutqlar so‘zlab, Turkiston musulmonlarining huquqlarini mudofaa eta biladigan to‘rt-besh arbobi siyosat yetishsa, biz uchun katta sharaf emasmi? Endi maorif uchun tashviqotni, albatta, savdogarlarimiz, mulk-dorlarimiz o‘rtasida yurgizish kerak. Zotan, Turkiston o‘lkasining istiqboli bu guruhning qo‘lida. Shuning uchun ularni g‘aflatdan uyg‘otish darkor…»
Dasturxon yig‘ishtirildi, namozgar yaqinlashganidan, uchovlari tahorat qilgani turishdi. Namoz shu yerda – mehmonxonada o‘qildi, Abdishukur imom bo‘ldi. Keyin katta laganda palov keltirildi. Gangir-gungur suhbat bilan palovni yeb, Abdishukur ketishga ruxsat so‘radi. U dahlizdan kalishini kiyar ekan, Mirzakarimboy qichqirdi:
– Mulla Abdishukur, ertaga ojizamizga to‘y keladi, marhamat qiling, durustmi?
– Muborak bo‘lsin, juda soz, albatta, kelaman.
II
Arava sig‘maydigan, ichkarilik ko‘chaga bu kun jon kirgan. Ertadan buyon Yormat bu ko‘chani dastakli supurgi bilan qirtishlaydi, chuqurchalarga tuproq solib, tepkilaydi. Bu kun uning boshida yangi, lekin beo‘xshoz do‘ppi. Amalga yangi mingan hovliqma odamdek burnini ko‘targan, yuzi ma’nisiz jiddiy va mag‘rur. Tumov orqasida burnidan to‘xtovsiz oqqan suvni ham sezmaydi… Chag‘ir-chug‘ur qilib, oshiq o‘ynovchi mahalla bolalarini tiriqtirib quvlaydi. Onalari, buvilari bilan to‘yga kelgan mehmon bolalarga – ularning kiyimlariga yaxshi razm solgandan so‘ng – tegishli muomalada bo‘ladi, yo dag‘al so‘zlaydi, yo «akasi jonidan» deb shirin gapiradi.
Ko‘chani chinniday tozalagandan so‘ng, machitdagi hovuzdan obkashlab suv tashimoqqa boshladi. Ba’zi bir «ta’bi tortgan» odamlarga: «to‘yga birga bo‘ling!» deb qo‘yadi o‘zicha.
Kuyov tomondan «to‘y kelish» vaqtiga hali erta. To‘n sohibi Mirzakarimboy ham mehmonxonadan chiqqan emas. Lekin, ko‘chada qatnov, qiy-chuv borgan sari kuchaymoqda To‘da-to‘da xotinlar kelishdi: duxoba, shohi, banoras, qalami va hokazo xilma-xil paranjilar o‘tadi, kelinlar, juvonlar, kampirlar aralash-quralash bo‘lib, Mirzakarimboyning dang‘illama darvozasiga kiradilar. Aksar xotinlarning oldi-orqasi to‘la, katta-kichik, yasangan-tusangan, ukpar taqqan bolalar. Patnislarda, tog‘aralarda, savatlarda kulcha, qovirma chuchvara, varaqi, qatlama va boshqa har nav meva-chevalar…
Yormat darvozadan besh-o‘n qadam narida turib xotinlarga tilyog‘lamalik qiladi: «o‘taveringlar, kiraveringlar, barakalla!» Katta tugunlarni xotinlarning qo‘llaridai, boshlaridan olib, ichkariga kiritishga yordamlashadi.
Kelayotgan ayollarning soni yo‘q. Boylarning to‘ylarini ko‘p ko‘rgan Yormat ham hayratda: «Buncha xotin, buncha bola-chaqa, buncha tavan qayerga sig‘adi?» Anchagina ichkarilikda bo‘lgan hovlida xotinlarning shovqin-suroni, ko‘krak emadigan bolalarning chirqillab yig‘lashlari va qiy-chuv tovushlar yangraydi.
– Hov, Yo‘lchiboymi! Keling, nasiba-de.– Yormat qichqirib, uzoqdan Yo‘lchini qarshiladi.
– Qanaqa to‘y, Yormat aka? – dedi yaqinlashganda hayron bo‘lib Yo‘lchi.
– Ey, bugun xo‘jayinning qiziga to‘y keladi, bilasizmi, xo‘jayinnint Nuriniso degan qizlari bor-ku. Aravani katta ko‘chada qoldirdingizmi?.. Durust. Otni darrov otxonaga kirgizing. Yumush ko‘p, – dedi Yormat Yo‘lchining qo‘lini siqib.
Yulchi shu vaqtgacha dala ishi bilan ovora edi. U har kun aravada shaharga, qandaydir bir СКАЧАТЬ