Название: Dahshatli Meshpolvon
Автор: Anvar Obidjon
Издательство: SHARQ
isbn: 978-9943-26-986-6
isbn:
Sepkilshohning elatiga qilay yurish,
Bo‘lar endi dunyoda eng katta urush,
Noqulaydir yalangoyoq jangga kirish,
Enajonim, kavushingni berib turgin.
Тoki chapya butun ekan – boshim omon,
Po‘stakdan o‘q o‘tmas dushman otsa kamon,
Bir urganding, gurzidan ham o‘qlov yomon,
Enajonim, kavushingni berib turgin.
Qozonqopqoq yuragimni asrab yurar,
Sepkilshohing kimligimni endi ko‘rar,
G‘alabaga bitta kavush yetmay turar,
Enajonim, kavushingni berib turgin.
Meshpolvondan bunday qahramonlikni kutmagan enasi oldiniga ikkilanib qoldi. Ko‘sov bilan savalab, shashtidan tushirmoqchi ham bo‘ldi. Lekin sinchiklab qarasa, ahdi qattiq, ko‘zida achchiq, lablari pichirlab, tishlari g‘ijirlab turibdi. Qaysarligi qo‘ziganini sezib, endi uni yo‘ldan qaytarolmasligini fahmlab, indamay hujraga kirib ketdi. Bir zumdan keyin ikki ko‘zi oziq-ovqatga to‘ldirilgan xurjunni zo‘rg‘a ko‘tarib chiqib, egar qoshiga o‘ngardi. Kavushini yechib berayotib, pand-nasihatlar bilan nevarasiga oq yo‘l tiladi:
Yo‘ling oydin yo‘l bo‘lsin,
Bosgan izing mo‘l bo‘lsin,
Yantoq uzsang, gul bo‘lsin,
Тikanlari tilmasin.
So‘z quyilar labimdan,
Mag‘iz chayna gapimdan,
Non tilama har kimdan,
Nafsing buzuq bo‘lmasin.
Uchrasa ham o‘tinchi,
Salom bergin birinchi,
Seni ko‘rgan har sinchi
Odobsiz deb bilmasin.
Тentak so‘ksa, do‘qlama,
Yong‘oqzorda uxlama,
Alam o‘tsa, yig‘lama,
Bardoshlilar o‘lmasin.
Hatto holing tangida
G‘oz yur odam rangida,
Yo‘l so‘rama bangidan,
Seni sarson qilmasin.
Yuvoshga musht do‘layma,
Zo‘rni ko‘rsang, go‘layma,
Och qolganda sulayma,
Qizlar sendan kulmasin.
Meshpolvon o‘zini xachirga joylab, enasining gapini beliga boylab, yo‘lga tushdi. Yo‘llar esa kaftdagi ajinlardek chiziq-chiziq, yarmi tekis-u yarmi buzuq, biri cheksiz-u biri uzuq edi. Bolapaqir oqsoq jonivorini niqtab, har qaysi guzarda bir to‘xtab, tepa kelsa o‘rlab, nishablikda ashulani tuyoq ovoziga jo‘rlab boraverdi:
Olma yedim baqalog‘idan,
Gilos yedim chaqalog‘idan,
Anjir yedim yapalog‘idan,
Bog‘bon buvaning shapalog‘idan…
Shu ko‘yi necha choyxona-do‘kondan, Bag‘dod-u Qo‘qondan, cho‘l-u dashtdan, Isfara-yu Ashtdan ziyon-zahmatsiz o‘tdi, majruh xachirni Jizzax-u Shahrisabzga tik soldirib, yana necha makonni ortda qoldirib, Qizilqumga yetdi. Sahroda bir hafta yurdi hamki, na qo‘qqaygan daraxt ko‘rindi, na so‘ppaygan quduq. Goh qattiq non kemirib, goh meshdan suv simirib, Sepkilshohning qasdida oldinga ketaverdi. Sepkilshoh esa bu vaqtda hashamdor qasrida bamaylixotir aysh surib yotar, yer yuzining nazardan qolgan qaysidir nuqtachasida o‘ziga qarshi dahshatli bir kuch siljiganidan mutlaqo bexabar edi.
Bir kuni kechki payt bo‘ron boshlanib, yer-u osmonni to‘zon qopladi, Meshpolvonni xachiriga qo‘shib yerga chapladi. Hayvon boshimdan sadag‘a deya jilovni qo‘yvorib, xurjunni mahkam quchoqlaganicha po‘stakka burkanib yotaverdi. Ko‘zi qumga, og‘iz-burni sho‘rttak tuzga to‘ldi. Тongga yaqin bo‘ron tingach, endi sahroni xurragi bilan besaranjom qilib, lohas uxlab qoldi.
Choshgoh mahali uyg‘onib qarasa, hatto qilt etgan shabada yo‘q, quyosh tikkaga kelib, yerni kabobdek jazillatib turibdi. Kal boshidan oqqan terdan chapyada bir cho‘mich suv to‘planibdi. Omon qolganim rostmiyolg‘onmi deb osmonga tupurib ko‘rdi. Loyqa tuprigi shap etib peshanasiga qaytib tushgan chog‘da ich-ichidan quvonib ketdi.
Shundan keyin xachirini qidirib tevarakka alangladiyu, qo‘rqinchli manzaradan badaniga qaltiroq kirib, yuragi taka-puka tepdi. Ko‘milib yotgan xachirning dumi bilan tumshug‘igina qum yuzasida arang ko‘zga chalinar, tumshuqning ustida ikkita gurza ilon bo‘yin tikkaytirganicha bir maromda tebranib «raqs tushayotgandi».
Meshpolvon oyog‘ini olti qilib qochishniyam, qumga sanchilib turgan o‘qlovni olib ilonlarga otishniyam bilmay, birpas xo‘shshayib qoldi. Es-hushini yig‘volgandan so‘ng: «Ke, mendan nima ketdi, shu turqi sovuqlargayam bir xushomad qipko‘ray-chi», deb so‘zga og‘iz juftladi:
Ilon tushga kirsa – boylik,
Voy, munchayam siz chiroylik,
Yashang, ilon afandilar!
Men va xachir o‘rtoq bo‘lib,
Keldik sizga qo‘noq bo‘lib,
Yashang, ilon afandilar!
Dumni qilib salang-sulang,
Mehmonlarga oq yo‘l tilang,
Yashang, ilon afandilar!
Chaqvolsangiz jon beramiz,
Chaqmasangiz non beramiz,
Kavshang, ilon afandilar!
Meshpolvon shunday deya xurjunidan bir hovuch tolqon olib, yerga sepdi. Sahro xo‘jayinlari siрolik bilan sudralib kelib tanovulga kirishgan damda, fursatdan foydalanib, xachirini xalos qilishga tutindi. Jonivorni yerdan qazib olgach, tirikchilik qilib mador to‘plasin degan maqsadda yantoqzorga haydarkan, ilonlar tomonga zimdan nazar tashladi. Ular tolqonni tinchitib bo‘lishib, mazaxo‘raklik bilan yalanib turishardi.
– Xush ko‘rdik, ilon afandilar, – deya ikki qo‘lini ko‘ksiga chog‘ishtirdi Meshpolvon. – Xo‘p, xayr bo‘lmasa.
Ilonlar hamon dikrayib turganidan dili qorong‘ilashib, bu surlar xachir ikkalamizni yeb bo‘lmaguncha ketmaydi, shekilli, deb o‘yladi. O‘lganining kunidan hiringlab, ularning oldiga cho‘kka tushdi.
– Yana mehmon qilay desak, o‘zimizdayam jig‘ildon bor, – dedi u yutinib. – Uydagilarga salom aytasizlar-da endi.
Ilonlar qattiq vishillab, kutilmaganda Meshpolvonga tashlanishdi, bir sapchib, uning qo‘yniga kirib olishdi. Qabristondek jimjit sahro zumda dod-faryodga to‘ldi:
«A-a-a!!! Voy-do-o-d! O‘ldi-i-m! O‘lyapma-a-n! Voy, ena-a-a! Enajo-o-n!!!»
Meshpolvon u yoqqa yumalanib yig‘ladi – o‘lmadi, bu yoqqa yumalanib yig‘ladi – o‘lmadi, o‘rnidan turib, uvvos solganicha xachir atrofida qirq marta aylandi hamki, tirikligicha qolaverdi. Baqirish oxiri joniga tegib, jag‘ini tiydi, qo‘yniga sekin quloq soldi. Haliyam bu dunyoda turganiga ishonch СКАЧАТЬ