Oltin yurakli Avtobola. Anvar Obidjon
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Oltin yurakli Avtobola - Anvar Obidjon страница 4

Название: Oltin yurakli Avtobola

Автор: Anvar Obidjon

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-26-985-9

isbn:

СКАЧАТЬ G‘ani zargarni aytaman-da, – bezrayib gapni chuvaladi xizmatchi.

      – Dimlanma, Supersur, – toqatsizlandi Bekxo‘ja, – yorilib ketasan.

      – Xullasi kalom, qamoqda yurak o‘ynog‘i tutibdi.

      Bekxo‘ja ovsar xizmatchisining bo‘g‘zidan asosiy gapni sug‘urib olishga oshiqdi:

      – O‘libdimi?!

      – Tinchibdi chol, – deya pinak buzmasdan barmog‘ini shiqirlatdi Supersur.

      Bu Bekxo‘ja uchun so‘nggi haftalardagi eng quvonchli daqiqa edi. Yengil tortib, kresloga yastandi.

      – Menga qo‘shilib aza tutayotganingdan minnatdorman, azizginam Supersur, – qup-quruq ko‘zlariga shunchaki ro‘molcha surtayotib, odob yuzasidan mungliroq ovozda gapirdi u. – Nachora, shaxsan yuqoridagi zotga tog‘amizdek oddiy zargar kerak bo‘pqolgan ekan, sen bilan men o‘rtaga tusholmaymiz.

      YIGIRMA YILDAN SO‘NG

      Bahor havosiga ishonib bo‘lmaydi: ertalab quyosh charaqlab turgan edi, tushdan keyin to‘zon ko‘tarilib, shimol tarafdan qora bulutlar karvoni yopirilib kela boshladi, kechga yaqin yomg‘ir savalab berdi. Shiddatkor tomchilar o‘tgan yilgi juldur yaproqlarni shoxlardan uzib olib, chirpiratganicha yerga chaplar, zahil daraxtlarning batamom yalang‘ochlangan novdalari yangi libos kiyish oldidan yaxshilab cho‘milayotganga o‘xshardi.

      Qosh qorayib qolgan paytda Bekxo‘ja zargarning xilvat chorbog‘i yaqiniga taksi avtomashinasi kelib to‘xtadi. Uning orqa eshigidan bolishnusxa xalta ko‘tarib olgan qomatdor kimsa tushdi-da, junjikkanicha yomg‘irpo‘shga burkandi. Bu o‘sha Ko‘rshapalak laqabli talonchi edi. Bundan besh-olti oy ilgari o‘n yillik qamoq jazosini o‘tab kelib, yana eski hamtovoqlarini topib olgandi.

      Taksi qaytib ketgach, Ko‘rshapalak anhor ustidagi ko‘prik taxtalarini mayishtiradigan darajada vazmin qadam tashlab, ko‘hna qayrag‘ochlar og‘ushidagi g‘ishtin uy tomonga yurdi. Anhorning zaxi urib, ikki yondagi tosh devorchasini po‘panak bosa boshlagan zinapoyadan ko‘tarilib, ayvonchaning panasiga suqildi. Qo‘lini endigina qo‘ng‘iroq tugmasiga cho‘zgan chog‘da zarang eshik tovushsiz ochilib, olti yoshlar chamasidagi chaqmoqko‘z bola iltifotsizlik bilan uni ichkariga imladi:

      – Kiraver, egriburun. Kelayotganingni derazadan ko‘rib turuvdim.

      Ko‘rshapalak dahlizga kirib, shlapasi bilan yomg‘irpo‘shini qoziqqa ildi. Keyin bolaning yelkasiga do‘stona qoqib, bo‘rinamo tirjaydi.

      – Ishtahalari joyidami, janob tayyorxo‘r?

      – O‘zing tayyorxo‘r? – mushtini tugib, jirrakilik bilan o‘shqirdi bola. – Nima opkelding menga?

      – Biz va’dasida turadigan mardlardanmiz, Xoldorvoy, – Ko‘rshapalak kostumining ichki cho‘ntagidan o‘yinchoq to‘pponcha chiqarib, bolaga uzatdi. – Manavi duranduletni to‘pponcha deydilar.

      Quv bolakay sevinganini sezdirmaslikka tirishib, qovoq uyganicha to‘pponchani qo‘liga oldi. Keyin uni Ko‘rshapalakning qiyshiq burniga to‘g‘rilab turib, tepkini bosdi. Kuchala toshli to‘pponcha og‘zidan uchqun sachratib, tirillay ketdi.

      – Yaxshisini topibsan, egriburun, – sovg‘a uchun o‘ziga xos tarzda minnatdorchilik bildirdi Xoldor. – To‘pponchasiz kelganingda, kallangni uzvolardim.

      Shu payt ichkaridan biyobonsifat kallasiga sholchado‘ppi qo‘ndirgan Supersur chiqib keldi.

      – Xo‘jayin seni kutib o‘tiribdi, – Ko‘rshapalakka tosrayganicha qo‘l uzatarkan, salom-aliksiz maqsadga o‘tdi u. – Kir tezroq.

      Ko‘rshapalak skafandr kiygan g‘avvosdek lapanglaganicha ichkariga qarab odimladi. Sholcha-poyandozni tepalab borib, cho‘ziq xona oxiridagi qora charm qoplangan eshikni qo‘pollik bilan o‘ziga tortdi.

      Bekxo‘ja zargar velosiped g‘ildiraklari orasiga o‘rnatilgan biqqi kreslosida xona to‘rrog‘idagi elektr o‘choqqa yuzlangan ko‘yi isinib o‘tirardi. Hatto eshik yopilgandan keyin ham miq etmadi.

      – Salom berdik, xo‘jayin, – poygakda to‘xtalib, atayin baland ovozda gapirdi Ko‘rshapalak.

      Kresloning bo‘ychan suyanchig‘i ortidan arvohlarnikiga o‘xshash o‘sha tiniq tovush eshitildi:

      – Qulog‘im senda, Ko‘rshapalak. Professorning qalb sandig‘idan biron narsa o‘mardingmi?

      Ko‘rshapalak stolga yaqin borib, qo‘lidagi xaltani ichimlik to‘latilgan grafinning yoniga qo‘ydi.

      – Keragidan ko‘proq eplashtirganga o‘xshaymiz, xo‘jayin.

      Zargar g‘ildiraklarni qo‘li bilan harakatga keltirib, stol tarafga o‘girildi, Ko‘rshapalakka muloyim nigoh tashlab, qarshisidagi o‘rindiqqa o‘tirishga ishora qildi.

      – Rostini aytsam, azizginam, bu sandiqqa sendagi kalitlar tushmasmikin deb qo‘rqqandim, – dedi u mamnun qiyofada.

      Ko‘rshapalak xaltani ochib, radio muxbirining reportyorini eslatuvchi g‘ilofli magnitofonni oldi.

      – Mahmadanaroq bir yigitim bor, – magnitofonni sozlayotib, izoh berdi Ko‘rshapalak. – Radiodan yuborilgan muxbirman deb, professorni rosa vaysatibdi.

      Bekxo‘janing istarasiga raxna solib turuvchi qonsiz yuzida kuldirgich o‘ynadi.

      – Ofarin, Ko‘rshapalak! Kamol Kamtariyning bebaho ma’ruzasini nihoyat tekinga tinglaydigan bo‘libmiz.

      Ko‘rshapalak labiga sigaret qistirib tutatdi-da, magnitofon murvatini buradi. Dastavval soxta muxbirning sayroqi ovozi eshitildi.

      MUXBIR: Muhtaram ustoz, keyingi maqolalaringizdan birida qandaydir avtoodam yasayotganingizga shama qilib o‘tgandingiz. Qisqa vaqt ichida radio shinavandalaridan yuzlab xat oldik – avtoodamga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda. Agar sir bo‘lmasa, shu ixtiro haqida batafsilroq so‘zlab bersangiz.

      PROFESSOR: Avvalo shuni aytib o‘tishim kerakki, bu temirtan fikran barkamol avtoodam emas, balki jamiyat oldidagi burchini hali chuqur his qila olmaydigan kibernetik Avtobola xolos. Uning mustaqil fikrlay olish qobiliyati birmuncha chegaralangan, unga muntazam ravishda yo‘l-yo‘riqlar berib turishga to‘g‘ri keladi.

      MUXBIR: Radiotinglovchilarimizni temirtanning asosiy xususiyatlari ko‘proq qiziqtiryapti.

      PROFESSOR: Barcha toifadagi kishilarga birdek tushunarli bo‘lishi uchun bu haqda soddaroq qilib gapira qolay. Avtobolani yasar ekanman, inson organizmidan iloji boricha aniq nusxa ko‘chirishga harakat qildim. Uning kalla qismiga joylashtirilgan mikrosxema tuzilish jihatidan odamzodning miya to‘qimasiga judayam o‘xshab ketadi. Bu to‘qima sharofati bilan u ko‘radi, eshitadi, gapiradi, idrok etadi, aniq maqsadga bo‘ysungan holda harakat qiladi… Charchaydi ham. Shu tufayli, maxsus tugmachani bosib, uni kamida olti-yetti soat uyquga yotqizish lozim bo‘ladi. Aks holda, uning miya to‘qimasi uzog‘i bilan o‘ttiz besh soatdan keyin butunlay ishdan chiqishi mumkin.

      MUXBIR: Uyqusizlikka kelganda, Avtobola o‘t o‘chiruvchilardan chidamliroq ko‘rinadi.

      PROFESSOR: Juda o‘rinli hazil… Gapda davom etadigan СКАЧАТЬ