Oltin yurakli Avtobola. Anvar Obidjon
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Oltin yurakli Avtobola - Anvar Obidjon страница 1

Название: Oltin yurakli Avtobola

Автор: Anvar Obidjon

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-26-985-9

isbn:

СКАЧАТЬ >

      SEHRLI SARTAROSHXONA

      Ajdodlarimizning donishmandligidan faxrlanib yuruvchi o‘qimishli bolalar yaxshi bilishadi – Sherdor madrasasini tiklashga o‘n ikki yil, dunyoda qiyosi yo‘q Oqsaroyni bitkazishga qariyb chorak asr vaqt sarflangan. Peshtoqiga «Qaychi xola» deb yozib qo‘yilgan yog‘och do‘koncha esa, shahrimizning qoq o‘rtasida bir kechadayoq paydo bo‘ldi-qoldi.

      Xo‘sh, nima qipti, dersiz. Gap shundaki, o‘sha do‘koncha qurilmaganda, ushbu qissa ham bitilmagan bo‘lardi.

      Xullas, usta Toshmat degan tinib-tinchimagur chol nafaqaga chiqqanidan so‘ng uyda uymalanishdan zerikib, bolalar uchun alohida sartaroshxona ochdi. Balki bunaqa maxsus sartaroshxona jahonda yakka-yu yagonadir-u, olamshumul yangilik yaratganidan cholning o‘zi ham bexabar yurgandir.

      Sartaroshxona bolalarniki bo‘lishiga qaramay, u yerdan na qiy-chuv, na araz-duraz, na yig‘i-sig‘i eshitilar, tabiiyki bu hol o‘tkinchilarni taajjubga solar edi. Hatto ilgarilari ustaning qo‘lidagi mo‘ykesarni temir yalmog‘iz deb o‘ylaydigan kenja o‘g‘lim ham endi miq etmay o‘tirib soch oldiradigan bo‘ldi.

      Buning sababi bor. Usta Toshmat juda ko‘p ertaklarni bilar, «Avazxon», «Kuntug‘mish», «Go‘ro‘g‘li» singari dostonlarni yoddan aytar, «mish-mish» gaplarga o‘xshab ketuvchi sirli voqealarni hayajonli tarzda hikoya qilib berardi. Bunaqa vaqtda bolalardan tortib, mittivoylarni yetaklab kelgan ota-onalargacha navbat kutib zerikmas, ayrimlar soch oldirib bo‘lganidan keyin ham usta buvaning so‘zi tugashini poylab, ketolmay turishardi.

      Buniyam o‘sha sartaroshdan eshitganman. Bo‘lib o‘tgan ishlarga oz-moz qo‘shib-chatib gapirganmi, Marchello bilan Gabriella ertagiga qiyosan o‘zi ichidan to‘qiganmi, aniq bir narsa deyishim qiyin. Umuman, buning unchalik ahamiyati ham yo‘q. Biz uchun muhimi shuki, bu juda qiziq voqea.

* * *

      Shahrimiz o‘zining ulug‘vorligi bilan emas, ko‘rkam va sarishtaligi tufayli og‘izga tushgan. Bir-birini shaxmat kataklariday kesib o‘tuvchi ravon ko‘chalari ulkan chinorlarning tarvaqaylagan shoxlari ostiga ko‘milib yotadi. Markazdagi o‘rmonsimon bog‘ga kirsangiz, yurtimizda o‘stiriladigan gullardan istalgan namunani topishingiz mumkin. Bog‘ yonidan oqib o‘tadigan soyning uloqchi suvi saratonda ham tishingizni qaqshatadi. Shahar shimol yoqdan yaydoq dashtga borib taqalsa, g‘arbi – tog‘ etaklariga, sharq tarafi chuchmoma-yu yakkam-dukkam giyohlargina o‘sadigan sertosh adirlarga tutashgan. Janubiy qismini esa o‘rkachdor yaylovlar, buloqlarga boy chakalakzorlar tashkil etadi.

      Adirga yondosh tomondagi chakalakzor tepasidan o‘tuvchi soyning shoxobchasi hisoblanmish kichik anhor yoqasida baland tosh devor bilan qurshalgan mo‘jazgina qo‘rg‘on bor. Bu qo‘rg‘on bir davrlarda paxtachi boyning chorbog‘i bo‘lgan ekan.

      Aytishlaricha, paxtachi boy hokimiyat «qizillar» qo‘liga o‘tgandan keyin bor bisotini tuyalarga ortibdi-yu, to‘ng‘ich xotini va bolalarini ergashtirib, uzoq yurtga bosh olib ketibdi. Kenja xotini qattiq shamollashdan betob yotgani sababli olti oylik o‘g‘li Bekxo‘ja bilan shaharda qolibdi. Boyning paxta zavodi, dang‘illama uylari, qolgan-qutgan mol-mulki davlat tomonidan musodara qilingan bo‘lsa-da, shahar chetidagi kichik chorbog‘i kenja xotiniga xatlab berilibdi.

      Bekxo‘janing onasi savodxon ayol bo‘lib, hamma uni Otin bibi deb atardi. Otin bibi o‘g‘lini bilimdon, tadbirkor, so‘zamol qilib tarbiyalay boshladi. Bekxo‘ja yoshi yetib maktabga tortilgach, dunyoviy ilmlarni egallashda ham zo‘r ishtiyoq ko‘rsatib, e’tibor qozondi.

      Lekin hayotda tasodif ko‘p. Bekxo‘ja o‘n to‘rt yoshga qadam qo‘yganida to‘satdan shol bo‘lib qoldi. Shundan keyin G‘ani zargar degan tog‘asi uni tarbiyasiga olib, tirikchilikka yarab turar degan maqsadda o‘z kasbini o‘rgata boshladi. Zehni o‘tkir Bekxo‘ja to‘rt-besh yildayoq zargarlikda tog‘asidan ham o‘tib ketdi, yasagan taqinchoqlarining ta’rifi butun shaharga yoyildi.

      O‘g‘lining ishlari rivoj topayotganidan Otin bibi qanchalar quvonmasin, baribir ko‘nglining bir chekkasi doimo xijil yurardi. Ayniqsa, qarindosh-urug‘lari to‘y-hashamga aytganida, kelin ko‘rdiga borganida mung‘ayib qolar edi.

      Keyinchalik bir dardi ikki bo‘ldi. Bekxo‘ja tunlari oldiga keladigan qandaydir shubhali kimsalar bilan gohida sahargacha gurunglashadigan qiliq chiqardi.

      Otin bibi sil kasalligidan vafot etgach, shahar chetidagi osoyishta chorbog‘ Ko‘rshapalak laqabli mashhur qulfbuzar to‘dasining bosh maslahatxonasiga, paxtachi boy qurdirgan sirli yerto‘lalar o‘g‘irlangan mol saqlanadigan omborlarga aylandi.

      Ishlar yurishib turgan bir pallada G‘ani zargar yashirincha tilla sotayotib qo‘lga tushib qoldi. Qariyaning salgina tildan toyishi butun to‘daning fosh etilishi degan gap edi. Shundayin ham bir cho‘qib, yetti alanglab yashayotgan Bekxo‘ja bu voqeadan so‘ng butkul oromini yo‘qotdi. Qanday bo‘lmasin, G‘ani zargarni qamoqdan qutqarib olish lozim edi. Lekin qanday qilib? Qaysi kalit bilan?

      Kalitning daragi mutlaqo kutilmagan joydan chiqdi. Bekxo‘ja bir kuni yangi gazetlarni apil-tapil ko‘zdan kechirayotib sobiq sinfdoshi, endilikda dovrug‘dor olim Kamol Kamtariy haqidagi maqolani o‘qib qoldi-yu, yarasiga malham topilgandek sevinib ketdi.

      – Avvalroq esimga kelmaganini qarang-a, – deya qo‘llarini bir-biriga ishqab qo‘ydi u. – Mana, kalitniyam topdik hisob. Endi bahosini insof bilan chamalab ko‘raylik.

      PISMIQ ZARGAR

      Kamol navbatdagi tabriknomani ochib, odatiga ko‘ra oldin imzoga ko‘z tashladi: «Bekxo‘ja». Kim bo‘ldi bu?

      Uzoq o‘ylanib o‘tirmay, xatni o‘qiy boshladi.

      «Azizginam Kamol! Texnika fanlari nomzodi unvonini olganing bilan chin yurakdan tabriklayman. Martabang bundan ham ulug‘ bo‘laversin, biz faxrlanib yuraveraylik.

      Ko‘rishmaganimizgayam ancha bo‘ldi. Dam olish kuni qittak fursat topib, biz g‘ariblardan hol-ahvol so‘rab o‘tsang, boshim osmonga yetardi. Harqalay, chorbog‘imni unutmagandirsan?

      Hozircha xayr. Seni sog‘inib kutuvchi:

      Bekxo‘ja».

      Xatni o‘qib bo‘lib, muallifning kimligi nihoyat yodiga tushdi-yu, lov etib yuziga qon tepdi. Kamol yoshligida dimog‘dor Bekxo‘ja bilan hech qachon yaqin tutinmagandi. Shunga qaramay, nogiron bo‘lib qolgan maktabdoshini kiroyi odamgarchilik yuzasidan yo‘qlab qo‘yish biron marta esiga kelmaganidan uyalib ketdi, do‘ngalak peshanasini kaltabaqay barmoqlariga tiraganicha xayolga cho‘mdi…

      Kamol muallimlardan kamdan kam tanbeh eshitardi. O‘sha kuni tarix o‘qituvchisi uni tergab qoldi:

      – Oxirgi vaqtlarda susayib ketyapsan. O‘z yurtining tarixini bilmaslik… bu endi…

      – Bunga matematika bo‘lsa bas.

      – Sendan so‘rayotganim yo‘q, Bekxo‘ja!

      – Hm… xullas, endi yosh bola emassan, Kamol. Muqannani Torobiy bilan adashtirib o‘tiribsan-a.

      – Qo‘yib bersangiz, bu afandim Jaloliddinni Qo‘qon xoni bo‘lgan deyishdanam toymaydi.

      – Bekxo‘ja! Jim tur deyapman!

      – To‘g‘ri-da, – baribir tiyilmadi Bekxo‘ja. – Kallavaramligini betiga aytib qo‘yish kerak.

      Endi Kamolning ham sabri tugadi.

      – Og‘zingni yumib o‘tir, sarqit!

      Dars СКАЧАТЬ