Название: Alamazon va uning piyodalari
Автор: Anvar Obidjon
Издательство: SHARQ
isbn: 978-9943-26-984-2
isbn:
– Rahmat, tog‘ajon. Judayam yaxshi odamga o‘xshayapsiz.
Alamazonning Tirtiqqa tinmay uzatib turgan «masallig‘i»ga nisbatan ancha ta’msiz bo‘lsa-da, bu ham harholda maqtov edi. Shilpiqning chehrasi yorishdi.
Yaxshi gap bilan itning og‘zidan suyakni olish mumkinligiga ishonch hosil qila boshlagan Alamazon bu vaqtda Tirtiqni haddan ziyod yalpaytirib tashlagandi.
– Yomon bolaga o‘xshamaysan, – mamnun lab yalab qo‘ydi maqtovlardan qorni to‘ygan Tirtiq. – Lekin xafa bo‘lma-yu, baribir sizlarni xufiya ishlar boshlig‘i Fisqiddin Makru Marazning ixtiyoriga topshirishimiz kerak. Vazifamiz shunaqa, xix, tfu!
– Nega endi?
– Chunki ikkalang Ajdaroboddan yuborilgan josus-sanlar. Aytmasanglar ham aqlim yetib turibdi.
«Ajdarobod yana qayer bo‘ldi? – o‘yladi Alamazon, – «O‘rta asrlar tarixi»da bunaqa joy yo‘q edi shekilli».
– Yana uch kundan keyin o‘rnimizga boshqa soqchilar kelishadi, – davom etdi Tirtiq. Keyin g‘orning quyirog‘idan boshlangan chakalakzor o‘rtasida elas-elas ko‘zga tashlanib turgan kulba tomonga qo‘l cho‘zib dedi:
– Ungacha ho‘ o‘sha hujrada, Humo Xartum bilan yashab turasanlar.
– Kim u… Humo Xartum?
– Jinniroq bir chol, – xiyol tirjayib qo‘ydi Tirtiq. – Bir paytlar hamma unga egilib salom berardi. Keyin, omadi ketdi-yu, hamma uni masxara qiladigan bo‘l-di. Xix, tfu! Senlarni unga qo‘shmaslik kerak edi-yu, boshqa iloj yo‘q. U jinnining aljirashlariga quloq solmanglar.
Tirtiq sherigini poyloqchilikda qoldirib, tutqunlarni so‘qmoqdan pastga boshladi.
– Qani, ketdik, xo‘p-pa!
– Xo‘p-pa! – quvlik bilan uning gapini takrorladi Alamazon va Eshmatga qarab qichqirdi:
– Shimni balandroq ko‘tar, to‘lpoq piyodam. Muqaddas yurish davom etadi. Oldinda – Humo Xartum!
HUMO XARTUM
Humo Xartum deganlari mirzaterakdek novcha va ingichka bir chol ekan. Uning noksimon kallasi bo‘yin ustida emas, yelkalari orasida qistirig‘lik turganga o‘xshardi. Sipohi bolalarni ergashtirib hujraga kirib borganda u qandaydir juldur kitobni shosha-pisha taxmon ustiga qo‘yayotgan edi.
– Qalaysan, chol? – do‘rilladi Tirtiq. – Ajdarobodlik josuslarni ushladik. Kulbangda kun ko‘rib turishar. Keyin bularni Tandirga olib ketamiz.
«Tandir» so‘zini eshitib kapalagi uchgan Eshmat ko‘zi javdirab Alamazonga qaradi, uning beparvo turganini ko‘rib, g‘ashi keldi.
Chol josuslarga razm solmoqchi bo‘ldi-yu, lekin ochiq eshikdan tushib turgan nurdan ko‘zi qamashib, ularning aft-angorini tuslab ololmadi.
– Senga aytib qo‘yay, bularing juftakni rostlab qoladigan bo‘lishsa, ketidan quvib yuradigan ahvolim yo‘q, – javobgarlikni bo‘ynidan soqit qildi Humo Xartum.
– Qayoqqa qochishardi, – «xix» deb qo‘yib, qayerga tupurishini bilmay turgach, bir yutinib, so‘zda davom etdi Tirtiq. – Issiqg‘orning og‘zida biz turibmiz. Ajdarobodga boradigan bitta-yu bitta yo‘l – Qoratuynuk. U yerni poshsholikning kamonchilari qo‘riqlashyapti.
Chol qovog‘ini uyib, boshini quyi soldi. Chamasi, josuslarni saqlab berishdan ko‘ra zarurroq ishlari ko‘p edi.
Tirtiq bolalarni tashqariga chiqarib yuborib, cholga tugmachiroqni uzatdi.
– Josuslardan o‘lja oldik. Sandiqqa sop qo‘y.
Sipohi chiqib ketgach, chol tugmachiroqni qiziqib ko‘zdan kechira boshladi. Uni avval qulog‘iga yaqin tutib silkib ko‘rdi, so‘ng shishasini avaylab chertdi, oxiri botinib-botinmay tugmachani bosdi. Hujra devorida chaqmoq chaqnagandek bo‘ldi-yu, chol chiroqni qo‘lidan tashlab yubordi. Picha o‘ylanib turgach, miyasida qo‘qqis paydo bo‘lgan fikrdan qattiq hayajonga tushib, halloslaganicha tashqariga chiqdi. U bolalarni sinchkovlik bilan boshdan oyoq ko‘zdan kechirdi, kela solib Eshmatning ko‘ylak va shimini siypaladi, uning oyog‘idagi botinkaga butun diqqatini berib tikildi.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «ЛитРес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на ЛитРес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.