Название: Alamazon va uning piyodalari
Автор: Anvar Obidjon
Издательство: SHARQ
isbn: 978-9943-26-984-2
isbn:
– Eshmat, qayt orqaga! – jon-jahdi bilan qichqirdi u. – Qayt! O‘lasan!
«O‘lasan!» degan so‘zdan qattiq ta’sirlangan Eshmat hakkalaganicha darhol ortga qaytdi.
– Vey, nima deyapsan? – so‘radi u gezarib.
Alamazon vaziyatni lo‘nda qilib tushuntirarkan, ikki tarafdan qisib kelayotgan qoya Eshmatning ko‘ziga bahaybat og‘zini imillab yopayotgan qonxo‘r maxluq bo‘lib ko‘rindi.
Ular halloslaganlaricha yana ichkariga qarab yurishdi. Oqsayotgan Eshmatning qo‘ltig‘iga kirib olgan Alamazon uni sudragudek bo‘lib jadal yurishga undar, tezroq harakat qilish lozim edi.
Alamazon yerda yotgan suvdonni ko‘rmay dang‘illatib tepib o‘tarkan, boya o‘zi jahannam deb atagan joyga yetib kelishganini angladi. Bundan bir necha daqiqa oldin bu yerda arava siqqulik yo‘lak bor edi, endi esa bir qulochcha joy qolgandi, xolos.
Xazina qidiruvchilar changdan yo‘tala-yo‘tala to‘xtovsiz olg‘a intilishar, qayoqqa borayotganlarini o‘zlari ham bilishmas edi. Ular dunyodagi jamiki lazzatlardan ming marta shirinroq bo‘lgan hayot ilinjida butun ong va vujudlari bilan oldinga, faqat oldinga intilishayotgandi.
AJAL PANJASIDA
Kutilmaganda, yuqoridan do‘ldek quyilib turgan toshchalar oqimi asta-sekin to‘xtab, mayda-mayda iliq suv tomchilari toma boshladi va birozdan so‘ng rasmana yomg‘irga aylandi. Chang sepsilib, nafas olish ancha yengillashgan sharoitda xazina qidiruvchilar yanada jadalroq harakat qila boshladilar.
Yovuz qoyalar esa hamon ularni ikki tarafdan qisib kelayotgandi. Yonma-yon yurishning iloji qolmagach, Eshmatga yordam berish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan Alamazon podachidek orqaga o‘tvolib, «Chaq-qonroq yur, chaqqonroq!» – deya yarador piyodasini qistashga tushdi.
Ular yo‘l-yo‘lakay umid bilan oldinga tikilishar, lekin yo‘lakning oxiri ko‘rinmasdi. Bir-biriga judayam yaqinlashib qolgan qoyalar orasida ko‘ndalang yurishga majbur bo‘lishgan mahalda, «endi tamom bo‘ldik», deb o‘yladi Alamazon yuragi dukillab.
– G‘orda o‘ladig‘onga o‘xshaymiz! – nafasi bo‘g‘ziga tiqilib xirqiradi Eshmat va bo‘g‘in-bo‘g‘inlaridan bo‘shashib, o‘zini yerga tashladi.
– Nega yotvolding? – Eshmatning yelkasidan tortib qichqirdi Alamazon. – Tursang-chi, to‘nka!
– Tillolaringga qo‘shilib gumdon bo‘l endi, – Eshmat bir siltanib, uning qo‘lidan chiqib ketdi. – Menga tegma! Tegma!
Alamazon yig‘lamas, lekin o‘lim dahshati uni ham ancha madorsizlantirib qo‘ygandi. Omadsiz Genri yomg‘irlar sovitib qo‘ygan devorga suyanib, jon talvasasida hiqillab yotgan soxta Frensisga dil-dilidan achinganicha turib qoldi. Bu paytda shundayinam juda xiralashib ketgan kamalakrang nurlar batamom so‘nib, g‘orni qorong‘ilik qopladi. Bu yanada vahimali edi.
Alamazon tugmachiroqni yoqib, o‘zining poyonsizligi bilan ularni o‘limga mahkum etayotgan berahm yo‘lakka mungli nazar tashladi. Chiroq nuri qoyalar ostini yoritgan damda uning qiyg‘ir ko‘zlari so‘nggi umid uchqunidan olmosdek chaqnab ketdi. Bir-biriga yaqinlashib kelayotgan qoyalarning pastki qismi shuvshigan bo‘lib, bu kavak qadamma-qadam yuqoriga kengayib, ichkariga chuqurlashib borgandi. Alamazon bir qarashdayoq qoyalar jipslashganda ularning ostida tuynuk hosil bo‘lishini anglab yetdi.
«Bu yerda hosil bo‘ladigan tuynukka odam sig‘maydi, – o‘yladi u, – tezroq oldinga siljish kerak».
– Biz tirik qolamiz, oshna! – butun g‘orni boshiga ko‘tarib qichqirdi Alamazon. – Joningdan umiding bo‘lsa, oldinga yur!
Eshmat jonidan umidvor edi. U yaradorga xos bo‘lmagan chaqqonlik bilan o‘rnidan turib, to‘pig‘iga chiqib qolgan suvni shaloplatganicha oldinga hakkaladi.
– Tezroq, tezroq! – uning yelkasidan tinmay turtkilay boshladi Alamazon. – Lallaymasang-chi, ishma!
Bu bo‘ralashlar o‘z foydasiga aytilayotganini payqagan Eshmat turtkilardan xafa bo‘lmay, jon-jahdi bilan likonglab borardi. Qoyalar xazina qidiruvchilarning ko‘krak va kuraklariga yaqinlashib qolgan chog‘da Alamazon Eshmatning yelkasiga qattiq musht urdi.
– Yot!
Eshmat gursillaganicha o‘zini yerga tashladi.
– Nega chalpak bo‘lib olding? – yana kuyukdi Alamazon. – Emakla! Boshingni ko‘tarmay emakla, to‘nka!
Ular tobora kengayib borayotgan kavaklar bo‘ylab emaklay ketishdi. Nihoyat momaqaldiroq kuchayib, ikkala qoya qarsillaganicha bir-biriga urildi. Yomg‘ir taqqa to‘xtab, hammayoq birdan jim-jit bo‘lib qoldi. Shu sukunat ichida o‘zining tirik ekanligini his qilgan Eshmat sevinganidan yana yig‘lab yubordi.
Tuynuk kengaya borib, oxiri kishi tik yursa bo‘ladigan g‘orga aylandi. Ozgina yurishgach, g‘orning bir chetidan tarnov bo‘lib tushayotgan suvni ko‘rishib, chanqovbosti qilishga oshiqishdi, lekin suv negadir qaynoq edi. Ularning hafsalasi pir bo‘ldi. Alamazon cho‘ntagini kavlashtirib uch dona qattiq non qalamchasini topdi, ikkitasini Eshmatga berdi.
– Menimcha, Yelkantog‘ orqasidagi bironta daradan chiqsak kerak, – dedi u nonni huzur qilib so‘rarkan.
– Bu tomonlardayam cho‘pon-mo‘ponlar bordir, – endi uncha oqsoqlanmay borarkan, og‘zi suvlashib ming‘irladi Eshmat. – Bir pishloqxo‘rlik qiladig‘on bo‘ldik, a?
Alamazon nasiya gaplarga hech qachon «ha» degan emasdi, bu safar ham indamadi. «Bu ishkambaga ovqat bo‘lsa bas, – nonni shimib borayotib, xayolidan o‘tkazdi u. – Shundan boshqa sherik qurib ketuvdimi menga?»
Alamazon ko‘pincha Eshmatdan nolib yurishiga qaramay, bo‘sh vaqtining talay qismini u bilan birga o‘tkazardi. Bunga sabab, birinchidan, Alamazon yashaydigan oila qishloq markazidan ancha chetda joylashgan yetti xonadonning biri bo‘lib, bu atrofda uning Eshmatdan boshqa tengdoshi yo‘q edi. Ikkinchidan, spartaklikka ishtiyoqi baland qahramonimiz o‘zining itoatkor piyodalariga ega bo‘lishni tun-u kun orzu qilar, Eshmatning go‘l va bo‘ysunuvchanligi uning uchun ayni muddao edi.
Eshmat ikkinchi qalamchani ham yamlab bo‘lgan paytda g‘or yorug‘lasha boshladi. Bora-bora tugmachiroq yoqib yurishga hojat qolmadi. Balo-qazolardan omon qolib, bu mudhish g‘ordan sog‘-salomat chiqib borayotganiga qaramay Alamazonning ko‘ngli g‘ash edi.
«Tayyor g‘ordan xazina topolmay qaytyapmiz-a, – alam bilan o‘yladi u. – He, attang, endi hamma ish davlatning yelkasiga tushadigan bo‘ldi».
TIRTIQ VA SHILPIQ
Ular g‘ordan chiqiboq, hayratdan angrayganlaricha to‘xtab qolishdi. Alamazon o‘zini yuzlab projektorlar nuri qalashib ketgan ulkan sahna qarshisida turgandek his qildi. Agar bu chindanam sahna bo‘lsa, u shunchalar zo‘r mahorat bilan bezatilgan ediki, ko‘rinib turgan narsalarning hammasi tabiiy ekanligiga kishining ishongisi kelardi. Ufqqa ilohiy tus ato etgan qizg‘ish tuman, tuman ostidan siyliqib chiqqan pastqam adirlar va bu adirlar qurshovida yastanib yotgan ko‘m-ko‘k vodiy kishini ohangrabodek bag‘riga СКАЧАТЬ