Название: Alamazon va uning piyodalari
Автор: Anvar Obidjon
Издательство: SHARQ
isbn: 978-9943-26-984-2
isbn:
– Bilasanmi, xazina qayerda, – qaysarlik bilan Esh-matni shalola tarafga yetakladi u. – Ana shu hovuzning tagi oltinga to‘lib yotipti. Ishonmasang, qulog‘imni garovga qo‘yaman.
Hujum qiluvchilarning fikriga ko‘ra taxminan Zimistonsaroy o‘ramida yotgan xazinani o‘lja qilish uchun erta tongda Jandag‘or og‘zidan boshlangan jang-u jadal endi hovuzda davom ettirildi. Mazkur vaziyat o‘pkaga iloji boricha ko‘proq havo to‘plab, mumkin qadar chuqurroq sho‘ng‘ishni talab etardi. Oxiri shu narsa aniqlandiki, hovuz tubidan olib chiqilgan bir necha hovuch «namunalar» tashqi ko‘rinishdan Qo‘chqorsoydagi shag‘allarga judayam o‘xshab ketarkan.
Muzdek suvga sho‘ng‘iyverib dildirab qolgan xazina qidiruvchilar shosha-pisha kiyimlariga burkanishdi.
– Endi dorini ishga solaman, – oxirgi o‘qi qolgan jangchidek asabiy qiyofada cho‘ntagini kavlay boshladi Alamazon. – Balki tog‘am mendan xafa bo‘lar, lekin boshqa ilojim yo‘q.
Mashhur professor Og‘abek Turkoniy Alamazonga tog‘a bo‘lardi. Professor dam olgani Hindistonga ketayotib, singlisini yo‘qlab o‘tish uchun kecha Toshtaqaga kelgandi. Chamasi, u ertaga kechki payt shahar aeroportiga yetib borishim kerak, deyayotgandek bo‘luvdi.
Alamazon kecha g‘orga borish haqida Eshmat bilan kelishib olgandan so‘ng, uyga qaytib, tog‘asining yonida ancha gaplashib o‘tirdi. Bir vaqt professor cho‘ntagidan kumush quticha chiqarib, uni asta tokchaga qo‘ydi. Alamazon uning nima ekanligini so‘radi.
– Dori, – dedi tog‘asi va jilmayganicha qo‘shib qo‘ydi. – Uni ichgan kishi xuddi ertaklardagidek niyat-maqsadiga yetadi.
– Do‘xtir tog‘angda ana shunaqa ajoyib dorilar bor, – kuldi Alamazonning oyisi. – Shuning uchun ham ishlari doimo oldinga yuradi.
Alamazonning allamahalgacha uyqusi kelmadi. Uning miyasida, «o‘sha dorini ichib olsang, xazinani albatta topasan», degan so‘z qayta-qayta takrorlanar, ichiga bir juft sarg‘ish tugmadori solingan kumush quticha ko‘zi oldida suratdek qotib turardi.
«Har ehtimolga qarshi dorilarni olvolsammikan? – o‘yladi u. – Yo so‘ramay olganim uchun tog‘am xafa bo‘larmikin? Be-ye, do‘xtirlarda nima ko‘p, dori ko‘p».
– Iye-iye, – ko‘zlari javdirab, Alamazonning qo‘lidagi sarg‘ish tugmachalarga tikildi Eshmat. – Nima buning?
– Dori deyapman-ku. Buni ichgan niyatiga yetadi.
– Zap opqochasan-da.
– Ishonmasang, o‘zingga. Men hozir ichaman-u, niyatimga yetaman.
Biron narsani totib ko‘rish imkoniyatini shu vaqtgacha qo‘ldan boy bermay kelgan Eshmat, tugmachalarga suqlanib qaradi.
– Ikkalasiniyam o‘zing ichvorasanmi, Alamazon?
– Bittasini sen ichasan, – ko‘nglingdagini sezib turibman, degandek unga mug‘ambirona ko‘z tashladi Alamazon. – Chunki, ikkalamizning niyatimiz bir.
Ular dorilarni ichib olishgach, murod-maqsadlariga yetishdan oldin hovuz bo‘yida yonboshlab, biroz hordiq chiqarmoqchi bo‘lishdi.
– O‘ziyam rosa charchabmiz-yey, – pishilladi Eshmat. – Cho‘zilib yotish biram xush yoqyaptiki.
Bu paytda Alamazon ham o‘zini sarxush his qilayotgan edi. Uning etlari yoqimli jimirlab, paylari tobora bo‘shashib borar, butun vujudini to‘yib-to‘yib uxlash istagi qamrab olayotgandi.
QONXO‘R QOYALAR
Momaqaldiroqni eslatuvchi guldiroq tovushdan Zimistonsaroy larzaga keldi.
– Iye-iye, – qulog‘ini ding qilib, Alamazonning pinjiga suqildi Eshmat. – Yer qimirlayaptimi?
Alamazon tugmachiroq nurini guldiroq tovush kelayotgan tomonga to‘g‘riladi va boya o‘zi: «Sim-sim, och eshigingni!» – deb qichqirgan joydagi xarsanglar ikki tomonga siljib borayotganini ko‘rib, dong qotib qoldi.
Xarsang siljishdan to‘xtagach, momaqaldiroq ham tinib, uning o‘rnini zirilloq tovush egalladi. Bu tovush bo‘sh paqir ichiga tushib qolgan saraton qo‘ng‘izning zo‘r berib qanot qoqishini eslatardi.
Xazina qidiruvchilar siljuvchi xarsanglarga yaqinroq borib, bu joyda bir kishi zo‘rg‘a sig‘adigan torgina yo‘lak paydo bo‘lganini ko‘rishdi. Yo‘lakning har ikki tomonidagi qoyalarda kamalakrang nurlar jilolanib turardi.
– Gavhar shunaqa tovlanadi, – tajribali zargarlardek ishonch bilan gapirdi Alamazon. So‘ng hayajondan tovushi titrab, Eshmatni olg‘a yurishga da’vat etdi. – Muqaddas yurish davom etadi, to‘lpoq piyodam. Oldinda – xazina!
Eshmat oyog‘i tortib-tortmay unga ergashdi. Ular oldinga yurganlari sari yo‘lak kengayib bordi, ayni chog‘da zirilloq tovush tobora avjga minayotgandi.
«Bu o‘sha ochko‘z o‘rgamchik! – «Uch qalb»dagi qonxo‘r o‘rgimchakni esladi Eshmat. – Tovushiga qaraganda, og‘zi tandirdan kichik bo‘lmasa kerak».
Yo‘lak ichidagi harorat qadamma-qadam oshib borayotgani bois ular terga botib ketishdi, bora-bora issiqlik etni achishtiradigan darajaga yetdi, birozdan so‘ng sochlari jizillab kuyayotganini his qilishdi. Nafas olish juda og‘irlashib ketdi.
– Yana o‘n qadam yursak, sariyoqqa o‘xshab erib ketamiz, – issiqdan yuzlari qizarib qichqirdi Eshmat.
Alamazon yengi bilan peshanasidagi terlarini artib, yuqoriga – zirilloq tovush kelayotgan tomonga qaradi. Chamasi, issiqlik ham o‘sha tarafdan ufurayotgandi. Devorlarda tovlanayotgan kamalakrang nurlar gavharlardan emas, balki juda baland joyda zirillab yonayotgan qandaydir narsadan taralayotganini u birdan anglab yetdi. Devor terak bo‘yi yuksaklikkacha tik borib, keyin o‘ng yoqqa og‘ib ketgani tufayli nur taratayotgan narsani pastdan turib ko‘rib bo‘lmasdi. Alamazon umidsizlikdan bo‘shashib, asta devorga suyandi, shu zahoti «uh» degancha yelkasini changalladi. Devor oftobda qolgan temirdek jizg‘in edi.
– Bu jahannamdan tezroq jilish kerak, – jizg‘in va tap-taqir jahannam haqida buvisidan eshitgan gaplarni eslab, Eshmatning dilidagini aytdi Alamazon. – Jahannamda gavhar bo‘lmaydi.
Shu payt zirilloq tovush keskin susaya boshladi. Devordagi jilokor nurlar ham asta-sekin xiralashib, issiqlik pasayib borayotgandek tuyuldi. Xazina qidiruvchilar nima voqea yuz berayotganini anglab ulgurmay, yana momaqaldiroq yangradi. Tepadan mayda toshchalar do‘ldek quyila ketdi. Eshmat suvdonni tashlab yuborib, ikkala qo‘li bilan boshini to‘sdi. Devorning yuqori qismi o‘ng tomonga og‘ib ketgani uchun tosh yomg‘irlari faqat chap devor bo‘ylab yog‘ilayotgandi. Bu qulaylikdan foydalangan Eshmat birinchi bo‘lib o‘ng devor yoqalab qochishga tushdi.
Landavurlik kishiga har qadamda pand beradi. Oldinda duppa-durust shataloq otib borayotgan Esh-mat birdan toshga qoqinib ketib, yerga chalpak bo‘lib yiqildi. Buning ustiga shoshilishda, Alamazon uning qoq belidan bosib o‘tdi-yu, endigina o‘rnidan qo‘z-g‘alayotgan Eshmat yana yerga qapishib qoldi.
– Senga nima bo‘ldi, Eshmat? – Alamazon tugmachirog‘ini yerga qo‘yib, uning qo‘ltig‘idan ko‘tardi. – Qani, turaqol. Hademay Zimistonsaroyga yetvolamiz.
Eshmat inqillab o‘rnidan СКАЧАТЬ