Название: Қуёш барибир чиқаверади
Автор: Эрнест Миллер Хемингуэй
Издательство: Yangi asr avlodi
isbn: 978-9943-20-989-3
isbn:
– Menga esa yoqadi, – dedim men. – Hatto uni yaxshi ko‘raman. Undan xafa bo‘lmaslik kerak.
– Bilaman, – dedi Kon. – Shunchaki, u asabimni qo‘zg‘ataveradi.
– Bugun ishladingizmi?
– Yo‘q. Bugun hech yopishmadi. Hozir birinchi kitobimni yozganimdan ko‘ra ko‘p qiynalyapman. Hecham yurishmayapti.
Erta bahorda Amerikadan qaytib kelgan paytdagi qat’iy ishonchi endi yo‘q edi. O‘shanda u adabiyot sohasida talanti borligiga shubha qilmasdi, faqat sarguzashtli hayotga tashnaligi xumor qilib Robertni qiynardi. Endi bu ishonch qolmagandi. Bir paytlari Robert Konning ichki dunyosini aniq bilish menga mumkin emasdek tuyilgandi. Gap shundaki, u Bretni sevib qolmasidan oldin, o‘zini boshqa odamlardan farqlaydigan birorta fazilati haqida hech qachon gapirmagandi. U mohirlik bilan tennis o‘ynar, qaddi-qomati kelishgan, chaqqon edi, brij o‘yinida ham yomon emasdi, nimasi bilandir talabani eslatardi. Katta davrada uning biror g‘aroyib narsa haqida hikoya qilganini aslo eshitmaganman. U polo fasonida tikilgan ko‘ylak kiyib yursa ham – bu ko‘ylakni kollejda biz shunday atardik, hozir ham shunday deyishsa kerak – o‘zini yosh qilib ko‘rsatishga urinmasdi. Menimcha, oliftagarchilik qilishni ham unchalik yoqtirmasdi. Uning tashqi qiyofasi Prinstonda shakllandi. O‘zini tarbiyalagan ikki ayol ta’sirida orasta-yu ozoda kiyinib yuradigan bo‘ldi. Unda ayollarning na unisi, na bunisi yo‘qotishga muyassar bo‘la olmagan bolalarga xos yoqimli sho‘xligi saqlanib qolgan bo‘lib, aftidan, men bu holatni yaxshi ko‘rsatolmagan bo‘lsam kerak. Masalan, tennis o‘ynayotganda u g‘olib chiqishni juda-juda yoqtirardi. Chamamda, u mashhur Lenglen kabi har bir o‘yinda yutib chiqishni istardi. Lekin mag‘lubiyatga uchraganda tumshayib olmasdi. Bretni sevib qolganidan keyin uning butun mahorati chippakka chiqdi. Kon uni mag‘lub etishni hech qachon orzu qilolmagan tennischilarga ham birin-ketin yutqaza boshladi. Ammo bunga xafa ham bo‘lmadi.
Shunday qilib, biz «Selekt» kafesining ayvonida o‘tiribmiz. Xarvi hozirgina ko‘chani kesib o‘tdi.
– Yuring, «Klozeri-de-Lil»ga boramiz, – dedim men.
– Uchrashuvni shu yerga tayinlagandim.
– Soat nechada?
– Frensis yettidan o‘n besh daqiqa o‘tganda keladi.
– Ana, kelyapti.
Frensis Klayn ko‘cha bo‘ylab biz tomon yurdi. U judayam bo‘ydor bo‘lib, katta-katta qadam tashlab tez kelardi. Frensis bizga qo‘l silkib jilmayib qo‘ydi. Biz uning ko‘chani kesib o‘tishiga qarab turdik.
– Salom, – dedi u. – Sizni bu yerda uchratganimdan juda xursandman, Jeyk. Sizga aytadigan gapim bor.
– Hello, Frensis, – dedi Kon. U jilmayib turardi.
– Iye, salom Robert! Senam shu yerdamisan? – u bidirlab gapirardi. – Bugungi kunim ahmoqona o‘tdida. U, – Frensis Konga ishora qildi, – tushlik qilgani uyga kelmadi.
– Borishim shart emasdi.
– O, buni bilaman. Ammo xizmatkorni ogohlantirib qo‘ymabsan-da. Keyin Paulo bilan va’dalashgandik, ammo u tahririyatda yo‘q ekan. «Rits»ga borib uni kutuvdim, hadeganda kelavermadi, «Rits»da ovqatlanishga odatdagidek pulim yetmadi.
– Xo‘sh, keyin nima qildingiz?
– Albatta, chiqib ketdim-da. U ataylab xushchaqchaq gapirardi. – Men doimo va’damning ustidan chiqaman. Hozir hech kim bunaqa qilmaydi. Xo‘sh, ahvollaringiz qalay, Jeyk?
– Yaxshi.
– Dansingga yoqimtoygina bir qizni boshlab kelib, anavi Bret bilan sezdirmay qochib qoldingiz-a?
– U senga yoqadimi? – so‘radi Kon.
– Menimcha, nihoyatda jozibali ayol. Sening-cha, qanday?
Kon indamadi.
– Menga qarang, Jeyk. Sizga aytadigan gapim bor. Yuring, ro‘paradagi «Gumbaz» kafesiga kiramiz. Sen shu yerda o‘tiratur, Robert, maylimi? Yuring, Jeyk.
Biz Monparnas xiyobonidan o‘tib, kafedagi stollardan birini egalladik. Gazeta sotuvchi bolakay o‘tib qoluvdi, «Tayms»ning Parij nashrini sotib oldim.
– Nima gap, Frensis?
– E, arzimagan gap, – dedi u. – Kon shunchaki, meni tashlab ketmoqchi bo‘lyapti.
– Qanaqasiga tashlab ketarkan?
– U menga uylanishi haqida hammaga jar solgandi, o‘zimam oyimga, boshqalarga aytib qo‘yuvdim, endi esa Robert buni istamayapti.
– Nima bo‘ldi o‘zi?
– U hali hayotdan bahramand bo‘lolmaganmish. Nyu-Yorkka jo‘nab ketganda, xuddi shunday bo‘lishini bilgandim.
U jo‘rttaga beparvo gapirishga harakat qilib, chaqnoq ko‘zlari bilan menga qarab qo‘ydi.
– Agar xohlamasa, unga xotin bo‘lmayman. Albatta, bo‘lmayman. Endi men hech qachon u bilan turmush qurmayman. Lekin hozir biroz kech bo‘ldi-da. Biz uch yil kuta-kuta, endigina taloq xatimni olgandim.
Men indamay o‘tiraverdim.
– Biz zo‘r to‘y qilmoqchiydik, buning o‘rniga boshimiz musibatda qoldi. U xuddi go‘dakka o‘xshaydi. Ko‘kragiga urib yig‘laydi, tashvish tortmasligimni iltimos qiladi-yu, biroq aslo uylanolmayman, deydi.
– Ahvol chatoq-ku.
– Chatog‘am gapmi? Ikki yarim yil vaqtimni unga sarfladim. Endi menga birov uylanish-uylanmasligi dargumon. Bundan ikki yil avval o‘sha yoqda, Kannda xohlagan kishiga turmushga chiqishim mumkin edi. Vazmingina, zebo ayollarni istab qolgan qariyalarning ko‘pi izimdan yurardi. Endi birortasini ham topolmasam kerak.
– Qo‘ysangiz-chi, siz hozir ham istagan kishingizga turmushga chiqishingiz mumkin.
– Yo‘q, topolmasam kerak. Buning ustiga uni sevaman. Undan bola ko‘rmoqchiydim. Doim farzandli bo‘lamiz, deb o‘ylardim. U samimiy ko‘zlarini menga tikdi. – O‘zim bolalarni unchalik yoqtirmasdim-u, ammo hecham farzandim bo‘lmasligini o‘ylagim kelmasdi. Bola ko‘rganimdan keyin ularni sevib qolaman, deb o‘ylardim.
– Uning farzandlari bor.
– Ha, bor. Uning bolalari ham bor, pullari ham bor, badavlat onasi ham bor, kitob ham yozgan, men-chi, yozganlarimni hech kim, birorta odam bosib chiqarishni istamayapti. Yozganlarim esa unchalik yomon emas. Umuman pulim ham yo‘q. Nafaqa undirib olishim mumkin edi-yu, biroq taloq xatimni iloji boricha tezroq qo‘lga kiritmoqchiydim-da. – U yana samimiyat bilan menga qarab qo‘ydi. – Bu haqsizlik bo‘lardi. Bir tomondan olib qaraganda, o‘zim aybdorman. Lekin baribir ko‘p jihatdan emas. Albatta, bu sohada aqlliroq bo‘lishim kerak edi. Konga bu haqda og‘iz ochsam, diy-diyo qilib, menga uylanolmasligini aytadi. Nega uylanolmas ekan? Yaxshi xotin bo‘lardim. Men bilan kelishib yashash oson. Unga xalaqit bermasdim.
– Xunuk voqea bo‘libdi.
– Ha, xunuk voqea. Lekin endi gapirishning foydasi yo‘q. Yuring, «Selekt»ga qaytamiz.
СКАЧАТЬ