Название: Ko`rinmas odam
Автор: Герберт Уэллс
Издательство: Yangi asr avlodi
isbn: 978-9943-8593-4-0
isbn:
– Bu ins-jinslarning ishi, – dedi missis Xoll, nihoyat, o‘ziga kelib. – Bilaman, bu ins-jinslarning ishi. Men ular to‘g‘risida gazetada o‘qigan edim. G‘azetada yozishlaricha, stollar va stullar irg‘ishlab raqs tusha boshlarkan…
– Yana ozroq ich, – uning so‘zini bo‘ldi Xoll. – Sal o‘zingga kelasan.
– Eshikni qulfla, – dedi missis Xoll. – Hushyor bo‘l, endi uni uyga kiritma. Men hamisha undan shubhalanardim… Nega g‘aflatda qoldim-a! Ko‘zi ko‘rinmasdi, boshi bint bilan chirmab tashlangan edi, yakshanba kuni bo‘lsa-yu, cherkovga sira bormasdi. Shishalarining son-sanog‘i yo‘q!.. Kiroyi odam uchun shuncha shishaning nima keragi bor! U mebelga insjinslarni kiritibdi… Aziz va ko‘hna mebellarim! Men jajjigina qizaloq vaqtimda onajonim ana shu kresloda o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. Endi kelib-kelib uni menga qarshi qo‘zg‘alganiga hayron qolasan kishi…
– Doridan yana bir tomchi ich, Jenni, – dedi Xoll, – asabing bugun juda qattiq buzilib ketdi.
Soat besh bo‘ldi, tong yorishib ko‘chalarga quyosh nur socha boshladi. Er-u xotin Millini ro‘paralarida yashaydigan temirchi janob Sendi Uojersni aytib chiqish uchun yuborishdi.
– Xo‘jayinim sizga salom aytdilar, – dedi Milli temirchiga.
– Bizning uydagi mebellarga bir balo bo‘ldi. Kirib bir ko‘rib chiqasizmi-a?
Janob Uojers juda bilimdon va zehni o‘tkir odam edi. U Millining hikoyasini jiddiy qabul qildi.
– O‘lay agar, bu sehr-jodu-ku! – Bunday ijarachiga faqatgina tuyoq kamlik qiladi, xolos.
U janob Xollnikiga tashvishli bir qiyofada keldi. Janob va missis Xoll u bilan yuqori qavatga chiqmoqchi bo‘lishdi, biroq temirchi bunday qilishga shoshilmadi. U suhbatni dahlizda davom ettirishni afzal ko‘rdi. Xakstersning do‘konidan gumashta chiqib, do‘konning deraza va eshiklarini ocha boshladi. Uni yuz bergan voqeaning muhokamasida ishtirok qilishga taklif etishdi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, janob Xakstersning o‘zi ham yetib keldi. Anglosaksonlar parlamentiga xos bo‘lgan ruh bu yerda ham o‘zini yaqqol namoyish qildi, ya’ni ko‘p gapirildi-yu, lekin amaliy ishga kirishilmadi.
– Avval faktlarga oydinlik kiritaylik, – deb o‘z fikrini o‘tkazishga harakat qilardi janob Sendi Uojers. – Xonaning eshigini buzib kirishimiz to‘g‘ri bo‘larmikin, yo‘qmi, ana shu masalani muhokama qilaylik. Qulflangan eshikni har mahal ham buzish mumkin, biroq eshik buzilgandan keyin uni buzilmagan deb isbot qilib bo‘lmaydi-da.
Lekin qo‘qqisdan, hammani ajablantirib, ijarachining eshigi o‘z-o‘zidan ochildi. Shunda ular yuqoriga qarab, o‘ranib-chirmanib olgan noma’lum kishining o‘zidan ham vahimali ko‘zoynagini yaltiratib zinapoyadan tushib kelayotganini ko‘rdilar. U qaqqayib qadam tashlaganicha, zinapoyadan asta tushib keldi-da, dahlizdan o‘tib to‘xtadi.
– Anavini qaranglar, – dedi u qo‘lqopli barmog‘ini bigiz qilib.
Odamlar u ko‘rsatgan tomonga qarab, yerto‘la eshigi oldida turgan quti to‘la shishani ko‘rdilar. Noma’lum kishi esa mehmonxonaga kirdi-yu, qo‘qqisdan zarda bilan eshikni taraqlatib yopib oldi.
Bir daqiqacha hech kim churq etib og‘iz ochmadi. Hamma sukut saqlab bir-biriga boqardi.
– Ochig‘ini aytsam, bezbetlik ham evi bilan… – deb gap boshlagan Uojers jumlani tugatolmay qoldi.
– Sizning o‘rningizda men bo‘lganimda, oldiga borib «bu nima qiliq o‘zi?» deb surishtirgan bo‘lardim, – dedi Xaksters Xollga. – Men bu qilg‘ilig‘ini izohlab berishini talab qilardim.
Shunday qilish zarurligini janob Xollga tushuntirish uchun ancha-muncha vaqt sarf bo‘ldi. Nihoyat, Xoll eshikni taqillatib ochdi-da, gap boshladi:
– Kechirasiz…
– Tuyog‘ingizni shiqillatib qoling! – deb baqirdi noma’lum kishi darg‘azab bo‘lib. – Eshikni yoping!
Shuncha muhokama shu bilan tugadi.
VII bob
NOMA’LUM KISHINING FOSH QILINISHI
Noma’lum kishi mehmonxonaga ertalab soat besh yarimlarda kirib, u yerda taxminan peshingacha ishladi. Mehmonxonaning darpardalari tushirilgan, eshik ichkarisidan qulflangan edi.
Xollning ishi o‘ngidan kelmagach, ortiq hech kim yurak yutib u yerga kirishga jur’at etmadi. Shu vaqt mobaynida noma’lum kishi hech nima yemagan bo‘lsa kerak, uch marta qo‘ng‘iroq chaldi, uchinchi safarida esa u jahl bilan uzoq chaldi, biroq hech kim unga javob bermadi.
– Qarab tursin hali, men unga «tuyog‘ingizni shiqillatib qoling»ni ko‘rsatib qo‘yaman, – po‘ng‘illardi qo‘ng‘iroqlarga javoban missis Xoll.
Vikariyning uyida kechasi yuz bergan mojaro haqidagi ovoza tarqalib bo‘lgandi va odamlar har ikkala voqea orasida allaqanday aloqadorlik bor deb hisoblashardi. Xoll Uojers bilan birga maslahatlashish uchun sudya janob Sheklforsning uyiga jo‘nadi. Yuqoriga chiqishga hech kimning yuragi dov bermasdi. Shu vaqt mobaynida musofir nima ish bilan mashg‘ul bo‘lgani ma’lum emas. Goho u xonaning u burchagidan bu burchagiga yurardi, uning xonasidan ikki marotaba so‘kinish, qog‘ozlarning sharillab yirtilgani va shishaning singani eshitildi.
Vahimaga tushgan, lekin sinchkovligi ichiga sig‘mayotgan odamlar to‘dasi tobora ko‘payib borardi. Missis Xaksters ham to‘daga kelib qo‘shildi.
Oradan bir oz vaqt o‘tgach, bayram munosabati bilan qora kostyum va oq pikedan galstuk taqib, yasanib olgan bir talay o‘ktam yigitchalar yetib kelishdi-da, bema’ni savollar bera boshlashdi. Archi Xarker hammadan ko‘ra dovyurakroq chiqib qoldi: u hovliga kirib, tushirib qo‘yilgan darparda ostidan ichkariga mo‘ralashga urindi. U hech narsa ko‘ra olmadi, lekin ko‘ryapman deb ishora qildi. Aypinglik yosh-yalanglardan yana ba’zi birlari uning yoniga borishdi.
Bayram kuni havo iliq va ochiq keldi. Qishloq ko‘chasida o‘nlarcha do‘konchalar va otishni mashq qiladigan «tir»lar paydo bo‘ldi, temirchilik ustaxonasi oldidagi o‘tloqda sarg‘ish-jigarrang bilan ola-bula qilib bo‘yalgan arava turardi, ularning yonida g‘alati kiyingan allaqanday odamlar norjil yong‘og‘i otish musobaqasini o‘tkazish uchun asbob hozirlashardi. Erkaklar zangori jun jemfer kiygan, ayollar esa oq peshband taqib, o‘sha vaqtda keng rasm bo‘lgan katta jig‘a sanchilgan shlyapa kiyib olgan edilar. «Qizil bug‘u» qovoqxonasining xo‘jayini Uojer va minilgan velosipedlarni olib-sotish bilan ham shug‘ullanadigan etikdo‘z janob Jeggeres ko‘cha uzra milliy bayroq hamda qirol bayroqchalaridan yasalgan (ular qirolicha Viktoriyaning yubileyi bayramidan qolgan edi) chambaraklarni ko‘ndalang qilib tortishmoqda edi.
Derazalarning pardalari tushirilgan, g‘ira-shira mehmonxonada, aftidan, och qolib, zardasi qaynagan musofir o‘rab-chirmab olgan bintlari ichida issiqda hansirab, irkit shishalarni jiringlatar va zangori ko‘zoynagi ostidan bir varaq qog‘ozga qaragani holda derazasi oldiga yig‘ilgan bolalarni bo‘ralab so‘kar edi. Burchakdagi kaminning yonida besh-oltita singan shishaning parchalari yotar, havoni esa dimog‘ni chatnatib yuboradigan xlor hidi tutib ketgan edi. Buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishilarning hikoyasidan bizga ma’lum bo‘lgan narsalar ana shular, chunki ular kirgan mahalda xona shu ahvolda ekan.
Peshinga СКАЧАТЬ