Название: Ko`rinmas odam
Автор: Герберт Уэллс
Издательство: Yangi asr avlodi
isbn: 978-9943-8593-4-0
isbn:
Ko‘p o‘tmay yuzida qat’iy ifoda bilan bir oz entikkan missis Xoll yetib keldi. Janob Xoll hali qaytmagan edi. Missis Xoll hamma narsani yaxshilab o‘ylab ko‘rgan bo‘lib, qo‘lida kichkinagina patnis ko‘tarib keldi. Patnisda to‘lanmagan qarzlarning ro‘yxati bor edi.
– Qarzlarni to‘lamoqchimisiz? – deb so‘radi qovoqxona bekasi.
– Nima uchun menga nonushta bermadingiz? Nega menga ovqat tayyorlamadingiz va qo‘ng‘iroqlarimga javob bermadingiz? Nima, meni ovqatsiz ham yashayveradi deb o‘ylayapsizmi?
– Xo‘sh, nega o‘zingiz qarzni to‘lamadingiz? – deb e’tiroz bildirdi missis Xoll. – Men mana shuni bilmoqchiman.
– Bundan to‘rt kun burun aytdim-ku sizga, pul yuborishlarini kutyapman deb…
– Men bo‘lsam, kechagina sizga hech qanaqangi pul yuborishlarini kutmoqchi emasligimni aytgan edim. Besh kundan beri haq to‘lamaganingizdan keyin nonushta kechikyapti deb do‘ng‘illashga hech qanday o‘rin yo‘q.
Ijarachi boloxonador qilib so‘kinib qo‘ydi.
– Hoy, og‘zingizga qarab gapiring! – dedi peshtaxta yonida turganlardan biri.
– Mumkin bo‘lsa, janob, so‘kinishlarini o‘zlari uchun asrab qo‘ysalar, – dedi missis Xoll.
Ijarachi jim bo‘lib, ostonada turib qoldi. U shu turishida achchig‘i qistagan g‘avvosga o‘xshab ketardi. Qovoqxonadagilarning hammasi missis Xollning qo‘li baland kelganini sezib turishardi. Noma’lum kishining keyingi gaplari bu fikrning to‘g‘riligini tasdiqladi.
– Mana qarang, jonginam… – deb gap boshladi u.
– Men sizning jonginangiz emasman, – javob qildi missis Xoll.
– Aytyapman-ku, menga hali pul yuborishgani yo‘q…
– E qanaqasiga pul yuborishardi! – dedi missis Xoll.
– Lekin hozir cho‘ntagimda bir oz…
– Uch kun avval bir tiyinim ham yo‘q degan edingiz-ku.
– Hozir undan ko‘ra ko‘proq topdim.
– Oho! – degan tovush eshitildi peshtaxta oldidan.
– Qayerdan pul topganingizni bilsak bo‘ladimi? – dedi missis Xoll.
Bu gap musofirga yoqmadi chogi, u depsindi.
– Bu bilan nima demoqchisiz? – so‘radi u.
– Bu pul sizga qayoqdan kelib qolganini bilmoqchiman, xolos, – dedi missis Xoll. – Sizga nonushta tayyorlashdan, umuman, siz uchun biron narsa qilishdan avval, men anglamaydigan, hech kim ham tushunmaydigan, lekin hammamiz ham anglashni istaydigan ba’zi bir narsalarni izohlab berishingizni so‘rardim. Men yuqoridagi kresloni nima qilganingizni, nega xonangiz bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgani-yu, keyin qanday qilib qaytadan u yerga kirib olganingizni bilmoqchiman. Ijarachilarimning hammasi eshikdan kirib, eshikdan chiqishadi: uyimda shunday tartib o‘rnatilgan. Siz bo‘lsangiz, boshqacha yo‘l tutyapsiz, men esa xonaga qanday kirib-chiqishingizni bilgim keladi. Yana…
Noma’lum kishi birdaniga qo‘lqopli qo‘lini ko‘tarib, mushtini tugdi-da, yer tepinib «to‘xtang!» – deb baqirdi, baqirganda ham shunday jazavaga tushib baqirdiki, missis Xoll shu ondayoq jim bo‘lib qoldi.
– Mening kim ekanligimni va nima ish bilan shug‘ullanayotganligimni tushunmaysiz, – dedi u. – Hozir sizga ko‘rsataman. Xudo haqi, ko‘rsataman! – Shu so‘zlarni aytarkan, u qo‘lini basharasiga olib borib, shu zahoti tortib oldi. Yuzining o‘rtasida qopqora bo‘lib chuqurlik ochilib qoldi. – Mana, ushlang, – shunday deb musofir missis Xoll tomon qadam tashladi-da, uning qo‘liga allanimani tutqizdi. Uning o‘zgarib ketgan basharasidan ko‘z uza olmagan missis Xoll u tutqizgan narsani beixtiyor qo‘liga oldi. Keyin olgan narsasining nima ekanini ko‘rgach, dod deb yubordi-da, uni yerga uloqtirib, orqasiga tisarila boshladi. Polga burun – noma’lum kishining pushti rang, yaltiroq burni yumalab ketdi.
Keyin musofir ko‘zoynagini olgan edi, yig‘ilganlarning hammasi hayratdan baqrayib qolishdi. U shartta shlyapasini yechdi-da, g‘azab bilan bakenbardi hamda bintlarni yulqib tashlay boshladi. Bakenbardi bilan bintlar darrov ko‘chib qo‘ya qolmadi. Kishilar dahshatdan tirrakday qotib qolishdi.
– Yo alhazar! – deb yubordi allakim.
Nihoyat, bintlar uzilib tushdi.
Shu mahal yig‘ilganlarning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgan manzara kutilgandan ham ko‘ra dahshatliroq edi. Ajablanib og‘zini ochib turgan missis Xoll o‘takasi yorilib baqirib yubordi-yu, eshik tomon yugurdi. Hamma irg‘ib o‘rnidan turib ketdi. Odamlar jarohat, mayib-majruhlikni, ya’ni ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan dahshatli manzarani kutishgandi, biroq bunday qarasalar, hech nima yo‘q. Bintlar bilan yasama soch o‘sha yerda turgan odamlarning yuziga tegay deb qovoqxona peshtaxtasiga kelib tushdi. Hamma bir-birini bosib-yanchib zinapoya oldidan ura qochdi, chunki mehmonxona ostonasida tuturuqsiz gaplar gapirib, paltosining yoqasigacha odam shaklida bo‘lgan bir ko‘laga turardi, undan yuqorida esa hech nima yo‘q edi. Ha, ha, hech nima yo‘q edi! Ayping aholisi «Aravakash» qovoqxonasidan kelayotgan qiy-chuv, shovqin-suronni eshitdi va u yerda o‘tirgan odamlarning zing‘illab qochib chiqishayotganini ko‘rdi. Xaloyiq missis Xollning yiqilgani va janob Teddi Xenfri unga qoqilib ketmay deb ustidan sakrab o‘tganini ko‘rdi. Keyin ular shovqin-suronni eshitib, oshxonadan yugurib chiqqan va birdaniga boshsiz musofirga duch kelgan Millining dahshatli chinqirig‘ini eshitdilar.
So‘ng oqsoch qiz birdan jim bo‘lib qoldi.
Shundan keyin ko‘chadagilarning hammasi – qandolatfurush, merganbozlik do‘konining egasi va uning yordamchisi, arg‘imchoqlarning xo‘jayini, bolalar va qizchalar, qishloq oliftalari, mahalliy oyimchalar, munkaygan chollar va fartuk tutgan lo‘lilar qovoqxona tomon yopirilishdi. Oradan bir daqiqa ham o‘tmay, missis Xollning qovoqxonasi oldida qirqqa yaqin kishi to‘plandi, olomon tobora ko‘payib borar, hamma shovqin-suron qilar, ovozlarini barala qo‘yib baqirar, chinqirar, savol so‘rashar, undoq emasmikan, mundoq emasmikan, deb «fol» ochishardi. Hech kim bir-birining gapiga quloq solmas, hamma baravariga gapirardi – haqiqiy qiyomat-qoyimning o‘zginasi edi. Bir necha kishi deyarli behush yotgan missis Xollni o‘rnidan turg‘izib, uni suyab turishardi. Qiy-chuv orasida voqeaga shohidlardan biri boshqalardan ko‘ra qattiqroq baqirishga urinib, aqlga to‘g‘ri kelmaydigan narsalarni gapirardi.
– Jodugar!
– U nima qilib qo‘ydi o‘zi?
– Oqsochni yarador qildi.
– Ularga pichoq olib yugurdi, chog‘i.
– Quruq so‘z emas, haqiqatan ham boshsiz ekan.
– Boshsiz deyapmiz-ku, axir!
– Bo‘lmagan gap, biror fokus-mokus bo‘lsa kerak.
– Bintlarni yechgan zahoti…
Ochiq turgan eshikdan mo‘ralamoqchi bo‘lgan olomondan jonli pona hosil bo‘lgandi. «Pona»ning qovoqxona tomondagi «qirra»sida eng dovyurak kishilar turardi.
– U ostonada turgandi. Birdan qiz chinqirib yubordi, u o‘girilib qaradi, qiz bo‘lsa, ura СКАЧАТЬ