Название: Беш болали йигитча
Автор: Худойберди Тухтабоев
Издательство: Kitobxon
isbn: 978-9943-08-835-1
isbn:
– Aka, Usmoningiz ham nonimni yeb qo‘yyapti, to‘g‘rimi, Usmon, yeb qo‘yding-a?
Ukaginam shunday mo‘ltirab turibdiki, rahmim kelib ketganidan, darrov cho‘ntagimni kavlashtira boshladim. Xayriyat, bir chekkasida besh-olti dona mayiz qolgan ekan olib, chang-chungdan tozalab, uzatgan edim, ukaginam shosha-pisha uni og‘ziga soldi-yu, tomog‘iga don tiqilgan xo‘rozdek ketma-ket yutinib:
– Aka, men kasalman, mana, qornimni ushlab ko‘ring, mayiz yesam tuzalib qolaman, – deb yolvora boshladi.
Endi nima qilsam ekan, cho‘ntagimda hech narsam qolmadi-ku, bir jihatdan olganda, shu ukaginamga ham qiyin, ayni yeb-ichadigan payti. Goh to‘yib, goh to‘ymay kun bo‘yi dalada, traktorning ortidan ergashib yuradi… Yerdan dast ko‘tarib oldim-da, peshanasi-dan o‘pib:
– Yur, oyijonimni oldiga boraylik – dedim, – ehtimol senga non olib qo‘ygandir.
Omon nonning daragini eshitib, tipirchilab qo‘limdan tushdi-da, hozirgina haydalgan shudgor oralab traktor tomonga yugurib ketdi, ortidan o‘zim ham jo‘nadim. Yerlarni traktor juda chuqur haydabdi, qora nam tuproqdan hovur ko‘tarilib turibdi. Chigirtkalar, har xil qurt-qumursqalar tuproq yuzasiga chiqib qolgani uchun qushlar g‘ujg‘on o‘ynab, ularni ovlash bilan ovora....
Yo‘q, men yanglishgan ekanman, opamning yonida o‘tirganlar kataysa qilgani chiqqan qizlar emas ekan, shogirdlari ekan. Bittasi eri urushga ketayotganda bo‘yniga osilib yig‘lab, hammaning dilini ezgan Qumrinisa opa, ikkinchisi eridan yaqindagina tilla soat bilan ikkita jun ro‘mol solingan posilka olgan Mukarram xola. Mukarram xolamning ham emizikli bolasi bor. O‘sha bolaga ham qarab yurgani uchun ro‘mollardan bittasini Zulayhoga hadya qilgan.
Traktor marzaga yaqin kelib to‘xtadi. Opam mashinaning rulini Mukarram xolamga berib, uning ingalab yig‘lab turgan chaqalog‘ini qo‘liga oldi-da, juda avaylab sekin-asta yerga tusha boshladi. Mashina yurib ketgach, anchagacha ortidan tikilib turdi. Xuddi shu paytda negadir chaqaloq ham jim bo‘lib qoldi.
– Bari bir to‘g‘ri haydashni uddalay olmayapti, – dedi opam xuddi uh tortgandek qilib. Men opajonimga tikilib qoldim, juda uzoq tikildim. Shu turishida u ayol kishiga hecham o‘xshamaydi, oyog‘ida juda, juda ham og‘ir kerza etik erkaklarning paxtali shimi, egnida serpaxta fufayka, boshida quloqchin, yuzlari kir, qo‘llari moy… Eh-eh, tezroq katta bo‘la qolsaydim, trakorni o‘zim boshqarib, opamni hecham ishlatmagan bo‘lardim.
Opam marzaga, qalin tuproq ustiga o‘tirib, huzur qilib esnadi-da, Omonni tizzasiga oldi. Cho‘ntagidan suvi qochib, uqalanib ketay-uqalanib ketay deb turgan zog‘ora non olib, unga uzatdi. Keyin, «bugun vaqtliroq kelibsanmi, o‘g‘lim», deb menga yuzlandi.
– O‘zim… – dedim-u, u yog‘ini aytolmay chaynalib qoldim.
– Sholini tuydingmi?
– Tuydim.
– Qatiq uvitdingmi?
– Uvitib qo‘ydim.
– Makkani nima qilding?
– Tomga yoyib, yarmini uqaladim.
– Ajoyib o‘g‘lim bor-da, kel, peshanangdan bir o‘pib qo‘yay, barakalla! Yaxshiyamki, esim yo‘qligida seni tug‘ib olgan ekanman…
Shu paytda negadir juda, juda ham g‘alati bo‘lib ketdim. Tomog‘imga iliq bir narsa tiqilgandek butun vujudim bo‘shashib ketgandek bo‘ldi, yig‘lab yubordim.
– Ie, tentak, nega yig‘laysan?.
– Ona!
– Nima gap o‘zi?
– Xafa bo‘lmaysizmi?
– Nega xafa bo‘lar ekanman!
– Yig‘lamayman, deb so‘z bering!
– Avval ayt-chi!
– Yo‘q, avval so‘z bering.
– Ha, aka so‘z berdim.
– Otamni… – dedim-u, yana yig‘lab yubordim, – urushga olib ketar ekan.
Yo‘q, opam xafa bo‘lmadi, bir qalqidi-yu, jim bo‘lib qoldi, chaqiruv qog‘ozini hijjalay-hijjalay o‘qib chiqdida, bir so‘z demay menga qaytarib berdi. So‘ngra shu paytda huzur qilib non chaynayotgan Omonning kir boshiga yuzim bosib, o‘y surib ketdi. Nimalar haqida o‘ylayotgan ekan, har qalay xursand emas, bo‘lmasa ko‘zini mendan olib qochmasdi…
Otamning oldiga, qirga jo‘naydigan bo‘ldim, hali erta, kech kirguncha bemalol borib kelsam bo‘ladi. Ochig‘i, otam ishlayotgan joy bu yerdan uncha uzoq ham emas. Uchta qishloqning odami uchta qishloqqa suv beradigan anhorni kovlashyapti. Anhor suvi yozda loyqa, bo‘tana bo‘lib qoladi. Quyqa tashlab, ariqlarni ko‘mib yuboradi, bahorda kovlashmasa, yozda katta suv haydab bo‘lmaydi.
Anhorga tezgina yetib bordim. Tabelchilar har bir kishining chekini alohida-alohida qilib o‘lchab beribdi. Ketmonchilar katta anhor ichiga tushib olib, yuqoriga qum, shag‘al otishyapti, otamning oldiga tabelchi Murodxon aka boshlab bordi. U chaqiriq qog‘ozi kelganini eshitib, baribir Polvon tog‘ani urushga olishmaydi, u hozir to‘rt-besh norma ishlayapti, otangdakadan yana uch-to‘rt kishi ketib qolsa, kolxozning ishi yotib qoladi, deb qo‘ydi. Chindan ham boshqalarga to‘rtbesh metrdan o‘lchab berilgan, otamning cheki bo‘lsa naq yigirma metrcha keladi, uniyam tugatay deb qo‘yibdi. Otam shoshmasdan, bir me’yorda to‘xtovsiz yuqoriga qum irg‘itardi. Qo‘lidagi katta ketmoning ustaga o‘zi buyurtirib olgan. Bu ketmonda boshqa odam chopolmaydi, naq supraday keladi, og‘ir, juda og‘ir. Murodxon tog‘a bir oz kuzatib turdi-da:
– Polvon tog‘a, sizga eshak mingan xabarchi kelibdi, – deb qo‘ydi.
Otam ketmon urishdan to‘xtab, sopiga ko‘ksini qo‘yib, bizga qaradi. Menga ko‘zi tushgach, nazarimda kulimsirab qo‘ygandek bo‘ldi. Peshanasi terlab ketibdi, chuqur-chuqur nafas olyapti, to‘nining etagini qayirib, beliga qistirib olgan. Negadir bir yengini chiqarib, bilagini ham yalang‘ochlab olibdi.
– Orifjonmisan? – dedi nihoyat dadam.
– Menman, ota.
– Polvon tog‘a, bu yoqqa chiqavering, – gapga aralashdi tabelchi, – muhim bir gap chiqib qoldi.
Otam, chekimdan ozginasi qoldi, bir yo‘la tugatib chiqaman deb ko‘nmadi…
Anhordan chiqqach, men olib borgan xabarni eshitib: «Qara-ya, Murodxon, shu bugun tushimda ham ayon bo‘luvdi, oq ot minib kun botar tomonga qarab ketayotgan emishman», – deb qo‘ydi. So‘ngra boshqa hech narsa demay, goh burnini, goh chakkasini qashlab kulimsiragancha uzoq jim turib qoldi.
«BIR KO‘ZLI YOVNING BOSHI UZILSIN»
Kolxozimizning ona-bola raisi otamni urushga jo‘natmaslik uchun ko‘p harakat qildi, voyenkomatga ham borib keldi. Mirzapolvonning bir o‘zi bitta traktorning ishini qilyapti, u ketib qolsa kolxozdagi ishlarni kim qiladi, degan gaplarni ham aytibdi, ko‘nishmabdi. Hozir urushga shunaqangi pahlavon yigitlar kerak deyishibdi.
Otam, men kelguncha o‘tindan qiynalib qolmanglar deb, tuni bilan uxlamay bog‘dagi katta o‘rikni kesib, o‘tin tayyorladi, СКАЧАТЬ