Название: Оливер Твистнинг бошидан кечирганлари
Автор: Чарльз Диккенс
Издательство: Kitobxon
isbn: 978-9943-27-701-4
isbn:
– Tek o‘tir, razil! Tek o‘tir! – buyurdi mister Sayks qo‘qqisdan tinchlikni buzib.
O‘y-xayollari itning ko‘z pirillatishi xalal beradigan darajada nozik tortib turganmidi yoxud mulohaza girdobiga sho‘ng‘ib ketadigan asab torlari shunchalar taranglashgan, uni bayov torttirmoq uchun beozor jonivorni tepish talabi tug‘ilganmidi – bunisi qorong‘i. Sababi qandoq bo‘lmasin, it birvarakay nasibasiga ham tepki, ham so‘kishdan ulushini oldi.
Odatda, it zoti egasi yetkazgan ranj-alam uchun qasos olishga moyil emas, biroq mister Sayksning iti o‘z egasi kabi bema’ni fe’lli edi va ehtimolki, shu pallada tortgan xo‘rligi-yu eshitgan haqorati ta’sirida bo‘lsa kerakki, hech qanday takalluf-pakallufsiz shartta egasining boshmog‘ini tishladi-oldi. U boshmoqni yaxshigina silkib, irillagancha kursi tagiga urib ketdi – zap vaqtida, mister Sayks qalayi ko‘zachani naq boshi uzra ko‘targan lahzada qochib qolgandi.
– Hali shunaqa ekan-da! – g‘o‘dilladi Sayks bir qo‘li bilan kosovni changallab, ikkinchisi bilan esa cho‘ntagidan chiqargan kattakon buklama pichog‘ini shoshilmay ocha boshlarkan. – Bu yoqqa chiq, iblis! Eshityapsanmi?
It shubhasiz eshitayotgan edi, chunki mister Sayks g‘oyatda dag‘dag‘ali ovoz va tahlikali ohangda so‘zlayotgandi, lekin u, chamasi, tomog‘iga tig‘ tortilishini istamayotgandek allaqanday bir g‘alati tuyg‘uni his etib, panohgohidan chiqmadi va battarroq irilladi, kosov uchini g‘archcha tishlab, yirtqich hayvonday g‘ajiy boshladi.
Bunday qarshilik ko‘rsatish mister Sayksni battar quturtirib yubordi xolos, u tizzalab olib, g‘azab-la jonivorga qarshi hamlaga o‘tdi. It o‘zini u yoqdan-bu yoqqa otar, kosovni g‘ajigancha irillar, hurirdi, egasi bo‘lsa so‘kinar, itni urar, og‘zidan bodi kirib-shodi chiqardi; olishuv avj pallasiga yetgan bir paytda to‘satdan eshik taraqlab ochildi-yu, it xonadan otilib chiqdi-ketdi, mister Sayks kosov bilan buklama pichog‘ini ushlagancha qolaverdi.
Urishmoq uchun hamisha ikki raqib tomon bo‘lmog‘i shart, degan ko‘hna naql bor. Shu bois tarafkashlik maydonida raqibi bo‘lmish itdan ayrilgan mister Sayks o‘sha zamonoq g‘azab tig‘ini yangi kirib kelgan odamga qaratdi.
– E, asfalasofilinga keting-e, itim bilan oramizga tushib nima qilasiz? – jahl bilan aftini burushtirib, qo‘llarini paxsa qilib qichqirdi Sayks.
– Bilmabman, azizim, bilmabman, – muloyimlik bilan javob qildi Fedjin (kirib kelgan xuddi o‘sha edi).
– Bilmabdilar, quyonyurak o‘g‘ri amakim? – to‘ng‘illadi Sayks. – Shovqinniyam eshitmabdilar-da?
– Tiq etgan shovqinni eshitmadim, Bill, eshitgan bo‘lsam turgan joyimda til tortmay o‘lay, – javob berdi juhud.
– Bo‘lmasam-chi! Turgan gap, o‘zlari hech nimani eshitmaydilar, – dedi Sayks zaharxanda kulib. – O‘zlariyam shundoq pisib yuradilarki, na kirganlarini birov biladi, na chiqqanlarini! Afsus, Fedjin, yarim daqiqagina oldinroq ana shu itning o‘rnida bo‘lmadingiz-da!
– Sabab? – surishtirdi juhud yasama kulgi bilan.
– Negaki, hukumat sizga o‘xshagan har qanaqangi ko‘ppakdan ham razilroq odamlarning hayotiga g‘amxo‘rlik qiladi-yu, lekin odamga istagan paytida itlarni o‘ldirishga ruxsat beradi, – javob berdi Sayks ma’nodor bir qiyofada pichog‘ini buklab yoparkan. – Sababi ana shunda.
Juhud qo‘llarini ishqab, stol yoniga o‘tirar ekan, o‘z oshnasining haziliga javoban zo‘rma-zo‘raki iljaydi. Ammo-lekin allanechuk bo‘lib ketgani yaqqol ko‘rinib turardi.
– Mayli-mayli, irshayavering! – so‘zini davom ettirdi Sayks kosovni joyiga qo‘yib, unga yeb qo‘yguday darg‘azab o‘qrayib qararkan. – O‘ylamang, ikki dunyoda mening ustimdan kulish nasib qilmaydi o‘zlariga, mabodo, dorda irshayishlarini hisobga olmagan-da. Joningiz mening qo‘limda, Fedjin, bor-di-yu, qo‘ldan chiqarib yuboradigan bo‘lsam, kafansiz ketay. Ha, shundoq! Men ilinadigan bo‘lsam – siz ham ilindim deyavering. Shundoq bo‘lgach, menga ehtiyotroq muomala qiling.
– Ha, ha, azizim, shunday, – dedi juhud, – bari menga besh qo‘lday ayon. Bizni… bizning manfaatlarimiz bir, Bill, manfaatlarimiz bitta…
– Hm… – to‘ng‘illadi Sayks, go‘yo hamma manfaatlarimiz ham bir emas, degan ma’noda. – Xo‘sh, nima gapingiz bor edi menda?
– Barini xamirdan qil sug‘urganday eson-omon tinchitdik, – javob berdi Fedjin, – sizning ulushingizni olib keldim. Sizga tegadiganidan ko‘ra ko‘proq, azizim, lekin kelasi safar meni ranjitmasligingizni bilganimdan keyin…
– Safsatani bas qiling! – sabrsizlik bilan uning gapini bo‘ldi o‘g‘ri. – Qani u? Cho‘zing bu yoqqa!
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
1
Mehnat uyi – Angliyada qashshoqlar uchun boshpana (yetimxona). Dikkens romanda tasvirlagan manzara ingliz mehnat uylarining tuzilishi za ulardagi joriy qamoqxona tartib-qoidalarini haqqoniy tarzda jonlantiradi.
2
Qavm tabibi – «qavm» xizmatidagi vrach. Angliyada ilgarilari cherkov ma’murlari aholidan anglikan davlat cherkovi foydasiga soliq yig‘ish huquqi bilan ruhoniyni boshliq qilib tayinlagan rayon qavm deb atalgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan shahar va qishloqlardagi iqtisodiy-xo‘jalik hayoti grajdanlar tomonidan saylanadigan kengash ixtiyoriga bo‘ysunadigan kichikroq rayonlar qavm deb atala boshlagan. Dikkens zamonida Angliyada o‘n besh yarim ming qavm bo‘lgan. Qavm ishlarini boshqarishga ishchi va dehqonlar yo‘latilmagan, zero, mulkdor aholigina saylash huquqiga ega bo‘lgan, xolos.
3
…qashshoqlik haqidagi qonunni buzgan… bolalar… – Dikkens 1834-yilgi qonunni nazarda tutgan, bu qonunga binoan mehnat uyi kambag‘allarga yordam ko‘rsatish tarmog‘ining markazida turgan; qavm ma’murlariga faqat ayrim hollardagina yetimlarni mehnat uyiga emas, fermalarga joylashtirish ruxsat etilgan; shuni aytib o‘tish lozimki, bu fermalarda ham xuddi СКАЧАТЬ