Dunyoning ishlari. O‘tkir Hoshimov
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Dunyoning ishlari - O‘tkir Hoshimov страница 12

Название: Dunyoning ishlari

Автор: O‘tkir Hoshimov

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-26-780-0

isbn:

СКАЧАТЬ oyimning hay-haylashiga qaramay, sovchilarni ancha joygacha «kuzatib» keldi.

      Uch kundan keyin sovchilar tag‘in kelishdi. Sochining uchiga so‘lkavoy taqqan paranjili xotin bilan yana o‘sha novcharog‘i. Bu safar novcha xotin qarg‘ashoyi ko‘ylak kiygan, bo‘yniga dur osib olgan edi. Oshxonada ovqat qilayotgan opam darvozadan kirib kelayotgan mehmonlarga ko‘zi tushishi bilan tomorqaga qochib ketdi. Bu safar sovchilar uzoqroq o‘tirishdi, oyim ularni moshxo‘rda bilan mehmon qildi. Kechki ovqatdan keyin opam idish-tovoqni yuvish uchun oshxonaga chiqib ketganida oyim dadamga qaysi kungi sovchilar tag‘in kelishganini aytdi.

      – Yaxshi, tag-zoti ko‘rgan odamlarga o‘xshaydi. O‘g‘liyam muallim emish. Uningiz yo‘q, buningiz yo‘q deb o‘tirmaymiz, boriga baraka qilib to‘y qilaveramiz deyishyapti.

      Dadam anchagacha indamadi.

      – Surishtirib ko‘rish kerak, – dedi oxiri. – Bu – umr savdosi. – Keyin shisha nosqovog‘ini olib, nos otdi. – Qizingni ko‘ngliniyam bilish kerak.

      Shu bilan gap boshqa yoqqa aylanib ketdi. Dadam eski paxtaligini kiyib, kechqurungi smenaga ishga jo‘nadi. Biz– aka-ukalarga jon kirdi. «Qushim boshi» o‘ynadik, o‘rta barmoqni topish o‘ynadik. Oxiri o‘yindan o‘q chiqdi. «Oshxo‘rakam kaptar» o‘ynayotganimizda akamning boshi ukamning boshiga qattiqroq urilib ketdi shekilli, ukam arillab yig‘lay boshladi. Oyim bilan opam koyib-koyib, joy solib berishdi. Hamma uxlab qoldi. Men bo‘lsam anchagacha uxlolmay yotdim. Bir mahal tashqarida chaqmoq chaqdi. Ketidan momaqaldiroq gulduradi. Sharillab jala quyib yubordi.

      – O‘lsin, – dedi oyim o‘rnidan turib. – Chakka o‘tyapti.

      Opam ikkovlari tokchadan tovoqlarni olib chakka o‘tadigan joyga qo‘yishdi. Ko‘zimni yumib yotsam ham qayerdan o‘tishini bilaman. Burchakda, sandiqning oldidan, keyin kavshandoz yaqinidan o‘tadi.

      Opam bilan onam yana joylariga kelib yotishda. Opam deraza tagiga, oyim – ukamning yoniga. Men bo‘lsam chakkaga quloq solib yotibman. «Chak-tik-puk», «Chak-tik-puk…» chakillayveradi, chakillayveradi, xuddi soatga o‘xshaydi. Faqat ohangi har xil: «chak-tik-puk…»

      Endi ko‘zim ilingan ekan, opamning xo‘rsinganini eshitib yana uyg‘onib ketdim.

      – Nimaga kelishaveradi, oyi!

      – Sovchimi? – dedi oyim. – keladi-da, qizim. Qizlik uy – bozor. Shoh ham keladi, gado ham. Birovning eshigiga umid bilan kelgan odamni xafa qilish gunoh.

      Oyimning uyqusi o‘chib ketdi shekilli, ovozini ancha balandlatib gapira boshladi.

      – Qadim zamonda bir saxoba o‘tgan ekan. Oy desa oyday, kun desa kunday, yakka-yu yagona qizi bor ekan. Bir kuni uch joydan uch sovchi kepti. Saxoba sovchilarning dili og‘rimasin, deb uchalasigayam rozilik berib yuboribdi. Keyin nima qilishni bilmay, Xudoga nola qipti. O‘zi bitta-yu bitta qizim bo‘lsa, uch joyga so‘z berib qo‘ygan bo‘lsam, endi nima qilaman, deb yig‘labdi. Shunda Xudoning rahmi kelib bir kechada saxobaning sigiri bilan echkisiniyam qiz qilib qo‘yibdi. Uchala qiz bir xil emish. Uch sovchi uch qizini to‘y-tomoshalar bilan olib ketibdi. Shunda saxoba Xudoga yana nola qipti. Qaysi biri o‘zimning qizim ekanini endi qayoqdan bilaman, debdi. Xudodan nido kepti: eshikdan kirib borganingda salom berib kutib oladigan, erini, qaynota-qaynonasini, qayn-bo‘yinlarini hurmat qiladigan qiz – o‘zingning qizing. Hech kimni hurmat qilmaydigan, shaltoq qiz sigiring. Hech kimni hurmat qilmaydigan og‘zi shaloq qiz – echking bo‘ladi debdi. Har xil xotinlar o‘shandan tarqalgan emish. Biri – esli-hushli, chaqqon, biri – shaltoq, biri – adabsiz…

      – Kennoyiga o‘xshaganmi? – deb yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Bu shunday kutilmaganda bo‘ldiki, oyimning cho‘pchagi shartta kesilib qoldi. Keyin opam ikkovlari sharaqlab kulib yuborishdi.

      – Voy shayton, uxlamaganmiding?! – dedi opam qaddini rostlab. O‘rnidan turdi-da, piligi pasaytirilgan lampali tokcha oldidan o‘tib kelib, meni quchoqladi. U yuzimdan, bu yuzimdan o‘pdi. Opam urishib beradi, deb qo‘rqib turgandim. O‘pgani uchun judayam yaxshi ko‘rib ketdim…

      Ertasiga choydan keyin oyimning mahsi kiyayotganini ko‘rib, mehmonga otlanayotganini sezdim-u darrov ergashdim.

      – Menam, menam boraman!

      – Mehmonga ketayotganim yo‘q, – dedi oyim bosh chayqab. – Ishim bor.

      – Boraman, oborasiz!

      Onam bir zum ikkilanib turdi-da, rozi bo‘ldi.

      – Mayli, ammo charchadim demaysan.

      Ona-bola yo‘lga tushdik. Yomg‘ir kechasi tinib qolgan, ammo yer hamon ko‘pchib yotibdi. Oyoq bossangiz bir botmon loy yopishadi. Avval jiydazordan, keyin Qonqus ustiga tashlangan yakkacho‘pdan o‘tdik. Lopillab turgan yakkacho‘pdan o‘tayotganda qo‘rqdim-u o‘tib olgandan keyin shundoq suv bo‘yida o‘sib yotgan sambittollarga angrayib qoldim. Sambittol zo‘r! Hushtak yasasa ham bo‘ladi, «ot» qilib o‘ynasa ham…

      – Yur, tezroq, – dedi oyim qo‘limdan tutib…

      Nihoyat guzarga yetib keldik. Choyxonada odam yo‘q hisob, eski namat tashlangan so‘rida bir chol oftobda mudrab o‘tiribdi, yonida tumshug‘i chegalangan choynak, sopol piyola… Keyin devorlari nurab ketgan otxona oldidan o‘tdik. Qovurg‘asi sanalib qolgan uchta ot dumi bilan pashsha qo‘rib charchoq qiyofada boshini solintirgancha mudraydi. Otxona hovlisining burchagiga uyib qo‘yilgan go‘ngdan hovur ko‘tariladi.

      – Qayoqqa ketyapmiz, oyi?

      – Keldik shekilli, – dedi onam atrofga alanglab. – Qurib ketsin, so‘raydigan odam ham yo‘q.

      Ikki betida tollar, teraklar o‘sib yotgan loy ko‘chadan yana ozgina yurgan edik, obkashda suv ko‘tarib kelayotgan semiz xotin ko‘rindi.

      – Hoy egachi, shu yerlikmisiz? – dedi oyim, yaqinroq borib.

      Semiz xotin obkashni yelkasidan oldi. Ustiga chambarak tashlangan ikki paqir suvni yerga qo‘ydi. Harsillab oyim bilan ko‘rishdi.

      – Mahmud bukurning uylari qaysi, o‘rgilay? – dedi onam semiz xotinga iltijoli termilib.

      Semiz xotinning rangi o‘chib ketdi.

      – Bukur bo‘lsa Xudo qilgan! – dedi harsillab. – Tavba deng!

      Shunday dedi-yu, sharaq-shuruq qilib ilgakni ilgancha obkashni ko‘tardi. Shartta burilib ketdi. Sirg‘alib-sirg‘alib borarkan, obkashi bilan qo‘shilishib orqaga burildi.

      – Ta’na tagi tayg‘oq, – dedi harsillab. – Betamiz!

      Oyim hang-mang bo‘lib qolgan, og‘ir-og‘ir kiprik qoqar, hozir yig‘lab yuboradigan alpozda edi.

      – Voy, sho‘rim! – dedi pichirlab. – Kelib-kelib xotinidan so‘rabman shekilli.

      U hamon sirg‘angancha obkashini lapanglatib ketayotgan ayolga anchagacha qarab turdi-da, qo‘limdan tutdi.

      – Yur, keta qolaylik.

      Bu yerga nima uchun kelganimizni tushungandek bo‘ldim.

      Kecha dadam «surishtirib ko‘rish kerak» degan edi. Bundan chiqdi oyim sovchilarni qo‘ni-qo‘shnisidan bilib olmoqchi.

      Choyxona СКАЧАТЬ