Название: Tom Soyerning boshidan kechirganlari
Автор: Марк Твен
Издательство: SHARQ
isbn: 978-9943-26-882-1
isbn:
– Sen yolg‘on deganing bilan yolg‘on bo‘laveradimi?
Tom, oyog‘ining boshmaldog‘i bilan tuproq ustini chizib qo‘ydi-da:
– Seni shu chiziqdan o‘tkazmayman, agar o‘tsang, shunday do‘pposlaymanki, o‘rningdan turolmay qolasan, – dedi.
Begona bola shu paytning o‘zidayoq chiziqdan o‘tishga shoshildi va:
– Qani, qanday qilib meni do‘pposlar ekansan! – dedi.
– Yo‘qol! Ko‘p yopishaverma, deyman!
– Seni do‘pposlayman, deb maqtangan o‘zing-ku! Nega endi urmaysan?
– Urishim aniq. Urolmaydi deysanmi? Ikki sent bersang uraman-da!
Begona bola cho‘ntagidan ikkita chaqa olib, kulimsirab Tomga uzatdi.
Tom uning qo‘lidagi chaqalarni bir urib, yerga tushirib yubordi. Bir damda ikkala bola mushuk singari yerda ag‘anadilar. Ular bir-birlarining sochlaridan, nimcha va shimlaridan tortishar hamda chang-tuproqqa belanishib bir-birlarining burunlarini chimchilashar, tirnashar edilar. Nihoyat shu xil urush-to‘palon ichida o‘z dushmanining ustiga minib olib, uni do‘pposlayotgan Tomning gavdasi ko‘rindi, Tom:
– Qalay, endi bo‘ldimi? – der edi.
Bola qanchalik chiransa ham, undan o‘zini ajrata olmas va ko‘proq kuchsizligidan achchig‘lanib, tovushining boricha baqirardi.
– Qalay, ta’ziringni yedingmi? Mana senga! Mana senga! – Tom mushtlashda davom etar edi. – Tovba qildim de, yaramas bola!
Nihoyat, begona bolaning bo‘g‘iq tovush bilan «qo‘yib yubor» degan ovozi eshitildi. Tom uni qo‘yib yuborar ekan:
– Bu senga saboq bo‘lsin, bundan keyin sinamaganga tega ko‘rma! – dedi.
Begona bola, o‘rnidan turarkan, ustidagi changlarini qoqdi va ho‘ngrab, burnini tortib, o‘z yo‘liga qarab ketdi; u yo‘l-yo‘lakay dam-badam orqasiga burilib, boshini qimirlatib qo‘yar va Tomga qarab: «Bir kun qo‘limga tushib qolarsan» deb do‘q qilar edi. Tom esa uni masxara qilib kularkan, o‘zining g‘alabasidan xursand bo‘lib, uyiga qarab jo‘nadi.
Biroq u yo‘liga qayrilib ulgurmagan ham ediki, haligi begona bola bir tosh bilan uning yelkasiga tushirdi-da, o‘zi kiyikdek sakrab-sakrab qochib ketdi. Tom uning izidan tushib, uyigacha quvlab bordi va uning uyini ko‘rib oldi. U o‘z dushmanini qaytadan urushga chaqirib, eshigining og‘zida ancha vaqt qarab turdi, lekin dushmani derazadan aft-basharasini burishtirib masxara qildi va uning oldiga chiqishni istamadi. Nihoyat, dushmanining onasi chiqib, Tomni axloqsiz, yaramas bola deb qarg‘ab, tezlikda bu yerdan ketishini buyurdi. Tom ketmoqchi bo‘ldi, ammo ketish oldida uni poylab yurishini bildirdi.
U uyiga juda kech qaytib keldi; tovush chiqarmaslik uchun, sekingina derazaga chiqdi. Lekin deraza tagida uni xolasi poylab turgan ekan. Xolasi uning ust-boshlarini ko‘rar ekan, bayram kuni qamab qo‘yish to‘g‘risida qattiq qarorga keldi.
Ikkinchi bob
USTA SUVOQCHI
Yakshanbaning ertasi ham kelib yetdi, yozgi tabiat esa – yangi, qaynoq hayot bilan bezandi. Hammaning qalbida ashula jaranglay boshladi. Hamma quvnoq, har kimda qanot paydo bo‘lgan.
Oq akatsiya daraxtlari gullarga burkangan, havoda atir hidi burqiraydi. Shahar chetidagi Kardif tog‘i ko‘m-ko‘k ko‘katlar bilan qoplangan.
Bu tog‘ xuddi shunday bir masofada ediki, go‘yo uzoqdan bir narsani va’da etgandek, mag‘rur va jilvagar, g‘alvasiz hamda xayolga cho‘mgan bir dunyo singari ko‘zga chalinar edi.
Tom bir chelak ohak bilan uzun dastalik bir cho‘tkani ko‘tarib ko‘chaga chiqdi. U devorga bir qarab qo‘yar ekan, o‘sha ondayoq tevarak-atrofni qorong‘ulik bosib, uning dilini chuqur xafachilik o‘rab oldi. O‘ttiz yard3 keng devor, balandligi to‘qqiz fut! Shu damda hayot uning uchun ma’nosiz bir narsa, keraksiz bir yuk bo‘lib ko‘rindi. Og‘ir bir entikib, cho‘tkani chelakka botirib oldi-da, yuqorigi taxtaga uzunasiga bir surkadi, yana bir surkadi, yana bir. Shundan keyin to‘xtab qaradi: uning oqlagan devori, oqlanmagan kattakon, uzun devorga nisbatan juda ham oz edi. U xafa bo‘lib, gul tuvakka kelib o‘tirdi. Jim, qo‘liga chelak ko‘targani holda sakrab-sakrab, «Buffalo qizlari» ashulasini aytib, darvozadan yugurib chiqib qoldi. Shahar qudug‘iga borib suv olib kelishni Tom har doim yomon ko‘radi. Biroq, hozir bu ishni jon-u dili bilan qilishga tayyor edi. U quduq yoniga suvga borgan vaqtlarini xotirlay boshladi. U yerga juda ko‘p kishilar yig‘ilishadi: negrlar, mulatlar4, oqlar, o‘g‘il bolalar, qizlar o‘z navbatlarini kutib, dam olib o‘tiradilar, bir-birlari bilan urishib ketadilar, qo‘g‘irchoqlarini ayirboshlash to‘g‘risida savdolashadilar, to‘rg‘aydek cho‘ldirashib ashulalar aytadilar. O‘z uyi bilan quduqning orasi yuz ellik qadam kelar-kelmas yer bo‘lsa hamki, Jim suvga borganida aqalli bir soatsiz qaytib kelmas, shunda ham uning orqasidan birov axtarib borishi lozim edi.
– Menga qara, Jim, agar xo‘p desang, sen bu yerda birpas devorni oqlab tur, sening o‘rningga men suvga borib kelayin, nima deysan?
Jim boshini chayqab qo‘ydi.
– Yo‘q, Tom boyvachcha, oyim meni suvga yuborayotganida: «To‘g‘ri bor, hech kim bilan yo‘lda so‘zlashma», – deb tayinlab qolgan. U menga «Tom boyvachcha seni devor oqlagani chaqirar, men buni yaxshi bilaman, sen uning so‘ziga quloq solmay, o‘z ishingga bor», deb qayta-qayta tayinlagan. U yana: «Tomning devor oqlayotganini o‘zim borib ko‘rib kelaman» ham dedi.
– Bo‘lmag‘ur gap! Qo‘yaver, u har doim ham shunday, og‘ziga kelganini so‘zlay beradi. Chelakni menga ber, men bir zumdayoq borib kelaman, u bilmay ham qoladi.
– Qo‘ysang-chi, men undan qo‘rqaman, juda ham qo‘rqaman, bilib qolgudek bo‘lsa, kallamni uzib tashlaydi, xudo ursin, uzib tashlaydi!
– Kim? O‘shami? U hech vaqt hech kimga qo‘lini ham tegiza olmaydi, uning qo‘lidagi angishvonasi bilan boshingga urishini aytasanmi? Shu ham kaltak yeyish bo‘ldimi, bunga kim e’tibor qilardi? To‘g‘ri, u og‘ziga kelgan vahimali so‘zlarni so‘zlab qo‘rqitaverdi, lekin uning goho yig‘lashini nazarga olmaganda, aytgan so‘zlari kishini sira ham achintirmaydi-ku! Jim, men senga marmar soqqa beraman. Senga o‘zimning oq bo‘r soqqamni ham beraman.
Jim ikkilana boshladi.
– Oq soqqamni deyapman, Jim bilasanmi, juda yaxshi oq soqqam bor-ku, o‘shani beraman!
– Bu aytganing to‘g‘ri, Tom boyvachcha, u o‘zi yaxshi narsa-ya, lekin shunday bo‘lsa ham, men oyimdan juda qo‘rqaman.
Jim, uning shunday vasvasalari ta’siriga berilib, chelagini yerga qo‘ymoqchi va qo‘liga bo‘r soqqani olmoqchi bo‘lgan ham ediki, biroq shu ondayoq chelagini qo‘liga mahkam ushlab, shaldiratib, yugurganicha chopib ketdi. Shu orada Tom g‘ayrat bilan devorni oqlashga kirishdi, Polli xola bo‘lsa, tuflisini qo‘liga ushlab, tantana bilan urush maydonidan o‘tib borar edi.
Tomning g‘ayrati uzoqqa bormadi. U bu kunni qanday xursandchilik bilan o‘tkazmoqchi bo‘lganini esiga tushirib, yana xafa bo‘ldi. Bugun bolalarning hammasi ko‘chalarda o‘ynab yuradilar. Ular albatta qiziq-qiziq o‘yinlar o‘ylab qo‘yganlar, СКАЧАТЬ
3
Yard – inglizcha so‘z bo‘lib, uzunlik o‘lchovi demakdir; u 0,91 metrga baravar.
4
Mulatlar – negrlar bilan oqlardan tug‘ilgan odamlar.