Название: O‘tmishdan ertaklar
Автор: Abdulla Qahhor
Издательство: SHARQ
isbn: 978-9943-26-092-4
isbn:
– Poyezd meni chaqiryapti… Chaqir! Qattiqroq chaqir, boraman! Meni uzoq-uzoq yurtlarga olib ket!
Qayoqdandir paydo bo‘lgan amakimning baqirgan tovushi eshitildi.
– Qayoqqa olib ketadi! – dedi va Savrinisoga tomon otildi.
Men arang qochib qoldim. Amakim dahshat ichida o‘zini uyga urgan Savrinisoning ketidan otilib kirdi. Savrinisoning avval «Dadajon!» degan chinqirig‘i, keyin mushukday vag‘illagani, nihoyat, ingragani eshitildi-yu, jim bo‘lib qoldi. Bu jimlikda kampirning tovushi eshitildi.
– Hoy, bolam, Abdurahmon, evida! Po‘pisa qilgin, qo‘rqitgin, nainki shunaqa ursang!
Men derazaning oldida dag‘-dag‘ titrab turardim. Qorong‘i uydan ayam chiqdi, mening rang-qutim o‘chganini ko‘rib yugurib keldi, qumg‘ondan suv olib yuzimga sepdi, gap so‘radi. Men javob berishga ulgurmay ichkaridan amakim chiqdi va onamga «kir» deb ishora qildi-yu, oyog‘idan tushib qolgan bir poy kavushini kiyib ko‘chaga chiqib ketdi.
Onamning ketidan uyga kirdim. Savriniso taxmonning oldida mukka tushib o‘zini bilmay yotar edi. Ayam taxmondan ko‘rpa tortib tushirdi, joy soldi, qisqa-qisqa nafas olayotgan Savrinisoni ko‘tarib yotqizdi. Ayam ko‘targanda Savriniso eshitilar-eshitilmas ingradi.
– Vahima qilma, o‘lmaydi, kechgacha tuzalib qoladi, – dedi kampir boshidan tushib ketayotgan ro‘molini peshanasiga surib. – Ovsiningga aytmay qo‘ya qol!..
Kampir chiqib ketdi.
Savriniso kechgacha ham o‘ziga kelmadi, aksincha, isitma chiqardi. Ayam uning yonidan jilmadi. Men goh derazadan qarayman, goh eshikka bosh tiqaman, Savriniso ko‘zini ochishini, meni chaqirishini kutaman, undan ham ko‘ra birdan: «Va-a, hammalaringni aldagan edim» deb o‘rnidan turib ketishini xohlar edim.
Shomdan keyin dadam bilan amakim kelishdi. Dadam Savrinisoning yonida birpas o‘tirgandan keyin yelkasiga sekin turtdi. Savriniso ko‘zlarini xiyol ochdi, lekin osma chiroqning xira shu’lasida dadamni tanimadi, sinchiklab qarashga darmoni yetmadi shekilli, ko‘zini yana yumdi. Dadam tashqariga chiqdi. Eshik oldida qilmishiga o‘kinib, boshini quyi solib turgan amakim imo bilan: «Qalay?» deb so‘radi. Dadam indamay zinadan tushib ketdi.
Yarim kechaga borib Savriniso og‘irlashib qoldi. Hech kim, hatto kampir ham kechasi bilan ko‘z yummadi. Voqeadan va hozirgi ahvoldan Savrinisoning onasi xabardor bo‘lib qolmasin uchun hamma oyoq uchida yurar, shivirlab gaplashar edi. Saharga yaqin amakim ona-bolaning qo‘shmozor bo‘lishidan qo‘rqdi shekilli, xotinini bir bahona bilan qo‘shnisi – yaqinda qazo qilgan Abdurazzoq yamoqchining uyiga eltib qo‘ydi. Savriniso o‘sal ekan shekilli, dadam chuqur xo‘rsinib ayamga: «Bechora tugab boryapti, ko‘zlarini ko‘rdingmi, dunyoga to‘ymayotibdi», dedi.
Savriniso o‘sha mahalda uzilgan ekan.
O‘lik yuvilib tobutga solingandan keyin azaga kelgan xotinlar orasida: «Qizning o‘ng biqini momataloq bo‘lib yotipti, zarb yegan ekan» degan gap o‘rmalab qoldi. Buni fahmlagan fahmladi-yu, fahmlamagan fahmlamadi, yopiqliq qozon yopiqligicha qolaverdi.
Tobut ko‘tarilganda amakim ikki-uch qalqidi-yu chalqanchasiga ketdi. Odamlar uni uyiga olib kirib yotqizishdi. Amakim shu yotganicha Savrinisoning yettisiga ham, yigirmasiga ham turolmadi.
Savriniso dafn qilinib, ikki kun o‘tgach, onasini Abdurazzoq yamoqchining uyidan olib chiqishdi. Kampir yig‘lab turib xudoning irodasi, peshana, taqdiri azal haqidagi uzundan uzoq daromaddan keyin Savriniso to‘satdan qazo qilganini unga aytdi.
Teri-yu suyakdan iborat bo‘lib qolgan bemor ko‘zlarini katta ochdi, oppoq tilini zo‘rg‘a chiqarib, qonsiz lablarini yalagan bo‘ldi, ko‘zlarini yana yumdi, kipriklari yaltiradi, uning kuygani, yig‘lagani, faryod chekkani shu, bundan ortiqqa madori yoq edi.
O‘zini bilmay yotgan bemorga kampir tasalli bergan bo‘ldi.
– Bola bechora qiz ketdi, u dunyoda hurlarga qo‘shilib ketadi…
Kunlar o‘tgan sayin bu xonadonga yana bir musibat qora ko‘lanka sola boshladi: yuvg‘ichining gapi asta-sekin o‘rmalab mirshabboshining qulog‘iga yetadiganga o‘xshab qoldi. Men buni dadamning usta Homidjonga aytgan gaplaridan bilib qoldim:
– Bu gap mirshabboshining qulog‘iga yetsa yomon bo‘ladi, o‘risning zakuni qattiq, Yaypanda bir qassobni arava urib o‘ldirganida Qo‘qondan yigirmatacha tergovchi bordi, ikki kun o‘likni joyidan jildirgani qo‘ymadi, butun bozorboshi uch hafta so‘roq berdi.
Usta Homidjon vahmak odam ekan, bu gapni eshitgach, cho‘chigan xo‘rozday bo‘ynini cho‘zib, og‘ir-og‘ir kiprik qoqdi. Dadam ikkovi hamon og‘ir yotgan amakimga sir bermay ko‘chaga chiqadi, uyga kiradi, shivirlashadi… Usta Yunus, usta Aroqul deganlar kelishdi. Uzoq maslahat qilishdi. Kampir bularning hech biridan qochmasa kerak, gapga aralashib, hech kimga so‘z navbati bermasdi:
– Oldini olaman deb isini chiqarib qo‘ymanglar, xudo xohlasa, bu gap mahalladan tashqariga chiqmaydi, mahallada o‘g‘limning dushmani yo‘q…
Shunday bo‘lsa ham bular, chamamda, zakon biladigan biron odamning taskin-tasallisiga muhtoj edi. Shunday odam mahallaning o‘zidan chiqib qoldi. Temirboy baqqol degan bundan uch yil burun birov bilan zakonlashib sayozgacha3 borgan ekan. Usta Homidjon shu odamning qo‘yniga qo‘l solib ko‘ribdi. Bu odam voqeadan, dadamlar tortayotgan tashvishdan xabardor ekan, gapni ko‘paytirmay: «Da’vogar bo‘lmasa kimning kim bilan ishi bor?» depti.
Bu borada da’vogar yo‘q edi.
Savrinisoning qirqi o‘tgandan keyin Azim duduq yo‘qolib qoldi. Qidirilmagan joy qolmadi. O‘sha kuni birov uni Shaldiramoqda g‘altakarava surib ketayotganini ko‘ribdi. G‘altakaravada gullik qora las ko‘rpa, qizil lo‘labolish, yana allanimalar bor ekan. Ko‘rgan kishi: «Yo‘l bo‘lsin, Azimboy» desa, Azim: «Oyim o‘ttiz bo‘ldi», degan emish.
Butun hovlini to‘ldirib turgan Savriniso ekan, hammayoq huvillab qoldi. Savrini-soning zinada o‘tirib amirkon kavushining poshnasi bilan yong‘oq chaqqani, taxmonning oldida mukka tushib yotgani, odamlarning yelkasida lapanglagan tobut ko‘z o‘ngimdan sira ketmas edi.
Bir kuni shom paytida anhorning ko‘prigidan oyog‘imni osiltirib jimgina o‘tirgan edim, yonimga G‘afforjon kelib o‘tirdi.
– Bir yili dadam meni Shohimardonga olib borgan edi. Shohimardonning yo‘lida bitta tog‘ bor, shu yerdan o‘tishda «Qirq qizlar-u!» deb chaqirsang tog‘ning ich-ichidagi hur qizlar «huvv» deb javob berishadi. Savriniso opam shu hur qizlarga qo‘shilib ketdi. Katta enam shunaqa deyaptilar. Shohimardonga boramiz. Dadam olib boradi.
СКАЧАТЬ
3
Sayoz – sudyalar syezdi.