O‘tmishdan ertaklar. Abdulla Qahhor
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу O‘tmishdan ertaklar - Abdulla Qahhor страница 6

Название: O‘tmishdan ertaklar

Автор: Abdulla Qahhor

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-26-092-4

isbn:

СКАЧАТЬ pangvosh-ey, poshsholik go‘s-xo‘rmas, shapka tikadigan mashinani qo‘lingga berib qo‘ymaydi!

      – Ityoqa ko‘ylak, bo‘g‘ma kamzul tikadigan mashina!

      – To‘g‘ri, qulog‘ini bursang bas, gazlamasi ham ichida!

      Shaharlik kishi tizzasiga qo‘yib yozgan qog‘ozini dadamga berdi-da, sandalning ustida turgan rang-barang qiyqimlardan bir nechtasini olib mashinada bir-biriga uladi, tikkani qanchalik pishiq ekanini ko‘rsatish uchun qiyqimlarni bir-biridan uzmoqchi bo‘ldi. Quroq yirtildi-yu chokidan so‘kilmadi. Odamlar: «O‘ha!» deb yuborishdi. Kimdir yaqinroq borib:

      – Qoyilman! Ayil tiksa ham bo‘ladimi? – deb so‘radi.

      – Bo‘ladi, to‘qim yamasa ham bo‘ladi! – dedi shaharlik kishi, keyin xaloyiqqa yuzlanib, mashina qanday savdo bo‘lganini aytib berdi.

      Mashinaning bahosi qirq sakkiz tanga, uchidan yetti yarim tanga naqd to‘lansa, olti oy muhlat bilan nasiyaga berilar ekan.

      Dadam mashinani ko‘tarib, pastda turgan Kulalaga uzatdi. Shu damgacha tek turgan xaloyiq birdan gurilladi. Odamlar bir-birini turtib, itarib olg‘a, endi mashinani emas, dadamni ko‘rgani intilar, unga birov hayrat, birov hasad, birov havas bilan qarar edi. Kulala mashinani yelkasiga qo‘ydi, ikkovimiz g‘izillaganimizcha uyga ketdik. Orqamizdan bolalar duv ergashdi.

      Temirchi ustaning «Zinger» olganligi darrov dovruq bo‘lib ketdi. O‘sha zamoni-yoq shu atrofdagi xotin-xalaj uyimizga yopirilib kirishdi. Bularning ichida indamasligim uchun menga ta’zir bermoqchi bo‘lgan semiz xotin ham bor edi. «Zinger»ni bilar ekan, eski dasturxondan menga birpasda ko‘ylak tikib berdi. Men hammani hayratga solgan ko‘ylakni kiyib darrov ko‘chaga chiqdim. Atrofimda bolalar chug‘urlashar, kelgindi ekanimni ham unutib, hammasi: «Zingeringni bitta ko‘rsat», deb yalinar edi. Men bolalarning yalinganidan o‘zimda yo‘q suyunib chopqillaganimcha uyga kirdim va qaldirg‘ochday chug‘urlab, ayamga qayta-qayta:

      – Bolalar, zingeringni ko‘rsat deyishayapti, – dedim.

      Ayamga «Zinger»ni o‘rgatayotgan semiz xotin yalt etib menga qaradi.

      – Voy, tiling chiqib qolipti-ku! – dedi.

      Ayam ham hayron bo‘ldi, keyin suyundi.

      – Maxsum pochchamning nafaslaridan o‘rgilay, o‘sha kishiga o‘qitgan edik, – dedi.

      Uyalib ketdim. Ko‘ylagimni yechib qo‘ydim. Anchadan keyin ko‘chaga chiqdim. Bolalar tarqab ketishibdi.

      Bir-ikki kundan keyin «Qayquvotlik Nodirxon to‘ra ham «Zinger» olipti», degan xabarni eshitdik.

      U yoqda Nodirxon to‘ra, bu yoqda usta Abduqahhor!..

      Sal kunda dadam og‘izga tushib ketdi. Dadam mahallada «Zingerli boy» deb nom chiqardi, men buni bolalardan ham eshitdim.

      Biroq bu xursandchilik uzoqqa bormadi. Kulala bir kuni «Zingerli boy shayton arava minib odam o‘ldirgan», degan gapni topib keldi. Shundan keyin gap chiqaveribdi. Ayam ham har kuni kechqurun dadamning kelishiga bir dilsiyohlik topib qo‘yar edi: «Namoz o‘qimaydi», «mahallaga kelganidan beri biron marta is chiqargani yo‘q», «mahallaga qo‘shilmaydi», «Zinger» olgunicha hirsday bo‘lib qolgan o‘g‘lining qo‘lini halollasa bo‘lmaydimi?..»

      Ota-onam katta tashvishga tushib qoldi. Ayam yig‘lar, dadam ichidan qirindi o‘tsa ham unga taskin-tasalli berar edi. Dadamning aytishiga qaraganda, Olim buva endi opasining xunini da’vo qilmaydi, chunki o‘zi «xudoning irodasi» degan. Lekin boshqa gaplarda jon bor edi. Ota-onam bularning hammasini meni sunnatga yotqizish bilan bosmoqchi bo‘ldi. Yanagi hafta bir pud guruch damlab meni sunnatga yotqizishdi. Ota-onam bunchaligini kutmagan bo‘lsa kerak, imom boshliq butun mahalla to‘yga kirganda «xayriyat» deyishdi. Osh ustida «Zinger»dan gap ochilganda mahallamizning imomi «Zinger» tikkan kiyim namozlikka yaramaydi», debdi.

      Dadam «Zinger»ni eski qopga o‘rab tandirning tagiga tiqib qo‘ydi, bomdod, shom va xufton namozini machitga chiqib o‘qiydigan bo‘ldi.

      Shu bilan tinchib qolgan edik, yana tashvish chiqib qoldi.

      Bir kechasi saharga yaqin O‘lmasoy yig‘laganda ayam uyg‘onib qarasa, yo‘lakni to‘sib osilgan sholchaning oldida shopday bo‘lib bir kishi turganmish, ayamning uyg‘onganini ko‘rib devordan oshib ketibdi. Yana bir kuni ertalab qarasak, tutning ostiga devordan ikkita guvalak ko‘chib tushibdi. Uyimizda o‘g‘rining qo‘liga ilingudek hech narsa bo‘lmasa ham juda vahima bo‘lib ketdi. Bir-ikki kecha dadam bolta ko‘tarib hovlini aylanib yurdi.

      – Katta boylarni poshsholik qo‘riqlaydi, – dedi dadam, – Miroqil paxtafurushning uyini o‘g‘ri bosganda ellikboshidan tortib mingboshigacha xoda yutgan, bu yog‘i shahardan tergovchilar kelgan edi. Chakana «Zingerli boy»ni chakana o‘g‘ri bossa kim uzatgan oyog‘ini yig‘adi?

      Dadam qayoqdandir kattakon, men zo‘rg‘a ko‘taradigan qora to‘pponcha topib keldi; to‘pponcha buzuq bo‘lsa kerak, kechasi eshik va darchani zich yopib, chiroqda tuzatdi, zig‘ir yog‘i bilan moyladi, kechalari boshiga qo‘yib yotadigan bo‘ldi. Ayam o‘g‘ridan ham ko‘ra to‘pponchamiz borligini birov bilib qolishidan qo‘rqar, uning nomini aytish kerak bo‘lib qolsa, «to‘pponcha» emas, «moshina-qo‘shiq» der edi. Dadam bir kuni ayamni urishib berdi:

      – Unaqa demagin, tag‘in «moshinaqo‘shiq» ham olipti, degan gap chiqmasin!

      Har nechuk «Zinger» tufayli bolalar orasida obro‘yim oshib ketdi, bolalarning o‘yiniga qo‘shiladigan, o‘shalar qatori chug‘urlab, shovqin solib yuguradigan bo‘ldim.

      Biroq, Yaypandan Qo‘qonga ko‘chadigan bo‘lib qoldik.

      Anjir xazon bo‘lay deganda Qo‘qondan amakim keldi. Amakimni ilgari ko‘rganim esimda yo‘q, u kishi dadamday cho‘qqisoqol bo‘lsa ham unga qaraganda novcharoq, barvasta bo‘lib, ko‘rsatkich barmog‘ini dambadam burnining yonidan yuqoriga surib dimog‘ini tortib qo‘yadigan odati bor ekan.

      Amakim usta Abdurahmon qizi Savrinisoni o‘z qo‘lida o‘sgan shogirdi Azimga bermoqchi, bu yerga kelishdan maqsadi Yaypan bozoridan arzonroq guruch va zig‘ir yog‘i olish va shu bilan birga Girmon bilan urush boshlanganini aytib, bizni shaharga ko‘chgani da’vat qilish ekan.

      Urush boshlanganiga bir yarim oycha bo‘libdi. Buni amakimning o‘zi ham o‘tgan juma kuni eshitibdi: ellikboshi juma namozidan chiqqan odamlarni to‘xtatib: «Bekorchi temir-tersaklaring bo‘lsa machitga keltirib tashlanglar, poshsholikka kerak», debdi. Amakim sekin: «Poshsholik buni nima qiladi, muncha nazari past bo‘lmasa?» deb so‘rasa, ellikboshi «Girmon bilan urush boshlanib qoldi, temir-tersakdan o‘q yasaladi», deb javob beribdi.

      Biz urush nima ekanini bilmasak ham amakimning: «Hammamiz bir joyda bo‘laylik», deganidan ko‘nglimizga g‘ulg‘ula tushdi.

      Dadam ertasiga bozor kuni amakimga kerakli narsalarni olib berdi. Amakim shu kuni kechki payt Qo‘qonga jo‘nar oldida ayamga tayinladi:

      – To‘yda o‘zing xizmat qilmasang bo‘lmaydi, ovsining tamom bo‘lgan… shoshilishimning boisi ham shu, bechora qizining to‘yini ko‘rib o‘lsin, – dedi.

      Ayam hammadan ham «Zinger» dahmazasidan qutulishiga xursand edi.

      Yanagi СКАЧАТЬ