Название: O‘tmishdan ertaklar
Автор: Abdulla Qahhor
Издательство: SHARQ
isbn: 978-9943-26-092-4
isbn:
«Qo‘rqma, zovut, Mirrabbiyboyning zovuti, odam chaqiryapti», dedi.
Amakimning hovlisi Qipchoqariq degan mahallada, tollarning ostiga ko‘milgan anhor bo‘yidagi pastqam hovlilardan biri ekan. Yarmini kattakon tol qoplab yotgan hovlida bizni boshdan oyoq oppoq kiyingan bir kampir bilan ozg‘in, rangi zahil, lekin qoshi-ko‘zi qop-qora, sariq ko‘ylak va qizil jeletka kiygan bir qiz qarshi olishdi. Kampir dadamning onasi, qiz amakimning qizi Savriniso ekan. Kampir dadamni quchoqladi. Qiz ayamning ko‘ksiga boshini qo‘yib yig‘ladi, keyin yuz-ko‘zini artib meni quchoqladi, o‘pdi. Ikkovi bizni tandir va o‘choq qurilgan bostirmaga, undan qorong‘iroq uyga boshlab kirishdi. Bu uyda amakimning og‘ir betob xotini yotgan ekan. Betob ozib cho‘p bo‘lib ketgan, chaqchayib turgan ko‘zlaridan odam qo‘rqar edi. Savriniso meni hovliga olib chiqdi, ro‘paradagi yangi uyning zinasiga o‘tqazib gapga soldi, jeletkasining cho‘ntagidan ikkita parvarda olib berdi, keyin: «Hozir G‘afforjon maktabdan keladi, birga o‘ynaysiz», dedi-yu, qaytib ketdi, anchadan keyin yana chiqdi, qo‘limga bir bo‘lak sovunak holva berdi.
Shu orada G‘afforjon kelib qoldi. Men uni qo‘lidagi kitobidan tanidim. G‘afforjon menga qayrilib ham qaramay, kitobini so‘riga uloqtirdi-yu, borib tolning kallagidan bir nima olmoqchi bo‘ldi. Savriniso borib uning qulog‘iga bir nima dedi. G‘afforjon bag‘illab berdi. Savriniso yana bir nima degan edi, G‘afforjon yerga o‘tirib, oyoqlarini tipirchilatib yig‘i boshladi. Savriniso mening oldimga qaytib keldi. G‘afforjon uzoq yig‘ladi, sidirg‘asiga emas, dam olib-dam olib, biron narsaga alahsib qolsa, yig‘lashini unutib, yana eslab yig‘lar edi.
Uydan kampir chiqdi, G‘afforjonni ko‘rib, xuddi bir kor-hol bo‘lganday uning oldiga yugurib bordi, boshini silab gap so‘radi.
– Dadamni aytib kelgin, desam shunaqa qilib o‘tiribdi, – dedi Savriniso.
Kampir baqirib berdi.
– Qo‘shnining bolasini yuborsang bo‘lmaydimi! – dedi va yengidan bir nimalar olib G‘afforjonga berdi-da, aldabsuldab ko‘chaga chiqarib yubordi.
Savriniso hovliga suv sepib, so‘riga joy qildi. Men nima qilishimni bilmay ko‘chaga chiqdim. Muyulishdagi ko‘prik boshida bolalar turishgan ekan, yaqin bordim. Bular mendan yotsirashmadi. Gaplashib ketdik. Biroq ko‘p o‘tmay, bular mening har bir so‘zimdan kula boshladi, biri «qishloqi» deb qo‘ydi. Men, masalan, «do‘kan», «non», «bola» deb o‘rganganman, bular «dikon», «nun», «bala» deyishar ekan. Shundan keyin menga ro‘yxush berishmadi. Shunda G‘afforjondan: «Bu bola bizning qarindoshimiz», degan gapni shuncha kutdim, aytmadi, bolalar qayoqqadir ketayotganda menga «yur» ham demadi.
Qaytib keldim. Amakim ham kelibdi. Savriniso o‘choq boshida, boshqalar so‘rida gaplashib o‘tirishgan ekan. So‘z to‘y haqida borayotgan edi.
– Onasi ham shunga ilhaq bo‘lib ko‘z yumolmayapti, – dedi kampir nafasi titrab, – qachon oldiga kirsam: «To‘y qachon, ko‘zim ochiqligida qizimning to‘yini ko‘rib qolay», deydi. O‘zimning ham shartim ketib, partim qolgan… Vaqtida odamlarga o‘tqazib qo‘yganim bor, to‘yanaga kim nima olib kelishini bilmasam ham, har nechuk, umidim katta, o‘z qo‘lim bilan berganimni o‘z qo‘lim bilan olay…
Kechasi Savriniso onasining yonida, kampir bilan amakim va G‘afforjon yangi uyda, biz hovlidagi so‘rida yotdik. Otam-onam xiyla vaqtgacha shivirlashib yotishdi.
– Savrinisoning Azimga hech ham ko‘ngli yo‘q ekan, – dedi ayam, – boya suvxonada meni quchoqlab zor-zor yig‘ladi.
Dadam ayamni urishib berdi.
– Qiziqmisan o‘zing, dunyoda qaysi bir qiz ko‘ngli bo‘lganga tegipti? Qaysi bir qiz ko‘ngli bo‘lmaganga tegmapti? Tushi-rindida yig‘lamasdan aravaga chiqqan kelin bormi?
Ertasiga kechqurun ikkala ammam kelishdi. Ayam shularning oldida amakimga so‘z qotdi:
– Savriniso o‘n oltiga endi to‘ldi, shu ishni biron yil bo‘lsa ham paysalga solinsa bo‘lmasmikan? – dedi.
Bu gap dadamga ham ma’qul tushdi shekilli, so‘zga og‘iz rostlaganida amakim shovqin solib berdi:
– O‘zing necha yoshda erga tekkansan?! O‘n to‘rtda eding! Nima qilasan Savrini qaritib!
Kampir ming‘illadi.
– Abdurahmon uzil-kesil gapni aytib qo‘ygan, bu to‘g‘rida bir nima degani hech kimga so‘z qolgani yoq!
To‘y kelasi oyning sakkizi, juma kuniga tayinlandi. Ertasiga Savriniso yo‘lakda dadamning oyog‘iga yiqildi, tovush chiqarmay kuyinib yig‘ladi. Dadam uni yupatdi, «hammaning ham boshida bor», degan gaplarni aytdi.
Men bir kuni Savrinisoning azob-uqubatlariga sabab bo‘layotgan Azimni ko‘rish uchun amakimning do‘koniga bordim. Azim moylabi endi sabza urgan, peshanasi tor, ko‘zlari katta-katta, bo‘yi pastroq bo‘lsa ham har yelkasiga to‘rttadan odam sig‘adigan bir yigit bo‘lib, dadamning aytishiga qaraganda, «bosqonchimisan bosqonchi, bosqonni boshidan oshirib urishni Qo‘qonda shu rasm qilgan» ekan. U duduq, xiylagina duduq bo‘lishiga qaramay sho‘x, xushchaqchaq, yaxshigina askiya ham qilar ekan. Kulala askiyada yengilganida uning damini qaytarish uchun: «Siz mening otimni aytguningizcha onam yana bitta Kulala tug‘adi» deb shaxsiga tekkanida, Azim xafa bo‘lish o‘rniga qotib-qotib kuldi.
Amakim Yaypanga borganida bizga uy ijaraga olib qo‘yishni va’da qilgan edi, olib qo‘ymabdi. Shuning uchun uy topilguncha, balki to‘y o‘tguncha biz shu yerda turadigan, dadam o‘zi do‘kon ochguncha amakimga qarashadigan bo‘ldi. Bu orada men siqilib qoldim; ko‘chaga chiqib bolalarga qo‘shilolmayman; G‘afforjon maktabdan kelganidan keyin quloqni qomatga keltirib nuqul nay puflaydi, chalolmaydi, faqat puflaydi, bundan zeriksa, ko‘chaning u yuzidagi botqoqqa borib baqa o‘ldiradi. Menga e’tibor qiladigan, qo‘li tekkanda so‘z qotadigan birdan bir odam Savriniso bo‘lib qoldi.
Savriniso bir kuni kampirdan javob so‘rab meni Ko‘mir bozorida turadigan kichik ammamning uyiga olib bordi. Ammam qizi Mukarram ikkovimizning qo‘limizga pul berib, rohatijon yegani yaqin G‘ishtko‘prikka yubordi. G‘ishtko‘prik Ko‘mir bozoridan ancha narida ekan. Biz Ko‘mir bozorida qanorlarda ko‘mir ortilgan tuyalarni, undan nari har xil yaltiroq narsalarga to‘la baqqollik do‘konlarini tomosha qilib bordik; G‘ishtko‘prikning ikki tomonidan zarang kosa tutib tilanayotgan pes-moxovlar, oldiga mayda tosh uyib rom ochayotgan folbinlarni oralab, ko‘prikning u tomoniga o‘tdik. Yangi do‘konda o‘tirgan jikkakkina chol oldidagi muzni qirib likopchalarga soldi-da, ustiga qoshiqcha bilan shinni oqizib qo‘limizga berdi. Rohatijonni qoshiqchaning uchida olib uzoq yedik.
Qaytdik. Kelib qarasam, Savriniso yig‘layverib shishib ketibdi, lekin yig‘laganini bildirmaslik uchun meni gapga soldi, ikki gapning birida kular edi.
Ertasiga ikkala ammam kelishdi, kampir uchovi uzoq gaplashganidan keyin paranji yopinib qayoqqadir ketishdi. Ikkala ammam nima uchun kelganini, kampir uchovi qayoqqa borganini shu kuni kechasi ayamning dadamga aytgan gaplaridan bildim:
uchovi shu mahallalik Bandi eshonga borib ilm-u amal qilishibdi, Savrinisoni Azimga isittirishibdi. Shundan keyin, bilishimcha, Savriniso kampirning СКАЧАТЬ