Beruniy go‘yo yomon tush ko‘rib bosinqiragan odamday, yuragi gurs-gurs urib uyg‘onib ketdi. U anchagacha qayerga kelib qolganini anglay olmay yotdi, so‘ng ko‘zi shiftdagi do‘ppidekkina tuynukka, g‘adur-budur devor tokchasida miltirab turgan moychiroqqa tushdi, tushdi-yu, yuragi orqasiga tortib ketdi.
Subhonollo! U tanish hibsxonada, bundan o‘n uch yil muqaddam G‘aznaga kelgan, to‘g‘rirog‘i, majburan olib kelingan yili tushgan zindonda yotardi! Faqat unda bir o‘zi emas, yonida keksa ustod Abdusamad Avval26 ham bor edi.
Kecha Osmon malikasi qasrida bo‘lgan mashvaratdan keyin Beruniyning harorati oshib, ahvoli shunday og‘irlashdiki, bu sovuqtosh qafasga qanday kelganini bir eslasa, bir eslay olmaydi.
U hamon o‘z ko‘zlariga ishonmas, nazarida, hamon tush ko‘rayotganday edi. Yo‘q, bu tush emas, u chindan ham o‘n uch yil muqaddam tushgan zindonda yotardi. O‘n uch yil ichida zindonda hech narsa, hatto yerga to‘shalgan eski bo‘yralar ham o‘zgarmabdi! Faqat ustod Abdusamad Avval yo‘q, ustod yotgan joyda hozir qora qurum bosgan katta cho‘yan qumg‘on turardi, xolos.
Ustod Abdusamad Avval!..
Beruniy a’zoyi badani zirqirab, asta ko‘zini yumdi, yumgan zahoti nigohi oldiga Ko‘shki davlat maydoniga yig‘ilgan behisob olomon keldi… Olomonning qoq o‘rtasidagi ochiq joyga baland so‘ri qurilib, unga to‘rtta dor tikilgan, dorlar tagida soqollari ko‘ksiga tushgan to‘rtta mo‘ysafid turar, ular orasida… ustod Abdusamad Avval ham bor edi.
Qo‘llarida og‘ir kishan, egnida kafan yanglig‘ uzun bo‘z yaktak, yalang bosh, yalang oyoq, osmonga tikilgan ko‘zlarida qo‘rquv emas, yo‘q, cheksiz bir qahr, soqol bosgan shiddatli yuzida mag‘rur sokinlik!
Yodida bor, bu mudhish voqeadan bir hafta oldin ularni, ya’ni Gurganjdan haydab kelingan bir guruh allomalarini Ko‘shki davlat saroyiga taklif qilishgan edi. Xuddi kechagiday noyob zebi ziynatlar, ipak gilamlar, billur qandillar, g‘aroyib oltin ma’budalar bilan bezatilgan mashvaratxonada ularni sulton o‘zi qabul qilgan edi.
U mahalda sulton hali yigitday navqiron edi, egnida zarbof to‘n, boshida injular qadalgan toj, serbar tilla kamarida tilla shamshir, oyog‘ida kumush nag‘al qoqilgan g‘arch-g‘urch etik, sulton Mahmud o‘shanda Xorazmdan keltirilgan allomalarga, ayniqsa Abu Rayhon bilan ustod Abdusamad Avvalga katta izzat-ehtirom ko‘rsatgan, ularni ulug‘lab, oltin kosalarda sharob sipqargan, ziyofatdan keyin esa, egnilariga kimxob to‘nlar yopgan, qimmatbaho sovg‘a-salomlar in’om etgan edi. Abu Rayhon ziyofat vaqtidayoq g‘aznalik shoirlar, xususan, ulamoyi zabar-dastlarning qovoq-tumshuqlari osilib qolganini payqab, ko‘ngli g‘ash bo‘lgan edi. Darhaqiqat, uch-to‘rt kun o‘tmasdanoq, tun yarmidan oshganda uning hujrasiga bir guruh navkarlar bostirib kirib, uni «Qal’ai qahr» deb dong chiqargan mana shu tosh qafasga olib kelib tiqishgan edi. Eng yomoni – uni olib kelishganda hozir qora qumg‘on turgan joydagi eski bo‘yrada… ustod Abdusamad Avval yotgandi!
Keyin bilsa… mashvarat vaqtida qovoqlaridan qor yoqqan G‘azna ulamolari ularni sotqinlikda ayblashgan, bunga esa Beruniyning qarmatiylar27 rahnamosi imom Ismoil kechmishlari haqidagi bir risolasi sabab bo‘lgan ekan?..
Xorazmda, Ma’mun ibn Ma’mun saroyida xizmat qilib yurgan chog‘larida pinhona yozilgan bu risolani dunyoda faqat bir odam, u ham bo‘lsa ustod Abdusamad Avval bilar, to‘g‘rirog‘i, risola o‘zi ustodning iltimosiga binoan yozilgan edi. Yoshlik chog‘larida badavlat padarining badavlat xonadonini tark etib, tabiblik bilan kun kechirgan ustod Abdusamad avval yolg‘iz imom Ismoilni tan olar, haq yo‘lida esa tariqatdan boshqa hamma narsani inkor etardi! U namozni birda o‘qisa, birda o‘qimas, ro‘zani ham birda tutsa, birda tutmas, ammo bir burda non topsa yo‘qsillar va yetim-yesirlar bilan baham ko‘rardi. U faqir hujrasida zohidlik qilib, yo‘qlab kelgan bitta-yarimta kasallarni davolar ekan, hech kimdan tap tortmay:
– Qur’oni karim nedur? – deb xitob qilar va o‘zi javob berardi: – Adlu haqiqatdur! Gunohi kabir nedur? Zebi ziynat va ayshi ishratdur! Savobi azim nedur? Mehri shafqat-dur! O‘zing yanglig‘ bandalarni suymoqdur! Baloyi nafsni tiymoqdur!..
Ustod Gurganjda, o‘z kulbayi vayronasida o‘tirib, kelgan-ketganlarga o‘z e’tiqodini bayon etarkan, birovlar uning va’ziga quloq solsa, birov quloq solmas: ko‘plar uni tarkidunyo qilgan bir devona deb hisoblar edi. Lekin bir qarashda g‘arib ko‘ringan bu chol faqat tabobat emas, boshqa ilmlar bobida ham tengsiz edi!
Tarki odat amrimahol, deganlaridek, ustod G‘aznaga kelgandan keyin ham o‘z odatini qo‘ymadi, hech kimdan tap tortmay o‘z so‘zini so‘zlayverdi. U hatto o‘sha kuni, Ko‘shki davlatda bo‘lgan sulton G‘aznaviy mashvaratida ishtirok etgan kuni ham, ketayotganlarida, egniga yopilgan kimxob to‘nini yechib tashlab ketgan va uning zindon qilinishiga bu mislsiz «takabburligi» ham sabab bo‘lgan edi!
O‘shanda, mana shu zil-zalvar eshik ochilib, Beruniyni bu tor qafasga itarib yuborishganlarida, ustod bo‘yraga tiz cho‘kib, namoz o‘qib o‘tirardi. Toat-ibodatga birda rioya qilib, birda rioya qilmaydigan ustod eshikda Abu Rayhonni ko‘rib «yalt» etib qaradi. Osoyishta sersoqol yuzida kishini rom qiluvchi bir shiddat, o‘siq qoshlari tagiga yashiringan sinchkov nigohida o‘zgacha bir qat’iyat.
– Yodingda bo‘lsin, Abu Rayhon! Imom Ismoil… – tangri uning qabrini munavvar etgay! – Imom Ismoil tariqati to‘g‘risidagi risolani kamina bitganmen! Sen emas, kamina bitganmen! So‘zimni angladingmu, Abu Rayhon!
Beruniy beixtiyor boshini xam qilib:
– Bu so‘zga kim inonadi, ustod? – deb so‘radi. – Risolaga kaminaning nomi bitilgan.
– Yo‘q, faqir sening nomingni o‘chirganmen. Ne chora? Gurganjdan kelgan munofiq bir hamyurtimiz, sababi baxillik, ig‘vo qilmish! Yodingda bo‘lsin – sen yoshsen, kamina esam, yoshimni yashab, oshimni oshab bo‘lganmen.
– Ustod!
– Bas! – chol, to‘satdan oldidagi qora qumg‘onni olib, yerga gursillatib urdi. – Agar bu tilagimni bajo keltirmasang bergan ilmimga rozi bo‘lmasmen!
Beruniy arang boshini ko‘tarib, qora qumg‘ondan bir qultum suv ichdi, hamon ko‘z oldida turgan to‘rtta dorni haydamoqchi bo‘lib yana ko‘zini yumdi, lekin bu voqea go‘yo o‘n uch yil avval emas, xuddi kuni kecha bo‘lib o‘tganday, sira nigohi oldidan ketmas edi.
Ustod, egnida oq kafan kabi uzun bo‘z yaktak, yalang bosh, yalang oyoq baland dor tagida turipti, taqir qirilgan ulkan boshini baland ko‘tarib, ko‘krak kerib turipti, osoyishta chehrasida, ko‘kka tikilgan o‘tkir ko‘zlarida na qo‘rquv bor, na iztirob!
Ana, osmoni falakni zir titratgan nog‘oralar gumburiyu karnay sadolari ostida darvoza ochilib, saroydan… bir yonida vazir-u vuzaro, bir yonida qozi Sayid, sulton Mahmud ko‘rindi. Qilich yalang‘ochlab, ot o‘ynatgan yuzlarcha sarbozlar qurshovida sulton dor ro‘parasidagi ulkan marmar supaga chiqdi, chiqishi bilan Ko‘shki davlat maydonini zir titratgan nog‘oralar gumburi, osmoni falakni larzaga keltirgan karnay sadolari tinib, dengizday guvullagan olomon birdan suv quyganday jim bo‘ldi.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «ЛитРес».
26
Mashhur olim, Beruniyning ustozlaridan biri.
27
O‘rta asrlarda diniy g‘oyalar vositasida feodal zulmiga qarshi qaratilgan kurashchilar oqimi.