Название: Қуёш барибир чиқаверади
Автор: Эрнест Миллер Хемингуэй
Издательство: Yangi asr avlodi
isbn: 978-9943-20-989-3
isbn:
Musiqa chalingach, Robert Kon unga murojaat qildi:
– Sizni raqsga taklif etishga ruxsat bering, ledi Bret.
Bret unga jilmayib qo‘ydi.
– Bu safar Jeykob bilan raqs tushishga va’da berib qo‘yuvdim, – dedi u kulib. – Almisoqdan qolgan ismingiz bor-a, Jeyk.
– Keyingi raqsni-chi? – so‘radi Kon.
– Biz hozir ketamiz, – dedi Bret. – Monmartrga borishni mo‘ljallab qo‘yganmiz.
Raqsga tushayotganimda Kon peshtaxta yonida hamon qizga tikilib turganini ko‘rdim.
– Yana bitta xushtor orttirdingiz, – dedim unga.
– Shunaqaga o‘xshaydi. Bechora bolakay. O‘zim ham hozirgina sezib qoldim.
– Qo‘ysangiz-chi, – dedim men. – Bundaylarni ko‘paytirish sizga yoqadi-ku!
– Bo‘lmagan gap.
– Albatta, yoqadi.
– Xo‘sh, agar yoqqanda-chi?
– Har qalay, so‘radim-da, – dedim men.
Biz kimdir chalib yuborgan banjo1 bilan akkordeon ohangiga raqs tushardik. Zal dim bo‘lishiga qaramay, o‘zimni yaxshi his qilardim. Boyagi davradagi yigitcha bilan raqs tushayotgan Jorjetga urilib ketishimizga sal qoldi.
– Nega endi uni olib keldingiz?
– Bilmadim, shunchaki.
– Maftun bo‘ldim deng?
– Yo‘q. Shunchaki ko‘ngil xushi.
– Hoziram-a?
– Ha, endi zerikmayapman-da.
– Bu yerdan ketaylik. Jorjetni zeriktirib qo‘yishmaydi.
– Rostdan ham shuni istaysanmi?
– O‘zim taklif etgandan keyin, istayman-da.
Biz maydonchani tark etdik. Men paltomni kiyim ilgichdan olib kiydim. Bret peshtaxta yonida turgandi. Kon unga bir nimalar deyapti. Peshtaxta oldiga kelib, konvert so‘radim. Cho‘ntagimdan ellik frankli pulni olib, konvertga joyladim-da, yelimlab bekaga uzatdim.
– Men bilan kelgan qiz agar meni surishtirib qolsa, marhamat qilib mana shuni berib qo‘ysangiz, – dedim men. – Agar yoshlardan birortasi bilan ketib qolsa, buni saqlab qo‘yasiz, o‘zim olaman.
– C’est etendu, mohsiunr2, – dedi beka. – Nima, ketyapsizmi? Hali erta-ku?
– Ha, ketyapmiz, – dedim.
Biz eshik tomon yurdik. Kon hamon Bretga nimanidir uqtirardi. U Robert bilan xayrlashib, meni qo‘ltiqlab oldi.
– Xayrli tun, Kon, – dedim men. Ko‘chaga chiqib, taksi axtara boshladik.
– Ellik frankingiz qulog‘ini ushlab ketdi, – dedi Bret.
– Ha, qo‘yavering.
– Birorta taksi ko‘rinmaydi-ya.
– Panteongacha piyoda borib, o‘sha yerda taksi yollash mumkin.
– Qo‘shni barga kirib, taksiga odam yuboramiz-da, ungacha o‘zimiz ozginadan ichib olamiz.
– Hatto ko‘chani piyoda kesib o‘tishni ham istamaysiz-a.
– Iloji topilsa mashinada o‘tgan yaxshi-ya.
Biz eng yaqin barga kirdik va men ofitsiantni taksi olib kelishga yubordim.
– Mana, ulardan qochib qutuldik ham, – dedim men.
Bir rux qoplangan baland peshtaxta yonida churq etmay bir-birimizga tikilib turardik. Ofitsiant qaytib kelib, taksi kutayotganini aytdi. Bret qo‘limni mahkam qisib qo‘ydi. Ofitsiantga bir frank berib ko‘chaga chiqdik.
– Qayoqqa haydasin? – so‘radim men.
– Istagan tomoniga haydayversin.
Haydovchiga Monsuri bog‘iga haydashni buyurib, eshikni yopdim. Bret ko‘zlarini yumib burchakka tiqilib oldi. Men yoniga o‘tirdim. Mashina bir siltanib yurib ketdi.
– Eh, azizim, shunaqayam baxtiqaroman-ki! – dedi Bret.
To‘rtinchi bob
Mashina tepaga ko‘tarilib, yop-yorug‘ maydonni kesib o‘tdi-da, keyin yana yuqoriga o‘rmaladi, so‘ng qorong‘ilik qo‘yniga kirib, Sent-Etyen-dyu-Mon cherkovi ortidagi qoramtir asfalt ko‘cha bo‘ylab borib, qishloqni, Kontreskarp maydonidagi avtobus bekatini chetlab o‘tdi-yu, Muftar degan tosh ko‘chaga chiqib oldi. Ko‘chaning ikkala tomonidagi barlarning derazalaridan, hali ham ochiq do‘konlarning vitrinalaridan yorug‘ tushib turardi. Biz alohida-alohida o‘tirgandik, mashina o‘ydim-chuqur ko‘chadan o‘tayotganida bir-birimizga suyanib qoldik. Bret shlyapasini yechdi. Boshini suyanchiqqa qo‘ydi. Vitrinalardan tushayotgan yorug‘likda uning yuziga ko‘zim tushdi, keyin De-Gobelen xiyoboniga yetganimizda yuzini aniq ko‘rdim. Toshyo‘l qazib tashlangan bo‘lib, odamlar tramvay izida atsetilen gorelkasining yorug‘ida ishlayotgan edi. Bretning oppoqqina yuzi va bo‘ynidagi uzun chiziq gorelka yorug‘ida yaqqol ko‘rinib turardi. Yana qorong‘ilik qo‘yniga kirganimizda uni o‘pdim. Labimni labiga bosib so‘rdim, keyin esa u o‘girilib olib burchakka, mendan iloji boricha nariroqqa surilib oldi. Boshini quyi egdi.
– Menga tegma, – dedi u. – Iltimos, menga yopishma.
– Senga nima bo‘ldi?
– Ilojim yo‘q.
– Bret!
– Meni tinch qo‘y. O‘zing bilasan-ku. Ilojim yo‘q – tamom vassalom. Azizim, ahvolimni tushunsang-chi, axir!
– Meni sevmaysanmi?
– Sevmayman emish? Menga salgina tegib ketsang ham, butun a’zoyi-badanim bo‘shashib ketadi.
– Nahotki hech narsa qilib bo‘lmasa?
Endi u qomatini rostlab o‘tirardi. Uni quchoqlagan edim, Bret bag‘rimga kirib ketdi. Biz endi butunlay xotirjam o‘tirdik. U ko‘zlarimga shunaqayam tikilib qaradiki, menga xuddi uning ko‘zlari o‘ziniki emasdek tuyilib ketdi. Bret xuddi bu olamda qarashga jur’at etolmaydigan hech nima bo‘lmagandek menga boqar, aslida esa hayotda ko‘p narsalardan qo‘rqardi.
– Sirayam hech nima qilib bo‘lmaydimi? – so‘radim men.
– Bilmayman, – dedi u. – Yana bir marta azoblanishni istamayman.
– Bunaqada uchrashmaganimiz ma’qul edi.
– Lekin СКАЧАТЬ
1
Musiqa asbobi.
2
Xo‘p bo‘ladi, janob