Название: Қуёш барибир чиқаверади
Автор: Эрнест Миллер Хемингуэй
Издательство: Yangi asr avlodi
isbn: 978-9943-20-989-3
isbn:
Panteon yonidagi «Bal Musette» dansing ekan. Haftada besh kun kechqurunlari bu yerda shu tuman ishchilari raqs tushisharkan, yana bir kuni esa bino dansingga aylantirilarkan. Dushanba kuni kechqurun yopiq bo‘larkan. Biz yetib borganimizda dansingda eshik oldida o‘tirgan politsiyachi, rux qoplangan peshtaxta ortida turgan beka va dansing egasidan boshqa hech kim yo‘q edi. Ichkariga kirishimiz bilan yuqori qavatdan xo‘jayinning qizi tushdi. Xonada bir necha stol va uzun o‘rindiqlar bo‘lib, narigi burchak raqs tushadigan maydoncha edi.
– Afsus, juda kech to‘planishadi-da, – dedi Breddoks.
Xo‘jayinning qizi yonimizga kelib nima olib kelib berishini so‘radi. Xo‘jayin maydoncha yonidagi baland kursiga o‘tirib olib, garmon chala boshladi. To‘pig‘iga qo‘ng‘iroqchalar boylangan bo‘lib, dam-badam oyog‘ini silkib, kuy ohangiga jo‘r qilib jiringlatib qo‘yardi. Hamma raqsga tushib ketdi. Xona isib dim bo‘ldi. Biz terlab-pishib stol yoniga qaytdik.
– Voy, Xudoyim-e! – dedi Jorjet. – Terga botib ketdim-a!
– Issiqmi?
– Haddan tashqari issiq.
– Shlyapangni yechib qo‘yaqol.
– Ha-ya.
Jorjetni raqsga taklif qilishdi, men peshtaxta yoniga bordim. Rostdan ham issiq edi. Akkordeon kechki dim havoda yoqimli kuy taratardi. Eshik oldida turib, bir finjon pivo ichdim, ko‘chadan salqin shabada ufurmoqda edi. Qiyalama ko‘chadan ikkita mashina tushib keldi. Ikkala taksi dansing yonida to‘xtadi. Mashinalardan jemper kiygan va kamzulsiz yoshlar tushishdi. Eshikdan tushib turgan yorug‘da ularning qo‘llariga va yaqinginada yuvilgan jingalak sochlariga ko‘zim tushdi. Eshik yonida turgan politsay menga qarab kulib qo‘ydi. Ular qo‘llarini siltab, aftlarini burishtirib valaqlashib kirib kelishganda elektr yorug‘ida oppoq qo‘llarini, jingalak sochlarini, oqish yuzlarini ko‘rdim. Bret ular bilan birga edi. U haddan tashqari go‘zal bo‘lib, o‘zini xuddi eski ulfatlari davrasida yurgandek his qilardi.
– Mana bunisi ajoyib, – dedi Jorjetga ko‘zi tushib qolgan yoshlardan biri. – G‘irt suyuqoyoqning o‘zi. U bilan bir raqsga tushib ko‘ray. Lett, tomosha qilishing mumkin.
– Iltimos, hushingni yig‘ib ol, – dedi Lett ismli bo‘ydor, qora soch yigit.
– Xavotir olma, mening baxtim, – javob berdi jingalaksoch malla. Bret ham o‘shalar bilan birga edi.
Jahlim chiqib ketdi. Nimagadir ular nuqul g‘azabimni qo‘zg‘atishardi. Ularni o‘yinqaroq yoshlar qatoriga qo‘shishlarini, ularga nisbatan muruvvatli bo‘lish lozimligini bilardim-u, biroq tantiqnamo bezbetliklari uchun kayfiyatlarini buzish uchungina birortasini, kim bo‘lishidan qat’i nazar, kaltaklagim kelardi. Buning o‘rniga ko‘chaga chiqib, qo‘shni dansingning barida bir finjon pivo ichdim. Pivo badxo‘r ekan, ustidan konyak ichgandim, u ham beshbattar lohas qildi. Dansingga qaytib kelganimda maydoncha juft-juft yoshlar bilan gavjumlashib qolgandi. Jorjet esa bo‘ydor malla bilan raqs tushmoqda edi. Malla belini mayishtirib, boshini bir yonga qiyshaytirib, ko‘zini olaytirib raqs tushardi. Raqs tugab ikkinchisi boshlanishi bilan Jorjetni yana taklif qilishdi. Ular Jorjetni o‘z ulfatlariga qo‘shib olishgandi. Endi ular ning hammasi u bilan raqs tushishini bilardim. Ular hamma vaqt shunaqa qilishadi.
Stolning yoniga borib o‘tirdim. Kon ham o‘tirgan ekan, Frensis raqs tushayotgandi. Breddoks xonim kimnidir boshlab keldi-da, Robert Prentis, deb bizga tanishtirdi. U asli chikagolik bo‘lib, Nyu-Yorkda istiqomat qiluvchi umidli yozuvchi ekan. Yengil inglizcha talaffuzda gapirarkan. Men unga biror nima ichishni taklif etdim.
– Minnatdorman, hozirgina ichuvdim, – dedi u.
– Yana ichaqoling.
– Mayli, ichaqolay.
Biz mademauzel Lavinni imlab chaqirdik-da, bir stakandan suv aralashtirilgan konyak keltirishni buyurdik.
– Eshitishimcha, siz Kanzas-Sitidan ekansiz-a? – so‘radi u.
– Ha.
– Sizga Parij yoqadimi?
– Ha.
– Rostdanmi?
Biroz kayfim bor edi. Unchalik mast emasdim-u, lekin betakalluf gaplashish uchun yetarli edi.
– Xudo haqi, rost, – dedim men.
– Sizga-chi?
– Siz qult etib jahlingizni yutishga usta ekansiz, – dedi u. – Men ham shunday xislat egasi bo‘lishni istardim.
Men o‘rnimdan turib raqs tushayotganlar tomon yurdim, Breddoks xonim ham ortimdan ergashdi.
– Robertdan o‘pkalamang, – dedi u, – u hali go‘dakku.
– Hecham o‘pkalayotganim yo‘q, – dedim men, – shunchaki u ko‘nglimni aynitib yuboradi, deb cho‘chigandim.
– Qaylig‘ingiz hammani o‘ziga rom qilib qo‘ydi, – dedi Breddoks xonim Lett ismli novcha qorasoch yigit quchog‘ida raqs tushayotgan Jorjetga imo qilib.
– Rostdanam-a? – so‘radim men.
– Shak-shubhasiz, – dedi Breddoks xonim.
Yonimizga Kon keldi.
– Yuring, Jeyk, qittay-qittay qilamiz, – dedi u. Biz peshtaxta tomon yurdik. – Sizga nima bo‘ldi? Ko‘rinishingizdan nimadandir ranjiganga o‘xshaysiz.
– Hecham xafamasman. Shunchaki, bularning hammasi jonimga tegdi.
Peshtaxta yoniga Bret yaqinlashdi.
– Hello, do‘stlar.
– Hello, Bret, – dedim men, – nega mast emassiz?
– Endi hech qachon mast bo‘lguncha ichmayman. Sodali konyakdan bersalaring-chi odamga.
Bret peshtaxta yonida stakan ko‘tarib turardi. Robert Konning unga tikilib turganini ko‘rib qoldim. Uning vatandoshi xuddi ona-Vataniga mahliyo bo‘lgandek unga tikilib qolgan bo‘lsa ajab emas. Kon, albatta, ancha yosh edi. Lekin uning boqishi o‘sha besabr, talabchan orziqishni ifodalardi.
Yoqasi yopiq jemper, movut yubka kiyib olgan, sochi xuddi bolalarniki kabi kalta qirqilgan Bret g‘oyat go‘zal edi. Egnidagi jemperi nihoyatda go‘zal qaddi-qomatiga quyib qo‘ygandek yarashgandi.
– Ajoyib davraga tushib qolibsiz, Bret, – dedim men.
– Rostdan ham tengsiz yigitlar-a? O‘zingiz-chi, azizim! Uni qayerdan ilashtira qoldingiz?
– «Napoliten» kafesida.
– Oqshomni ko‘ngilli o‘tkazdinglarmi?
– A’lo darajada, – dedim men.
Bret kulib qo‘ydi.
– Yaxshi ish qilmadingiz, Jeyk. Hammamizga tarsaki tushirgandek bo‘ldingiz. Qarang-a, Frensis bilan Djo ham shu yerda ekan-a?
– Kon СКАЧАТЬ