Название: Геология ва геоморфология
Автор: Ю. Иргашев
Издательство: Kitobxon
isbn: 978–9943–10–968–1
isbn:
Yerning litosfera qobig‘ining ustki qismida mavjud bo‘lgan tekisliklar, balandliklar, tog‘lar, tog‘ inshootlari va boshqa yuzalar yig‘indisi relyef deb ataladi. Bunday past-balandlik va notekisliklar yer qobig‘idagi doimiy harakatlar ta’sirida vujudga kelganligi sababli ular vaqt o‘tishi bilan o‘zining eski shakllarini o‘zgartirib, yangi shakllarga kirib turadi. Bunday o‘zgarishlar yerning endogen (ichki) va ekzogen (tashqi) kuchlari ta’sirida sodir bo‘ladi.
Geomorfologik tadqiqotlar hozirgi davrda shakllangan Yer relyefining vujudga kelishi sabablarini, geologik jarayonlar rivojlanishining ketma-ketligini va yerning ichki va tashqi kuchlari ta’sirida relyefning o‘zgarishini aniqlashga yo‘naltiriladi. Yer relyefining shakllanishini o‘rganish jarayonida, geologiya, geografiya, geodeziya va boshqa tabiiytarixiy fanlarning natijalaridan foydalaniladi.
Demak, geomorfologiya fanining asosiy maqsadi relyefning rivojlanish qonunlarini o‘rganib, olingan ma’lumotlarni insoniyatning injenerlik-xo‘jalik faoliyati jarayonida amaliyotda qo‘llashdan iborat.
Geomorfologiya fanining rivojlanishida XIX asrda D. Danya, E.Zyuss, A. Penka, A. P. Pavlov; XX asrda esa – V.E. Gardiner, I.P.Gerasimov, L. Кing, A. Lobek, O.К. Leontev, К.К. Markov, V.V.Piotrovskiy, G.I. Richagov, A.I. Spiridonov, I.S. Xukin, O.Engeln, Yu.A. Mexeryakov kabi olimlarning ilmiy tadqiqot ishlari katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Topografik xaritalar geologik va geomorfologik tadqiqot ishlarini bajarishda muhimdir. Bunday xaritalar yordamida geologlar dala ishlarini olib borishadi, tadqiqotlar olib boriladigan joylarni aniqlaydilar. Shuningdek, marshrutlar yo‘nalishini belgilashda, geologik va geomorfologik obyektlar o‘rnini planga tushirishda va ularning balandliklarini aniqlashda muhim o‘rin tutadi. Topografik xaritalar maxsus geologik, geomorfologik va kesmalar tuzishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun topografik xaritalarning sifati boshqa geologik xaritalarning sifatiga ta’sir qiladi.
Injenerlik – geologik tadqiqot ishlarini bajarishda geodeziya va topografiya sohasi xodimlari jalb etiladi. Ular topografik xaritalar tuzishdan tashqari, yer po‘stida sodir bo‘lgan cho‘kishlar, siljishlar va boshqa jarayonlarni, ularning yo‘nalishi va tezligini aniqlaydilar, xaritada ko‘rsatilgan geologik obyektlarning yer yuzasidagi o‘rnini belgilaydilar hamda obyektlarda qazilgan shaxtalar, quduqlar, shurflar o‘rnini xaritada aniqlash kabi ishlarni bajaradilar. Demak, hozirgi davrda geodeziya va topografiya ilmining rivojlanishi geologiya, geografiya, geomorfologiya va boshqa fanlarning rivojlanishi bilan bog‘liqdir. Geodeziya va topografiya ishlarining sifati tadqiqotlar olib borilayotgan hududning geografik, geologik va geomorfologik (fizik, geografik) sharoitlarining chuqur tahlil qilinishiga bog‘liq.
GEOLOGIYA VA GEOMORFOLOGIYA ASOSLARI
I bob. Yerning paydo bo‘lishi va tuzilishi to‘g‘risida umumiy ma’lumotlar
1.1. Yerning paydo bo‘lishi va shakli
Quyosh va quyosh sistemasidagi sayyoralarning, shu jumladan Yerning paydo bo‘lishi to‘g‘risida har xil gipotezalar mavjud. Hozirgi vaqtda akademik V.G. Fesenkov va O.Yu. Shmidt yaratgan gipotezalar tan olingan bo‘lib, ulardan keng foydalaniladi.
V.G.Fesenkovning fikricha, Yer va boshqa sayyoralar gaz-chang holidagi zarralar tumanligidan iborat bo‘lib, ular bir vaqtda hosil bo‘lgan. Dastlab bu tumanlik shar shaklida quyuqlashib borgan va ellips ko‘rinishida aylana boshlagan. Кeyinchalik gaz-chang tumanliklari Quyoshdan bo‘layotgan markazdan qochma kuch ta’sirida birlashib, sayyoralar, kometalar va meteoritlarni hosil qilgan. Quyoshdan uzoqda joylashgan sayyoralar yaqindagisiga nisbatan avvalroq paydo bo‘lib, ichidagi temperaturaning pastligi sababli o‘zining dastlabki tarkibini o‘zgartirmagan holdadir. Quyoshga yaqin joylashgan sayyoralar esa quyosh nuri issiqligi ta’sirida tarkibidagi tez bug‘lanuvchan moddalarni qisman yoki butunlay yo‘qotgandir.
O.Yu.Shmidtning (1891–1956) gipotezasigi ko‘ra, Quyosh Galaktikani kesib o‘tib, o‘zining tortish kuchi bilan bir yerga to‘plangan gaz va chang zarralarni hamda qattiq jismlarni o‘z o‘qi atrofida aylanishga olib kelgan. Natijada ularning quyuqligi, ya’ni zichligi oshib, Quyosh sistemasidagi sayyoralarni hosil qilgan. O.Yu. Shmidtning fikricha, yer kurrasi dastlab sovuq holda paydo bo‘lgan bo‘lib, keyinchalik undagi mavjud radioaktiv elementlarning parchalanishidan ajralib chiqqan issiqlik hisobiga qizigan. Yer temperaturasining ortishiga qatlamlar massasidan yuzaga kelgan bosim ham sabab bo‘lgan. Shu bilan birga yerning markazida zichligi yuqori va qiyin eruvchan moddalar, uning sirtida esa zichligi kam va tez eruvchan moddalar to‘plangan. Quyosh sistemasining rivojlanishining asosiy sabablaridan biri Quyosh harakati va butun dunyo tortishish kuchi ta’sirida moddalarning (milliard yillar davomida) bir-biri bilan qo‘shilib, miqdor o‘zgarishlaridan sifat o‘zgarishiga o‘tishidadir.
Yer Quyosh sistemasidagi sayyoralardan biridir. Bu sistemada Quyoshdan uzoqlashish tartibiga ko‘ra quyidagi to‘qqizta katta sayyorani ko‘rsatish mumkin: Merkuriy, Venera, Yer, Mars, Yupiter, Saturn, Uran, Neptun, Pluton. Shuningdek, 31 ta yo‘ldosh va 1600 tadan ortiq mayda kosmik jismlar ham mavjud. Merkuriy, Venera va Plutonlarning yo‘ldoshlari yo‘q bo‘lsa, Yupiterda ularning soni 12 ta, Saturnda 9 ta. Кosmik jismlardan tashqari astroidlardan tashkil topgan halqalar Uranda 5 ta, Neptunda 2 ta, Marsda 2 ta, Yerda 1 ta kuzatiladi. Yerning yo‘ldoshi Oy hisoblanadi. Oy o‘lchami kichikroq bo‘lgan sayyora bo‘lib, geologik jihatdan tuzilishi murakkabdir.
O‘tgan asrning 60 yillaridan boshlab kosmik raketalarning uchirilishi, Oyga inson qadamining yetishi, «Lunaxod» stansiyasining Oyda «sayr» qilishi Oyning geologik tuzilishi to‘g‘risidagi fikrlarni oydinlashtirdi. Chunonchi, Oydan olingan jins namunalari Oy qatlamlari vulqon otqinlaridan tarkib topganligini ko‘rsatdi. Oy jinslari o‘zining kimyoviy tarkibiga ko‘ra yerdagi vulqon jinslari – bazalt va anortozit plagioklazlar bilan bir xil ekanligi aniqlandi. Shunga ko‘ra Oyda ham vulqon va magmatik jarayonlarning qadimda va hozirgi davrlarda ham sodir bo‘layotganligini tasavvur etish mumkin. Lekin bu jarayonlarning tektonik harakatlar bilan qanchalik bog‘liqligi masalalari muammoligacha qolayotir.
Yerdan Oygacha bo‘lgan masofa o‘rta hisobda 384400 km. Oy Yer atrofida ellips orbita bo‘ylab harakat qiladi va uni 27,3 sutkada (yer sutkasi hisobida) aylanib chiqadi. Shuningdek, u o‘z o‘qi atrofida ham aylanadi. Shu sababli Yerdan Oyning bir tomonigina ko‘rinadi. Oydagi bir kun Yerdagi 15 sutkaga to‘g‘ri keladi. Yer Quyosh atrofida 29,76 km/s tezlik bilan harakatlanadi.
Yanvar oyida Yer o‘zining Perigey nuqtasiga, ya’ni Yer orbitasining Quyoshga eng yaqin nuqtasiga (147 mln.km), iyul oyida esa Afeliy nuqtasiga, ya’ni Quyoshdan eng uzoq nuqtasiga (152 mln.km) yetadi. Quyosh sistemasidagi sayyoralar Quyosh atrofida ellips orbita bo‘ylab har xil tezlikda harakat qiladi. Masalan, Merkuriy-50 km/s, Pluton-5km/s.
Mineral va meteoritlarning yoshini o‘rganish orqali Yerning paydo bo‘lganligiga 4,2-6,0 mlrd.yil bo‘lgan, deb taxmin qilinadi.
Yer bir sutka (23 soat 56 daqiqa 4,095 sekund) davomida o‘z o‘qi atrofida, bir yil (365, 2564 sutka) davomida Quyosh atrofida to‘liq aylanib chiqadi. Quyosh atrofida aylanish o‘qi ekliptika tekisligiga (katta fazoviy doiraga) nisbatan 66033115,211 burchak ostida qiyshayib turadi.
Yer shar shaklida degan fikr eramizdan 530 yil avval Pifagor tomonidan aytilgan edi. Lekin XVIII asrda bajarilgan o‘lchov ishlari yerning qutblar o‘qi uzunligi ekvator o‘qi uzunligiga nisbatan qisqaligini ko‘rsatdi. Meridian yoyining bir gradus uzunligi: ekvatorda 110,9 km, Parijda 111.3 km, qutb doirasida 111,9 km ga tengligi isbotlandi. Ya’ni yer qutblar bo‘yicha biroz (42 km ga) qisilgan bo‘lib (ekvator o‘qi uzunligi 12756 km, qutb o‘qi СКАЧАТЬ