Қутлуғ қон. Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Қутлуғ қон - Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли страница 7

Название: Қутлуғ қон

Автор: Ойбек Мусо Тошмуҳаммад ўғли

Издательство: Asaxiy books

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-6313-5-9

isbn:

СКАЧАТЬ style="font-size:15px;">      – Xudo haqi, men xizmatimga bir narsa bering deb so‘ramayman. Insof o‘zlaringga bersin, deyman-da, yuraveraman. Qishda xo‘jayinlarning yonboshida bo‘lgan bir katalak hovlida yashayman. Yozda anov bog‘ning orqasida bir ayvonchada turamiz. O‘z dekchamizni o‘zimiz qaynatamiz. Xo‘jayinning qozonidan unda-munda bir totmasak… yo‘q, moysiz bo‘lsa ham o‘z dekcham yaxshi. Ayolim qishin-yozin ichkari hovlining yumushini qiladi, kir yuvadi, uy-joyii supuradi, non yopadi, ko‘rpa qaviydi. Xo‘jayinning qizi uchun palak, dorpech, qiyiq tikadi. Yumushdan ko‘pi bormi! Uka, bor-boricha, yo‘q – holicha, ishqilib, bir kunimiz o‘tib turibdi. Tirikchilik qiyin. Bir vaqtlar tuya yong‘oq, endi qumaloq ham ko‘zga dori. Non topolmay ko‘chada gadoylik qilib yurganlar ozmi, uka? Xudo shundan saqlasin…

      Yormat og‘ziga nosvoy solib, jim bo‘ldi. Yo‘lchi ham boshini quyi solib, bir oz dam olishni istadi. Nogoh jimjit va qizg‘in havoni yangratib, hofizning ta’sirli ovozi ko‘tarildi. Ashulaning kuyi, aytuvchiniig tom jarangli ovozi Yo‘lchining yuragiga bahor latofati kabi to‘qindi. U ko‘zlarini suzib, ashula yangragan tomonga qaradi. Kuy uzoqdan, boynikidan uchar edi. U zavqni buzmaslik uchun, Yormatga bu to‘g‘rida hech nima demadi. Yoqimli sadoning sehriga berilib, ko‘zlari sekin yumildi, boshi yana quyiroq tushdi. Uning ruhi go‘yo ashulada jimgina eridi. Muloyim, dilnavoz sadolar uning butun tomirlaridan hordig‘ini sug‘urganday bo‘ldi. Ashula nihoyasiga yetdi. Lekin bir zumdan keyin, yana ayni tovush parvoz qildi. Ammo o‘zga maqomda, o‘zga, yana chuqurroq mavjlanishlar, jilvalar bilan ko‘ngilni yana qattiqroq sehrlovchi ingichka titramalar va ranglar bilan… Havoda u kuyning so‘nggi mavjlari tinarkan, Yo‘lchi dedi:

      – Rosa ovozi bor ekan-da, yo‘lini ham qiyar ekan. Tog‘amiznikidanmi?

      Nosvoyini tuplab, iljayib javob berdi Yormat:

      – Ha, biznikida.

      – Kechasi hech nima aytmadi-ku, kunduz keldi shekilli. Yormat kuldi.

      – Bu hofiz butun olamga tanilgan. Yakkayu yagona ovoz… Ammo hozir o‘zi bu yerda yo‘q.

      – Nima deysiz, – hayratlanib dedi Yo‘lchi? – o‘zi bo‘lmasa, ashula qayerdan?

      – To‘g‘ri, o‘zi yo‘q, ashulasi bor… Gramofon degan buyumni ko‘rganmisan, yo eshitganmisan? – kulib so‘radi Yormat.

      – Yo‘q, u nima bo‘ladi?

      – Ashulachining ovozini mashinaga ko‘chiradi, ayrim-ayrim lagancha qilib… keyin shu mashinaning qulog‘ini burasang, lagancha gir-gir aylanib, ashula, dutor tanbur vang‘illayveradi. Xuddi jonli odamday.

      – Qishloqi deb meni laqillatmoqchimisiz? – qoshini chimirdi Yo‘lchi.

      – Nega laqillatayin?.. Ilm-hikmat bilan har nimani qilsa bo‘lar ekan. Shaharda ko‘nkani ilgari ot surgar edi. Mana endi ko‘nka otsiz yuribdi. Otsiz qanday yuradi? Hammasi ilmi hikmat. Gramofon ham shunday. U Farangistondan kelsa kerak. Tunov kuni bir bilgich odam: «U yoqda hunar baland bo‘ladi», degan edi. Gramofon boylar orasida rasm bo‘lib qoldi. Shunday o‘tirshilarda o‘rtaga qo‘yib chalishadi. Ishonmasang, kechqurun senga ko‘rsatay.

      Birdan boshqabirovoz eshitildi: kimdir tez-tez gapiradi, dam erkakcha, dam xotincha so‘zlaydi, dam chaqaloq bo‘lib «inga»laydi… Yo‘lchi taajjublanib, Yormatga qaradi.

      – Bu «Abdulla fonuschi» degan katta qiziqchi. Hozir gramofonda qiziqchilik qilayotibdi, – dedi Yormat. Yo‘lchi «tavba» deb o‘rnidan turdi, ketmonni olib ishga tushdi. Yormat choynak-piyolani ko‘tardi, ketar oldida qichqirdi:

      –Boshing sog‘ bo‘lsa, hali Toshkentda ko‘p ajoyib ishlarni ko‘rasan, yigitcha!..

      III

      Mehmonlar juda ustalik bilan pishirilgan qozon kabobni ishtaha bilan yeb, ustidan bir kosadan «qobiliy sho‘rva»ni ichib, og‘ir nafas olishar edi. Yormat supa atrofiga suvni qalin sepgach, ular supaga o‘tishdi. Chaqnab yonib turgan qizil, yumshoq gilam chetlariga yozilgan shohi ko‘rpachalarda, katta par yostiqlarga yonboshlab choy ichar edilar. Issiqning va yog‘liq ovqatlarning damini kesish uchun hech kim piyoladan, choynakdan qo‘l uzmas edi. Me’daning to‘lganligidan va issiqdan semizlar ayniqsa behuzurlik sezar edi. Sakkiz mehmon ichida ikkisi benihoya semiz edi. Biri yaqinda boy bo‘lib, birdaniga semirgan, paxta zavod sohibi Jamolboy, ikkinchisi ota-bobosidan «boykalon» o‘tgan qo‘ychi Sultonbek edi. Ular supaning ikki tomonida, bir-birlariga ro‘baro‘ yonboshlab harsillashar, ba’zan bir-birlarining semizliklaridan kulib, do‘stlarcha yengil hazillashib qo‘yishar edi. Mehmonlarning aksari o‘rta yoshli – o‘ttiz-qirq orasidagi odamlar edi. Ular achchiq choyni sipqirib, savdodan, xotindan, banka muomalalaridan so‘zlashar, toshkentlik mashhur bir boyning xasisligi haqida eng keyingi, hali hech kimning qulog‘iga chatilmagan latifalar suhbatga «rang» berib turar edi. Bu yerdagilar esa o‘zlarini «tanti», balki «xotamtoy» deb hisoblar edilar…

      Qo‘rg‘ondan – ichkari hovlidan Mirzakarimboy chiqib keldi. Mehmonlarga: «Zerikmadingizlarmi?» deb, supaning bir chetiga o‘tirdi. Cholning hurmati uchun mehmonlar oyoqlarini yig‘ib o‘tirishga urindilar.

      – Bahuzur yoyilib o‘tiraveringlar. Dalada yoz pallasida yoyilib o‘tirish – rohat, – dedi mehmonlarga murojaat qilib boy.

      Gap-so‘z bir-biriga ilashmadi: chol oldida xotinlar haqida so‘zlanilmadi, xasis boy to‘g‘risidagi latifalar ham tugadi. Sultonbek pishillab mudray boshladi.

      – Mulla Abdishukur, – Mirzakarimboy mehmonlardan biriga murojaat qildi, – olamda nima xabarlar bor, gapirsangizchi. Ko‘pdan buyon siz bilan suhbatlashishga to‘g‘ri kelmadi.

      Abdishukur manglayi tirishgan, ko‘zoynakli, etsiz, qoramtir yuzi ichiga botgan, qisqa mo‘ylovining ikki uchini ingichka burab, burnining kataklariga yetkizgan, zamonasiga nisbatan qisqaroq kamzul kiygan o‘ttiz besh yoshli, oriqqina kishi bu yerdagilar orasida hamyoni quruq, so‘zga to‘liq shu edi.

      Toshkentning «Askiya» mavzuida otasining bir parcha yeri bo‘lgan. Butun oilasi bu yerga pomidor, piyoz, rediska, karam va hokazo rezavor ekib, mumkin qadar eldan burunroq bozorga chiqarib, «pul» qilishga tirishar edi. Abdishukur bu yo‘ldan ketmadi. Mahalladagi maktabni bitirib, madrasaga kirdi. Madrasa hujrasiga tiqilib, moddiy qiyinchiliklar ichida to‘rt yil o‘qidi. Keyin madrasa ilmlaridan ko‘ngli soviy boshladi, chunki imom bo‘lish uni sira qiziqtirmadi. Buning ustiga u mudarris ham mullavachchalar bilan yaxshi chiqisha olmadi. Tahsilini chala qoldirib, madrasadan chiqdi. Tahsil uchun Istambul yoki Misrga jo‘nash orzusi, mablag‘ yo‘qligidan, amalga oshmadi. Bir qancha vaqt bekor yurgach, «ishbilarmon» amakisiniig yordami bilan, nihoyat, bir boyga mirza bo‘ldi va xizmat uchun To‘qmoq shahriga jo‘nadi. Bu yerda bir tatar savdogarining xizmatiga o‘tib, Qozonga ketdi. Qozonda uch yil yashadi. Tatar savdogarlari orasida aylanarkan, uni-buni tanidi. Yoshlar bilan ham bir qadar aloqa bog‘ladi. Gazeta-jurnal mutolaasiga odatlandi. Toshkentga qaytgach, u o‘zini eng «ko‘zi ochiq» va «yangi fikrli» musulmonlardan hisoblab, «usuli jadid» maqtablarini ochishga tashqivot yurgiza boshladi. Shoirlik iste’dodidan tamom mahrum bo‘lishiga qarmay, u «millatni uyg‘otish» uchun vazni buzuq, fikri sayoz, rangsiz nazmlar yozdi. Hozir muntazam ravishda turk va tatar matbuotini ta’qib etadi. Tatar ruhoniylaridan Musabegiev va Rizaiddin Faxritdinlarni buyuk olimlar deb biladi. Turk adibi Ahmad Midhatni yagona «xazinaiy ilm va urfon» hisoblab, topinadi. Ruschada kitob mutolaa qila olmasa ham, lekin mukallima tiliga ancha-muncha epchil. U bolalik chog‘ida dadasi bilan birga yangi shaharda rezavor sotib yurgandayoq ruschaga tili yugurik bo‘lib qolgan edi. Abdishukurni ba’zilar «zakunchi» deydi, ba’zilar «dahriy» deydi. Hozirgi kunda Jamolboyning prikazchigi, do‘sti va kengashchisi. Kecha u xo‘jayini bilan izvoshga СКАЧАТЬ