Название: Bağımsızlık Dönemi Özbek Edebiyatı
Автор: Анонимный автор
Издательство: Elips Kitap
isbn: 978-625-6853-58-4
isbn:
Enamning jonivorlar bilan tillashuvi negadir bu gal qattiq g‘ashimga tegdi. Hamma gap shundaki, kuni kecha shahardan qaytib, endilikda tomning soyasiga tashlangan o‘rinda maza qilib kitob o‘qib yotardim. Ko‘zim ilingan ekan, enamning ovozidan uyg‘onib ketdim. Enam kim bilandir gangir-gungir suhbatlashmoqda edi. Biror qo‘shni kiribdi-da, degan o‘yda o‘rnimdan turib, u yoq-bu yog‘imni tuzatgan bo‘ldim. Ammo razm solsam, yakkash enam gapirar, qo‘shnining esa sasi chiqmasdi. Beixtiyor quloq tutdim..
– Agar yana bevoshlik qilsang, naq mendan kaltak eysan, – deya enam endi ochiqdan-ochiq do‘q-po‘pisaga o‘tdi. – Kechagi qilig‘ing esingdami? Kap-katta bo‘lib, uyalmadingmi shunday qilgani? Hay, bezbet, senga aytayapman! Miq etmaydi-ya, uyatsnz. Qilg‘iliqni qilib, bez bo‘p turishini qara buni. Ammo bu gal kechirmayman, manovu kaltak bilan qo‘lim tolguncha savalayman! Siylaganim sayin toza bevosh bo‘p ketayapsan, sen quloqsiz.
Ajablanib oyoqqa qalqidim: “Kimni bu qadar qasdi-basdiga olayotgan ekan? Jiyanlardan birovi yomon sho‘xlik qilganga o‘xshaydi. Lekin uyquni beliga tepdi”, – degan xayolda tom aylanib o‘tarkanman, ko‘z o‘ngimda hosil bo‘lgan manzaradan og‘zim lang ochilib qoldi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, gunohkor jiyanim emas.
Qashqa bo‘lib chiqdi. Enam hanuz koyir, u esa uzun tili bilan tumshuq yalab, uning koyishlarini kiprik qoqmay tinglab turardi.
Endi jo‘na! – dedi enam so‘nggi burda nonni uning og‘ziga tiqishtirarkan, boshiga yengil shapatilab. – Ukalaring bilan dashtda aylanib kel. Piyozga tushsang, etingni nimtalayman. Jo‘na-jo‘na! Ko‘p yaltoqlanma! Kap-katta bo‘la turib hech esing yo‘g‘-a seni. Bor-bor!
Qashqa uning amriga bo‘ysunib, noiloj dala tomon yurdi. Unga ikki buzoq ham ergashdi. Qashqa yo‘l-yo‘lakay yuvindi idishni tumshug‘i bilan turtib o‘tarkan, norozilanib mo‘ngradi.
– Yuvindi yo‘q, – dedi enam qo‘lidagi cho‘pni xo‘jako‘rsinga silkib. – Yuvindini kep ichasan. Voy, haliyam shu yerda turibsanmi? Qani, tez-tez qimirla! Yo‘g‘asam, yuvindini Olako‘zga beraman.
Qashqa haqiqatan qadamini tezlatdi. Dashtga chiqqisi kelmayotgani yurish-turishidan shundoqqina sezilib turardi. Bora-borguncha mo‘ngrab ketdi. Enam esa bolasini maktabga kuzatgan onaday ularning ortidan kuzatib qoldi. Keyin iziga qaytib, qozon-tovoqqa unnadi.
U kishining qilig‘ini kuzatarkanman, bir oz koyib qo‘ymoqni o‘z burchim deb bildim. Eshitgan quloq nima deydi degan andisha ostida shunday dedim:
– Ena, bunaqada jinni degan nomga ega bo‘lasiz- ku, nima qiliq bu?!
– Bilmadim, haligacha hech kim jinniga chiqargani yo‘q, – dedi enam qolgan-qutgan narsalarni yuvindi idishga ag‘dararkan. – Xo‘sh, nima deb jinnilik qipman?
– Tilsiz jonivor bilan shunaqa gaplashadimi odam? —dedim u kishining beparvoligidan battar jinim qo‘zib. – Eshitgan quloq nima deydi? Falonchi xola g‘irt tentak ekan deb o‘ylamaydimi?
– Kim shunday deb o‘ylarkin?
– Masalan, men…
– Sen kimsan?
– Kim bo‘lardi, o‘g‘lingizman.
– O‘sha o‘g‘lim molning fahmiga yetarmikan?
– Fahmiga yetib-yetmay nima, mol – mol-da, – dedim tishim og‘riganday aftimni tirishtirib, – Aqlsiz jonivor bilan suhbat qurish shartmikan, xuddi… kechirasiz endi, gap kelganda otangni ayama deganlar. Aqlsiz jonivor oldida aqlsiz bo‘lishingizni istamayman men.
– Boshqalarnikini bilmadimu, lekin mening mollarim sendan ko‘ra aqlliroqqa o‘xshaydi, – dedi enam xamir yuqi tovoqni chaqqon yuvarkan. – Bir so‘zdanoq anglashadi ular meni. Sen esa ertalabdan beri koyintirasan. Belingga tosh tegmagan, ikki pol yo‘ng‘ichqani o‘rib tashlash nahotki shunchalar qiyin bo‘lsa. Uyga kelding, kitobga yopishasan, uzzu-kun uyqudan bosh ko‘tarmaysan, Anovu Olako‘zdan hech farqing yo‘q seni!
Olako‘z – cho‘loq taka. Onadan majruh tug‘ilgani bois qo‘radan chetga chiqmaydi. Har bir jonivorning o‘z fe’li bor deganday, Olako‘z kunduzlari g‘alati alfozda uxlaydi, ya’ni o‘lgan moldek to‘rt oyog‘ini uzatib yotadi. Bilmagan odam o‘lgan gumon qilishi tayin. Dastavval, o‘zim ham shunday deb o‘ylagandim, hatto bir necha bor turtkilab ko‘rganman. Boz ustiga, u o‘lgudek bez, turtsang-da turay demaydi, ko‘zlarini baqraytirib yotaveradi.
Olako‘zga mengzalishimdan qattiq jahlim chiqdi! Qo‘limdagi kitobni shartta yopdim-da, oyog‘im ostidagi bo‘sh chelaklardan birini to‘nkarib, ustiga joylashib o‘tirib oldim. Shu sozda enam bilan janjallashmoq o‘yida bo‘ldim. Yetar har baloga mengzagani! Ammo allaqachon dashtga yetgan Qashqaning mo‘ngrashi janjalning beliga tepdi.
Qashqa mo‘ngrashi bilan enam, xuddi bolasi yig‘lagan onadek, ajib bir shoshqaloqlik bilan dik etib o‘rnidan turdi-da, kaftini peshonasiga qo‘yib, dala tomon qaradi. Qashqa goh uy tomonga, goh sal olisroqdagi piyoz ekilgan paykal tarafga boshini burib po‘pisali mo‘ngradi.
– Piyozga tushkin, naq mendan ko‘rasan! – dedi enam musht o‘qtalib.
Qashqa qulog‘ini ding qilib, gapni oxirigacha eshitib turdi-da, so‘ng istar-istamas, xas chimdishga tushdi. Shu orada paykal etagida otliq qorovul ko‘rindi. Piyoz mol uchun mazali yemish. Qorovul dalada yurgan mollarga hadikli qaray-qaray nari o‘tib ketdi. Qorovulning qorasi o‘chishi bilan Qashqa yana mo‘ngrashga tushdi. Bu safar ham po‘pisali mo‘ngradi. Enam javob bermagach, u arazlagan qiyofada paykal tomon yurdi, sekin-asta, namoyishkorona yurdi.
– Qayt!
Qashqa boshini o‘girib qaradi-yu, lekin egasining amriga bo‘ysunmadi, yurishda davom etdi.
– Boraver-boraver, – dedi enam. – Yuvindini senga emas, Olako‘zga beraman. Qorovul oldiga solib bir quvlasin sen gap uqmasni!
Bu gapdan so‘ng Qashqa taqqa to‘xtadi. Hovli tomon qarab zorlanibroq mo‘ngradi.
– Zorlanmay, izingga qayt! – dedi enam. – Yo‘g‘asam mendan ko‘radiganingni ko‘rasan. Seni qara-yu, erkatoy.
Qashqa haqiqatdan iziga qaytdi. Buzoqlarga qo‘shilib o‘tlay boshladi. Ammo bu hol uzoq davom etmadi. Bir ozdan so‘ng tag‘in mo‘ngradi. Bu safar ochiqdan – ochiq nimadir so‘rab mo‘ngrardi.
– Hali erta, o‘tlayver!—dedi enam.
Qashqa uch-to‘rt og‘iz xas chimdib, yana mo‘ngradi. Enam e’tibor bermagach, ikkinchi bor mo‘ngradi, ovozida oshkora o‘jarlik aks etdi. Enam bosh ko‘tarib qarashi bilan esa, arazlagan boladay paykal tomon keta boshladi.
– Qayt!
Qashqa qaytmadi, hap senimi deganday, olg‘a yurishda davom etdi.
– Hali shunaqami! – Enam tog‘aradagi yuvindini idishga ag‘darib, po‘pisali ohangda dedi: – Nasibangni endi Olako‘zga beraman. Ma, Olako‘z. Anovu tentakning nasibasini ichib qo‘y.
Qashqa СКАЧАТЬ