– O‘tdim, ayt, – debdi. Vazir bunday deb so‘z boshlabdi:
– Bu ikki katta qizingizning taomlarni xom, pishiq qilib pishirishiga sabab, bizning bo‘yimiz yetib qoldi, turmushga chiqadigan vaqtimiz bo‘ldi, degani. Kichik qizingizning usti xom ko‘rinsa-da, ichi nihoyatda totli taom pishirgani – men kichik ko‘rinsam-da, mening ham vaqti-soatim yetdi, degani, – debdi.
Podsho vazirdan:
– Endi nima qilamiz? – deb so‘rabdi.
Vazir:
– Biz ularning o‘zlari bilan kengashib, keyin erga beraylik, – debdi.
Podsho bu maslahatni ma’qul ko‘rib, saroy xizmatchilari orqali maslahat so‘raganda, qizlar, uch kundan keyin javobini aytamiz, deyishibdi. Uch kundan so‘ng ular saroy xizmatchilari orqali vazirga:
– Otam bizga egiz ravoq soldirsin. O‘n to‘rt kungacha butun xalq shu ravoq oldidan o‘tsin, biz shu ravoq ustida turib o‘zimizga yoqqan yigitga gul, olma otamiz, shu yigitga bizni bersa bo‘ladi, – deyishibdi. Vazir bu so‘zni podshoga yetkazibdi. Podsho darhol ravoq yasatib, butun xalq shu ravoq oldidan o‘tsin, deb amr qilibdi. Bu xabar butun mamlakatga yoyilib ketibdi. Har shahardan bu podshoning qizlarini ixtiyor etgan boshqa podsholarning o‘g‘illari, vazirlarning o‘g‘illari va boshqa yigitlar yopirilib kelishibdi. Ular ushbu ravoq oldidan o‘ta boshlashibdi. O‘n kun bo‘lganda bir podshoning o‘g‘li ravoq oldidan o‘tib qolibdi. Podshoning katta qizi ana shu shahzodaga gul va olma otibdi. Podshoning mulozimlari bu yigitni o‘rdaga olib kirib ketishibdi. Ertasi kuni o‘rtancha qizi bir vazirning o‘g‘liga gul va olma tashlabdi. Uni ham o‘rdaga olib kirib ketishibdi. Uchinchi qizi bir podachi yigitga gul va olma tashlabdi. Bu yigitning sarguzashti bundoq bo‘lgan ekan.
Bu podachi yigit ilgari boshqa bir shaharda bir boyning mollarini boqib yurar ekan. Bir kuni u mollarni tog‘ga haydab borganida qattiq bo‘ron turib, u hamma mollaridan ayrilib qolibdi. Bu ahvolda yigit molsiz boyning oldiga borishdan qo‘rqib, boshqa tomonga yo‘l solib ketibdi; boshqa bir tog‘ga yetib kelganida bir cholga yo‘liqibdi; chol mana shu tog‘da hayot kechirar ekan. U yigitdan qanday qilib bu yerlarga kelib qolganini so‘rabdi. Yigit o‘z boshidan kechirganlarini aytib beribdi. Chol yigitga:
– Sen bir yetim ekansan. Endi men seni o‘qitaman. Ushbu tog‘da bir buloq bor, shu buloqning suvidan ichsang pahlavon yigit bo‘lasan, – debdi. Bu yigitga ma’qul tushibdi. Chol yigitni o‘qitibdi, tog‘dagi bir buloqning suviga cho‘miltiribdi, yana boshqa bir buloqning suvidan ichkizibdi. Shundan so‘ng chol va yigit yetti kunlik safarga chiqishibdi, bir joyga kelganlarida qaroqchilarga yo‘liqishibdi. Qaroqchilar ularni o‘z xizmatiga olishibdi. Bir kuni qaroqchilar qimor o‘ynab, rosa qizishib turganlarida chol bilan yigit ularning huzuriga kirib kelishibdi. Qaroqchilar:
– Nega keldilaring, o‘z ishlaringni qilsanglar bo‘lmaydimi? – deyishibdi. Chol:
– Sizlardan mana shu hunarni o‘rganib olaylik deb kirdik, hamma ishimizni bitkazib qo‘yganmiz, – debdi.
Qaroqchilarning boshlig‘i:
– Bo‘pti, o‘tirib o‘rganib olishsin, – debdi. Qaroqchilar yana qimorni davom ettirishibdi. Birozdan so‘ng chol:
– Men ham o‘ynayman, – debdi. Qaroqchilar:
– Sen nimangga o‘ynaysan, quruq joningni tikasanmi, – deyishibdi. Chol yiroq bir tog‘ni ko‘rsatib:
– Ana o‘sha tog‘dagi mollar meniki, men yuttirib qo‘ysam, sizlarga o‘sha tog‘dagi hamma mollarni beraman. Agar sizlar yuttirib qo‘ysanglar-chi? – deb so‘rabdi.
Qaroqchilar:
– Biz yuttirib qo‘ysak, senga mana shu mol-dunyomizning hammasini, yana ikki uyda podsho va boshqalarning chiroyli qizlaridan yigirma nafari bor, shularning barchasini beramiz, – deyishibdi. Qirq qaroqchi tonggacha hamma narsalarini yuttirib qo‘yishibdi. Chol ularni yutib olibdi. Qaroqchilar bunga chiday olmasdan yana o‘ynashibdi. Chol ularni yetti bora yutib olibdi. Oxiri qaroqchilar chiday olmasdan chol bilan jangga kirishibdi. Chol qizg‘in janglardan so‘ng qirq qaroqchini o‘ldirib, uydagi qiz va boshqa jonivorlarni ozod qilibdi. Uylari yaqin qizlarni erkakcha kiydirib, uylariga yetkazib qo‘yibdi. Qolgan to‘rt qizning uyi yiroq bo‘lganligidan, uch qizni chol yetkazib qo‘ymoqchi bo‘libdi. Bir qizni esa yigitga topshiribdi. Yigit bu qizning hurmatini joyiga qo‘yib, ota-onasining shahriga yetkazib, uni ota-onasiga topshiribdi. Qizning ota-onasi yigitni rosa izzat-hurmat qilishibdi. Hatto qizlarini unga bermoqchi ham bo‘lishibdi. Biroq yigit unamabdi. Podsho yigitga yetti qur boshdan- oyoq sarpo beribdi. Qaytar chog‘ida qiz uni ziyofat qilib, ilgari bobosidan qolgan bir qilich, nihoyatda asl shahzoda liboslarini beribdi. Qizning bir «vafodor ot» degan juda yaxshi oti bor ekan. Uni ham yigitga in’om etishibdi, podsho cholga salomlar yo‘llab qolibdi. Yigit in’omlarni olib yo‘lga ravona bo‘libdi. O‘n kun deganda cholning oldiga kelib, unga atalgan sovg‘a-salomlarni topshiribdi. Chol juda xursand bo‘libdi. U yigitga qarab:
– O‘g‘lim, sizning uylanadigan vaqtingiz bo‘ldi. Siz endi bu asl kiyimlarni, ot, qilichlarni bir joyga qo‘yib, o‘zingiz hozir shaharga boring. Bu ot, kiyim-kechaklar qachon lozim bo‘lsa, o‘shanda ishlatasiz, – debdi.
Yigit cholga:
– Bobo, siz mana shu otlarimni qo‘ygan joyda turib tursangiz, u yer shaharga yaqin ekan. Men bot-bot sizning yoningizga kelib tursam, – debdi. Cholga bu ma’qul tushib, yigit aytgan joyga ko‘chib o‘tibdi.
Yigit esa shaharga qarab ravona bo‘libdi, yo‘lda bir qo‘tosni tutib olib, shu qo‘tosga minib shaharga kirib boribdi. Naq shu kuni podshoning kichik qizi ravoqqa chiqib o‘ltirgan payt ekan. Odamlar qo‘tosni ko‘rib tum-taraqay qochib qolishibdi. Qo‘tos esa odamlardan hurkibdi, shundoq qilib, bu yigit bir podshoning o‘g‘lidan keyin ravoq oldidan o‘ta boshlabdi. Podshoning kichik qizi shu podachi yigitga olma va gul tashlabdi. Shunday qilib, uni ham o‘rdaga olib kirishibdi. Endi bu yigitlarni qizlarning huzuriga olib chiqmoqchi bo‘lishibdi. Podsho ikki katta kuyovini yaxshilab kiyintiribdi. Bu yigitni esa shu podachi kiyimi bilan olib chiqishibdi. Podshoning kichik qizi juda dono ekan, u podachi yigitga mehr bilan tikilibdi. Har uchala qiz yigitlardan savol so‘ramoqchi bo‘lishibdi, katta qizi o‘zi tegadigan yigitdan:
– Dunyoda odamzotga eng zarur narsa nima? – deb so‘rabdi. Yigit:
– Odamzotga eng zarur narsa – xotin, – debdi. Buni eshitgan haligi podachi yigit unga tuzatish berib bunday debdi:
– Dunyoda odamzotga havo, shu bilan birga suv zarur, xotin degani esa shunchaki bir odam, – debdi. Katta qiz o‘zi tanlagan yigitga qarab, bu savolga javob berolmagani bilan, o‘zi chiroyli shahzoda ekan, men roziman, debdi. O‘rtancha qiz o‘z yigitidan:
– O‘zi ovlab otgan kiyikning go‘shti totlimi yoki bozordagi tayyor go‘sht totli? – deb so‘rabdi. Yigit:
– Bozordan pulga sotib olingan go‘sht totli, o‘zi charchab ov qilganidan keyin odam rosa mashaqqat chekadi. Undan ko‘ra, pul bo‘lsa, bozordan sotib olingan go‘sht totli bo‘ladi, – debdi. Uning so‘ziga ham podachi yigit tuzatish qilib:
– O‘zi ovlab otgan kiyikning go‘shti totli bo‘ladi, chunki kishi qanchalik jafo cheksa, shuncha rohat ko‘radi, – debdi. Endi kichik qiz podachi yigitdan:
– Odamlarda necha xil mijoz bor, – deb so‘rabdi. Yigit:
– Odamlarda СКАЧАТЬ