Dunyoning ishlari. O‘tkir Hoshimov
Чтение книги онлайн.

Читать онлайн книгу Dunyoning ishlari - O‘tkir Hoshimov страница 6

Название: Dunyoning ishlari

Автор: O‘tkir Hoshimov

Издательство: SHARQ

Жанр:

Серия:

isbn: 978-9943-26-780-0

isbn:

СКАЧАТЬ hammaning ishi?

      – Birovning bolasi bo‘lsa… Yig‘lasa, sizga nima? Yig‘lab-yig‘lab ovunadi.

      – Nimaga birovning bolasi bo‘larkan! – To‘satdan onamning jahli chiqib ketdi. – Yig‘lab turgan bolaning begonasi bo‘ladimi? Uyalmaysanmi shunaqa degani? Yig‘lab turgan norasidaga rahmi kelmagan odam – odammi?

      Indamadim. Ammo baribir o‘shanda onamni nohaq hisoblagan edim. Yo‘q, chamamda, onalarning biz tushunmaydigan, bizning o‘lchovimizga sig‘maydigan o‘z olami borga o‘xshaydi.

      XIYONAT

      Hali maktabga qatnamasdim. Mahallamizdan ikki chaqirimcha narida allaqanday bolalar uyi bor edi. Katta bolalarning aytishiga qaraganda, o‘sha yerda tez-tez kino bo‘lib turarkan. Bir kuni akalarim qo‘shni bolalar bilan pichir-pichir qilishayotganini eshitib qoldim:

      – Eshitdinglarmi, bugun kino kelarmish.

      – Urush kino ekan.

      Akalarim kinoga borsa, men qarab turarmidim.

      – Men ham boraman, – dedim qaysarlik bilan.

      – Bo‘pti, borasan. Aytgan ishlarimizni hammasini qilsang, oboramiz.

      Shu kuni nima yumush buyurishsa, oyog‘im olti, qo‘lim yetti bo‘lib yugurib yurdim. Yong‘oqqa bog‘lab qo‘yilgan echkini ikki marta sug‘ordim, hovlidagi supaga to‘shalgan bo‘yra ustiga yoyilgan turshaklarni qush talamasin deb qo‘riqlab o‘tirdim… Hatto rogatkamning rezinkasini uzib, ukamga ishtonbog‘ qilish uchun berdim.

      Kechqurun qulog‘imni ding qilib turgan edim, ko‘chada qo‘shni bolalar chaqirib qolishdi. Akalarimga ergashib yugurdim. Akamning Damin degan o‘rtog‘i meni ko‘rib so‘radi:

      – Sen qayoqqa?

      – Kinoga! – dedim ishonch bilan.

      Damin o‘ylanib qoldi.

      – Bo‘lmasa, botinkangni kiyib chiq, – dedi oyog‘imga qarab.

      Hammamiz yalangoyoq edik.

      – Botinkani nima qilaman?

      – Devordan oshib tushamiz, bildingmi! – Birdan Daminning jahli chiqib ketdi. – Qorovul quvlasa, yantoqzordan qocha olasanmi? Chop, kiyib chiq! Biz kutib turamiz.

      Otilib hovliga kirdim.

      Oyim cho‘nqayib o‘tirib, echki sog‘ayotgan ekan. O‘tirgan joyida shu saratonda botinka nimaga kerak bo‘lib qolganini surishtirdi.

      – Kerak! Kerak! – dedim nafasim tiqilib. Oyimning javobini ham kutmay bostirmaga yugurdim. Eski lash-lushlar qalashib yotgan sandiqni kavlashtirib, poshnasi qiyshayib ketgan botinkamning bir poyini topdim. Aksiga olib ikkinchisi yo‘q edi. Hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib tashladim. Mana, nihoyat ikkinchisi ham topildi. Ikki poy botinkani ikki qo‘limda ushlagancha ko‘chaga chopdim. Chiqsam… Akalarim ham, bolalar ham yo‘q. Meni kutishga va’da bergan Damin hammani boshlab ketganini tushundim. Yalangoyoq tuproq sachratgancha katta ko‘chaga yugurdim. Yo‘q, hammayoq jimjit edi…

      Hovliga qaytib kirdim-u botinkalarni yerga uloqtirgancha yig‘lab yubordim. Ilgari hech qachon bunaqa alam bilan yig‘lamagan bo‘lsam kerak, oyim qo‘rqib ketdi.

      – Nima bo‘ldi? – dedi tepamga kelib.

      – Meni aldashdi!

      – Kim, nimaga?

      – Aldashdi! Aldashdi! – Boshqa gap aytolmasdan nuqul shu so‘zlarni qaytarar, yer tepinib yig‘lar edim.

      – Aldashdi! Aldashdi!

      Oyim sut hidi anqib turgan qo‘llari bilan peshonamni siladi.

      – Qo‘yaver, o‘g‘lim. Ba’zan shunaqasi ham bo‘p turadi.– U bir zum jimib qoldi-da, sekin qo‘shib qo‘ydi. – Faqat o‘zing bunaqa qilmagin, xo‘pmi?

      …To‘rtinchi sinfda o‘qiyotganimda yana bir voqea bo‘ldi. Bir sinfda o‘qiydigan, bir partada o‘tiradigan o‘rtog‘im bor edi. Uning dadasi urushdan qahramon bo‘lib kelgan, o‘zining oti ham Qahramon edi. Otasi qahramon bo‘lgani uchunmi, o‘qituvchilar uni yaxshi ko‘rishardi. Maktabimiz hovlisida yong‘oq ko‘p bo‘lardi. Katta tanaffusda o‘qituvchilarning ko‘zini shamg‘alat qilib, yong‘oq qoqardik. Faqat issiqxona yonidagi yong‘oqqa kesak otishga hech kim jur’at qilmas, oyna sinsa, oqibati yaxshi bo‘lmasligini bilardik. Bir kuni katta tanaffusda Qahramon o‘sha yoqqa boshlab qoldi.

      – Qo‘ysang-chi, – dedim uning qo‘lidan tortib. – Teplitsaning oynasi sinadi.

      – Shunaqa qo‘rqoqmisan! – Qahramon kuldi. – Bunday qilamiz. Sen qarab turasan. Men qoqaman. O‘qituvchi ko‘rinib qolsa, hushtak chalasan.

      Yong‘oq, hech qoqilmagani uchun bo‘lsa kerak, g‘uj-g‘uj bo‘lib yotardi. Qahramon bir kesak otgandayoq o‘ntachasi duv etib to‘kildi. U ikki cho‘ntagini to‘ldirib oldi-da, kattaroq kesakni olib, yana otdi. Bu safar mo‘ljali xato ketdi shekilli, qars etgan tovush eshitildi. Teplitsa oynasi chil-chil sindi. Nima bo‘lganini anglab yetgunimcha, Qahramon lip etib g‘oyib bo‘ldi. Shu payt birov qo‘limdan mahkam ushlab tortdi. Qarasam, sinf rahbarimiz. Maktabdagi eng badjahl o‘qituvchi shu edi. Qo‘rqib ketdim.

      – Nima qilding? – deb so‘radi u darg‘azab bo‘lib.

      – Hech nima, – dedim tovushim titrab.

      U qo‘limni qo‘yib yubormay, sudrab ketdi. O‘qituvchilar xonasiga olib borsa kerak, deb battar qo‘rqib ketdim. Biroq u idoraga emas, sinfimizga yetaklab kirdi. Qiy-chuv qilayotgan bolalar bir zumda jimib qolishdi. O‘qituvchi partalar orasidan yetaklab o‘tib meni doska oldiga turg‘azib qo‘ydi. Sekin Qahramonga qaradim. Begunohgina bo‘lib derazaga qarab o‘tiribdi.

      – O‘rtoqlaringni oldida ayt! – dedi sinf rahbarimiz dona-dona qilib. – Hozir nima qilding?

      – Hech nima, – dedim yerga qarab.

      – Teplitsani kim sindirdi?

      – Bilmayman.

      – Bilmaysanmi? – o‘qituvchi qahr bilan ovozini balandlatdi. – Bo‘lmasa, Pushkin tosh otdimi?

      Tomog‘imga bir nima tiqilib turar, gapirsam yig‘lab yuborishimni bilar edim.

      – Kim?! – dedi o‘qituvchi battar g‘azablanib.

      Labimni tishlagancha bosh chayqadim.

      – Mana bu, – dedi u barmog‘ini menga nuqib, – qilg‘iliqni qilib qo‘yib, tonyapti. – Uning ovozi birdan pasaydi. – Bolalar, uning yong‘oqqa tosh otganini hech kim ko‘rmadimi?

      Iltijo bilan o‘rtoqlarimga qaradim. Hamma jimjit edi.

      – Sen-chi? – dedi o‘qituvchi ovozi tovlanib. – Sen ham ko‘rmadingmi, Qahramon?

      Qahramon sekin o‘rnidan turdi.

      – Ko‘rdim, – dedi ming‘illab. – O‘zi otdi.

      Ko‘z СКАЧАТЬ